Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2023, Тошкент вақти: 13:52

Xiralashtirilgan surat. O‘limidan 5 yil o‘tib, Karimov davriga hanuz siyosiy baho yo‘q


Islom Karimovning Toshkent ko‘chalaridan birida tashlab ketilgan portreti. (Ijtimoiy tarmoq)
Islom Karimovning Toshkent ko‘chalaridan birida tashlab ketilgan portreti. (Ijtimoiy tarmoq)

2 - sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Birinchi prezident Islom Karimovning Toshkentdagi haykali poyiga gulchambar qo‘ydi, uning xotirasiga bag‘ishlangan rasmiy marosimga yetakchilik qildi.

Bundan besh qil muqaddam shu kuni O‘zbekiston davlat televideniyesi qariyb bir hafta davom etgan siyosiy mavhumlikdan so‘ng 78 yashar Islom Karimov vafotini rasman e’lon qilgan edi.

Mamlakatda 2 - sentabr Islom Karimovni xotirlash kuni sifatida nishonlanadi. Shavkat Mirziyoyev "Yangi O‘zbekiston" deb e’lon qilgan mustaqil O‘zbekistonning so‘nggi besh yildagi tarixi xuddi shu kundan boshlanadi.

O‘tgan vaqt mobaynida siyosiy merosxo‘rlikning muhimligi va o‘tganlarni yomonlamaslik haqida gapirib kelayotgan Mirziyoyev marhum prezidentning ko‘pgina ziddiyatli va repressiv qarorlarini bekor qilgan, iqtisodiy va ijtimoiy tartibni o‘zgartirish sari qadamlar qo‘ygan.

Ayni paytda siyosiy sohada bu kabi izchillik ko‘zga tashlanmaydi, jumladan, dunyodagi eng repressiv tuzumlardan biriga asos solgan Karimovning merosiga siyosiy baho berilganicha yo‘q.

Mahalla telekanalai Karimov portretining xiralashtirilganini "texnik xatolik" deb atadi
Mahalla telekanalai Karimov portretining xiralashtirilganini "texnik xatolik" deb atadi

Karimov shaxsiga munosabat trendda

Mustaqillikning 30 yillik sanasi arafasida davlat televideniyesi birinchi prezident Islom Karimovning xira tortilgan suratini namoyish etdi. Mahalla telekanali rahbariyati serialda ko‘rinib qolgan suratning xiralashtirilishini “texnik xatolik” deb atadi.

Mahalliy blogerlar e’tiborini tortgan ushbu kichik epizod o‘zbek jamiyatidagi kattaroq bir trend - Islom Karimov shaxsi va uning boshqaruvi davriga munosabat mavzusini kun tartibiga chiqardi.

Karimovning millionlab nusxada chop etilgan va maktab hamda oliy ta’lim darsliklariga kiritilgan kitoblarining taqdiri haqida hech narsa ma’lum emas. Poytaxt ko‘chalarida Islom Karimovning "qanotli iboralari" bitilgan shiorlar butkul yo‘qolganiga ancha vaqt bo‘ldi. Ammo bularning hammasi rasmiy izohsiz, imi-jimida amalga oshirildi.

2018 - yilning 22 - iyunida Ozodlik O‘zbekiston telekanallarida Islom Karimov ismini aytmaslik talab qilingani haqida xabar bergandi. Shu bilan birga, Karimov aksi tushirilgan taqvimlar, portretlar va boshqa buyumlar yo‘qoldi.

O‘shanda O‘zMTRK tarkibiga kiruvchi "Yoshlar" telekanali jurnalistlari Ozodlikka “Kadrda Islom Karimov rasmi¸ haykali yoki ismi yozilgan lavhalar ko‘rinib qolishiga nisbatan ham taqiq joriy qilingan”ini aytgandi.

Mirziyoyev: O‘tgan davrdagi ishlarni yomonlamaymiz!

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 - avgust kuni Ko‘ksaroyda Mustaqillik bayrami munosabati bilan ko‘plab o‘zbekistonliklarga mukofotlarni topshirdi. Prezident Mustaqillik bayrami munosabati bilan taqdirlash marosimida Islom Karimov “tarixning eng murakkab va og‘ir davrlarida” O‘zbekistonni boshqarganini ta’kidlab, sobiq prezident Karimov haqida ham fikr bildirdi.

