Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:18

“Umumiy dushman”. Rossiyaga qarshi Ukraina tarafida urushayotgan chechenlar haqida


Johar Dudayev batal‘oni jangchilari. Kiyev, 27-avgust, 2022.
Johar Dudayev batal‘oni jangchilari. Kiyev, 27-avgust, 2022.

Ukrainaning maxsus vazifalarni bajaruvchi alohida batal‘oni (MVBAB – OBON) jangchilarining aksari birinchi va ikkinchi Checheniston urushida Moskvaga qarshi jang qilgan. Ular Putinni madaniy dunyo dushmani deb bilishadi.

Rossiya bilan urush – bir paytlar chet elga chiqib ketishga majbur bo‘lgan va Ukrainadagi ko‘ngillilar batal‘oniga qo‘shilish maqsadida Yevropaning barcha burchaklaridan yetib kelgan chechen muxolifatining ko‘plab a’zolari uchun turmush tarziga aylangan. Va ularning har biri Ukrainadagi urushni shaxsiy kurashi deb biladi.

Chechen ko‘ngillilari agar Ukraina himoya qilinmasa, “rus ayig‘i” to‘xtamaydi, deb hisoblaydilar.

O‘zini Ichkeriya Chechen Respublikasi Mudofaa vazirligining Maxsus vazifalarni bajaruvchi batal‘oni (qisqacha: OBON) deb atovchi ko‘ngillilar bo‘linmasi Ukraina Hududiy mudofaasining Xorijiy legioni tarkibiga kiradi va uning aksar a’zolari birinchi va ikkinchi Checheniston urushlarida (1994-1996 va 1999-2009-yillar) Rossiyaga qarshi jang qilganlar. OBON Ukraina kuchlarining mamlakat janubidagi muvaffaqiyatli qarshi hujumida, jumladan noyabr oyi boshida Xerson shahrini ozod qilishda ishtirok etdi.

Ozodlikning Shimoliy Kavkaz xizmati – “Kavkaz.Realii” muxbiri frontning oldingi chizig‘ida bo‘lib, OBON jangchilari bilan urush haqida suhbatlashdi.

Ahmed (ism suhbatdosh iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) Yevropaga chiqib ketganiga 10 yildan oshgandi. Bir yil muqaddam u endi tashkil qilinayotgan chechen ko‘ngillilari batal‘oniga qo‘shilish uchun Ukraina janubidagi Nikolayev shahriga kelgan. Fevralning oxirida Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan paytda Ahmed jangga tayyor edi. Moskva salkam 30 yildan buyon uning dushmanidir.

“Ruslar bilan 1995-yildan beri urushaman. 1997-yilda Ichkeriya armiyasining chechen milliy gvardiyasiga xizmatga kirganman, vzvod komandiri edim”, deydi u.

Aytishicha, armiyada ichki nizolar va siyosatbozlik avj olgach u xizmatdan bo‘shab, Rossiyaga jo‘nabdi.

Ahmed hech qachon o‘zini xavfsiz sezmaganini aytadi. Rostov viloyatida sut-qatiq zavodi va kazino ochmoqchi bo‘libdi, xavfsizlik sohasida mutaxassis bo‘lish uchun o‘qibdi, lekin sira ishi yurishmapti – pasportida millati “chechen” deb ko‘rsatilgani uchun.

Huseyn Jambetov.
Huseyn Jambetov.

“1999-yili Ikkinchi Checheniston urushi boshlangach, biz uchun hamma yo‘llar yopildi. Rostovda chechenlarni “bandit” deya avaxtaga ota boshladilar. Men Sankt-Peterburgga qochdim... ammo ko‘p o‘tmay uydan ham chiqolmay qoldik: yo taqirboshlar hujumiga yo‘liqardik, yo politsiya tutib ketardi”, deya hikoyasini davom ettiradi suhbatdoshimiz.

Kuchishlatar idoralarning doimiy ta’qiblaridan bezgan Ahmed Rossiyadan Germaniyaga qochadi va u yerda qochqin maqomini oladi.

Ukrainaga kelishi sabablarini so‘raganimizda u qisqa qilib: “Bu yerda mening birodarlarim jang qilishyapti”, dedi.

