Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:40

Xitoy diplomatlaridan ukasi taqdirini so‘ragani uchun shinjonlik qozoqqa tahdid qilinmoqda


Baybolat Kunbolatuli
Baybolat Kunbolatuli

Baybolat Kunbolatuli – Xitoy g‘arbidagi Shinjon mintaqasida oila a’zosi qamalgan yoki mehnat lageriga olib ketilgan millionlab musulmonning biri.

40 yoshli Kunbolatuli 2020 - yil boshidan buyon Xitoyning Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahridagi elchixonasi va Olmaota shahridagi konsulligi oldida ukasi Baymurat suratini qo‘lida tutib, norozilik namoyishlarini uyushtirib keladi.

Qozog‘iston fuqaroligini olgan Kunbolatuli uch yil oldin Shinjonda g‘oyib bo‘lgan ukasi haqida ma’lumot olishga kurashmoqda.

Ammo 10 - fevral kuni Kunbolatuli norozilik namoyishlari to‘g‘risidagi qonunlarni buzganlikda ayblanib, «ma’muriy hibsga» olindi.

Qozog‘istonda ruxsatsiz mitinglar, jumladan, bir kishilik norozilik namoyishlarini o‘tkazish taqiqlangan.

Kunbolatulining aytishicha, hibsga olinganidan keyin Qozog‘iston rasmiylari uni norozilik aksiyalarini to‘xtatishga undab, bosim o‘tkazgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amaldorlarning biri uni o‘tgan yili qamoqda yurak xurujidan vafot etgan taniqli qozog‘istonlik faol Dulat Agadi qismatiga yo‘liqishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Kunbolatuli Ozodlikka bergan intervyusida:

- Bir amaldor menga: «Seniyam yuraging to‘xtab qolishi mumkin», dedi, – deya so‘zlab berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar uni o‘z xatti-harakatlari farzandlarining kelajagiga zarar yetkazishi mumkinligini haqida ham ogohlantirgan.

- Ular menga: «Farzandlaring ulg‘ayganidan keyin, davlat idoralarida ishlashni xohlashlari mumkin, ammo [sening bu ishlaring tufayli] bunday qilolmaydilar. O‘shanda farzandlaring seni yomon ko‘rib ketadi. Ular azoblanishiga sabab bo‘lyapsan», deyishdi, – deya so‘zini davom ettirdi Kunbolatuli.

Ozodlik Olmaotadagi hibsxona rasmiylari bilan bog‘landi, ammo ular Kunbolatuliga qo‘yilgan ayblovlar to‘g‘risida izoh berishdan bosh tortishdi.

Kunbolatuli aksiyasini davom ettirsa va qaytadan qo‘lga olinsa, oilasi boshiga og‘ir kunlar tushishidan xavotirda ekanini tan oldi.

- Men [qamoqda] o‘lib qolsam, bolalarimga nima bo‘lishi haqida o‘ylayman, - dedi u.

- [Ukam yo‘qolgani uchun] azob chekayotgan keksa ota-onamni ahvoli qanday kechadi?

Kunbolatuli Qozog‘istonga 2002 - yilda ko‘chib kelgan va olti yil deganda Qozog‘iston pasportini olgan.

Qozog‘iston ota-bobolari yurtiga qaytgan etnik qozoqlarga fuqarolik beradi. Sovet Ittifoqi qulaganidan keyin, minglab etnik qozoq Xitoydan Qozog‘istonga ko‘chib o‘tgan.

2005 - yilda Kunbolatulining ota-onasi ham Qozog‘istonga ko‘chib kelgan. Ular ortidan boshqa qarindoshlari ham Shinjonni tark etib, Qozog‘istonga kelgan.

Ukasi Baymurat 2012 - yilda keksa xolasiga qarashish uchun Shinjonga qaytgan.

Boshida Baymurat Qozog‘istondagi oila a’zolari bilan tez-tez aloqaga chiqib turgan. Ammo tez orada u bilan aloqa butunlay uzilgan.

Natijada Kunbolatuli Xitoy elchixonasi va konsulligi oldida norozilik aksiyalarini o‘tkaza boshladi.