U hech qachon Islom Karimov amalga oshirgan ishlarni yomonlanmasligini gapirdi.

- Vaqt shiddat bilan o‘tyapti. Mustaqillik onlarida tug‘ilgan farzandlarimiz bugun 30 yoshga kiryapti. Birinchi Prezidentimiz tomonidan qilingan ulkan ishlar bugun yodimizda turibdi. Biz hech qachon o‘tgan davrdagi ishlarni yomonlamaganmiz, kelgusida ham bunday qilmaymiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Karimov tuzumini ayovsiz tanqid qilayotganiga qaramay, Mirziyoyev jamoatchilik ko‘zida marhum prezident xotirasiga hurmat bajo keltirishni kanda qilmayapti
Karimov tuzumini ayovsiz tanqid qilayotganiga qaramay, Mirziyoyev jamoatchilik ko‘zida marhum prezident xotirasiga hurmat bajo keltirishni kanda qilmayapti

Karimov vafotidan keyin Mirziyoyev prezidentlik saylovi kampaniyasi chog‘ida o‘zbeklar birinchi prezidentning "tarixiy xizmatlarini" eslashga majbur ekanligini aytgan. U poytaxt markazida Islom Karimovga maydon va haykal ochishga va’da berdi.

Toshkentda Karimovga haykal 2017 - yilning avgust oyida ochilgan edi. Uning vafotining bir yilligida Qarshi va Samarqandda yodgorliklar, keyinchalik Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasi yonida O‘zbekistonning birinchi prezidentning hashamatli haykali ochildi.

Islom Karimov shaxsi emas, davri tanqid ostida!

Shavkat Mirziyoyev Karimov davrini yuksak minbardan turib tanqid ostiga olgan birinchi amaldor hamdir.

O‘zbek blogerlari uning gaplari amaldagidan katta farq qilayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Bloger Otabek Bakirov o‘zining Telegram-kanalida o‘zbek jamiyatida Islom Karimovga nisbatan nostalgiya yo‘qolmayotgani sabablariga to‘xtaldi.

Karimovga uning atrofida jamlangan ayrim siyosatchi otarchilar, otarchi siyosatchilar, yolg‘onchilar, o‘g‘ri ikkiyuzlamachilarning bergan bahosi, nazarimda, bu buzuq baho. Eshitgan odamni ijirg‘antiradi. Unga Xalq, u bilan bir zamonda yashagan, undan jabr, sitam, qo‘rquv, zulm, marhamat, ishonch ko‘rgan Xalq baho bergan va bundan keyinam Xalq baho beradi”, deb yozdi bloger.

Ayni paytda Karimov davridagi ko‘plab qarorlarni bekor qilgani va qayta ko‘rib chiqayotganiga qaramay, prezident Mirziyoyev va uning hukumati hozircha birinchi prezidentning merosiga ochiq siyosiy baho berishdan qochmoqda.

Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov joriy ma’muriyat va prezident Mirziyoyevning Islom Karimov shaxsi va u olib borgan siyosatga ikki nuqtadan iborat yondashuv kuzatilayotganini aytadi.

"Birinchi yondashuv – O‘zbekiston hokimiyati anglaydiki, Islom Karimov shaxsiyati dunyo o‘zbeklarini birlashtiruvchi emas, ajratuvchi, ular o‘rtasidagi ziddiyatlarga sababchi omil. Avtoritar usullar bilan boshqarayotgan shaxsga va ma’muriyatga jamiyat ichkarisi va olamda salbiy munosabat salmoqli bo‘ladi. Hozir Karimov tarafdorlari ham, uni tanqid qiluvchilar salmog‘i ko‘p. Shu nuqtadan kelib chiqib, Islom Karimov shaxsini tanqid qilmaslik va imkon qadar ijobiy obrazda ko‘rsatish va uni shu talqinda ko‘rsatishga moyillik kuzatiladi.

