Линклар

Шошилинч хабар
03 июл 2022, Тошкент вақти: 04:13

Ukrainadagi urush aks-sadosi. Markaziy Osiyoda narx-navo oshmoqda


Oloy bozori. Toshkent, 31-may, 2022.

Rossiya Ukrainada boshlagan urush butun dunyoda narx-navo ko‘tarilishini tezlashtirdi. Asosan energiya resurslari va oziq-ovqat qimmatlashmoqda. Postsovet davlatlarida mahsulotlar tanqisligi va inflyatsiya kuzatilyapti.

Ozodlik Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlaridagi narx-navoni solishtirdi.

Rossiya va Markaziy Osiyo

Qirg‘iziston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston hamda Turkmaniston iqtisodiyoti tarixiy va jo‘g‘rofik jihatdan Rossiya bilan bog‘langan. Mintaqa aksar mahsulotlarni Rossiyadan import qiladi, millionlab mehnat migrantlari ham ishlab pul topgani o‘sha yerga borishadi. Ayni aloqalar tufayli Moskva ushbu mamlakatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi. Bu Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan 24-fevral sanasida yana bir karra isbotlandi.

G‘arb sanksiyalar joriy etganidan so‘ng rubl kursi quladi, u bilan birga – qozoq tangasi, qirg‘iz somi, o‘zbek so‘mi, tojik somoniysi va turkman manati ham. Rubl kursi ko‘tarilganida esa ushbu mamlakatlar milliy valyutalari ham “o‘ziga keldi”. Harbiy harakatlar tufayli Moskvada narx-navo oshgan edi, Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham qimmatchilik boshlanib ketdi.

Bunga bir chekkasi Rossiya tarafidan uchinchi mamlakatlarga ayrim tovarlar chiqishi cheklangani va eksport bojlari oshirilgani ham sabab bo‘ldi. Bishkek bilan Nur-Sulton doimo Moskva bilan muzokaralar olib borayotgan bo‘lsa, rasmiy Toshkent, Dushanbe va Ashxobod Xitoy, Eron, Turkiya va boshqa mamlakatlardan import hajmini oshirishga harakat qilmoqda.

Ushbu davlatlar bari bitta mintaqada joylashgan bo‘lsa-da, har birining imkoniyatlari turlicha. Ayrimlarining iqtisodiyoti baquvvatroq, boshqalarida yirik davlatlar bilan muqobil savdo-sotiq qilish imkoni mavjud. To‘g‘ri, dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, bu yerda ham narxlar ko‘tarilishi 2020-yilda – koronavirus pandemiyasi bilan baravar boshlangan edi. Bunga ishlab chiqarish cheklanishi va chegaralar yopilishi sabab bo‘ldi. Ammo transport qatnovlari tiklangani sayin narx-navo barqarorlasha boshlagandi.

Ukrainadagi urush ta’sirini tugalroq anglab olish uchun biz yil boshlaridagi va hozirgi narxlarni taqqoslaymiz.

Markaziy Osiyodagi qimmatchilikni 9 xil mahsulot – non, un, sut, o‘simlik yog‘i, tuxum, shakar, kartoshka, qo‘y go‘shti va mol go‘shti misolida ta’riflashga harakat qilamiz. Lekin avvalo ayrim narsalarga aniqlik kiritishimiz lozim.

Muayyan mamlakatlardagi mahsulotlar narxiga doir ma’lumotlar statistika idoralari, turli agentlik va byurolar, Ozodlikning ushbu davlatlardagi shu’balari hamda mahalliy aholidan olingan. Raqamlar eng yuqori, o‘rtacha va eng past ko‘rsatkichlarni ifodalaydi. Qiyoslash uchun o‘rtacha qiymatni olamiz.

Mahsulot qanchalik qimmat yoki arzonligi har bir fuqaroning daromadiga bog‘liq bo‘ladi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi Qirg‘izistonda 282 dollar yoki 22 ming 472 somni, Qozog‘istonda – 654 dollar yoki 285 tangani, O‘zbekistonda 310 dollar yoki 3 mln 426 ming 827 so‘mni, Tojikistonda – 146 dollar yoki 1 ming 612 somoniyni, Turkmanistonda esa 1000-1200 manatni (bu rasmiy kurs bo‘yicha 342, bozor kursida esa 70 dollarga teng) tashkil qiladi.

Qarshi shahridagi non sotuvchisi. 8-iyul, 2014
Qarshi shahridagi non sotuvchisi. 8-iyul, 2014

Non

Rossiya chetga g‘alla sotishni cheklashi eng ko‘p Qirg‘izistonga ta’sir qildi. YeOIIdagi iqtisodiyoti eng kichik mamlakatda nonning o‘rtacha bahosi 20 somdan 27-30 somga ko‘tarildi. Ilgari 100 somga to‘rtta bulka sotib olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu pulga uchta bulka keladi.

