Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:34

Xitoy tovarlarini “O‘zbekistonga olib kirishning korrupsiyaviy sxema”sini yaratgan qirg‘iz bojgirlar qo‘lga olindi


Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Xitoydan noqonuniy tovarlar olib o‘tishning “korrupsiyaviy sxemasi”ni yaratganlikda gumonlangan yuqori lavozimdagi olti bojxona xodimi qo‘lga olinganini bildirdi.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, ular Xitoy tovarlarini o‘zlari yaratgan sxema asosida Qirg‘izistondan O‘zbekistonga olib o‘tilishiga vositachi bo‘lgan. Aslida esa, Xitoy mahsuloti Qirg‘izistonda qolgan. O‘zbekistonga esa sohta hujjatlar bilan bo‘sh yuk mashinalari jo‘natilgan.

Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi bojxona xizmatining olti nafar yuqori lavozimli xodimi va xususiy kompaniyaning uch vakili 18-mart kuni qo‘lga olinganini ma’lum qildi.

"Ayrim kompaniyalar Bojxona xizmati xodimlarining ko‘magidan foydalanib, Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga tranzit bilan tovar yuborgan. Biroq tovarlar Qirg‘iziston hududiga bojxona rasmiylashtiruvisiz tushirilgan, bo‘sh avtomashinalar soxta bojxona deklaratsiyasi va bojxona muhrlari bilan O‘zbekiston yuborilgan”, — deyiladi xabarda.

Qamchibek Tashiyev.
Qamchibek Tashiyev.

Maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyev hibsga olinganlar orasida bosh prokurorning Qurmonqul Zulushevning qaynisi borligini tasdiqladi. Bosh prokuratura hozircha bu masala yuzasidan izoh bermadi.

“Xitoydan O‘zbekistonga tovarlar olib o‘tishda yirik korrupsion sxema ishlab kelgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjetga 1 milliard som (qariyb 11,5 million AQSh dollari) atrofida zarar yetkazilgan. To‘g‘ri, qo‘lga olinganlar orasida Zulushevning qayni ukasi ham bor. Hozir u boshqa mahbuslar bilan birga ko‘rsatma bermoqda. Bosh prokurorning bu ishga aloqasi yo‘q”, - degan Qamchibek Tashiyev internetda e’lon qilingan videolardan birida.

Bosh prokuror Zulushevning o‘zi va u rahbarlik qilayotgan organ hozircha bu borada hech qanday izoh bermadi.

Bolot Temirov sud zalida.
Bolot Temirov sud zalida.

Qirg‘izistondan majburan chiqarib yuborilgan va hozirda Rossiyada istiqomat qilayotgan tadqiqotchi jurnalist Bo‘lo‘t Temirov bu voqeani Tashiyev taqdim etayotgani kabi “korrupsiyaga qarshi kurash” natijasi deb hisoblamaydi. Unga ko‘ra, qo‘lga olishlar maxsus xizmat va bosh prokuratura rahbarlarining o‘zaro shaxsiy ziddiyatlari natijasidir:

"O‘tgan yili biz MXDQ raisi Qamchibek Tashiyevning oilasi aloqador bo‘lgan korrupsion sxemani fosh qilganimizda, Tashiyev bunga nisbatan hech qanday ish qo‘zg‘atmagan, tergov ham o‘tkazmagan. Shu bois, bu hodisani korrupsiyaga qarshi haqiqiy kurash emas, hokimiyatdagilar o‘rtasidagi qarama-qarshilik deb o‘ylayman",- deydi Bo‘lo‘t Temirov.

Jurnalist o‘tgan yil boshida YouTube'dagi Temirov LIVE deb nomlangan kanalida “Ikki kunda 37 mln. so‘mni qanday topish mumkin? Sadir Japarov va Tashiyev sxemasi” deb nomlangan jurnalistik surishtiruvni e’lon qilgan.

Shundan so‘ng Bishkek militsiyasi unga nisbatan Jinoyat kodeksining “Giyohvandlik vositalari, psixotrop vositalar va ularning analoglarini qonunga xilof ravishda tayyorlash” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Keyinroq unga nisbatan Jinoyat kodeksining “Hujjatlarni qalbakilashtirish” va “Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish” moddalari bo‘yicha yana ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu holatlar asosida olib borilgan sud jarayonlari natijasida Temirov o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Qirg‘izistondan chiqarib yuborilgan.

