Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:42

Xitoy pandemiya bosimi ostida "Bir makon-bir yo‘l"ning yangi davriga tayyorlanmoqda


Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Xitoy rahbari Si Szinpin Manas ordeni bilan taqdirlamoqda. 2019, iyun
Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Xitoy rahbari Si Szinpin Manas ordeni bilan taqdirlamoqda. 2019, iyun

O‘ta qashshoqlik va koronavirus ustidan g‘alabani e’lon qilgan Si Szinpin mamlakatda va xorijda Xitoy iqtisodiy mavqesini mustahkamlashga doir ko‘rsatmalarni oshkor qildi.

Pekinda Xitoy Kommunistik partiyasining navbatdagi Milliy qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bir hafta davom etgan yig‘inda Xitoyni jahon sahnasida zamonaviy davlat va haqiqiy global qudrat sifatida o‘rnini ta’minlashga qaratilgan yangi iqtisodiy reja qabul qilingan.

Bu reja mamlakatning keyingi 15 yildagi taraqqiyot modelini belgilaydi. Qurultoyda asosan ichki maqsadlar muhokama qilingan bo‘lsa-da, bu maqsadlar Xitoyning global ambitsiyalari, xususan, «Bir makon, bir yo‘l» (BMBY) tashabbusi bilan chambarchas bog‘liqdir.

"Yillar davomida guvoh bo‘lib kelayotganimiz voqelik, ya’ni Xitoy kuchliroq bo‘layotgani, jahon sahnasida shunga yarasha o‘ziga munosib o‘ringa intilayotgani haqidagi mujda qayta berilmoqda," deydi Londondagi Royal United Services Institute tadqiqotchisi Rafaello Pantuchchi Radio Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi bilan suhbatda.

Qurultoy ishida qatnashgan Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I matbuot anjumanida BMBY tashabbusi pandemiya sharoitida ham davom etishini urg‘ulagan.

«BMBY muayyan loyihadan ko‘ra, ko‘proq ko‘zlangan maqsaddir. Va har qanday maqsad qayta shakllantirilishi mumkin. Shunga biz hozirda guvoh bo‘lyapmiz», deydi Pantuchchi.

BMBY tashabbusi mezbon davlatlardagi o‘sib borayotgan tashqi qarz borasidagi xavotirlar deb muayyan to‘siqlarga uchramoqda. Afrikadan tortib Markaziy Osiyogacha bo‘lgan mamlakatlarning hukumatlari Xitoydan qarzdan kechish hamda uni restrukturizatsiya qilishni so‘ragan. Pekin shuningdek Uxanda koronavirusni jilovlash siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik natijasida tushib ketgan obro‘sini tiklash hamda G‘arb davlatlari uning siyosatiga qarshi qo‘llay boshlagan choralar bilan hisoblashishga duch kelmoqda. Mana shu asnoda Pekin dunyo mamlakatlariga vaksina va tibbiy uskunalar yetkazib berish hamda iqlim o‘zgarishi masalalarini ko‘tarish orqali global yetakchilikka da’vosini yana bir bor urg‘ulashga imkoniyatlar qidirmoqda. Bu BMBY tashabbusiga ham taalluqli.

Matbuot anjumanida Van I tashabbusning an’anaviy infratuzilmaga bo‘lgan urg‘usi haqida gapirgan, lekin shu bilan birga tibbiy diplomatiya hamda texnologik va moliyaviy yordam kabi yangi siyosiy ufqlarga ham to‘xtalib o‘tgan. Xitoy hozirda dunyoning eng katta donoriga aylangan bo‘lsada, yanvarda chop etilgan hisobotga ko‘ra, Xitoy hukumati xalqaro yordam tizimda yanada faolroq yetakchilik qilmoqchi.

Ekspertlarning aytishicha, Xitoy dunyo mamlakatlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lida “vaksina diplomatiyasi”dan hamda qashshoqlikni yengib o‘tishdagi muvaffaqiyatidan tobora faolroq foydalanadi.

"Qashshoqlikka qarshi kurash hamda pandemiya bilan bog‘liq tibbiy yordam Xitoy diplomatiyasining asosiy jihatiga aylanadi. BMBY soyabon tashabbus bo‘lib, uning ichiga qolgan barcha yo‘nalishlar kirib ketishi mumkin," deydi Shanxaydagi Sharqiy Xitoy davlat universitetining tadqiqotchisi Jang Si.

