Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:53

“Vaksina odamni bepusht qilib qo‘yadi”. Emlanish va emdorilarga oid afsona va haqiqatlar


Ixtiyoriy emlov samara bermagach, ko‘p mamlakatlar uni majburiy qildi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari ham. Ammo aholi hanuz vaksinalarga ishonchsizlik bilan qaramoqda, emlanishni befoyda, hatto zararli deb biladiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi eksperti Lazzat Yeraliyeva. Surat Lazzat Yeraliyeva tomonidan taqdim etildi.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi eksperti Lazzat Yeraliyeva. Surat Lazzat Yeraliyeva tomonidan taqdim etildi.

Ozodlik radiosi qozoq xizmati vaksinatsiyaga qarshi odamlarning iddaolarini aniqlashtirish maqsadida, Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligi eksperti Lazzat Yeraliyevani ular nomidan savolga tutdi.

1. “Kasallikdan tuzalib ketgan bo‘lsam, menga vaksinaning nima hojati bor, axir menda antitanachalar paydo bo‘lgan-ku?”

Ayrim odamlar “emlangandan ko‘ra, kasallikni boshdan o‘tkazgan ma’qul”, deb o‘ylashadi. Shuni unutmaslik kerakki, xastalik istalgan ko‘rinishda kechishi mumkin. Bu yoshga, immun tizimi holatiga va yo‘ldosh kasalliklar bor-yo‘qligiga bog‘liq. Kasallik qanday kechadi, asorat qoldirami-yo‘qmi – hech bir shifokor aniq aytib berolmaydi. Koviddan keyingi oqibatlar haqida gapirish ham ortiqcha, chunki ularni olimlar endi o‘rganishmoqda.

Qolaversa, kasallikdan so‘ng miya xotira hujayralarini ishlab chiqarmaydi. Holbuki, emlovdan so‘ng antitanachalar eng avvalo xotira hujayralariga kerak, chunki virus yana organizmga kirganida xotira uni “tanib olib”, qisqa vaqt ichida himoya antitanachalarini ishlab chiqarish imkonini beradi.

AQShdagi Vashington va Rokfeller universitetlari olimlari o‘tkazgan so‘nggi tadqiqotlar COVID-19 bilan og‘rib tuzalgan va emlanganlarda immun himoyasi xotira hujayralari tufayli 12 oydan ortiqqa cho‘zilishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Shunday qilib, emlanish kasallikni boshdan kechirganlarga ham juda foydali: vaksinani tuzalgandan so‘ng o‘rtacha uch oy o‘tgach olishni tavsiya qilamiz.

2. “Boshqalar misolida ko‘ryapmizki, vaksina virus yuqishidan asray olmas ekan. U holda emlashdan nima ma’ni?”

Vaksina koviddan saqlay olmaydi, deyish noto‘g‘ri. Ha, emlanganlar kasallanishi mumkin va bu normal holat. Hech qaysi vaksina sizni 100 foiz himoya qilolmaydi. Bunaqa vaksina yo‘q. BSJ (fr. Bacillus Calmette—Guérin qisqartmasi, BCG) vaksinasini olaylik. U silning og‘ir va keng tarqalgan turlaridan muhofaza qiladi. Qizamiqqa qarshi vaksina ham himoyalaydi, lekin 100 foizga emas. Hammasi insonning immun tizimi xossalariga va populyatsion immunitetga bog‘liq. Masalan, agar siz tez-tez kasal bo‘lib tursangiz, immun tizimingiz kuchsiz bo‘lsa va gormonal preparatlar ichsangiz, albatta, immunitetingiz virusga qattiq qarshilik ko‘rsata olmaydi va siz xastalanasiz, lekin emlanganingiz uchun baribir dardingiz ancha yengil kechadi va asorat qoldirmaydi.

Xullas, har qanday holatda ham vaksinatsiya himoya beradi. Va bu himoya foizi turli vaksinalarda turlicha: “Sputnik V” va “Pfizer”niki — 91 foiz, “QazVac”niki esa 87 foiz va hkz.

3. “Organizmga “betayin kimyoviy modda”ni kiritgandan ko‘ra immun tizimini chiniqtirgan afzal. Immunitetimiz virusni o‘zi yengib olishi kerak emasmi axir?”

Birinchidan, har bir vaksinaning tarkibi ma’lum. Xohlagan odam emlash markazlarida tanishishi mumkin — uning tarkibida “betayin” komponent yo‘q. Qolaversa, qo‘llashga ruxsat berilishidan oldin u maxsus idoralardan qattiq tekshiruvdan o‘tadi.