Erkayim Mambetaliyeva.
Erkayim Mambetaliyeva.

Korrupsiya va siyosiy masalalar bo‘yicha tahlilchi Erkayim Mambetaliyeva hibsga olishlar bilan bojxonadagi korrupsiyani bartaraf etib bo‘lmaydi, deb hisoblaydi:

"Qamoqqa olish bilan korrupsiyaga qarshi kurash boryapti, deyish mumkin emas. Masalan, deklaratsiya. Umuman olganda, deklaratsiya korrupsiyaga qarshi kurashning bir usuli. Biz deklaratsiyalarga rasmiy munosabatda bo‘lamiz. Barcha narsa ochiq ko‘rsatilmagan, yashirilgan deklaratsiya real vaziyatni ko‘rsatmaydi. Lekin davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun,korrupsiyaga qarshi qonun buzilyapti deydigan odam yo‘q. Hokimiyat va huquq-tartibot idoralari tomonidan hech qanday nazorat sezilmaydi. Bu bilan bizda poraxo‘rlikni oldini olish bo‘yicha choralar yo‘q deb ham bo‘lmaydi. Davlat bojxona xizmatidagi korrupsiyaga barham berish maqsadida 2014-yildan buyon Xavfsizlik Kengashi qoshida “Korruptsiya xatarlarining oldini olish” to‘liq tahlili o‘tkazilib kelinmoqda. Shular natijasida berilgan takliflar qayerda, degan savol tug‘iladi. Mayli, bugun besh kishini hibsga olishdi, ertaga ularning o‘rniga boshqalar keladi va ular sxemani davom ettiraveradi",-deydi Mambetaliueva.

Xalqaro Respublika instituti (IRI)ning 2020-yildagi so‘rovnomasi Davlat bojxona xizmati eng korrupsiyalashgan organlar qatoridan joy olganini ko‘rsatdi. Mamlakat hududlarida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashgan 1,5 ming kishining yarmi bojxonani korrupsiyalashgan soha deb ta’riflagan.

Shu bilan bir qatorda, Bojxona xizmati rahbariyati muassasada korrupsiya kamayganini iddao qilib keladi:

Samat Isabekov.
Samat Isabekov.

"Biz korrupsiyani umuman kamaytira olmagan bo‘lsak-da, qo‘limizdan kelganicha harakat qildik va imkon qadar kamaytirishga muvaffaq bo‘ldik. Uzoq yillik korrupsion sxemalar sharoitiga tushib qolgan korrupsionerlar kamaydi. 2022- yilda 11 ta holat bo‘yicha 2 ta ish IIVga, 7 ta ish Bosh prokuraturaga, 7 ta holat Jinoyat qidiruv boshqarmasiga topshirildi”, — deb bildirdi Bojxona qo‘mitasi raisi Samat Isabekov 9-mart kuni Facebook'dagi sahifasi orqali “Azattiq”ning savoliga javob berar ekan.

Bojxonadagi korrupsion sxemalar bilan bog‘liq mojaro 2018-yildan buyon omma e’tiborida. Bu borada Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati - Azattiq radiosi, “Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tergov qilish” loyihasi (OCCRP) hamda “Kloop” nashri hamkorligida bu mavzuda jurnalistik surishtiruvini e’lon qilgan.


Shu oy boshida “Markaziy Osiyoda noqonuniy yuk tashish imperiyasini yaratgani” aytilayotgan va bojxonadagi korrupsiyaga oid jurnalistik surishtiruvda nomi tilga olingan tadbirkor Habibulla Abduqodirga aloqador kompaniyalar Bishkekda yirik mehmonxona va masjid qurishi ma’lum bo‘ldi.

Qurilish boshlanishi munosabati bilan Habibulla Abduqodir va prezident Sadir Japarovning yonma-yon yurgani jamiyatda turli bahslarga sabab bo‘ldi.

Prezident Japarov Abduqodir haqida fikr bildirar ekan, uni “mamlakatga sarmoya kiritgan investor” deb atadi.

XS
SM
MD
LG