Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:58

Uch yilda uch vazir. Mirziyoyev Transport vazirini "oxirgi marta" ogohlantirdi


Toshkent aeroporti.
Toshkent aeroporti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Transport vazirining ishini keskin tanqid qilib, unga so‘nggi bor ogohlantirish berdi.

Mirziyoyevga ko‘ra, bu vazirga berilgan vazifalarni bajarish - O‘zbekiston temir, havo va avtomobil yo‘llari tizimiga xususiy sarmoya jalb qilishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Endilikda prezident Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyatidan 22 kun ichida bu vazifani bajarish - tezlikda xususiy investor topishni talab qilmoqda.

O‘zbekiston transport sohasi vakillari, bugungi tizim va rahbariyat bilan bu talabni bajarish imkonsizligi va tez orada yangi Transport vaziri tayinlanishini taxmin qilishmoqda.


So‘nggi ogohlantirish

7-iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Yig‘ilishda joriy yil yanvar-may oylariga belgilangan vazifalarni bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Transport vaziri Ilhom Mahkamov keskin ogohlantirish oldi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovga ko‘ra, prezident aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investorlarni jalb qilish hamda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi tezyurar avtomobil yo‘llarini qurish bo‘yicha xususiy sheriklik loyihalari bo‘yicha qilinayotgan ishlar qoniqarsiz, deb topgan.

“Hududlar o‘rtasida avia, temir yo‘l va avtotransport qatnovlarini ko‘paytirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi va oxirgi marta ogohlantirish berildi”, deb bildirdi Sh. Asadov.

Ayni yig‘ilishda Transport vazirligi va “Uzbekistan Airports” shirkatiga:

- 1-iyulga qadar aeroportlarga xususiy sheriklik asosida investor hamda ichki aviaqatnovlar uchun loukosterlarni jalb qilish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash;

- 1-avgustga qadar ichki aviaqatnovlarni haftasiga 90 taga ko‘paytirish topshirilgan.


Bundan tashqari, bu sohada qilinayotgan ishlar sifati va ajratilayotgan pullarni nazorat qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan.

Ppezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda qayd etilishicha, vazirdan Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi faoliyatini transformatsiya qilish ham so‘ralmoqda.

Pullik avtomobil yo‘llari

2021-yilda qabul qilingan “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan 2021-23-yillarda transport sohasi rivoji uchun jami 53 trillion 772 milliard so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Buning 30 trillion so‘mi avtomobil transportini rivojlantirish uchun ajratilishi belgilangan.

Qaror doirasida amalga oshiriladigan loyihalardan ikkisi aynan Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishidagi pullik avtomobil yo‘llarining qurilishidir.

Aslida O‘zbekistonda pullik avtomobil yo‘llarini qurish loyihasi 2018-yilda boshqa bir qaror - Vazirlar Mahkamasi qarori bilan begilangan va 2020-yilning 1-yanvaridan boshlab, O‘zbekistonda pullik yo‘llar ochilishi belgilangan edi.

Ammo, 2020-yilda bu sohani 7 oygina boshqargan sobiq transport vaziri El’yor Ganiyev Toshkent-Samarqand pullik trassasini qurib berishi kelishilgan Turkiyaning Cengiz-Kolin-Kalyon konsorsiumi bilan muzokaralar, narxdagi kelishmovchilik sabab, samarasiz tugaganini bildirgandi.

"Ular bu yo‘ldan qatnov uchun juda yuqori narx qo‘yishmoqchi. Bu bizga umuman to‘g‘ri kelmaydi… ", degandi sobiq Transaport vaziri Elyor G‘aniev.

Cengiz-Kolin-Kalyon - Turkiyada davlat moliyalashtirgan loyihalarning aksar qismini qo‘lga kiritgan, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida yirik qurilishlar qilib kelayotgan konsorsiumdir.

Turk matbuotida bu konsorsium Erdo‘g‘on hukumatidan eng ko‘p buyurtma olgan va buyurtmalar qiymati 150 milliard dollardan oshgani haqida tanqidiy maqolalar ham chop etilgan.

O‘zbekiston hukumatining Cengiz-Kolin-Kalyon bilan shartnomasi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning 2018-yil bahorda O‘zbekistonga qilgan safari paytida imzolangan.

Na G‘aniyev, na boshqa hukumat vakillari davlat g‘aznasi va tashqi qarz hisobidan juda katta miqdorda mablag‘ ajratilishi aytilgan bu kelishuvning buzilgani va oqibatda, trassa qurilishi boshlanmagani sabablarini hanuz ochiq bayon qilmayotir.

Jarayondan xabardor O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, kelishuv buzilishiga sabab sobiq vazir G‘aniyev da’vo qilgani kabi investorning yo‘l pulini qimmat belgilagani emas.

“Nega bu yo‘llar qurilmadi? Sababi bu loyiha uchun Turkiyadan ishbilarmonlarni chaqirishdi. Ularni rosa ishlatishdi. Yo‘l qurilishi uchun zarur tahlillar, sxemalar va moliyaviy modellarni ulardan o‘rganishdi. Keyin, turklar bilan hamkorlikni to‘xtatib, o‘sha proyektni o‘zlashtirishdi. Tabiiyki, turklar tashqi investorlarga arz qilishdi. Natijada, bu loyihaga o‘zbeklar tashqaridan pul ololmadi. Shu bilan yo‘l qurilishi qolib ketdi. Bor gap shu, buni tepada o‘tirganlarning hammasi biladi, lekin hamma jim”, deb iddao qildi ismi oshkor etilmasligini so‘ragan manba.

