Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:42

"Vatandoshlar": Ikkinchi urinish. Mirziyoyev xorijdagi o‘zbeklarni birlashtirmoqchi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi chog‘ida vatandoshlar bilan - yanvar, 2019. (Prezident matbuot xizmati)
Prezident Shavkat Mirziyoyev Germaniyaga tashrifi chog‘ida vatandoshlar bilan - yanvar, 2019. (Prezident matbuot xizmati)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Vatandoshlar” jamoat jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Qarorga ko‘ra, jamg‘armaga xorijdagi 100 ga yaqin mamlakatlarda yashayotgan 10 milliondan ortiq vatandosh, ular tomonidan tashkil etilgan 170 dan ortiq madaniy markazlarni birlashtirish vazifasi yuklandi.

Jamg‘armaning maqsad-vazifalari, samaradorligi va jamiyat hayotidagi ahamiyati to‘g‘risidagi Ozodlik savollariga jamoatchilik vakillari fikr bildirdi.

"Vatandoshlar" - xorijdagi o‘zbeklarni birlashtirish g‘oyasi

Joriy yilning 11 - avgust kuni O‘zbekiston prezidentining “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Fondni tashkil etishdan maqsad xorijiy o‘lkalarda istiqomat qilayotgan “vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash” hamda “turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyotiga samarali yo‘naltirish” ekani aytilmoqda.

Qaror bilan fond faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish, ular huquq va erkinliklarini himoya qilish, xorijda o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, vatandoshlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etishda ko‘maklashish va qator boshqa vazifalar belgilangan.

“Vatandoshlar” jamoat fondining oliy organi etib vasiylik kengashi belgilangan.

Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, fond vasiylik kengashiga O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev rais qilib, taniqli futbol hakami Ravshan Ermatov esa vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari etib tayinlangan.

Hujjatga muvofiq, jamg‘arma alohida bino foydalanishga tayyorlanguniga qadar O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi binosiga vaqtinchalik tekin foydalanish huquqi bilan joylashtirilishi belgilandi.

Fondni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan dastlabki mablag‘ sifatida Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 5 milliard so‘m (~0,5 mln. AQSh doll.-tahr.) miqdorda mablag‘ ajratilgan.

Mahalliy OAV qaydicha, fond dunyodagi 100 chog‘li mamlakatda istiqomat qilayotgan 10 milliondan ziyod vatandosh hamda ular tomonidan tashkil etilgan 170 dan ortiq madaniy markazni dastaklash bilan shug‘ullanadi.

"Vatandoshlar": Zaruratmi, siyosat?

“Vatandoshlar” jamg‘armasi qanchalik samarador tuzilma bo‘ladi? Nima uchun u aynan hozir tuzilmoqda?

Ozodlikning bu savollariga javob bergan taniqli siyosatchi va sotsiolog, sobiq deputat Qobul Do‘sov prezidentning ushbu qarorini ijobiy baholaydi:

- Bu qachonlardir qilinishi kerak bo‘lgan ish edi, aslida. Bu fond O‘zbekiston tashqi siyosatida katta muammo bo‘lib turgan migratsiya, viza, diasporalar masalalarini hal etish uchun tuzilgan. “Vatandoshlar” fondi diasporalar, mehnat muhojirlarini huquqiy muhofaza qilish va shu kabi amallarni ichiga oladi. Hech narsa qilmagandan nimadir qilgan yaxshi-ku! Hozir diasporalarimiz ahvoli unaqa havas qiladigan darajadamas. 30 yillik o‘tgan tuzum juda ko‘p narsalarni e’tibordan chetda qoldirdi. Bizdan ketgan rus, tatar, kavkazlik, yahudiylar ham o‘zlarini O‘zbekistonning bir qismi, deb hisoblashadi. O‘ylaymanki, bu dastlabki va juda to‘g‘ri qadam!

Uning fikricha, jamg‘arma rayosatiga taniqli shaxslarning qo‘yilishi ham bejiz emas – bu amalning ham ramziy, ham amaliy ma’nosi mavjud:

- Dunyoda madaniyatlarning tanilishiga sport va san’at sababchi bo‘lgan. Masalan, xalq artisti Sherali Jo‘rayev, adashmasam, oxirgi 50-60 yil dunyoning turli joylariga borib, u yerdagi o‘zbeklar bilan aloqada bo‘lgan, tashqi muhit va madaniyatni yaxshi bilgan odam. Ravshan aka Ermatov ham juda nufuzli hakam, sport olamida nufuzga ega bo‘lgan shaxs. Ular shu nuqtai nazardan tajribaga ega odamlar sifatida jamg‘armaga tayinlangan, deb hisoblayman, - dedi suhbatdosh.

Rossiyada 1991 - yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Vatandosh” jamiyati raisi Usmon Baratov fikricha, “Vatandoshlar” jamg‘armasi tuzilishi ortida siyosiy maqsadlar yotibdi.

U Rossiyaning "Rossotrudnichestvo" tuzilmasiga mengzab yaratilgan bu jamg‘arma tuzilishini "xorijdagi barcha o‘zbeklarni nazorat ostiga olishga urinishi" o‘laroq baholadi.

-Fikrimcha, bu tashqarida yurgan o‘zbek va o‘zbekistonliklarni nazoratga olish. Bir necha million O‘zbekiston tashqarisidagi o‘zbekistonlik diniy oqimlarga aralashmasligi, hukumatga qarshi tuzilmalarga berilmasligi uchun tuzilgan davlat nazoratidagi struktura. 12 - aprel kuni “Vatandosh” tashkilotimiz 30 yilga to‘ldi. Bizga o‘xshagan elchixonalar “qora ro‘yxati”dagi tashkilotlar chetlashtirilib, o‘zlariga bo‘ysunadigan tuzilmalar bilan aloqa qilinadi, bilaman. Oxirgi yillarda bizga juda qattiq bosim bo‘ldi, vaholanki, biz dushman emas - O‘zbekistonning rivojlanishini istaymiz, - dedi Usmon Baratov.