Qozog‘iston Statistika byurosiga ko‘ra, yil boshida non ko‘pi bilan 180 tanga turgan, hozirda uning narxi 200 tangaga yetadi. To‘g‘ri, o‘rtacha narx pastroq. Ammo katta hajmda bug‘doy yetishtiruvchi mamlakat teskari tendensiyadan qochib qutula olmadi baribir.

O‘zbekiston hukumatining fermerlardan g‘allani bozor bahosida sotib olish amaliyoti un va un mahsulotlari qimmatlashishiga olib keldi. Natijada Toshkent do‘konlarida non bahosi 1600 so‘mdan 2800 so‘mga yoki 80 foizga ko‘tarildi. So‘nggi kunlarda bozorlarda nonga navbatlar kuzatildi.

Tojikistonda boshqa mahsulotlar sirasida non narxi ham oshdi. Avval 2-3 somoniy turgan narsa urush boshlanganidan so‘ng 4 somoniyga chiqdi. Qimmatchilik kamdaromad aholi uchun jiddiy muammoga aylandi.

Eng murakkab vaziyat Turkmanistonda kuzatilmoqda. Mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa non yetishmovchiligi ko‘pdan beri mavjud edi. Davlat arzon nonni subsidiyalaydi, bunaqa non do‘konlarda bitta oilaga 2-3 donadan sotiladi. Ammo xarid qilish uchun odamlar kechalari navbatga turishga majbur bo‘ladilar. O‘tgan yildan boshlab fuqarolar nonni faqat tegishli idoralar sertifikati bo‘lgan taqdirdagina sotib olishlari mumkin. Navbatga qayta qo‘shilgan yoki “norma”dan ortiq non sotib olganlar 15 sutkaga qamaladi.

Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng Turkmanistonda vaziyat yanada yomonlashdi. Hukumat non narxini 1-2 manat qilib belgiladi, ammo non normasi ehtiyojni qondirmayapti. Natijada odamlar uni xususiy novvoylardan donasini 20 manatdan sotib olishga majbur bo‘lishmoqda. Yoz kelishi bilan narx-navo bir oz tushdi, biroq taqchillik muammosi hech qayoqqa ketgani yo‘q.

Ўзбекистонда ўсаётган ягона нарса: Нарх-наво
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00

Un

Non bahosi g‘alla va un narxiga uyg‘un tarzda ko‘tarilmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari g‘allani xorijdan, asosan Rossiyadan import qilishini yuqorida aytib o‘tdik.

Qirg‘iziston Milliy statqo‘mi ma’lumotiga ko‘ra, birinchi nav unning bir kilosi yil boshidan buyon 41 somdan 49 somga ko‘tarilgan. Shu tariqa 50 kilogrammli bir qop un 2 ming somdan 2,5 ming somga qimmatlashdi.

Qozog‘istonning o‘zida yiliga qariyb 15 mln tonna don yetishtiriladi. Biroq un ishlab chiqarish yoki uni eksport qilish uchun mamlakat baribir Rossiyadan bug‘doy sotib olishga majbur. Moskva qo‘shnisiga g‘alla sotishni to‘xtatib qo‘ygach Nur-Sulton un eksportini to‘xtatdi. Shunga qaramay Qozog‘istonda narxlar oshdi. Masalan, birinchi nav un 265 tangaga ko‘tarildi. Bu rasmiy o‘rtacha narx, amalda yanada qimmatroq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonda shu navli un kilosiga 4,5 ming so‘mdan 5 so‘mga chiqdi. Bu ham rasmiy narx. Do‘konlarda esa un 8900 so‘mgacha bahoda sotilmoqda.

Rossiya uchinchi mamlakatlarga g‘alla eksport qilishda boj to‘lovlarini oshirishi va Qozog‘istondan bug‘doy eksporti to‘xtatib qo‘yilishi Tojikistonga qattiq ta’sir etdi. Mamlakatda bir qop un bahosi 280 somoniydan 380 somoniyga oshdi.

Yuqorida aytilganidek, Turkmanistonda un taqchilligi anchadan beri mavjud. Ozodlikdagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda birinchi nav un 10-12 manatga ko‘tarilgan, lekin keyin 7-9 manatga tushgan. Ozodlikning turkman xizmati ayrim shaharlarda na davlat do‘konlarida, na xususiy do‘konlarda un topib bo‘lmasligini xabar qilmoqda. Mahalliy manbalar omborlarda zaxira tugaganini aytadilar.

