Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2021, Тошкент вақти: 05:25

Ukrainada boshpana izlayotgan o‘zbekistonlik jurnalist muddatsiz ochlik e’lon qildi


Malohat Eshonqulova Mirziyoyev davrida O‘zbekistonni tark etishga majbur bo‘lgan birinchi jurnalist va faol ekanini aytadi

O‘zbekistonlik jurnalist va huquq himoyachisi Malohat Eshonqulova 16 - fevraldan buyon Kiyevdagi BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi (QMOKB) binosi oldida ochlik aksiyasini o‘tkazmoqda. U Ukrainada qolayotgan o‘zbek qochqinlari huquqlari ta’minlanishi va ular uchun xavfsiz deb ko‘rilmayotgan bu davlatdan uchinchi mamlakatlarga ko‘chirilishini talab qilmoqda.

Malohat Eshonqulova ochlikni talablari bajarilgunga qadar davom ettirish niyatida.

O‘zbekistonlik jurnalist uchinchi mamlakatchi chiqarib yuborishni so‘ramoqda

Ozodlik bilan suhbatlashgan Malohat Eshonqulova unga boshlangan bosimlar tufayli 2019 - yilning oktabrida Ukrainaga qochib kelganini aytdi. Jurnalistning fikricha, u Mirziyoyev davrida siyosiy sabablar bilan O‘zbekistonni tark etgan birinchi faoldir.

- 2019 - yilning oktabrida men Ukrainaga keldim va BMTning Qochqinlar bilan ishlash vakolatxonasidan qochqinlik maqomi so‘radim. Kelganimga 1,5 yildan oshdi. Xorijiy mamlakatlarga borib noldan hayot boshlash men uchun qiyinlik qiladi. “Loaqal rus tilini tushunamanku!”, degan maqsadda Ukrainaga kelgandim. Lekin ilk kunlardanoq Ukraina mening hayotim uchun xavfli ekaniga amin bo‘ldim. O‘zbekistonning kuchishlatar tizimlari Ukrainada otasini uyida yurgandek yuribdi! Men kuchsiz, himoyasiz ayol 2020 - yilning fevralidan hayotim uchun xavfsiz bo‘lgan uchinchi mamlakatga ko‘chirishlarini bir necha bor so‘radim, deydi mustaqil jurnalist.

U kasbiy faoliyati bois O‘zbekistonda quvg‘inga uchraganini ta’kidladi.

Ochlik aksiyasi 16 - fevraldan beri davom etmoqda.
Ochlik aksiyasi 16 - fevraldan beri davom etmoqda.

Eshonqulovaning iddao qilishicha, unga Kiyevda noma’lum shaxslar uch marta hujum qilgan: o‘zining so‘zlariga ko‘ra, hujum qilganlar, jumladan ko‘chada turtib ketgan mashina haydovchisi haligacha topilmagan.

Malohat Eshonqulova o‘z talablarini yozma va og‘zaki tarzda QMOKBning Jenevadagi bosh vakolatxonasi, Kiyevdagi vakolatxona katta maslahatchisi Ux Bissoga topshirganini aytdi.

- Men uchinchi mamlakatlarga ko‘chirishlarini iltimos qildim. Lekin menga “Ukrainada “ko‘chirish” uchun qochqinlarni qabul qilmaydi: Ukraina yo o‘zi beradi yoki qochqinlikni rad etadi”, degan javob berildi. “Biz favqulodda holatlardagina uchinchi mamlakatlarga ko‘chirishimiz mumkin”, deyishdi. Bizchi?! Biz o‘sha insonlar safiga kirmaymizmi? Bizning hayotimiz xatarda emasmi?! Axir bizning hujjatlarimiz bilan shug‘ullanmasa bu jarayon qanday tezlashadi. Men shuni iltimos qilyapman BMT xodimlaridan, - dedi u.

Mustaqil jurnalist Ukrainadagi qochqinlar masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratmoqchi.
Mustaqil jurnalist Ukrainadagi qochqinlar masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratmoqchi.