Ukrainaning e’tirofi

18-oktabrda Ukraina Oliy Radasi Chechenistonni Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olingan hudud deb tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildi, shuningdek “chechen xalqi genotsid qilingan”ini qoraladi. Qarorni yig‘ilishda hozir bo‘lgan 287 deputatning barchasi ma’qulladi.

Yaqinda esa Ichkeriya mustaqilligini tan olish to‘g‘risidagi petitsiya 25 mingdan ortiq imzo yiqqach, prezident Zelenskiy tashqi ishlar vazirligiga ushbu masalani o‘z vakolatlari doirasida ko‘rib chiqish vazifasini yukladi.

Zelenskiy 5-aprelda BMT Xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida so‘zlagan nutqida “Rossiya ikki qit’ada o‘ndan ziyod xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va mustaqil davlat qurish huquqlarini inkor etmoqda”, degan edi. Ukraina prezidentiga ko‘ra, Kreml “etnik va diniy xilmaxillikni mahv etish” siyosatini yuritmoqda.

“Dunyo ko‘zlarini yumib oldi”

Chechenistonning O‘rus-Martanida tug‘ilgan Husayn Jambetov OBONning diversiya-razvedka guruhiga komandirlik qiladi. Rossiyaga qarshi urushishni boshlaganida u atigi 13 yoshda bo‘lgan ekan.

“Bizni jangarilar deb malomat qilishdi, biroq biz yovvoyi istilochilarga qarshi urushganmiz. Biz Ichkeriya chechen respublikasi armiyasi edik. Men ikkinchi chechen urushida ham qatnashganman, qo‘poruvchilik ishlari bilan shug‘ullanardim. Urushda ekansan, ozgina vaqtda katta jangovar tajriba orttirishing mumkin”, deydi u.

Jambetov Checheniston urushlari chog‘ida dunyo Rossiya bilan tijoratiga zarar yetishidan cho‘chib, ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib olganidan yozg‘iradi.

Ichkeriya batalьoni qo‘mondonining o‘rinbosari Zumso Amayev
Ichkeriya batalьoni qo‘mondonining o‘rinbosari Zumso Amayev

“O‘shanda hech kim Rossiya bilan san-manga borishni istamagandi. Bugun esa... butun dunyo Ukrainani qo‘llab-quvvatlayapti. Chunki aniq bilishadi: Ukrainani asrab qola olishmasa, quturgan rus ayig‘i ertaga ularning eshigi tagida bo‘ladi... Fransiyada, Polshada, Chexiyada. Chunki rus ayig‘i o‘zicha ketmaydi, uni so‘yil bilan urib haydash kerak”, deydi Husayn.

2003-yilda Rossiya Jambetovni “ekstremizm va terrorizmga aloqador” deb topib, federal qidiruvga beradi. Husayn Yevropaga qochadi va Belgiya fuqaroligiga kiradi. Ukrainada urush boshlanganida esa oilasi va halol go‘sht biznesidagi ishini tashlab, Ikkinchi Checheniston urushida birga jang qilgan eski qadrdoni Hojimurod Zumsoga murojaat qiladi. Zumso OBON komandiri bo‘lib, Ukrainada 2015-yildan beri jang qilmoqda.

Husayn do‘sti uni batal‘onga qabul qilishni xohlamaganida qattiq talab qo‘yganini aytadi:

“Hojimurod, men senga sodiq bo‘lishga ont ichaman va har qanday mazlum xalqni ozod etish yo‘lida hamisha yoningda bo‘laman. Bugun ukrainlar jabr chekishmoqda, ertaga bu kun bizning chechenlar boshiga tushishi mumkin. Ammo sen meni batal‘onga qo‘shmasang, oxiratda hisob vaqti yoqangdan olaman, deb aytdim unga”.

“Bobolarimiz kabi jang qilamiz”

Zumso komandir Husaynni Ukraina chegarasida kutib olib, OBONga qabul qilibdi.

Jambetov ko‘ngillilar batal‘onidagi hayoti haqida shunday deydi:

“Menga ko‘p narsa kerak emas, dudlangan go‘shtga qornimiz to‘yyapti. Shirin sut bergan kunlari esa mendan baxtli odam bo‘lmaydi...

Ota-bobolarimiz qanday urushgan bo‘lsalar, biz ham shunday urushamiz. Dunyo quturgan “rus ayig‘i”ning tirnoqlarini tanasini his qilishini uzoq kutdim. Bugun biz “Ichkeriya jangchilarimiz, ukrain birodarlarimizni himoya qilyapmiz”, deya baralla aytyapmiz”.

