Линклар

Шошилинч хабар
04 октябр 2024, Тошкент вақти: 07:17

WikiLeaks asoschisi Facebookni AQSh razvedkasiga yordam berishda aybladi


Facebook ijtimoiy tarmog'i asoschisi Mark Zukerberg (chapda) va AQShning minglagan maxfiy hujjatlarini oshkor etgan WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj.
Facebook ijtimoiy tarmog'i asoschisi Mark Zukerberg (chapda) va AQShning minglagan maxfiy hujjatlarini oshkor etgan WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj.
Facebook ijtimoiy tarmog'i shu kungacha yaratilgan razvedka qurollarining eng daxshatlisidir, deydi WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanj.

"Facebook - razvedka quroli"

Ayni damda Buyuk Britaniyadan Svetsiyaga ekstraditsiya qilinmaslik uchun kurashayotgan Julian Assanj "Russia Today" telekanaliga bergan intervyusida Facebook, Google va Yahoo kabi Internet gigantlari o'z foydalanuvchilarining shaxsiy ma'lumotini AQSh hukumatiga berayotganlikda aybladi.

- Facebook dunyodagi eng katta va to'liq shaxsiy ma'lumotlar bazasidir. Foydalanuvchilarning boshqalar bilan qurgan aloqalari, ularning ismlari va adreslari, ular turgan joy va bir-biri bilan qilgan muloqot -- bularning barchasi [serverlari tahr.] AQSh ichida joylashgan bo'lib, AQSh razvedka xizmatiga ochiqdir... Facebook, Google, Yahoo -- bu kabi yirik AQSh shirkatlarida atayin razvedka uchun qurilgan ma'lumot olish dasturlari bor, - deydi AQShning minglagan maxfiy hujjatlarini WikiLeaks sayti orqali oshkora qilgan Julian Assanj.
So'ngi statistikaga ko'ra, o'zbekistonlik Facebookchilarning soni 74 minga yetgan.

Assanjning aytishicha, Facebook sayti AQSh razvedka xizmati tarafidan yaratilgan emas. Biroq, razvedka Facebookga yetarlikcha bosim o'tkaza oladi.

- AQSh razvedkasi Facebookga ham huquqiy, ham siyosiy bosim o'tkaza oladi. Shaxsiy ma'lumotni birma-bir berish Facebookga qimmatga tushgani bois ular avtomatlashgan tizimni yo'lga qo'yishgan.

WikiLeaks asoschisining iddaosiga ko'ra, Facebookdagi 670 million foydalanuvchilarining barchasi AQSh razvedkasiga ozgina bo'lsa ham yordam beradi.

- Hamma buni tushunishi kerak -- Facebookda do'st qo'gan foydalanuvchi AQSh razvedka xizmatining Facebookdan olingan shaxsiy ma'lumot bazasini boyitishga bepul yordam berayotgan bo'ladi, - deydi Assanj.

"Bizda ayb yo'q"

Facebook shirkati esa Julian Assanjning "Russia Today"ga keltirgan iddaolarini quruq gap dedi.

Facebook vakilining Forbes jurnaliga aytishicha, Facebook saytidagi shaxsiy ma'lumotlar avtomatlashgan tizim orqali hukumatga berilmaydi. Hukumatda barcha qonuniy asoslar bo'lgan taqdirdagina foydalanuvchining shaxsiy ma'lumoti ularga berilishi mumkin.

- Bizda professional huquqshunoslar bor va ular hukumat idoralaridan kelgan rasmiy talablar bilan ishlashadi. Facebook bosimga javob bermaydi. Facebook faqat qonuniy talablargagina javob beradi, - deydi Facebook vakili Frobes jurnaliga.

Eski alam sababchimi?

O'tgan yili nufuzli "Time" nashri yilning odami deb Facebook tarmog'i asoschisi Mark Zukerbergni tanlagan edi. Biroq "Time" mushtariylarining ko'pchiligi Internetda o'tkazilgan so'rovda o'z ovozlarini Zukerbergga emas, balki Julian Assanj foydasiga bergan edi.

"Time" nashrining o'z mushtariylari ovoziga quloq solmaganligi katta bahslarga sabab bo'lgan edi.
XS
SM
MD
LG