Sut

Qirg‘iziston o‘z ehtiyojidan ancha ko‘p sut ishlab chiqaradi. Shu bois Ukrainadagi urush ushbu mahsulot narxiga ta’sir etgani yo‘q. Milliy statistika qo‘mitasi qayd etishicha, sutning o‘rtacha narxi yil boshidan beri 53 somdan 51 somga tushgan. May oyida fermerlar sutni mahalliy zavodlarga sota olmay, to‘kib tashlashga majbur bo‘lishganida katta shov-shuv ko‘tarilgan edi.

Qirg‘izistonga qiyosan Qozog‘istonda sut qimmatroq. Rasmiy ma’lumotlarga ishonilsa, sut bahosi 410 tangadan 450 tangaga oshgan.

O‘zbekistonda sutning maksimal qiymati litriga 7200 dan 7400 so‘mga oshdi. O‘rtacha narx 6900 so‘mni tashkil qiladi. Tojikistonda narx 4-5 somoniydan 6-7 somoniyga ko‘tarildi.

Turkmanistonda sut bahosi 30 manatga yetadi. Biroq Ozodlikning turkman xizmati o‘rtacha narx 5-10 manat ekanini ma’lum qilmoqda.

O‘simlik yog‘i

Mart oyi oxirida Rossiya kungaboqar urug‘i eksportini taqiqlab, o‘simlik yog‘ini chet elga sotishni chekladi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi narx-navoga ta’sir qildi.

Qirg‘izistonda o‘simlik moyi qimmatlashuvi koronavirus pandemiyasi bilan bir paytda boshlangandi. Yil boshidan beri narxlar litriga 200 somga yetdi. Hozirda o‘rtacha narx 174 som atrofida.

Qozog‘iston.
Qozog‘iston.

Qozog‘iston o‘zi ham o‘simlik yog‘i ishlab chiqargani sababli u yerda narx-navo qo‘shni mamlakatlarga qiyosan birmuncha arzon. Biroq Statistika byurosi mahsulot bahosi baribir 23 foizgacha ko‘tarilganini qayd etdi. O‘rtacha narx 800 tangani tashkil qiladi.

O‘zbekiston qimmatchilik sababli o‘simlik moyi eksportini man etdi. Mamlakatning o‘zida kungaboqar va paxta yog‘lari ishlab chiqariladi. Yil boshidan beri ushbu mahsulot narxi 19 mingdan 24 ming so‘mgacha oshdi.

Tojikistonda o‘simlik moyi narxi 20 somoniydan 30 somoniyga ko‘tarildi va bu mintaqa mamlakatlari orasida hozircha eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib turibdi.

Turkmanistonda esa narxlar yanada baland – litriga 40 manat. Turkman jurnalistlari yozishicha, mamlakatda o‘simlik yog‘i juda tanqislashgan. Qishloq do‘konlarida moy topish qiyin, shu bois ko‘pchilik tuman markazlariga yoki katta shaharlarga borishga majbur bo‘lmoqda.

Tuxum

Markaziy Osiyo davlatlarida tovuq tuxumi bahosi taxminan bir xil. Lekin parrandachilik yaxshi rivojlangan Qozog‘iston va O‘zbekistonda ushbu mahsulot bir oz arzon. Qirg‘iziston va Tojikistonda narxlar qirg‘iz pulida 100-120 somni tashkil qiladi.

Turkmanistonda vaziyat doimgidek juda og‘ir. Pandemiyadan keyin bu yerda 10 dona tuxum narxi 30-40 manatni tashkil qilmoqda.

Shakar

Shakar qayta ishlov yo‘li bilan olinadigan yakuniy mahsulot bo‘lgani bois har inqiroz sharoitida qimmatlashadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida koronavirus pandemiyasi va Ukrainadagi urush manzarasida bu yaqqol sezildi. Chunki mintaqaga shakar yetkazib beruvchi Rossiyaning o‘zida bu mahsulot tanqisligi mavjud.

1-2 yil oldin Qirg‘izistonda shakarning o‘rtacha bahosi 50-55 som edi, pandemiya manzarasida bu ko‘rsatkich 70 somga chiqdi. Fevralda shakar keskin qimmatlashdi, hozirda narx 90-100 somni tashkil qiladi. Hukumat yetarlicha zaxira to‘planganini ta’kidlamoqda, ammo tanqislik hanuz saqlanib turibdi. Yirik savdo tarmoqlarida shakar sotuviga cheklovlar joriy etilgan.

