Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:55

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi "shu yil kuzida boshlanadi"


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Qirg‘iziston Ministrlar kabineti raisi Aqilbek Japarov rasman Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi shu yil kuzida boshlanishini e’lon qildi.

Qirg‘iziston hukumati rahbarining bildirishicha, uch davlat o‘rtasida temir yo‘l qurilishi bo‘yicha shartnoma loyihasi bo‘yicha ish yakunlangan. Shartnoma Shanxay xamkorlik tashkilotining sentabrda o‘tuvchi sammitida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy liderlari tomonidan imzolanishi kutilmoqda.

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirish bo‘yicha va’dalar 20 yildan beri berib kelingan. So‘nggi marta bu loyiha 2018-yilda boshlanishi bildirilgan edi. Ammo shu kungacha amaliy ish boshlanmagan.

Qirg‘iziston hukumati qurilish kuzda boshlanishiga ishonadi

O‘tgan haftadagi hukumat yig‘inida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lining qurilishi shu yil kuzidan boshlanishini rasman e’lon qilgan Qirg‘iziston Ministrlar kabineti raisi Aqilbek Japarov Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida uch mamlakat o‘rtasidagi yirik loyiha qurilishini boshlashga tayyorgarlik ketayotganini yana bir bor tasdiqladi.

“Barcha shartnomalar, shu jumladan, manfaatdor bo‘lgan barcha davlatlar bilan kelishuvlar ustida ishlash to‘la yakunlandi. Sentabr oyida bo‘ladigan ShHT sammiti chog‘ida uch davlat rahbarlari temir yo‘l qurilishini boshlash bo‘yicha hujjatni imzolaydi, deb rejalashtirmoqdamiz. Sentabrdan qurilishni boshlash to‘g‘risidagi hujjatni imzolashga qirg‘iz, o‘zbek va xitoy hukumatlari tayyorgarlik ko‘ryapmiz”.

Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti shu yilning sentabrida Toshkentda o‘tkaziladi. Ministrlar kabinetining raisi hozirda temir yo‘l loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ustida ish ketayotganini bildirdi.

Aqilbek Japarov Qirg‘iziston hozir mamlakat uchun qulay va foydali bo‘lgan temir yo‘l marshrutini tasdiqlashga harakat qilayotganini ta’kidladi.

O‘tgan yili uch mamlakat topografik, geologik ishlarni olib borib, Qirg‘iziston hududidagi marshrut bo‘yicha bir necha variant tayyorlangani ma’lum qilingan.

Ularning biriga muvofiq, temir yo‘l Xitoydan Qirg‘izistonning To‘rug‘art davoniga olib kiriladi va Jalolobodga yo‘naltiriladi. Jalolobod orqali temir yo‘l O‘zbekistonga olib o‘tiladi. Bu yo‘l uzunligi 280 kilometrni tashkil etadi. Ikkinchi variant to‘g‘risida esa ma’lumot berilmagan.

Rasmiy: “Hozircha ayrim ma’lumotlar maxfiy”

“Qirg‘iz Temir yo‘li” shirkati bosh direktori Azamat Sakiyev Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bergan suhbatida, temir yo‘l bo‘yicha ikki marshrut ko‘rib chiqilayotganini bildirdi:

“Muzokaralar olib boryapmiz. Hozir bu ma’lumotlar maxfiy hisoblanadi. Qirg‘izistondan temir yo‘lni ikki yo‘nalish bo‘yicha olib o‘tish mumkin. Mana shu ikkala yo‘nalishni ham muhokama qilyapmiz. Xitoy va o‘zbek tomoni bilan temir yo‘l yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib olganmiz”

Temir yo‘l qurilishini moliyalashtirish qanday bo‘ladi degan savolga hozircha aniq javob yo‘q. Bunga qadar loyihaning taxminiy qiymati 5 milliard dollar atrofida deb baholangan.

Xitoy elchisi: “Loyihani Xitoy yolg‘iz o‘zi moliyalashtirmaydi”

Xitoyning Toshkentdagi elchisi Szyan Yan o‘tgan hafta O‘zbekistondagi YouTube kanallaridan biriga bergan suhbatida, temir yo‘lni qurish bo‘yicha muzokaralar faol olib borilayotganini va loyihani Xitoy yolg‘iz moliyalashtirmasligini bildirgan:

"Hozirda mutaxassislar temir yo‘lning texnik-iqtisodiy asoslarining turli variantlarini qizg‘in muhokama qilyapti. Yaqin orada bu masala yuzasidan murosaga kelamiz degan umiddamiz. Oxir-oqibatda qurilish ishlarini boshlash kerak. Mazkur temir yo‘l uch davlatga tegishli. Bu bizning umumiy ishimiz. Umumiy ishni birgalikdagi harakat bilan amalga oshirish kerak. Shu sababli, Xitoy temir yo‘l qurilishini yolg‘iz moliyalashtiradi deyishdan yiroqman”.