Ikkinchi muhim nuqta - Karimovdan qolgan o‘ta salbiy va og‘ir me’rosdan tezroq va chuqurroq voz kechish siyosati. Ya’ni, Islom Karimov shaxsini qoralamagan holda, uning siyosiy merosidan voz kechish va bu orqali O‘zbekistonni normal demokratik ochiq raqobatbardosh huquqiy davlatga aylantirishga intilish kuzatiladi, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Mirziyoyev o‘z prezidentlik faoliyatini Islom Karimovdan qolgan siyosiy meros-boshqaruv tizimi, ijtimoiy tartib va markazlashgan iqtisod hamda korrupsiya, shuningdek, ichki va tashqi siyosatni ayovsiz tanqid qilishdan boshlaganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi.

U marhum prezident tayangan o‘zbek kuch tizimlarini “kerak bo‘lsa, stolbani ham qamagan” deya tanqid qilgan edi.

Mirziyoyevning Farg‘onani "dabdala qilib ketgan kalamushlar" to‘g‘risidagi so‘zlari esa, o‘sha paytdagi birinchi oila sha’niga qaratilgan keskin tanqid deya talqin qilingan.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Mirziyoyevning o‘zi rahbarlarga qarata “ko‘priklar yongani” va “eski hammom va eski tos qaytmasligi”ni aytgan edi.

Keyinchalik Karimov tanqidiga rasmiy matbuot ham qo‘shildi.

2017 - yilning 30 - iyul kuni efirga uzatilgan “Tahlilnoma” ko‘rsatuvida marhum prezident Islom Karimov siyosati keskin tanqid qilinib, u “qo‘shnilar bilan kimo‘zar musobaqa o‘ynab”, “Sen zo‘rmi, men zo‘r” qabilida xo‘rozlangani” qoralangan edi. “Qo‘shnilarga to‘mtayish” natijasida chigallashib ketgan muammolarni bugungi kunda Mirziyoyev hal qilayotgani ta’kidlandi.

Ayni paytda, O‘zbekistonda Islom Karimov va uning davrini tanqid ostiga olayotgan jamoatchilik namoyandalari soni ham oshib bormoqda.

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova “Milliy” telekanalining “Inson qadri” ko‘rsatuviga bergan intervyusida norasmiy taqiqlar sabab Karimov davrida o‘zidan tashqari oila a’zolari ham zulm chekkani haqida so‘zlab, ko‘ziga yosh oldi.

Islom Karimov davrida Yulduz Usmonova uning siyosatini baralla qo‘llab-quvvatlagan, unga va oila a’zolariga qo‘shiqlar bag‘ishlagan san’atkorlardan biridir.

Shaxsga sig‘inishning yangi ko‘rinishi?

O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Karimovning shaxsiga sig‘inish davom etayotganini gapiradi:

“Mahalla”da Karimov suratining o‘chirilishi, albatta, texnik kamchilik emas: bu-birinchi prezidentga qarshi zimdan kurash olib borayotgan shaxsning ko‘rsatmasi bo‘lishi mumkin. Prezident esa, 30 - avgust kuni mukofotlar topshirish marosimida birdan “O‘zimizdan oldin o‘tgan rahbarlarni yomonlamaymiz, ular ishlarini qoralamaymiz. Shuning uchun Islom Karimovga nisbatan munosabatimiz doimo yaxshiligicha qoladi”, dedi. Bu jamiyatga o‘ziga xos signal bo‘ldi. Ammo Islom Karimov xotirasini yo‘q qilishga qaratilgan kuchlar ham bor. Ammo hozirgi davr nuqtai nazaridan Islom Karimov xotirasiga ehtirom juda kuchli, ayniqsa, birinchi shaxs Mirziyoyev tomonidan. Ko‘pchilikning esida – Mirziyoyev iqtidorga kelgan paytda bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov u kishini “Karimovning siyosiy valiahdi” deb atagan edi va prezident o‘shanga yarasha ish olib boryapti, deydi Abdurahmon Tashanov.

Ayni paytda marhum prezident shaxsiga sig‘inishning kamayishi manzarasida amaldagi prezident shaxsini ulug‘lash ohangi tobora kuchayib borayotganini ko‘rish mumkin.