Imkoniyatlar bilan bir qatorda Xitoyning bu tashabbusi oldida pandemiya talaygina muammolarni ham gavdalantirdi. Qarz borasidagi hadiklardan tashqari Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyodagi qo‘shnilari bilan chegaralarining yopilishi tanglikni vujudga keltirdi hamda savdodagi uzilishlarga, tirbandliklarga va yetkazib berish narxlarining oshib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Pandemiya davrida Xitoydan Yevropaga temir yo‘l tashuvining hajmi o‘sgan, lekin Markaziy Osiyo bilan savdo sekinlashgan. Xitoy chegarasidan Qirg‘izistonga cheklangan miqdorda mol o‘tkaziladi. Bu vaziyatni hozirda Bishkekdagi yangi hukumat o‘zgartirishga urinmoqda. Qirg‘iziston Bosh vaziri Ulug‘bek Maripov Xitoyning Bishkekdagi elchisi Du Deven bilan yopiq chegara va savdo masalasini 3 - mart kuni muhokama qilgan, lekin bu borada siljish kuzatilmayapti.

Yopiq chegaralar asosiy eksport markazlaridan uzilib qolgan Tojikistondagi savdogarlarga ham salbiy ta’sir qilgan. Bu tadbirkorlar ularni xitoylik savdogarlar Tojikistonning o‘zida siqib chiqarayotganidan norozi. Savdo statistikasiga ko‘ra, 2020 - yilda Xitoy bilan Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi savdo ko‘rsatkichlari 2019 - yilga qaraganda 45 foizga tushib ketgan.

Pokistonda ham BMBY bilan muammolar kuzatilmoqda. Ushbu tashabbusning asosiy loyihalaridan biri bo‘lmish 62 milliard dollarlik Xitoy-Pokiston Iqtisodiy Koridori (CPEC) deyarli to‘xtab qolgan. Shuning uchun ham Xitoy ushbu loyiha ustidan nazoratni Pokiston harbiylari qo‘lga olganini olqishlagan. Pekin harbiylarni Pokistonning siyosiy sinfidan ko‘ra ishonchliroq hamkor deb biladi.

Shu bilan birga, Rossiya bilan savdo va siyosiy aloqalar Xitoy uchun o‘ta manfaatli shakllanmoqda. Rossiya bojxonasining raqamlariga ko‘ra, Xitoy G‘arb sanktsiyalariga uchrayotgan va texnologiyalaridan mahrum etilayotgan Rossiyaning asosiy savdo hamkoriga aylangan.

Moskva va Pekin o‘rtasidagi siyosiy aloqalar ham mustahkamlanmoqda. Xitoy tashqi ishlar vaziri bu aloqalarga alohida to‘xtalib o‘tgan. U, jumladan ikki mamlakat “rangli inqiloblarning” oldini olishda, “siyosiy virusga” qarshi kurashayotganini hamda global muammolarni birgalikda yechishga intilayotganini ta’kidlagan. Pekin uchun mana shunday global muammolaridan biri mamlakat iqtisodiy o‘sishini ta’minlash hamda AQSh bilan raqobatda ehtiyotlik bilan harakat qilishdir.

AQSh davlat kotibi Antoni Blinken va AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan 18 - mart kuni Alyaskaning Ankorij shahrida xitoylik hamkasblari bilan uchrashadi. Bu Jo Bayden prezident bo‘lganidan beri dunyoning ikki qudratli mamlakati o‘rtasidagi ilk yirik to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokara bo‘ladi.

Xitoy shuningdek mamlakatda ish bergan muvaffaqiyatli choralarni xorijda, BMBY brendi ostida qo‘llamoqchi. Xitoy pandemiya davrida o‘sgan yagona katta iqtisodiy qudrat bo‘lgani uchun Yevroosiyodagi mamlakatlar o‘z iqtisodiyotini pandemiyadan keyin tiklashda undan andoza olmoqchi.

Lekin aslida Xitoyning ichkarisida ham muammolar talaygina yig‘ilib qolgan. Jumladan, iste’mol qisqarib, uy-joy narxlari juda oshib ketgan.

"Xitoy rahbariyati oldida juda ko‘p muammolar turibdi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash shulardan eng muhimi. Si Szinpin hokimiyatda bo‘lishni yaxshi ko‘radi. Iqtisodiy o‘sishni ta’minlash hokimiyatda qolishning eng qulay vositasidir," deydi Jon Xopkins universitetining iqtisodiyot professori Xo-fung Xan Radio Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG