Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:33

Ukraina-Rossiya: "Ukraina hududida Rossiya harbiy texnikasi harakatlanmoqda"


Ukraina-Rossiya chegarasidagi ukrain harbiysi, 2022, 19 - fevral
Ukraina-Rossiya chegarasidagi ukrain harbiysi, 2022, 19 - fevral

Kiyev o‘z nazoratidagi hududlar o‘tgan tunda rossiyaparast ayirmachilar tomonidan 53 marta, ayirmachilar esa o‘z hududi ukrain harbiylari tomonidan 50 marta o‘qqa tutilganini iddao qilmoqda.

17 - fevraldan beri Donbass mintaqasida Ukraina hukumat kuchlari va rossiyaparast ayirmachilarni ajratib turuvchi front chizig‘i bo‘ylab vaqti-vaqti bilan otishmalar sodir bo‘lmoqda.

G‘arb Moskva bosqinchilik uchun bahona qidirayotganidan xavotirda. Moskva esa bu iddaolarni muttasil rad etmoqda. Xalqaro jamoatchilik Bayden bilan Putin 21 - fevral kuni kelishib olgan bo‘lg‘usi sammitga umid bog‘lamoqda.

O‘tgan tunda Donbass mintaqasi yana o‘qqa tutildi

Kiyev rasmiylari o‘tgan tunda Ukraina nazoratidagi hududlar kamida 53 marta o‘qqa tutilganini da’vo qilmoqda.

Donbassdagi Ukraina Birlashgan kuchlari shtabiga ko‘ra, rossiyaparast ayirmachilar barcha holatlarda Minsk kelishuvlari bilan taqiqlangan qurollar - minomyot, granatomyot va yirik kalibrli pulemyotlardan o‘t ochgan.

Otishma natijasida snaryad parchasi tegib, bir harbiy o‘rtacha jarohat olgani va kasalxonaga yotqizilgani aytildi.

Ukraina kuchlari, jumladan, Lugansk viloyatida O‘t ochishni to‘xtatish masalalarini nazorat qilish va muvofiqlashtirish qo‘shma markazining ukrain harbiylariga tegishli yuk mashinasi yo‘q qilindi, demoqda.

Ayirmachilar esa, o‘z navbatida, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishida ukrain harbiylarini ayblamoqda. Tan olinmagan “Lugansk xalq respublikasi” sutka davomida Ukraina tomoni o‘z hududini 50 marta o‘qqa tutgani, 24 ta aholi punktini nishonga olinganini iddao qildi.

Rossiyaparast “Donetsk xalq respublikasi” ayirmachilari, yakshanba kuni ukrain harbiylari ularni ham 37 marta o‘qqa tutgani, “Minsk bitimlari bilan man etilgan qurollardan” javob zarbasini berganini iddao qilgan.

CIT: Ukraina hududida rus harbiy texnikasi yuribdi

Conflict Intelligence Team (CIT) surishtiruv guruhi so‘nggi kunlarda ochiq ma’lumotlarda paydo bo‘lgan fotosurat va videolarga asoslangan holda, Rossiya harbiy texnikasi Ukraina hududida harakatlana boshlaganini ma’lum qildi.

Guruhning bildirishicha, harbiylarni Rossiyaning boshqa hududlaridan Ukraina chegaralariga jamlash jarayoni nihoyasiga yetgan bo‘lishi ehtimol. Chunki avvallari hududga texnika temir yo‘l yoki tank tashuvchi yuk mashinalarida olib kelingan bo‘lsa, endilikda harbiy texnika o‘zi harakat qila boshladi.

“Texnika ehtimoliy hujum uyushtiriladigan asosiy pozitsiyalarga joylashtirilayotgan bo‘lishi mumkin”, - deyiladi xabarda.

CIT qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarda chegara yaqinidagi rus harbiylari og‘ir sharoitlarda yashayotgani, markazlashtirilgan oziq-ovqat ta’minoti yo‘qligi qayd etilganini ta’kidlagan.

“Qo‘shinni uzoq payt bunday ahvolda ushlab turish mumkin emas. Shuning uchun yaqin kunlarda yo hujum qilinadi yoki harbiylar qisman olib chiqib ketiladi”,-deb yozdi guruh tadqiqotchilari.

AQSh va G‘arb davlatlari razvedkasining bildirishicha, Rossiya Ukraina bilan chegaraga 150 ming askar va harbiy texnikani jamlagan.

FXX: Ukraina hududidan otilgan snaryad Rostovga tushdi

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati 21 - fevral ertalab Ukraina hududidan otilgan snaryad Rostov viloyatidagi chegara xizmati obyektini vayron qilganini iddao qilmoqda.

FXXning bildirishicha, Ukraina chegarasidan 150 metr uzoqlikda joylashgan obyektga snaryad tushgan paytda bu yerda hech kim bo‘lmagan. Ammo, Rossiya tomoni vayron bo‘lgan obyektning aniq manzili haqida ma’lumot bermadi.

Bundan tashqari Rossiya tomoni Ukrainaga tegishli 2 ta harbiy texnika dushanba kuni ertalab chegarani buzib kirganini ham iddao qilmoqda. Rossiya tomoniga ko‘ra, texnikalar yakson qilingan.

Hozircha bu ma’lumotlarni birorta mustaqil manba tasdiqlamadi.

Rossiya: Tergov qo‘mitasi 2 ta jinoyat ishi ochdi

Hozirgacha, Rossiya Tergov qo‘mitasi Donbassdagi otishmalar yuzasidan ikkita jinoyat ishi ochganini ma’lum qilgan.

Ulardan biri Lugansk hududidagi Pionerskoye qishlog‘i o‘qqa tutilib, ikki kishi halok bo‘lgani, ikkinchisi esa Rostov viloyati hududiga Ukraina tomonidan snaryad uchib kelganiga doir iddaolar bilan bog‘liq.

Ukraina tomoni esa, o‘z texnikasi chegarani buzib kirgani yoki o‘z harbiylari Rossiya tomoniga snaryad otgani to‘g‘risidagi qarshi tomon bayonotlarini inkor etdi.

Avval ham Kreml Ukrainadan otilgan bir necha snaryad Rossiya hududiga kelib tushgani to‘g‘risida xabar bergan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu xabarlarni yolg‘on va provokatsiya sifatida baholagan.

So‘nggi kunlarda YeXHTning Maxsus monitoring missiyasi Donbassda o‘t ochishlar intensivligi keskin ortganini qayd etmoqda.

Bu voqealar Rossiyaning Ukraina chegaralari yaqinida katta kuch to‘plagani va G‘arb mamlakatlari Rossiyaning biror provokatsiya bahonasida Ukrainaga hujum qilishidan xavfsirayotgani manzarasida ro‘y beryapti.

Parij: Bayden va Putin “umuman olganda” sammitga rozi

21 - fevral kuni Fransiya prezidenti ma’muriyatining ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina tevaragidagi vaziyatni muhokama qilish uchun sammit o‘tkazishga, “umuman olganda” rozilik bildirgan.

Ularga Fransiya prezidenti Emmanuel Makron shunday taklif bilan chiqqan.

Fransiya prezidenti avvaliga Vladimir Putin bilan telefon orqali ikki soat suhbatlashgan. So‘ngra Vladimir Zelenskiy va Jo Baydenlar bilan ham qo‘ng‘iroqlashgan. Keyin yana Rossiya prezidenti bilan bog‘langach, tomonlar sammitga rozi bo‘lganini ma’lum qilgan.

Yelisey saroyi tarqatgan xabarnomada muzokaralarga barcha manfaatdor tomonlar taklif etilayotgani aytiladi. Bu uchrashuvning bir sharti bor: mazkur sammit Rossiya Ukrainaga hujum qilmagan taqdirdagina o‘tkazilishi mumkin.

Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki dastlabki kelishuv mavjudligini tasdiqladi.

“Biz diplomatiyaga hamisha tayyormiz. Shuningdek, Rossiya urushni tanlagudek bo‘lsa, shoshilinch va qattiqqo‘llik bilan javob qaytarishga ham shaymiz. Ayni paytda Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli hujumga o‘tishga hozirlik ko‘rmoqda, bu hujum tez fursat ichida boshlanishi mumkin”, dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki.

Ammo, Kremlning matbuot kotibi uchrashuv hozircha rejalanmagan, deb bildirdi.

Россия-Украина: НАТО Литвага 1200 аскар жойлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:58 0:00

Reuters: AQSh Rossiya banklariga sanksiya hozirladi

Reuters agentligi AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Amerika va Rossiya banklari o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlarni taqiqlashga oid hujjat loyihasini tayyorlaganini xabar qildi.

Agentlikka ko‘ra, mazkur hujjat Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgan taqdirdagina kuchga kiradi.

Xabarda ta’kidlanishicha, hujjatda birinchi navbatda Rossiyaning VTB, Sberbank, VEB.RF (Vneshekonombank) va Gazprombank bilan munosabatlar uzilishi qayd etilgan. Ammo bu yakuniy ro‘yxat emas, bu qora ro‘yxatga yana banklar qo‘shilishi mumkin.

Bundan tashqari Oq Uy jismoniy va yuridik shaxslarga ham sanksiya qo‘llash masalasini o‘rganayotgani xabar qilindi.

Ularning AQShdagi aksiyalari muzlatiladi va har qanday pul o‘tkazmalari taqiqlanadi. AQSh hukumati bu ma’lumotni hozircha izohlagani yo‘q.

YeI: Rossiyaga qarshi sanksiyaning vaqti emas

Yevropa Ittifoqi rahbariyati “hozir Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilish vaqti emas”, deb hisoblamoqda.