OBON Xerson viloyatining so‘l sohildagi qismini ozod etishda qatnashdi. Front yaqinidagi qishloqlarda yashovchilar Ukraina tarafidan birinchi bo‘lib aynan chechenlar Ingulets daryosidan o‘tib, aholi maskanlariga kirishganini aytadilar.

OBON jangchilariga o‘z uyidan vaqtincha joy bergan Ivan bu kutilmagan, lekin qadami xayrli mehmonlari haqida hurmat bilan gapiradi. Qishloq ozod etilgunicha Ivanning uyini qodirovchilar (Rossiya tarafida urushayotgan chechenistonlik jangarilar), dog‘istonliklar, buryatlar, yoqutlar va etnik ruslar egallab olgan ekan.

“Qodirovchilar va boshqa rossiyaliklar uyimda yashaganida men bu yerga kira olmasdim. Ukrainani himoya qilayotgan chechenlar bilan muomalamiz juda yaxshi. Odamlar ularni yaxshi ko‘rishadi”, deydi Ivan.

“Umumiy dushman”

Chechen jamoat arbobi, tan olinmagan Ichkeriya sobiq prezidentining o‘g‘li Anzor Masxadov fevraldan beri bir necha marta Kiyevga keldi. U mustaqil Checheniston hukumatining taniqli vakillaridan biri sifatida Ukraina TIVda uchrashuvlar o‘tkazadi, siyosatchilar, mulozimlar va Oliy Rada deputatlari bilan muloqot qiladi. Masxadov Shayx Mansur va Johar Dudayev nomidagi ko‘ngillilar batal‘onlari jangchilari, shuningdek Ukraina Qurolli kuchlarinirng boshqa bo‘linmalarida jang qilayotgan chechenlar bilan ham uchrashgan.

Путиннинг ваҳшат қуроли - қодировчилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:18 0:00

“Ukrainaning kuni bizning boshimizga ham tushgan. Shu bois ham chechenlarda motivatsiya juda yuqori, – deydi Masxadov. – Ukrainaning dushmani bizga ham dushman. Men chechenlarning Suriya va boshqa mamlakatlarda jang qilishiga doim qarshi bo‘lganman. Biroq Ukraina tamom boshqa masala – bu yerda istilochilarga qarshi keng ko‘lamli urush ketmoqda”.

Uning aytishicha, Chechenistonda ham jamiyatning katta qismi Ukrainaga xayrixoh.

“Ular Qodirov rejimidan bezganlar. Vatandagi tanishlarim bilan gaplashganimda ular Ichkeriya tarafdorlari tuproqlarimizni xoinlardan tezroq tozalashini kutayotganlarini aytishadi”, deydi Masxadov.

Fransiyadagi chechen diasporasining “Bart Marsho” harakati rahbari, Parijda quvg‘inda yashayotgan Jambo‘lat Sulaymonov ham chechen jamiyati Ukrainadagi urushga qarshi ekaniga amin.

“Qodirov yosh yigitlarni o‘limga yo‘llayotgani odamlarga yoqmaydi. Mening o‘z manbalarim bor: ular aholi bu urushga mutlaqo salbiy munosabatda, deyishadi. Hatto Qodirovning o‘z onasi ham o‘g‘lini urushga faol aralashishdan qaytarishga uringan, Ramzan ko‘nmagach esa u atay qurib bergan uydan chiqib ketib, hozir alohida yashayapti”, deydi Sulaymonov.

OBON komandirlaridan biri bo‘lmish Jambetov Qodirovni – “nariyog‘i bir askar”, Putinni esa “butun madaniy dunyoning eng katta dushmani” deya ta’riflaydi.

Sulaymonovga ko‘ra, Ukrainaga savashgani kelgan har bir chechenning mazkur urushda g‘alaba qozonishga ulkan ishtiyoqi bor: “Ular – Rossiyaga qarshi dunyoning istalgan kunjida urushishga shay, e’tiqodi butun odamlar. Rossiya bizning azaliy dushmanimiz, u eng yaqin tarixda ko‘p qardoshlarimizning qonini to‘kkan”.

XS
SM
MD
LG