Ikkinchidan. To‘g‘ri, organizm virus bilan kurashadi, ammo kasallik og‘ir yoki engil kechishini hech kim oldindan bashorat qila olmaydi. Ha, yoshlar xastalikni osonroq o‘tkazishadi. Biroq virusni uyga olib kelib, bobo va buvilariga yuqtirishsa, ularning og‘ir betob bo‘lishiga sababchi bo‘lishlari mumkin. Bilib qo‘ying: jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun kamida 60 foiz aholi emlanishi lozim. Biz esa sustkashlik qilib, virusning mutatsiyalanishiga yo‘l ochib beryapmiz. Odamlar zudlik bilan emlanish kerakligini anglab etishmasa, karantin yana davom etaveradi.

Olmaotadagi MEGA Park savdo markazidagi sobiq TikTok studiyasida tashkil etilgan vaqtincha vaksinatsiya punktida qozog‘istonlik ayol Sputnik V vaksinasini qabul qilmoqda. 2021 - yil 23 - iyun
Olmaotadagi MEGA Park savdo markazidagi sobiq TikTok studiyasida tashkil etilgan vaqtincha vaksinatsiya punktida qozog‘istonlik ayol Sputnik V vaksinasini qabul qilmoqda. 2021 - yil 23 - iyun

Vaksina olgandan so‘ng paydo bo‘ladigan sun’iy immunitet tabiiysiga qaraganda chidamliroq bo‘ladi va uzoqroq saqlanadi. Xususan, “Sputnik” bilan emlangandan so‘ng hosil bo‘lgan immunitet bir yilgacha saqlanadi. Eng asosiysi, vaksina olingach xotira hujayralari paydo bo‘ladi va shuning hisobiga qayta kasallangan paytda organizm o‘nlab marta tezroq ishga kirishib, antitanachalarni ishlab chiqaradi.

4. “Emlovdan so‘ng nafaqat kovid, balki turli O‘RVI bilan ham kasallanish xavfi ortadi”.

Emlangandan so‘ng organizmga ortiqcha yuklama tushadi va, albatta, moslashish va antitanachalar ishlab chiqarish uchun unga vaqt kerak bo‘ladi. Adaptatsiya davrida organizmni dam oldirish zarur, vaksina olgandan keyin uni badtar zo‘riqtirish, masalan, hammom va saunalarga borish, sport bilan shug‘ullanish yaramaydi.

Organizm antitanachalar ishlab chiqarishga o‘tganida ham boshqa kasalliklar bilan og‘rish xavfi saqlanadi. Shu bois vaksina olgan odam rejimga amal qilishi zarur, deyapmiz. Antitanachalar emlovdan so‘ng yettinchi kundan boshlab paydo bo‘ladi, binobarin aqalli bir hafta o‘zingizni tiyganingiz ma’qul. Ayrim mamlakatlarda emlanganlarga dam berilmoqda. Bizda ham ishdan javob olib, uyda dam olish imkoni bor, lekin odamlar bundan bexabar. Ular “mana, vaksina oldim, endi menga hech nima xavf sololmaydi”, deb o‘ylashadi. Bu yanglish tasavvur.

5. “Har gal yangi shtammlar, masalan, “Delta” shtammi paydo bo‘layotgan ekan, emlanishdan nima foyda?”

Mavjud vaksinalar koronavirusning barcha turlaridan, jumladan delta-virusdan ham himoyalaydi. “Delta”ning o‘ziga xosligi shundaki, unda tikansimon S-oqsilning inson organizmiga kirib olishga yordam beradigan faol qismi mutatsiyaga uchragan.

Bu evrilish koronavirusning yangi turiga hatto kasallikdan tuzalib, antitanachalar hosil qilib olgan odamlarga ham yuqishga imkon beradi. Ana shu xossasi “Delta”ni koronavirusning eng “noqulay” shtammiga aylantirgan.

Vaksina esa delta-virusdan loaqal 50-60 foizga himoyalaydi yoki uni yengil o‘tkazishga yordam beradi.

6. “65 yoshdan kattalar uchun emlov xavfli, chunki ularning ko‘pchiligida surunkali kasalliklar bo‘lishi mumkin”.

Men esa, 65 yoshdan kattalar, aksincha, emlanishi zarur, deb hisoblayman. Misol sifatida boshqa mamlakatlarda koronavirusga qarshi emlash taktikasini kelirishim mumkin. Qozog‘istonda dastavval xastalar bilan muloqot qiladigan tabaqa – shifokorlar, politsiyachilar emlangan bo‘lsa, Turkiyada emlashni 65 yoshdan kattalardan boshlashdi, 85 yosh va undan kattalarni allaqachon emlab bo‘lishgan. Nega? Sabab xuddi o‘sha – keksalarda bo‘ladigan surunkali kasalliklar. Shu ahvolda koronavirus yuqsa, yo‘ldosh xastaliklar faollashib, bu o‘lim bilan tugashi hech gap emas.