Bu ayniqsa, saylovlar yili bo‘lgan joriy yilda yaqqol ko‘zga tashlandi.

O‘zbekiston parlamenti ijtimoiy tarmoqlarda prezidentni tanqidlardan himoyalovchi va ayni paytda so‘z erkinligini cheklashi aytilgan maxsus qonunni qabul qildi. Shu oy boshida Mirziyoyevni ochiqcha tanqid qilgan va saylovchilarni unga ovoz bermaslikka chaqirgan jizzaxlik bloger Valijon Kalonov sud qilinib, jarimaga tortildi.

Марҳум Ислом Каримов ҳаëти ва фаолиятига бағишланган фотокўргазма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:23 0:00

Ammo aftidan, O‘zbekiston parlamenti bu borada faqat ijtimoiy tarmoqlarni cheklash bilangina kifoyalanmoqchi emas.

Parlamentning har ikki palatasini namoyon qilgan ikki yuqori martabali mulozim Shavkat Mirziyoyevni “Millat sardori” deb atashni taklif qildi. Ulardan biri, Qonunchilik palatasi vitse spikeri Akmal Saidov o‘z maqolasida amaldagi prezidentni to‘g‘ridan to‘g‘ri Millat sardori deb atadi ham.

Ayrim tahlilchilar Mirziyoyevga yaqin mulozimlardan chiqayotgan bu xitoblar yaqin orada konkret qonunchilik tashabbusiga aylanishi va qo‘shni davlatlarda bo‘lgani kabi davlat rahbarining rasmiy tituliga aylanishiga shubha qilmaydi.

Ularning shubha qilayotgani – bu kabi tashabbuslar yaqin o‘tmishda qattiq avtoritar boshqaruv va siyosiy repressiyalarga tayangan, so‘nggi besh yilda bir qadar yumshagan O‘zbekistondagi tuzum va mamlakat imiji uchun qanday yaxshilik olib kelishida.

Toshkentlik siyosiy faol, shoira Dilorom Ishoqova oxirgi yillarda Islom Karimov xotirasiga o‘zbek jamiyatida turlicha qarashlar shakllanayotganiga e’tibor qaratadi:

Karimov xotirasini abadiylashtirishda jamiyat yakdil emas. Jamiyatda 2-3 foiz odamdan “Karimov undoq-bundoq edi!” yoki “Dodamiz zo‘r edi!” degan gaplarni eshitaman. Jamiyatning asosiy qismi esa, Karimovga munosabatda mutlaqo befarq! Ularga Karimov haqida nima gapirilishining farqi yo‘q. Lekin boshqa bir qismida davlat miqyosida uning qilgan jinoyatlarining tan olinishi talabi bor. Bu masala hal etilmaguncha, kun tartibiga chiqib olaveradi: vaqti keladi va Karimov davri o‘z bahosini oladi, deb o‘ylayman. Uning diktator ekani, millatga qarshi qilgan jinoyatlari hammasi ochiladi, tan olinadi va jabr ko‘rganlardan uzr so‘raladi, deydi Dilorom Ishoqova.

Mirziyoyev hukumati Karimov davrida qamoqqa tashlangan o‘nlab siyosiy va diniy mahbuslarni ozodlikka chiqargan, ammo xalqaro inson haqlari tashkilotlarining ularni reabilitatsiya qilish haqidagi chaqiriqlarini javobsiz qoldirib keladi.

Jumladan, 2019 - yil 10 - iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati 24 yil qamoqda saqlangan sobiq siyosiy mahkum, O‘zbekiston Oliy Kengashi sobiq deputati Samandar Qo‘qonovning reabilitatsiya qilishni so‘rab yozgan arizasini qanoatlantirmagan.

“Qo‘qonovga ochilgan jinoyat ishidagi epizodlarning barchasi o‘z isbotini topgani, daliliy ashyolar va guvohlar bilan yetarlicha asoslangani uchun qondirilmadi”¸ deyilgan Oliy sud ajrimida. Faollarga ko‘ra, Oliy sudning sobiq siyosiy mahkumlar taqdiriga munosabati Karimov davridagi tuzum o‘zgarmasdan qolayotganini ko‘rsatadi.

XS
SM
MD
LG