O‘zbekistonlik qochqin o‘zi yashayotgan Yagotinadagi qochqinlar lagerida hayot o‘zlari uchun og‘ir va xavfsiz emasligini aytadi.

- Men ijara haqi qimmatligi tufayli kvartiraga chiqib keta olmayman. Ikkinchidan, biz qochqinlarga ishlash mumkin emas - pulimiz yo‘q. Boshqa tashkilotlardan moliyaviy ko‘mak yo‘q. Qolaversa, ijarada bir kunda o‘g‘irlab ketishlari mumkin. Ilojsizligimdan shu yerda ochlik e’lon qilishga majburman!

Ozodlik ochlik aksiyasini davom ettirayotgan Malohat Eshonqulova masalasi yuzasidan izoh so‘rab BMTning Qochqinlar Masalalari bo‘yicha Oliy Komissarining Kiyevdagi vakolatxonasiga murojaat qildi.

Ozodlik savollariga javob bera olmasligini bildirgan vakolatxona rasmiysi yozma tarzda rasmiy murojaat yo‘llashni tavsiya qilish bilan cheklandi.

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida viza tizimi mavjud emas va bu mamlakatdan qochqinlik so‘ragan yoki bu yerga qochib kelgan o‘zbek muhojirlarining O‘zbekistonga topshirilishi holatlari kuzatilgan.

Ukraina va qochqinlar masalasi

Xyuman Rayts Votch tashkiloti Ukraina chegarachilari va politsiyasi tomonidan muhojirlar, boshpana izlovchilar, jumladan bolalarni asossiz hibsga olish, zo‘ravonlik qilish va hatto qiynoqqa solish holatlari qaydga olinayotgani yuzasidan maxsus bayonot tarqatgandi. 161 nafar qochqin guvohligiga tayangan 124-betli hisobotda Ukrainadagi muhojir va qochqinlar ahvolining og‘irlashishiga Yevropa Ittifoqi davlatlarining migratsiya siyosati ham aybdor ekani aytilgandi.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissarligi tomonidan qochqin, deb tan olingan Ruslan Sulaymonovni O‘zbekistonga berib yuborganini Ukrainaning qochqinlarga oid xalqaro majburiyatlarini bajarmayotganiga dalil sifatida keltirgan edi.

2006 - yilda Ukrainadan O‘zbekistonga berib yuborilgan 11 nafar qochqin turli muddatlarga qamalgani ma’lum.

Ukrainadagi o‘zbek qochqinlari, shuningdek O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan qochqinlar - Alisher Haydarov, Rahmiddin Safarov, Ulug‘bek Hakimovlar yo‘qolib qolgani, ular o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda.

Shu o‘rinda, Ukraina hukumati birqancha o‘zbekistonlik qochqinlarni Toshkentga ekstraditsiya qilmaslik to‘g‘risida qarorlarni ham qabul qilgan.

2017 - yilning 17 - sentabrida Kievda oilasi bilan siyosiy boshpana so‘ragan "O‘zbekiston” radiosining sobiq siyosiy sharhlovchisi Narzullo Oxunjonov Interpol talabi bilan hibsga olingan. Ukraina Bosh prokuraturasi o‘zbek rejimini tanqid qilib kelgan Narzullo Oxunjonov O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinmasligini bildirgandi.

2019 - yilning 12 - avgust kuni BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligining Ukrainadagi vakolatxonasi oldida Oxunjonov ayni talablar bilan ochlik aksiyasini o‘tkazgan edi.

2017 - yil 14 - iyunida Ukraina Migratsiya xizmati O‘zbekiston talabi bilan ushlangan Islom Karimovning qayinjiyani Akbarali Abdullayevga qochqin maqomini bergan edi. O‘zbekiston tomonidan og‘ir moliyaviy jinoyatlar¸ xususan¸ davlatga qariyb 1 milliard dollar ziyon yetkazganlikda ayblanib¸ Kiyevda qo‘lga olingan Abdullayev o‘sha yilning oktabrida mamlakatdan g‘oyib bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan.

XS
SM
MD
LG