Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:04

Umradan qaytolmayotganlar. Turqo‘mita xususiy shirkatlarni ogohlantirdi. Muammo nimada?


Sarson bo‘lgan umrachilar, 5-fevral, 2024, Saudiya Arabistoni
Sarson bo‘lgan umrachilar, 5-fevral, 2024, Saudiya Arabistoni

27-yanvardan beri o‘zbekistonlik 3 mingdan ortiq ziyoratchi Umra safaridan qayta olmay Saudiya Arabistonidagi mehmonxona va aeroportlarda sarson bo‘ldi.

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi ziyoratchilarning vaqtida qaytolmagani uchun mas’uliyatni Umra ziyoratini tashkil etish tartibini buzgan xususiy kompaniyalarga yukladi.

7-fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Umra ziyoratini tashkil qilish tartibini buzgan xususiy shirkat rahbari ushlanganini ma’lum qildi. Mahalliy nashrlar bu Panorama airways shirkati mas'uli ekanini xabar qilmoqda.

Ozodlik gaplashgan ziyoratchilarga ko‘ra, sarson bo‘lganlarning aksari Panorama airways shirkati bilan uchgani rost, ammo bu muammoning boshqa sabablari ham bor.

Yanvaь oyida bir yosh bolasi bilan Umraga borgan andijonlik yosh ayolga ko‘ra, ular 27-yanvar kuni qaytishi kerak edi.

Aytishicha, oilasi Umra safari uchun paketni Gulbahor airways shirkatidan sotib olgan.

“27-yanvarga tayyorgarligimizni ko‘rdik. Shundan keyin 28 ketamiz, 29 ketamiz, deb cho‘zishni boshlashdi. Biz o‘zimiz yo‘tal, tomog‘ og‘riq, kasal bo‘ldik. Qo‘limizdagi bola qizamiq bo‘lib, issig‘i 40 darajaga chiqib ketyapti. Vrachimiz yo‘q. Bizning guruhda vrach, deb ko‘rsatishgan bola yordam berolmadi. Endi medbratligi shunday ko‘rinib turibdi-da. Do‘xtirga boraylik, desak: “Bolani kasalxonada olib qolishadi, biz istalgan paytda uchishimiz mumkin”, deyishdi. 10 kun kasal bolani ushlab mehmonxonada o‘tirdik. Oxiri, “Bilet olib uchaveringlar, qachon ketishimiz aniqmas”, deb yorilishdi. O‘zimiz bilet olib, unda ham janjal-to‘polon bilan 5-fevral kuni qaytdik. Hozir bola og‘irlashgan, o‘zimizda ham yo‘tal o‘pkaga o‘tib ketgan”, deydi ismini sir saqlagan andijonlik ziyoratchi.

Gulbahor airways va Panorama airways sayyohlik shirkatlari bilan Umraga borgan yana o‘nlab ziyoratchidan ham Ozodlikka ayni mazmunda shikoyatlar keldi, hanuz kelishda davom etmoqda.

Panorama airways shirkati bilan Umraga ziyoratchi yo‘llagan farg‘onalik ellikboshining Ozodlikka aytishicha, ushbu shirkat samolyotlarining Toshkentdan parvozi yanvar oyining oxiridan to‘xtab qolgan.

“Panorama airways”ning samolyotlarini Toshkentdan uchirmay qo‘yishdi, deyishdi bizga. Bugun boradi samolyot, erta boradi, deb turishdi. Bu yoqdan safari tugaganlar ko‘payib ketaverdi. Bizni mehmonxonadan ham chiqinglar, turfirmani to‘lagan puli tugagan, bu yog‘iga pul to‘lamayapti, deyishib. Ba’zi mehmonxonalar ziyoratchilarni chiqarvordi, ba’zilar ovqat bilan svet berishni to‘xtatishib, rossa qiyin bo‘ldi. Ziyoratchilar kelib bizga yopishadi, biz bo‘lsa, nima bo‘layotganini bilmaymiz. Odamlarni tinchitinglar, ana-mana, deb ushlab o‘tirishdi-da. Oxiri, 2-fevraldan qaytarishni boshlashdi”, dedi farg‘onalik ellikboshi. U ham shaxsi ochiqlanishini istamadi.

Ayni muammoga shu kunlarda O‘zbekistondan Saudiya Arabistoniga uchishi kerak bo‘lgan ziyoratchilar ham duch kelgan.

Safarga chiqqanlar aeropordan ucha olmay, kunlab Toshkentda qolib ketayotgani haqida ham Ozodlikka ko‘plab murojaatlar keldi.

Jumladan, shunday ziyoratchilar orasida bo‘lgan bloger - shou-biznes xabarlarini berib boradigan Jasur Hamroyev ijtimoiy tarmoqda jonli yoyin qildi va u ham aynan Panorama airways shirkati nomini tilga oldi.

Panorama airways shirkati Saudiya Arabistonida qolib ketgan ziyoratchilari yuzasidan 2-fevral kuni bayonot berdi.

Bayonotda vaziyatga “bir qancha kutilmagan vaziyatlar” sabab bo‘lgani aytildi, ammo tafsilotlar ochiqlanmadi:

“Yaqinda sodir bo‘lgan bir qancha kutilmagan vaziyatlar tufayli Panorama airways parvozlar jadvali va umumiy operatsiyalari sezilarli darajada ishdan chiqdi. Mijozlarimizga keltirilgan noqulayliklar uchun chin dildan uzur so‘raymiz”.

Keyinroq ushbu shirkat 2-5-fevral kunlari 3 mingdan ortiq yo‘lovchisini O‘zbekistonga qaytarganini ma’lum qildi.