Oxir-oqibat u elchixonadan quyidagi SMSni oldi: «2012 - yilning 20 - mart kuni ukang Baide Tieba xitoy ijtimoiy [tarmoq] saytidagi milliy nizo qo‘zg‘atadigan kontentni ulashgan. Shuning uchun 2018 - yilning 11 - aprelida Shinjon shahar sudi uni 10 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Hozirda u jazo muddatini o‘tamoqda».

Kunbolatulining aytishicha, u ukasi ijtimoiy tarmoqlarda ulashgan barcha postlarni sinchiklab ko‘rib chiqqan, ammo «millatlararo nizo qo‘zg‘atishi» mumkin bo‘lgan hech qanaqa kontentni topmagan.

Shuningdek, u nima uchun Xitoy hukumati ukasiga qarshi chora ko‘rish uchun olti yil kutganini bilmasligini qo‘shimcha qildi.

Kunbolatuli bugunga qadar Xitoy diplomatlaridan qo‘shimcha izoh ololgani yo‘q.

Xitoy 2017 - yildan beri Shinjon–Uyg‘ur muxtoriyatida 1 milliondan ortiq uyg‘urni «qayta tarbiyalash lagerlari»da saqlayotgani uchun xalqaro jamoatchilikning keskin tanqidiga uchrab keladi.

Yil boshida AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Xitoy Shinjonda uyg‘urlarga nisbatan «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar» sodir etmoqda, deb topdi.

Bundan tashqari, joriy yilda boshida AQShda joylashgan Nyulayns Strategiya va siyosat instituti mustaqil surishtiruv o‘tkazib, Xitoy hukumati BMT genotsid konventsiyasini buzib, etnik uyg‘urlarga qarshi genotsid sodir etayotganini xulosa qildi.

Qozog‘iston Shinjonda etnik ozchiliklar qatag‘on qilinayotgani va ularning huquqlari toptalayotganini qoralashga oshiqmay keladi. Qozog‘iston hukumati Xitoyning o‘z fuqarolariga bo‘lgan munosabati mamlakatning ichki ishi ekani, unga aralashmasligini aytib keladi.

Nur-Sulton, shuningdek, Qozog‘istonning ulkan tabiiy resurslari va iqtisodiyotning boshqa sohalariga yirik sarmoya yotqizib kelayotgan Pekin bilan munosabatlariga putur etkazishni xohlamaydi.

Shu sababdan Qozog‘iston hukumati Nur-Sultonni Shinjondagi musulmonlar huquqlari buzilayotganini qoralashga chorlayotgan faollarga bosim o‘tkazmoqda.

Kunbolatuli singari yana bir necha kishi Xitoy diplomatik idoralari oldida namoyish o‘tkazgani uchun Qozog‘iston politsiyasi tomonidan hibsga olindi.

Namoyishchilar Xitoy elchixonasi yoki konsulligi oldida to‘planar ekan, ko‘pincha o‘sha yerda Internet signali zaiflashib qoladi yoki butunlay yo‘qoladi.

Kunbolatulining aytishicha, u 16 - mart kuni Olmaotadagi Xitoy konsulligi yaqinida uyushtirilgan etnik qozoqlar namoyishini jonli efirda namoyish qilayotgan paytida Facebook tarmog‘idagi akkauntiga xakerlik hujumi uyushtirilgan va hisobi o‘chirib tashlangan.

Kunbolatuli bilan Facebookda do‘st bo‘lgan Ozodlik muxbiri saytda uning profilini topa olmaganini tasdiqladi. Kunbolatuli elektron pochtasiga ham kira olmay qolganini aytdi.

Olmaota politsiyasi har safar namoyishchilarni Xitoy elchixonasi yoki konsulligi binosidan kamida 50 metr masofada turishni talab qiladi.

Ammo bosimlarga qaramay, Kunbolatuli oilasi sukut saqlamaslikka ahd qilgan.

Kunbolatuli hibsga olingan kunlarda uning onasi Zauatxon Tursin Olmaotada boshqa namoyishchilar safiga qo‘shildi.

Kunbolatuli oilasi bir kun kelib Baymurat ozodlikka chiqib, Qozog‘istondagi oilasiga qo‘shilishiga umid qilmoqda.

Ungacha Kunbolatulilar oilasi Pekindan javob talab qilishda davom etmoqchi.

XS
SM
MD
LG