Suhbatdoshning fikricha, hukumatning bu tuzilmasi prezident saylovlari arafasida O‘zbekiston imidjini ko‘tarish maqsadida qilingan:

- Ular nomi ulug‘ odamlarni bu fondga jalb qilib, uning obro‘sini oshirmoqchi. Maqsad - saylov oldidan xorijda tarafdorlar sonini ko‘paytirish. Bu juda og‘ir ish, aslida: mazasi yo‘q odam qanday uni boshqara oladi?! Tashqarida yurgan o‘zbeklar ozodlik havosidan nafas olib ko‘rishyapti va bo‘ysunmasdan qolyapti! Shu uchun O‘zbekiston hukumati bizga o‘xshagan tashkilotlardan dushman yaratmasdan, hamkorlik o‘rnatishi kerak, - dedi Rossiyadagi “Vatandosh” jamiyati raisi Usmon Baratov.

Xorijdagi o‘zbeklarni birlashtirish g‘oyasi tarixidan

Aytilishicha, “Vatandoshlar” xorijda qiyin ahvolda qolgan mehnat migrantlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 2018 - yilda tuzilgan “Xorijdagi mehnat migrantlarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy yordam ko‘rsatish” jamg‘armasi, 2020 - yilning iyulida Rossiyada ro‘yxatdan o‘tgan “Saxovat" xayriya jamg‘armasi hamda boshqa shu kabi jamg‘armalardan ko‘lami va qamrovi bilan farq qiladi.

Shavkat Mirziyoyev hukumati respublikadan tashqaridagi o‘zbek yoshlarini jalb qilish harakatlarini oldinroq boshlagan edi.

Xususan, 2018 - yilda O‘zbekiston hukumati ko‘magida "Buyuk kelajak" ekspertlar kengashi tuzilib, u chet elda O‘zbekistondagi islohotlarni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan o‘zbekistonlik yosh mutaxassislarni jamlashga qaratilgandi.

2019 - yili 30 mamlakatdan kelgan 200 dan ortiq vatandoshlar " Strategiya - 2035" - O‘zbekistonni taraqqiy ettirish strategiyasini ishlab chiqdi. O‘sha yiliyoq “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashining avvaliga 10, keyin yana 4 a’zosi tashkilotni tark etishi ortidan, bu tuzilma o‘z faoliyatini deyarli to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi.

Analitik hisobotlar uchun Markaziy Osiyo byurosi ma’lumoticha, O‘zbekiston bilan qo‘shni bo‘lgan beshta davlatda 7 millionga yaqin o‘zbeklar etnik ozchilik sifatida yashab keladi. Bular qatoriga vaqtinchalik ishlashga ketgan mehnat muhojirlari kiritilmagan.

2018 - yilda O‘zbekiston prezidenti “Tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3839-sonli qaroriga asosan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida jamg‘arma tashkil etilgan edi.

Unda "Vatandosh" tushunchasiga ham izoh berilgan. Hujjatga ko‘ra, vatadoshlar asosiy uch xil bo‘lishi mumkin:

1. O‘zbekiston vatandoshlari - turli sabablarga ko‘ra, ayni damda xorijda yashab ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolari;

2. Sobiq o‘zbekistonliklar - oldin O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgan va keyinchalik chet elga ko‘chib ketib boshqa davlat vatandoshligini olgan shaxslar;

3. Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar - milliy va etnik kelib chiqishi tufayli o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq millatiga mansub deb hisoblaydigan vatandoshligi yo‘q shaxslar.

Qarorda aytilishicha, vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha amaliyotlar “El-yurt umidi” hamda boshqa xayriya jamg‘armalar hisobiga ham amalga oshiriladi.

Jamg‘armaga rahbar etib tayinlangan mashhur hofiz Sherali Jo‘rayev 1990-yillar boshlarida parament deputati bo‘lgan, keyinroq sahnadan chetlatilgan edi. Karimov o‘limidan so‘ng u avval sahnaga, keyin esa jamoatchilik faoliyatiga qaytmoqda. O‘tgan yil oktabrida uning betob ekani va xorijda muolaja olayotgani xabar qilingandi.

Marhum prezident Islom Karimov mustaqillikning dastlabki yillarida xorijiy safarlari chog‘ida vatandoshlar bilan faol muloqot qilgan, ularning etakchilarini mamlakatga taklif qilgan edi. Keyinroq hukumat, xususan, AQSh va Saudiya Arabistoni kabi davlatlarda yashayotgan vatandoshlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘la boshladi va ularning O‘zbekistonga safar qilishlarini taqiqladi. Tahlilchilar Karimov xorijdagi vatandoshlarning o‘zlari yashab turgan davlat va o‘zbek muxolifati bilan aloqalari, shuningdek, O‘zbekistondagi siyosiy jarayonlarga mustaqil yondashuvlarini o‘zining rejimiga tahdid deb ko‘rganini aytishadi.

Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon xorijdagi vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytib ishlash va vatanlariga sarmoya kiritishga da’vat qilib keladi. O‘zbekistonga qaytgan bir qator vatandoshlar hukumatda yuqori lavozimlarni egallagan. Ayni paytda O‘zbekistondagi siyosiy ta’qiblardan qochib chiqishga majbur bo‘lgan vatandoshlar hamda faollarning katta qismi hanuzgacha O‘zbekistonga kiritilmaydi.

XS
SM
MD
LG