Bu yerda muhim qoidaga rioya qilish kerak: surunkali kasalliklar xuruj qilgan pallada emlanish mumkin emas. Aytaylik, sizda buyrak surunkali xastaligi – pielonefrit bor. U xuruj qilgan paytda isitma chiqadi, buyrakda og‘riq turib, peshob o‘zgaradi – bunaqa holatlarda vaksina olmang. Xuruj davri o‘tib ketgach esa bemalol emlanish mumkin. Bunaqa jihatlarni vrachlar emlash markazlarida aholiga to‘g‘ri tushuntirishi lozim.

COVIDga qarshi emlanishga tayyormisiz? Qozog‘istonliklarning 25 foizi "ha" deb javob berdi. Bu 116 davlat ichida eng past ko‘rsatkich.
COVIDga qarshi emlanishga tayyormisiz? Qozog‘istonliklarning 25 foizi "ha" deb javob berdi. Bu 116 davlat ichida eng past ko‘rsatkich.

7. “Vaksina odam DNKsiga o‘rnashib olishi va uni o‘zgartirishi mumkin”.

Odam organizmida RNKning qaytadan DNKga aylanishi uchun mexanizm yo‘q. Inson genomiga kirib olish uchun zarur mexanizm mavjud emas.

9. “Vaksina nasl qoldirish tizimiga salbiy ta’sir etishi, bepushtlikka olib borishi mumkin”.

Vaksinani odamlarda qo‘llashni boshlashdan oldin, klinik sinovlardan avval uning xavfsizligi va immunogenligi o‘rganiladi. Shuningdek, embrionga ta’sir qilish va mutatsiya chaqirish qobiliyati, ya’ni embriotoksikligi va teratogenligi ham. Mazkur tadqiqotlar turli hayvonlarda o‘tkaziladi. Hozirda qo‘llanayotgan vaksinalarning hech birida embriotoksiklik va teratogenlik xossalari aniqlanmagan. Binobarin, ayollar emlangandan so‘ng antitanachalar hosil bo‘lishi uchun biron hafta dam olgach, homilador bo‘lishga tayyorlanishlari mumkin.

Agar ayol vaksinaning birinchi dozasini olganidan keyin yukli bo‘lgan bo‘lsa, homilani tushirishning keragi yo‘q. O‘z vaqtida biz bu masalani Vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha global maslahat qo‘mitasi bilan muhokama qilib, “bunaqa holatlarda ikkinchi komponentni olmagan ma’qul”, degan xulosaga kelganmiz. Darvoqe, koronavirusga qarshi vaksina bepushtlikka olib bormasligi 100 foiz isbotlangan.

10. “Vaksina odamni asrasa, nega hatto emlanganlarni ham niqob taqib yurishga majbur qilishyapti?”

Postvaksinal davrda, organizm hali antitanachalar ishlab chiqarmagan paytda niqob taqib yurish zarur, albatta. Populyatsion immunitetga erishsak va kasallanish darajasi juda past darajaga tushsa va yangi mutatsiyalar vujudga kelmasa, niqob taqib yurishni bekor qilish haqida o‘ylab ko‘rish mumkin.

11. “Hatto vrachlar ham emlashga qarshi chiqishyapti, demak, ular nimanidir bilishadi”.

O‘ylaymanki, bunaqa fikrdagi vrachlar yetarli ma’lumot va bilimga ega emas. Shaxsan men infeksionistman, shu bilan birga, immunologiya va virusologiya bo‘yicha ham o‘qiganman, vaksina qanday amal qilishini tushunaman. Ammo mutaxassisligi boshqa shifokor vaksina va viruslar haqida gapirish uchun yetarli bilim olmagan bo‘lishi mumkin.

Maxsus bilimi bo‘lmagan odamning rost bilan yolg‘onni farqlashi qiyin, tabiiyki.

Meni boshqa savol ko‘proq o‘ylantiradi: nega odamlar aynan kovid vaksinasidan cho‘chishyapti? Masalan, qoqshol vaksinasini ko‘tarish og‘ir, lekin YTHga yo‘liqib og‘ir jarohat olgan odamlar indamay bu vaksinani oladi, chunki yarasiga infeksiya tushsa o‘lishini yaxshi biladi. Kovidga kelganda esa bunaqa qo‘rquv yo‘q, ya’ni jamiyatimiz hamon bu baloga yengil qaramoqda.

12. “Emlanish men uchun chindan foydali bo‘lganida davlat vaksinani bunchalik tiqishtirmasdi. Qarang, emlanganlar uchun qanaqa imtiyozlar va’da qilishmoqda”.

Bu rag‘batlantirish mexanizmlari. Aholini emlanishga qiziqtirishning bunday usullari boshqa ko‘p mamlakatlarda ham mavjud.

13. “Menda antitanachalar allaqachon paydo bo‘lgan, agar vaksina olsam, ular bir-biri bilan to‘qnashib, organizmda ichki nizoni keltirib chiqarishi mumkin”.

Bunaqa emas. Sizda ayni paytda qancha antitanacha borligidan qat’i nazar, nizo kelib chiqmaydi, chunki immunitetning turli mexanizmlari faollashadi.

XS
SM
MD
LG