Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:23

“Uzbekistan GTL”dagi avariyada ikki ishchi og‘ir kuyish jarohati oldi


Kuyish jarohati olgan zavod ishchisi ana shu bemorxonada davolanmoqda.
Kuyish jarohati olgan zavod ishchisi ana shu bemorxonada davolanmoqda.


Qashqadaryoning G‘uzor tumanida o‘tgan yilning 25-dekabrida foydalanishga topshirilgan tabiiy gazni qayta ishlash Uzbekistan GTL zavodida 18-iyun kuni chiqqan yong‘inda korxonaning ikki nafar xodimi og‘ir kuyish jarohati bilan kasalxonaga yotqizildi.

Ammo bu boradagi “Uzbekistan GTL” MChJ bayonotida zavod xodimlari orasida jabrlanganlar umuman yo‘qligi aytiladi.

Qarshi shahridagi Temiryo‘lchilar kasalxonasi shifokorlari Uzbekistan GTL zavodidan ikki nafar ishchi kuyish jarohati bilan davolanayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

“Uzbekistan GTL” MChJ matbuot xizmati bu voqeada odamlarning jarohat olgani holati nega sir tutilayotgani haqidagi savolni ochiq qoldirdi.



Tazyiq bo‘lishidan cho‘chib ismi sir qolishini so‘ragan zavod ishchisining Ozodlikka aytishicha, voqea 18-iyun kuni kechqurun sodir bo‘lgan:

“Yangi zavodda hali bunaqa avariya bo‘lmagan. Havo ajratish qurilmasida portlash bo‘lib, yong‘in chiqdi. Ikki kishi qattiq kuydi, ularni kasalxonga olib ketishdi. Rosa ko‘p o‘t o‘chiruvchi mashinalar keldi. Ertasi kuni “O‘zbekneftgaz” raisi Mehriddin Abdullayev yetib keldi. Bu haqda hech kimga aytmaslik haqida rahbarlar qattiq ogohlantirdi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan zavodning boshqa bir ishchisi ham shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi.

O‘zbekiston OAVda bu haqda hech qanday xabar chop qilinmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu xabar tarqalganidan so‘ng, “Uzbekistan GTL” MChJ Ishlab chiqarishni boshqarish bo‘limi boshlig‘i N.Zokirjonov ma’lumot tarqatdi. Unda bunday deyilgan:

“Joriy yilning 18-iyun kuni soat 20.30da GTL zavodining havo ajratish qurilmasini ishga tushirish jarayonida qurilmaning suyuq kislorod saqlash tizimidagi quvuriga o‘rnatilgan boshqarish klapanining ulanish qismida yuqori tozalikdagi kislorod (99.99 foiz) sizib chiqqan va natijada qisman alangalanish yuzaga keldi”.

“Uzbekistan GTL” MChJ ma’lumoti.
“Uzbekistan GTL” MChJ ma’lumoti.


Ma’lumotda aytilishicha, yong‘in 10 minutda o‘chirilgan. N.Zokirjonov zavod xodimlari va ishchilari orasida jabrlanganlar mavjud emasligini ta’kidlaydi.

Ozodlik o‘z surishtiruvi davomida zavodning ikki ishchisi, Koson tumanida yashovchi A.Ya. va Surxondaryo viloyatida yashovchi X.D. kuyish jarohati olib kasalxonaga yotqizilganini tasdiqladi.

Qarshi shahridagi Temiryo‘lchilar kasalxonasining ismi sir qolishini so‘ragan shifokorlaridan birining aytishicha, bemorlardan biri, kosonlik A.Ya.ning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda. Shifokor ular necha foiz kuyish jarohati olganini ochiqlamadi:

“Yuzlari, qo‘llari, qorin sohasi qattiq kuygan. Ayniqsa yuzi qattiq kuygan. Hozir biz barcha muolajani qilyapmiz. Ahvoli o‘rtacha og‘irlikda”.

Kuyish jarohati olgan kosonlik zavod ishchisi.
Kuyish jarohati olgan kosonlik zavod ishchisi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa shifokorning aytishicha, bemorning kuyish jarohati 50 foizdan yuqori, ammo bu haqda hech kimga aytmaslik ta’kidlangan:

“Bizning kasalxonada kuyishni davolaydigan maxsus vrachlar yo‘q. Shuning uchun bemorning yaqinlariga Toshkent yoki Samarqanddan shunday mutaxassisli vrach topib kelishni maslahat berishyapti”.

Ozodlik kuyish jarohati olgan ikkinchi bemorning qaysi kasalxonada ekanligini aniqlay olmadi. Kosonlik A.Ya. ham birinchi kun Shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib kelingan, keyinchalik Temiryo‘lchilar kasalxonasiga o‘tkazilgan.

Ozodlik nima sababdan bu hodisada tan jarohati olgan ishchilar jamoatchilikdan yashirilayotgani haqida izoh so‘rab, “Uzbekistan GTL” MChJ matbuot xizmatiga murojaat qildi. O‘zini tanishtirmagan matbuot xizmati xodimi, besh minutdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilishimizni, aniqlab aytib berishini aytdi.

Besh minutdan so‘ng telefon go‘shagini ko‘targan xodima, “Uzbekistan GTL”ning munosabati rasman bayon qilinganini, ortiqcha izoh berolmasligini aytdi.

"Nasafnews" nashri ham "O‘zbekneftgaz" va "Uzbekistan GTL" ishchilarning og‘ir jarohat olganini jamoatchilikdan yashirayotgani haqida 20-iyun kuni kechqurun yozdi.

“Uzbekistan GTL” MChJ o‘tgan yilning 25-dekabrida ish boshlagan, uning ochilish marosimida shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi qatnashgan edi.

Zavod yiliga 3,6 mlrd. metr kub tabiiy gazni qayta ishlashga qudratiga ega.

Ozodlik o‘z vaqtida GTL zavodi quruvchilarining ijtimoiy muammolarini bir necha bor yoritgan.

2020-yilning 21-oktabr ertalab soat 7:30da GTL zavodini qurayotgan Enter Engineering kompaniyasining minglab ishchisi stixiyali norozilik aksiyasiga chiqqan, Ozodlikka kelgan videolarda taxminan 5 mingga yaqin kaska kiygan ishchilar zavod binosini shturm qilayotgani aks etgan edi.

Voqeaning ertasiga – 22-oktabr kuni Ozodlik Engineering kompaniyasi ishchilarning to‘planib qolgan oyligi to‘lay boshlanganini xabar qilgan.

O‘shanda mahalliy jurnalist Ozodlikka "shirkatning 12 mingdan ziyod ishchisining keyingi uch oyda to‘lanmagan oyligini to‘lash uchun ikki mashinada pul olib kelishgani"ni ko‘rganini aytgan.

XS
SM
MD
LG