Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:34

Urush vaqtidagi hayot: Kiyev noodatiy hayot tarziga moslashmoqda


Kiyevdagi barda stendap shoumen, "Biz hazil qilamiz, siz esa kulasiz. Bu juda oddiy", deya barga odamlarni taklif qildi.

Qiziqchilardan biri rus tilida hazil qilgani esa kelganlarning jig‘iga tegdi.

Ulardan biri “o‘g‘lonlarimiz kecha‑kunduz frontda jon berayotgan bir paytda rus tilida chiqish qilish kulgili emas, deb o‘ylayman” dedi.

“Qaysi tilda gapirishni har kim o‘zi hal qilishi kerak”, deydi belaruslik bo‘lishiga qaramay, rus va ukrain tillarida gapirgan qiziqchilardan biri.

Mezbon boshlovchi Dmitriy Zaxarchenko "bu stendap shou, keling bunga juda jiddiy qaramaylik", deya sahnaga boshqa bir ijrochini taklif qildi.

Dmitriy Zaxarchenko Kiyev komediya klubida
Dmitriy Zaxarchenko Kiyev komediya klubida

“Hamma narsaga ko‘nikish mumkin”, deydi Dnepr daryosi bo‘yidagi plyajda o‘tirgan o‘rta yoshli erkak. Doimiy sirena sasi o‘chishi bilan ayol o‘g‘lini o‘pib, cho‘milish uchun ketmoqda, uning bolasi esa jilmaygancha qum qal’ani qurishda davom etadi.

Shahar qoq markazidagi Maydonda odamlar qoraygan rus tanklari va harbiy texnikalari bilan suratga tushmoqda. Maydonda oxiri ko‘rinmayotgan urushning qoldiqlari namoyish etilmoqda.

Ruslar urushning boshida Kiyevni ololmadi. Biroq bosqinchilar Kiyevning shimoli, sharqi va g‘arbida o‘zlaridan vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, g‘ayriinsoniy vahshiylik izlarini qoldirib, ortga chekindi.

Kiyev urush mobaynida juda ko‘p nishonga olindi, raketalar bilan bombalandi. Ammo Kiyev Ukraina shimolidagi Rossiyaning eng dahshatli hujumlaridan omon qoldi. Shahar hali ham xavfdan holi emasligiga qaramay, ko‘plab odamlar Kiyevga qaytib keldi.

Yozning ayni avj pallasida Dnepr qirg‘og‘idagi qumli plyajlar daryoda cho‘milish, oftobda toblanish uchun kelganlar bilan gavjum. Bu yerdagi restoranlar, kafelar va pablar yana oldingi qaynoq hayot tarziga qaytgan.

Kiyev markazidagi parkda yosh yigit va qiz.
Kiyev markazidagi parkda yosh yigit va qiz.

Kechki 23:00 da komendantlik soatida shahar sokin bo‘ladi. Ammo kunduzi Maydon atrofidagi ko‘chalar bosqingacha bo‘lgani kabi mashinalar bilan to‘lib-toshgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda poytaxtda 3 millionga yaqin aholi bor. Bosqingacha aholi 3,6 million bo‘lgan. Urush davomida mamlakatning boshqa viloyatlaridan Kiyevga 100 mingga yaqin odam ko‘chirilgan.

Shahar meri Vitaliy Klichko sirena tovushlari, yodgorliklarning qum qoplari bilan o‘rab qo‘yilishi, metro bekatlaridagi nazorat punktlari va doimo qurollangan askarlar bejizga emasligini aytadi.

“Yaxshi ob-havo va osoyishta muhit aldamchi taassurot. Shaharga istalgan vaqtda havodan hujum qilishlari mumkin", dedi u Daily Telegraph nashriga bergan intervyusida.

Rossiyaning Kiyevga bergan zarbalari natijasida 600 dan ortiq turar-joy binolari va infratuzilma obyektlari vayron bo‘lgan. Binolardan ba’zilari juda abgor ahvolda. Ammo ruslar bosib olgan Bucha, Borodyanka va Irpin kabi shaharlardan farqli o‘laroq, urush vayronalarini Kiyevning hamma joyida ham ko‘ravermaysiz.

Rasmiylar uyidan ayrilganlar qaytishi uchun Kiyevdagi 11 ta ko‘p qavatli uyni kuzgacha ta’mirlab bo‘lishga so‘z berdi.