Xuddi shunday, Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi ham oqsamoqda.

2021-yil martida, rasmiylar Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha dastlabki texnik-moliyaviy hisoblar tayyor bo‘lganini ma’lum qilishgan.

Rasmiylarga ko‘ra, bu hisoblar Jahon banki konsultantlari tomonidan ishlab chiqilgan, qatnovchilar uchun yo‘ldan o‘tish narxi 5−6 dollar (ekvivalentda) atrofida bo‘lishi ham aytilgan.

Tizginlangan havo yo‘llari

O‘zbekiston hukumatiga yaqin yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, Shavkat Mirziyoyev Transport vazirligi zimmasiga “O‘zbekiston havo yo‘llari” tizimiga xorijdan sarmoya jalb qilish vazifasini ham, nafaqat joriy oy oxiriga qadar, balki umuman bajarish imkonsizdir.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” tizimiga xususiy sektorni jalb qilish masalasi ham muammo. Mirziyoyev aeroport tizimini xususiy sektorga berish, xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, deyapti. Lekin bu yerdagi asosiy muammo - samolyotlar uchun ketadigan yoqilg‘ini faqat o‘zlariga tegishli bitta joydan - Jizzakh Petroleumdan oladigan qilib qo‘ygan. Bu shirkatdan olinadigan yoqilg‘i esa ikki barobarga qimmat, chet eldan boradigan xususiy biznes bu sohaga kirmaydi. Natijada yoqilg‘i qimmat, shuning uchun “Havo yo‘llari”ning reyslari uchun bilet ham qimmat. Bu shirkat kimga tegishli ekanini, buning orqasida qanaqa korrupsiya turganini hamma biladi, lekin yana hech kim indamaydi”, deb iddao qiladi hukumatga yaqin manba.

Ozodlik bu iddaoni to‘liq tasdiqlaydigan ma’lumotlarga ega emas. Ammo qisman tasdiqlovchi ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud.

Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasiga Toshkent aeroportida samolyotlarga yoqilg‘i quyish qurish huquqini berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori 2019-yilda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Ayni qaror loyihasida Mudofaa vazirligiga qarashli - Sergeli tumanida 72- harbiy shaharcha hududa joylashgan “Markaziy yoqilg‘i bazasi” xududining 10 gektarlik yeri ham shirkatga bepul foydalanish uchun ajratib berilishi ham ko‘zda tutilgan.

“Fuqaro aviatsiyasi havo kemalarini aviatsiya yoqilg‘isi bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar to‘g‘risida” ID-3105 raqamli qaror muhokamadan so‘ng qabul qilinganmi-yo‘qmi - Ozodlikka ma’lum emas. Ayni nomdagi hujjat lex.uz - O‘pbekiston qonunchilik milliy bazasida ham topilmadi.

Lekin, shirkat rasmiy saytida 2021-yilning 13-martida Toshkent aeroporti yaqinida samolyotlarga yonilg‘i qo‘yish kompleksi ishga tushirilgani haqida ma’lumot berilgan.

2017-yilda tashkil qilingan Jizzakh Petroleum qo‘shma korxonasi - hozirdagi nomi Sanoat Energetika Guruhi - O‘zbekistondagi eng yirik neftgaz shirkatidir. Rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda qazib olinayotgan neftning 80 foizi shu shirkat hissasiga to‘g‘ri keladi. Buncha neftni shirkat, O‘zbekistonning zaxirasi borligi va zaxira xajmi aniqlangan 105 ta konidan qazib olmoqda.

Bu korxona 2017-yil iyunida «O‘zbekneftgaz» va Gas Project Development Central Asia (Gazprom International sho‘’ba tuzilmasi) bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

O‘zbekiston Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestri hujjatlariga qaralsa, hozirda “Jizzax Petroleum”​ shirkatining 68 foizlik aksiyasi Qibrisda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor BELVOR HOLDINGS LIMITEDga, 30 foizi “O‘zbekneftgaz” AJga, 2 foizi esa Gas Project Development Central Asia shirkatiga tegishli ekanini ko‘rish mumkin.

Ba’zi manbalarda BELVOR HOLDINGS LIMITED ortida Markaziy Osiyo va Rossiyada faoliyat yuritadigan bir qator kompaniyalar, Eriell va Enter Engineering kompaniyalarining ta’sischisi va asosiy hissadori Baxtiyor Fozilov turishi aytiladi.

Uch yilda uch vazir

O‘zbekistonda Transport vazirligi 2019-yilda tashkil etilgan. Shundan beri bu idora Ochilboy Ramatov - 2019-2020-yillarda, Elyor G‘aniyev 2020 (yanvar)-2020 (avgust), Ilhom Mahkamov 2020 (avgust)-hozirgacha boshqaruviga berildi.

Soha mutaxassislariga ko‘ra, rahbarlari tez-tez almashtirilayotgan O‘zbekiston transport sohasi davlat byudjeti va tashqi qarzlar hisobiga eng ko‘p mablag‘ ajratilayotgan va ayni paytda eng korruptsiyalashgan sohalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Transport sohasidagi Ozodlik manbalarining bildirishicha, aslida bu soha nazorati bilvosita hanuz Ochilboy Ramatov qo‘lida. Ammo Ramatov o‘zi va yaqinlariga nisbatan ilgari surilgan korrupsion iddaolarga munosabat bildirgani Ozodlikka ma’lum emas.

XS
SM
MD
LG