Линклар

Шошилинч хабар
25 январ 2025, Тошкент вақти: 04:33

Uy qamog‘idagilar elektron braslet orqali nazorat qilinadi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran O‘zbekistonda uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Vazirlar Mahkamasi 5-dekabr kuni qabul qilgan qaror bilan elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu hujjatga muvofiq, elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxsning oyog‘iga taqiladi. Elektron brasletni jazo tayinlangan shaxsning oyog‘iga taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar) qo‘l qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.

Tuman (shahar) ichki ishlar organi probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxsni elektron braslet orqali masofadan turib nazorat qilish to‘g‘risidagi qarori “Elektron braslet” axborot tizimida rasmiylashtiriladi.

Elektron brasletni quyidagi shaxslarga qo‘llash mumkin emas:

• 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

• homilador ayollar;

• 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;

• I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

• tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan, kardiostimulyator o‘rnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi bo‘lgan shaxslar).

Tegishli jazo o‘tayotgan shaxs elektron brasletga qasddan shikast yetkazgan hollarda moddiy zarar o‘sha shaxs tomonidan qoplanadi.

Huquq idoralariga ko‘ra, elektron brasletning vizual signali ishga tushgan taqdirda jamoat xavfsizligi xizmati xodimi profilaktika inspektori bilan birgalikda uy qamog‘i ehtiyot chorasi yoki ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan shaxsning elektron brasletni yechishga, unga shikast yetkazishga yoki qochishga bo‘lgan urinishlarini bartaraf etish, jazo o‘tayotgan shaxs qochgan taqdirda, uni ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.

O‘zbekistonda probatsiya xizmati elektron braslet qo‘llash amaliyotiga 2020-yilda o‘tishi ma’lum qilingan, ammo bu muddat ortga surilgan edi.

XS
SM
MD
LG