Sovuq kunlar boshlanishi bilan kiyevliklarda katta muammo paydo bo‘ladi. Kvartiralarga issiqlik energiyasi oktabr oyining o‘rtalaridan boshlab berilishi, turar-joy narxlari barqaror qolishi kerak. Ammo yoqilg‘i narxlarining oshishi, kadrlar tanqisligi va vayron bo‘lgan korxonalar – bu omillarning barchasi yuqoridagi ehtiyojlarni so‘roq ostida qoldirmoqda.

Kiyevning turar-joy mavzesidagi Retrovil savdo markazi 21-mart kuni Rossiya raketalari hujumi oqibatida vayron bo‘lgan, kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan.
Kiyevning turar-joy mavzesidagi Retrovil savdo markazi 21-mart kuni Rossiya raketalari hujumi oqibatida vayron bo‘lgan, kamida sakkiz kishi halok bo‘lgan.

Iste’mol narxlarining oshishi ham ko‘pchilikni xavotirga solmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar o‘tgan yilga nisbatan 21 foizga, oziq-ovqat narxlari esa 35 foizga oshgan. Mamlakat iqtisodiyoti joriy yilda uchdan bir qismdan ko‘proq qisqarishi kutilmoqda.

Besh asrdan beri savdo-sotiq olib borilgan Podil tumanidagi Jitniy bozori sotuvchilari talab pasayib borayotganidan shikoyat qilmoqda.

“Kartoshka, karam, piyoz odatdagidek sotilmoqda, biroq odamlar qimmatroq mahsulotlardan voz kecha boshladi, – deydi Olena ismli sotuvchi. – Ammo, xayriyat, doimiy mijozlarimning aksariyati shaharga qaytdi."

Bir sotuvchidan o‘z biznesining kelajagini qanday ko‘rishi so‘ralganda u shunday javob berdi: "Yoz tugamasdan yangi rezavor mevalarni sotib olib, bir qismini qishga g‘amlab qo‘ying".

Moliyaviy inqiroz oldini olish va inflyatsiyani nazoratda ushlab turish uchun markaziy bank iyul oxirida Ukraina grivnasini dollarga nisbatan 25 foizga devalvatsiya qildi. Valyuta ayirboshlash shoxobchalarida kursni ko‘rsatish taqiqlangan.

Anya Lavzinenko (o‘ngda) va do‘sti 31-iyul kuni Kiyevda Dnepr daryosi bo‘ylab quyosh botishini tomosha qilmoqda.
Anya Lavzinenko (o‘ngda) va do‘sti 31-iyul kuni Kiyevda Dnepr daryosi bo‘ylab quyosh botishini tomosha qilmoqda.

"Oziq-ovqat va yoqilg‘i narxini ko‘rsatishni ham taqiqlashsin. Shunda hamma xursand bo‘ladi", deb hazil qiladi bozor yonida qahva ichib o‘tirgan kiyevlik.

Psixolog va psixoterapevt Viktoriya Semko "ko‘p odamlar o‘lim va halokat guvohi bo‘lishdi va deyarli hamma ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday ma’lumotlarga doim duch kelmoqda", deydi.

"Urushning dastlabki oylaridagi umumiy ruhiy jarohat odamlarni oddiy sharoitlarda mumkin bo‘lgan darajadan ham kuchliroq birlashtirdi, – deydi u. – So‘nggi bir necha oy ekzistensial anglash davri bo‘ldi, bu ko‘p odamlarga o‘z shaxsiyatini anglash va hatto o‘zlarini hayratda qoldiradigan tarzda harakat qilish imkonini berdi."

Ammo omon qolganlar ham doimiy stressni yengish uchun kurashmoqda, deydi Viktoriya. “Mening ko‘p mijozlarim befarqlik yoki vahimadan aziyat chekmoqda yoki o‘z g‘azabini boshqa odamlarga, masalan, oila a’zolariga sochishga odatlanmoqda".

Semkoning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy keskinlik Kiyev viloyati uchun kurash davrida avj nuqtasiga chiqdi. Aksariyat oilalar parokanda bo‘lgan va ular uchun urushdan oldingi hayot tarzi endi imkonsiz bo‘lib ko‘rinadi. Kiyevda qolgan odamlar o‘z tanloviga shubha qilib, kelajak haqida qayg‘ura boshladilar.

"Bu qayta tiklangan nazorat tuyg‘usi va travmadan kelib chiqqan g‘azab o‘rtasidagi nozik muvozanat. Ammo bu yerda qolganlar nima xavfli ekanliginiyu va ular uchun nima muhimligini bilishadi”, deya fikr bildirdi Viktoriya Semko.

XS
SM
MD
LG