Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2021, Тошкент вақти: 17:57

Usmonovning "Megafon"i "sariq chaqa"ga sotilgan Ucell ga katta pullar kiritishni va’da qilmoqda


Rossiyaning «Megafon» va uning yagona aksioneri bo‘lgan «USM Telecom» (Alisher Usmonovga tegishli USM Holdingning bir qismi) uyali telefon shirkatlari O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda yangi Digital Holding qo‘shma korxonasini tuzish jarayonini yakunladi.

Joriy yilning fevral oyida kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov 70,32% ulushiga egalik qiluvchi Rossiyaning «Megafon» va USM Telecom operatorlari Digital Holding qo‘shma korxonasini tashkil etish borasida o‘zbek tomoni bilan kelishuvga erishgani xabar qilingan edi.

Yangi korxonada Rossiya shirkatlarining ulushi 51 foiz, O‘zbekiston tomonining ulushi esa 49% foizga teng bo‘lishi ma’lum qilindi.

Yangi qo‘shma korxonaga Ucell bosh direktori lavozimda ishlab kelgan Vladimir Kravchenko rahbarlik qiladi.

Ma’lum bo‘lishicha, yangi korxonaga O‘zbekistondagi Ucell kompaniyasi hamda USMning O‘zbekistondagi aktivlari — CRPT Turon va ICS Holding Uzbekistan kapitalining 100 foizi o‘tkazilgan.

"Katta pullar"

Kelishuvga binoan, Rossiya shirkatlari qo‘shma korxonaga 100 million dollar miqdorida investitsiya kiritadi.

Digital Holding Markaziy Osiyoda telekommunikatsiya bozorida yetakchi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Alisher Usmonovning kompaniyasi O‘zbekiston aloqa infratuzilmasiga "katta pullar" kiritishni va’da qilmoqda. USM Holding bosh bosh direktori Ivan Streshinskiy o‘zbek telekom shirkati bilan erishilgan kelishuv «MegaFon»ga o‘z operatsiyalarini kengaytirish, O‘zbekistonga esa aloqa sifatini yaxshilash imkonini berishini ta’kidlagan.

"Bizning niyatimiz mamlakat aloqa infratuzilmasiga katta pullar kiritish. Har holda O‘zbekiston - Alisher Burhonovich Usmonovning vatani, u o‘sha yerda tug‘ilgan va O‘zbekistonga yordam bermoqchi. Biz esa, keyingi rivojlanishlar uchun platfoma yaratishni xohlaymiz", deya Streshinskiynig so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda uzdaily.uz nashri.

Xabarlarga ko‘ra, qo‘shma korxona O‘zbekistonda telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini yaxshilash bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, shirkat mamlakatga ma’lumot saqlash va qayta ishlash, raqamli marketing hamda individual mahsulotlar trafigini nazorat qilish sohalarida zamonaviy texnologiyalarni olib kirmoqchi.

Bosh vazir maslahatchisi Olimjon Umarov: «Raqamli iqtisodiyot iqtisodiy o‘sishning asosiy omili ekani aniqlangan, shuning uchun mobil aloqa va Internet sifatini yaxshilash, elektron tijorat tizimlari, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlarning rivojlanishini jadallatish zarur», degan.

Mobil telefon aloqasi bozori tez va ko‘p daromad keltiruvchi sohalardan hisoblanadi. Qariyb 35 million aholiga ega O‘zbekistonda 25 million odam uyali telefondan foydalanadi.

Mamlakatda Ucelldan tashqari yana uch shirkat – «Bilayn», UMS va «Uzmobayl» uyali operatorlari xizmat ko‘rsatadi.

Ikki yil avval O‘zbekiston Ucell brendi asosida faoliyat yuritib kelgan Coscom MChJning 94% ulushini 215 million AQSh dollariga sotib olgan edi.

O‘sha vaqtda Coscom MChJning 100% ulushi kamida 228 million AQSh dollari qiymatiga ega bo‘lgan.

"Sariq chaqa ham emas"

Shu yil fevralida O‘zbekiston xukumati Rossiyaning "Megafon" va uning yagona aksioneri bo‘lgan "USM Telecom" (Alisher Usmonovga tegishli USM Xoldingning bir qismi) uyali telefon shirkatlariga qariyb 8 million abonentga ega Ucell milliy telekom-operatorining 100 foiz ulushini taqdim qilish rejasini e’lon qilgan edi.

Buning evaziga "Megafon" va USM O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda tuziladigan yangi qo‘shma korxonaga 100 million dollar miqdorida investitsiya kiritishi aytilgan.

100 million dollarlik sarmoya evaziga 8 million abonentiga ega uyali telefon operatorining nazorat paketini Rossiya shirkatlariga hech qanday tender tanlovlarisiz berilishi o‘tmishda xalqaro korrupsiya mojarolari markazida qolgan o‘zbek telekom bozoridagi jarayonlarning shaffofligi bilan bog‘liq yangi savollarni paydo qilgan.

O‘zbekistonda ilk uyali aloqa shirkati - "Uzdunrobita" asoschilaridan biri, hozirda AQShda yashayotgan tadbirkor va siyosatchi Sanjar Umarov Ozodlik bilan suhbatda "100 million dollar investitsiya milliardlab dollar foyda ko‘rayotgan shirkat uchun sariq chaqa ham emas"ligini aytgan.

"Ucell tarixiga qaraydigan bo‘lsak, bu shirkat 1996 - yilda Coscom asosida Amerika bilan tuzilgandi. Ular 100 foiz investitsiya kiritgandi. Hamma uskunalar 100 foiz Amerikadan keltirilgan. Keyinchalik Coscom uzoqqa bormadi. 2007 - yilda TeliaSonera sotib oldi. Katta pora janjali bo‘ldi. Hozir ham bu skandal davom etyapti. Endi hukumat buni Rossiya shirkatlariga berib yuboryapti. Hech qanaqa tender bo‘lgani yo‘q. 100 million dollar investitsiya milliardlab dollar foyda ko‘rayotgan shirkat uchun sariq chaqa ham emas. Hali investitsiya kirgani ham yo‘q, va’da hali bu. Ochiq savdoda sotilishi kerak edi. 8 million abonentiga ega operatorning shundoq berib yuborilishini tushunmayapman", - deb aytgan Umarov.

XS
SM
MD
LG