Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 20:21

Xalqaro tashkilot Bokuni arman asirlarni qiynoqqa solganlarni jazolashga chaqirdi


Armaniston. 46 yashar Lyusine Margaryan o‘tgan yilgi Ozarbayjon-Armaniston urushida bedarak yo‘qolgan askar o‘g‘li Xaykning suratini ushlab turibdi. 2021, 7 -mart.

Human Rights Watch (HRW) tashkiloti Ozarbayjondan Tog‘li Qorabog‘da yaqinda sodir bo‘lgan mojaro davomida asir olingan arman askarlari qiynoqqa tutilgani haqidagi iddaolarni zudlik bilan o‘rganib chiqishga, qiynoq qo‘llaganlarni jazolashga chaqirdi.

Ozarbayjon qo‘shinlari “qo‘lga tushirganda yoki turli hibsxonalarda qo‘riqlayotganda” arman askarilarini qiynoqqa solgan va beshafqat, tahqirlovchi munosabatda bo‘lgan, deydi 19 - mart kuni e’lon qilingan bayonotida AQShda joylashgan xalqaro inson huquqlari tashkiloti.

Bayonotda Ozarbayjondan mojaro davomida asir olingan harbiylar va oddiy fuqarolarni zudlik bilan ozod qilish hamda oxirgi marta Ozarbayjon tutqunligida ko‘ringan shaxslar haqida ma’lumot berish so‘ralgan.

“Hibsga olingan armani askarlarni qiynoqqa tutish va tahqirlash nihoyatda yaramas ish va urush jinoyatidir”, deydi tashkilotning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Xьyu Uilyamson.

“Shuningdek, Ozarbayjon oxirgi marta uning tutqunligida ko‘rilgan armani askarlari haqida ma’lumot bermayotgani odamni xavotirga solmoqda”, deydi Uilyamson.

HRW suhbatlashgan to‘rt sobiq asir ular Ozarbayjon hibsida “davomiy va takroriy” kaltaklarga duchor bo‘lganini aytgan.

“Biriga o‘tkir six tiqishgan, ikkinchisini elektroshok bilan qiynashgan, yana birini zajigalka bilan yondirishgan. Ular abgor sharoitda, ilk kunlari deyarli suvsiz, ovqatsiz saqlangan”, deyiladi bayonotda.

HRW shuningdek ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan bir qator videolarda ozarbayjonlik zobitlar urush asirlariga qo‘pol munosabatda bo‘layotgani aks etganini aytmoqda.

Tashkilot mana shunday videolarning 20 tasini, jumladan videoga tushib qolgan asirlarning o‘zi yoki oilasi bilan suhbatlashish orqali haqiqiyligini tasdiqlab olishga muvaffaq bo‘lgan.

Asirlar hamon qiynoqlarga tutilayotganidan xavotirda bo‘layotgan HRW tashkiloti Ozarbayjon hukumatidan “tutqunlarni xalqaro inson huquqlari va va gumanitar huquq normalarida ko‘zda tutilgan himoya bilan, jumladan qiynoq va tahqirlovchi munosabatdan holi bo‘lishni ta’minlashni” so‘ragan.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim o‘tgan yilning noyabrida imzolangandi. Bitim shartlariga ko‘ra, Armaniston Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi hamda Ozarbayjonga qaragan yetti tuman ustidan nazoratni Boku tasarrufiga topshirgan. Bitimda urush asirlari va boshqa tutqunlar bilan almashish ham ko‘zda tutilgan.

Ozarbayjon qo‘lida saqlanayotgan armani asirlarning soni hamon noma’lum.

Fevral oxirlarida Armaniston Ozarbayjonda saqlanayotgan 240 nafar urush asirlari va oddiy fuqarolar taqdirini hal qilib berishda yordam so‘rab Yevropa inson huquqlari mahkamasiga murojaat qilgan edi. Armanistonning aytishicha, shulardan 69 nafari qaytarilgan. Ozarbayjon o‘z navbatida barcha urush asirlarini Armanistonga qaytarganini, faqatgina 60 nafar inson terrorizm ayblovlari bilan hamon tergov qilinayotganini aytgan.

HRW na Baku, na Yerevan iddaolarini tasdiqlay olganini bildirgan.

Tog‘li Qorabog‘ jahon hamjamiyati tomonidan Ozarbayjon hududi sifatida tan olingan. Ammo 1990 - yillardagi urush ortidan hududni va uning atrofidagi yerlarni etnik arman kuchlari nazorat qilib kelayotgan edi.

XS
SM
MD
LG