Reuters agentligining xabar qilishicha, Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan yig‘ilishda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozef Borrel shuni ma’lum qilgan.

Borrel jurnalistlarga sanksiyalar “vaqti kelganda” kiritilishini aytgan:

“Fransiya Jo Bayden va Vladimir Putin Ukraina bo‘yicha sammit o‘tkazishga kelishib olganini aytganidan keyin, Yevropa Ittifoqi keyingi muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha urinishlarni qo‘llab-quvvatlamoqda. Sammit uchrashuvlari yetakchilar yoki vazirlar darajasida bo‘ladimi, qanday formatda bo‘lishidan qat’i nazar, muzokara olib borish, muloqot qilish, urushdan qochish juda zarur”.

Kiyev: sanksiyalarni hoziroq qo‘llang!

Kiyev sanksiyalarni hoziroq - urushning oldini olish uchun - joriy etishni so‘ramoqda.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba, Bryusselda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘inida buni qat’iy ta’kidladi:

"Yevropa Ittifoqi sanksiyalar haqida gapirish bilangina cheklanmayotganini ko‘rsatishi uchun va hozirdanoq bir necha sanksiyani qo‘llashga yetarlicha, qonuniy sabablar borligiga ishonamiz".

Yevropa Ittifoqi vazirlari o‘tgan oy Ukrainaga 1,2 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam paketini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, Ukrainaning zobitlarini tayyorlash uchun harbiy instruktorlar kichik missiyasini yo‘llash haqidagi uzoq yillik so‘rovi ham ma’qullandi.

Irlandiya tashqi ishlar vaziri Saymon Kovenining aytishicha, blok ko‘proq Moskva bilan muzokaralarni osonlashtirishga e’tibor qaratishi kerak:

“Menimcha, urushning oldini olishning yo‘li – muloqot, murosaga kelish va birinchi navbatda bosqinning oldini olish yo‘llarini toppish. Bu bizning hozirgi ustuvor vazifamiz bo‘lishi kerak”.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham, Rossiyani Ukraina sharqidagi tinch aholi bilan “mas’uliyatsiz” o‘yin qilishda ayblab, Kremlni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi.

Lufthansa: Ukrainaga parvoz vaqtincha to‘xtadi

21 - fevralga kelib, Lufthansa va uning shu’balari – Eurowings, Swiss, Brussels va Austrian Airlines – Kiyev hamda Odessa shaharlariga parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi.

Bu Rossiyaning muhtamal tajovuzi xavfi bilan bog‘liq. Lvovga reyslar hozircha saqlanmoqda. Parvozlarni tiklash bo‘yicha qaror vaziyatdan kelib chiqib, keyinroq qabul qilinadi.

Yakshanba kuni Ukraina hukumatiga bo‘ysunmaydigan Donetsk va Lugansk viloyatlaridan aholini Rossiyaga ko‘chirish davom etdi. Bu haqda juma kuni xalqaro maydonda tan olinmagan DXR va LXR yetakchilari e’lon qildi.

Mahalliy aholining axborot vositalariga bildirishicha, mintaqa rahbarlari aholini tezroq ketishga undamoqda. Ammo, 18 dan 55 yoshgacha erkaklarning ketishi taqiqlangan.

“Boshliqlar bizga: ketinglar, deyishdi. Quloq solishga majburmiz, chunki qo‘rqamiz – ikki yosh bolamiz bor. Ularga bir kori hol bo‘lishidan xavotirlanamiz”, deydi Reuters agentligiga gapirgan donetsklik Anastasiya.

Ukraina sharqiy hududlarini tark etayotganlarning asosiy qismi Rostov viloyatiga yo‘l olmoqda.

CBS telekanali: rus armiyasi bosqin haqida buyruq olgan

O‘tgan oqshom CBS telekanali, Amerika razvedkasiga havola bergan holda, Rossiya armiyasi qo‘mondonlari allaqachon Ukrainaga bostirib kirishga buyruq olganini xabar qildi.

Aytilishicha, hozirda jang maydonidagi harakatlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Ayni chog‘da NATO rahbari maxsus xizmatlar qo‘lga kiritgan ma’lumotlar buning aksini ko‘rsatayotganini ta’kidladi: razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya keng ko‘lamli harbiy harakatlarga shayligini tasdiqlovchi barcha alomatlar hamon mavjud.

Aynan shu ma’lumotlar 18 - fevral kuni Baydenning Vladimir Putin Ukrainaga qarshi tajovuz boshlashga tayyorligi haqida bayonot berishiga asos bo‘lgan.

Moskva ushbu xabarga izoh bergani yo‘q. Ammo, qo‘shni mamlakatga hujum qilish rejasi yo‘qligini muttasil takrorlab kelmoqda.

Россия- Украина: НАТО ҳарбийлари жанговар шайликка келтирилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:09 0:00

XS
SM
MD
LG