Xitoyni Markaziy Osiyo bilan tutashtiruvchi temir yo‘lni qurish bo‘yicha muzokaralar 20 yildan ortiq vaqtdan beri davom etmoqda. U hududiy va dunyoviy ahamiyatga ega bo‘lib, Fors ko‘rfaziga chiquvchi yangi savdo marshrutini ochadi.

O‘zbekiston va Qirg‘izistonning loyiha bo‘yicha ziddiyati

2017-yilda Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruh tuzilgan, shuningdek, loyihani amalga oshirishning uch xil varianti ko‘rib chiqilayotgani haqida ma’lum qilingan.

Qirg‘iziston temir yo‘lni Otboshi tumanidagi To‘rug‘art dovonidan o‘tkazishni istaydi. Bu holda Qirg‘iziston janubi shimoliy viloyatlar bilan bog‘lanadi.

Xitoy va O‘zbekiston esa yo‘lni O‘sh viloyatidagi Ergashtom dovoni orqali qurish taklifini kiritgan. Bu holatda yo‘lning uzunligi qisqaradi va loyihaviy qiymati kamayadi.

O‘zbekiston bu loyihadan "manfaatdor"

O‘zbekiston mazkur temir yo‘l qurilishini 2016-yildan boshlab faol qo‘llay boshladi. Jumladan, prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning martida Toshkentda o‘tgan Birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ochilishida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tgandi:

“O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni O‘zbekiston—Qirg‘iziston—Xitoy temir yo‘li orqali Osiyo—Tinch okeani mintaqasiga yetkazish uchun imkoniyatlar yaratish bo‘yicha ham amaliy harakatlar olib borilmoqda”,degan prezident.

Joriy yilning 31-mart kuni esa O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Xitoyning Toshkentdagi elchisi Szyan Yan bilan uchrashgani to‘g‘risida xabar qilindi.

Rasman bildirilishicha, uchrashuvda “temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish, shuningdek, birgalikdagi sa’y-harakatlar orqali ushbu yo‘nalish bo‘ylab multimodal transport koridorini rivojlantirishni davom ettirish muhimligi” ta’kidlangan.

Loyiha tarixi

Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bosh vazirlari 1997-yilning 21-iyulida Qirg‘iziston-Xitoy chegarasidagi “Ergashtom” chegara punktini ochish marosimida qatnashgan edi.

O‘shanda bu uch davlat rasmiylari yaqin orada Andijon-O‘sh-Qoshg‘ar avtomobil yo‘li ochilishini e’lon qilgan, ammo bu yo‘l 2018-yilga kelibgina ochildi. O‘shanda beri rasmiylar temir yo‘l “yaqinda” ochilishini va’da qilib kelmoqda.

2001-yilning iyunida Qirg‘iziston transport va kommunikatsiya vaziri Qubanichbek Jumaliyev O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lini qurish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. 2008-yilning yanvariga kelib Xitoyning Sinxua agentligi temir yo‘lni qurish boshlanganini va loyiha 2010-yilda yakunlanishini xabar qilgandi.

O‘shandan beri o‘zbek va qirg‘iz rasmiylari Xitoy rasmiylari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida temir yo‘l masalasini ko‘p va xo‘p muhokama qilishdi, ammo uni yakunlash yo‘lida sezilarli siljish bo‘lmadi.

2018-yili Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti Almazbek Atambayev temir yo‘l qurilishi “yaqinda boshlanishi”ni e’lon qilgan. Ammo bu bayonot amaliyotda aksini topmagan.

2019-yilning noyabrida esa Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasiga Rossiya ham qiziqish bildirganini, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun Moskva Qirg‘izistonga 200 million rubl ajratajagini aytdi. Biroq bu bayonot ham quruq so‘zligicha qolib ketdi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li Xitoyni Markaziy Osiyoga bog‘lovchi tugallanmagan ikki loyihaning biri. Ikkinchisi Turkmaniston-Xitoy tabiiy gaz quvuri loyihasining D liniyasidir.

XS
SM
MD
LG