Qirg‘iziston.
Qirg‘iziston.

Qozog‘istonda shakar narxi 320 tangadan 460 kilogrammga oshdi. Tojikistonda bir shakar 13-14 somoniyni tashkil qiladi. Ikkala mamlakatda ham tanqislik kuzatilmoqda.

So‘nggi kunlarda O‘zbekistonda shakar yetishmovchiligi aholi orasida vahima tug‘dirmoqda. Telegram-kanallarda ulashilayotgan videolarda do‘konlarda uzun navbatlar yuzaga kelganini ko‘rish mumkin. Natijada mutasaddilar nazoratni kuchaytirib, ko‘proq mahsulotni sotuvga chiqardi. Ozodlik iyun oyida shakar mayga qiyosan 50 foizga ko‘p sotilganini xabar qilgandi. Narx-navo 9 ming so‘mdan 20 ming so‘mga ko‘tarildi.

So‘nggi tanglik manzarasida Turkmanistonda shakar bahosi 25 manatga chiqqan edi, ammo keyinroq narx 18 manatga tushdi.

Kartoshka

Odatda Qirg‘izistonda ichki ehtiyojdan ikki baravar ko‘p kartoshka hosili olinadi. Mahalliy aholi 700 ming tonnaga yaqin kartoshka iste’mol qiladi, yillik yalpi hosil esa 1,5 mln tonnaga boradi. Biroq logistika markazlari faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli mahsulot narxi muntazam ravishda o‘zgarib turadi.

Mamlakatning ayrim hududlarida ertapishar kartoshka hosilini yig‘ib olish boshlab yuborilgan. Hozirda kartoshkaning kilosi taxminan 53 somdan sotilmoqda. Yil boshida narx 40 som atrofida edi.

Statistikaga qaralsa, ilgari Qozog‘istonda kartoshka hamisha arzon bo‘lgan. Ammo yil boshidan beri narxlar 190 dan 260 tangaga ko‘tarilib ketdi. Mamlakatning o‘zida yiliga 4 mln tonna hosil olinadi.

O‘zbekistonda ham kartoshka qimmatlashgan. Mahsulot narxi 4800 so‘mdan 6000 so‘mga ko‘tarildi. Ammo bu, masalan, tog‘li Qirg‘izistonga nisbatan arzonroq. O‘zbekistonda yiliga qariyb 2,5 mln tonna kartoshka yetishtiriladi va bu ichki ehtiyojning atigi yarmini tashkil etadi.

Tojikiston kartoshka bilan o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlaydi. Shunga qaramay, yil boshidan beri u yerda kartoshka 3 somoniydan 5 somoniyga ko‘tarilgan, ayni kunlarda esa narx bir oz pasaygani aytilmoqda.

Turkmanistonda kartoshkaning kilosi 10-15 manatga ko‘tarilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi hosil chiqqanidan keyin narxlar 7-8 manatga tushgan.

Mol go‘shti

Mintaqada har inqirozda mol go‘shti qimmatlaydi. Pandemiya davriga to‘g‘ri kelgan 2020-yili Qirg‘izistonda bir kilo mol go‘shti 550 somga ko‘tarilgandi, keyinroq, chorva eksporti taqiqlangach, narxlar bir oz tushdi. Ammo Ukrainada urush boshlanganidan beri yana qimmatlab, hozirda 430-480 somni tashkil etmoqda.

Qozog‘iston bilan Turkmanistondagi narxlar ham, agar qirg‘iz somiga chaqilsa, qariyb bir xil. Lekin O‘zbekistonda go‘sht birmuncha qimmat.

Qish va bahorda Turkmanistonda mol go‘shti 100 manatga chiqqan edi, hozirda bir oz pasayib, 70 manatga tushgan. Lekin o‘rtacha 1000-1200 manat ish haqi oladigan aholiga bu baribir qimmatlik qiladi.

Toshkentning Chorsu bozori.
Toshkentning Chorsu bozori.

Qo‘y go‘shti

Qo‘y go‘shti mintaqaning barcha mamlakatlarida mol go‘shtiga qaraganda qimmatroq. Qirg‘izistonda olti oy ichida o‘rtacha narx 466 somdan 519 somga ko‘tarildi. Qirg‘iz statqo‘miga ko‘ra, ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich 550 somga yetgan.

Qozog‘istonda qo‘y go‘shti bahosi 2900 tangadan 3100 tangaga chiqqan.

Tojikistonda narx 60 somoniydan 70 somoniyga ko‘tarildi. O‘zbekistonda esa qo‘y go‘shti 85 ming so‘m bahoda sotilmoqda.

XS
SM
MD
LG