Gulbahor airways shirkatining bayonoti esa 6-fevral kuni paydo bo‘ldi:

“Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruvlar olib borilayotganligi sababli sizlarga shuni ma’lum qilamizki “Gulbahor airways” kompaniyasi o‘z ish faoliyatini 15-fevraldan davom ettiradi. Umra safariga ketgan yo‘lovchilarning qaytishi bo‘yicha “Panorama airways” aviakompaniyasi ofisiga murojaat qilishingizni so‘raymiz!”

Gulbahor airways shirkati nega o‘z mijozlarining qaytishini boshqa xususiy shirkatga yuklayotgani sabablarini ochiqlamadi.

Har ikki shirkat Ozodlikning bu boradagi murojaatlarini javobsiz qoldirdi.

Gulbahor airways shirkati bilan Umraga borgan va 6- fevralь kuni ham Saudiya Arabistonining Madina shahridan uchgan o‘zbekistonlik ziyoratchilardan biri ularga ham muammosini Panorama airways shirkati bilan hal qilish aytilganini bildirdi:

“Endi eshitsak, Gulbahoriyam, Panoramasiyam bitta odamga tegishlimish. Ustidan tergov boryapti, Panoramani boshlig‘ini olib kirib qo‘yishdi, deyishdi. Lekin, biz nima qilaylik, ayting?! Bizni 5-fevral kuni Madinaga olib kelib tashlashdi. Kuni bilan aeroportda turdik. Qandli diabeti bor onaxonlar, otaxonlar ko‘chalarda o‘tirishdi, puli yo‘q, och, dorisi yo‘q. Oxiri 6- fevral kuni uchdik. Bilet ham kim birinchi olsa, deb berildi. Ur-yiqit bo‘lib ketdi”.

7-fevral kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi fuqarolarni Umra safariga olib borayotgan bir xususiy shirkatning bir mulozimi qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tomonidan vatandoshlarimizni Umra safaridan qaytarish choralarini ko‘rmagan hamda boshqa jiddiy qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy aviakompaniya mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”.

Prokuratura “haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish”i oldini olish uchun boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligini bildirdi.

Ammo mahalliy nashrlar, xususan Gazeta.uz nashri bu shaxsning Panorama airways mulozimi ekani haqida yozdi.

Bosh prokuraturaning ushbu nashrga bildirishicha, bu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 192−11-moddalari (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozircha na Gulbahor airways yoki Panorama airways sayyohlik shirkatlari va na rasmiy idoralari tafsilotlarini to‘liq ochiqlamayotgan bu mojaroning, Ozodlik manbalariga ko‘ra, kompleks sabablari bor.

Ziyoratchilarini “O‘zbekiston havo yo‘llari” shirkati orqali Umraga yuborayotgan xususiy shirkatlardan biri egasining Ozodlikka aytishicha, so‘nggi oylarda Umra ziyoratini taklif qilayotgan xususiy shirkatlar bozorida narxni arzonlashtirib, mijozlarni to‘plash uchun favqulodda ajiotaj kuzatilgan:

“Hozir bilgan ham, bilmagan ham Umraga odam jo‘natadigan bo‘lib oldi. Masalan, Panorama kompaniyasida 4 ta samolyot bor edi, ijaraga olingan bilishimcha. Ularning “O‘zbekiston havo yo‘llari” oldida, Saudiya Arabistoni tomonida to‘lov majburiyatlari yig‘ilib qolgan. Keyin eshitishimcha, bularga mijoz olib keladigan sayyohlik kompaniyalaridan ba’zilar pulini bermay yo‘qolib ham qolgan. Xullas, bu shirkat bozorda narxlarni demping qilishni boshladi, ko‘proq pul ishlab, qarzlardan qutulish uchun. Natijada, bizga o‘xshagan konkurentlar ham zararga kirdik. Ularda esa piramida paydo bo‘lgan. Eshitishimcha, oxiri bu kompaniyani Toshkentning eng katta biznesmeni sotib olgan, qarzlari bilan. Odamlarniyam o‘sha biznesmen olib chiqyapti, deb eishtidim men”.

Saudiyada sarson bo‘lgan yoki O‘zbekistondan ketolmayotgan Umra ziyoratchilari mojarosi markazidagi Panorama Airways shirkati 2021-yilda tashkil etilgan.

Ilk parvozini esa 2022-yilning 22-dekabrida Toshkent — Urganch — Toshkent yo‘nalishidan boshlagan edi.

6-fevral kuni O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi O‘zbekistondan Umra safarini tashkil qilayotgan qator xususiy shirkatlar ogohlantirilgani haqida bayonot berdi.

Bayonotda, joriy yil avgust oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qaror tilga olingan.

Ushbu qaror bilan Umraga ziyoratchi yuborayotgan shirkatlardan 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘ni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish talab qilingan edi.

“Afsuski xozirgi paytda ayrim “tadbirkorlar” tomonidan Umra tadbirlarini amalga oshirishda yetarli tajriba va ko‘nikmalarga ega bo‘lmay, “Umra” litsenziyasini olmasdan fuqarolarimizning ishonchiga kirib, noqonuniy ravishda ishlab kelishi uchramoqda. Turizm qo‘mitasi tomonidan bunday ma’lumotlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilmoqda”, deya ogohlantirdi Turizm qo‘mitasi.

Turizm qo‘mitasi qator xususiy shirkatlar - Fayz tour travel, Maryam travel-agency, Mahbub tour, Ramazan travel sayohat sayyohlik shirkatlarini ogohlantirgani, Xurmo travel umra shirkati faoliyatini 10 kunga to‘xtatganini ma’lum qildi.

XS
SM
MD
LG