Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:51

Xonanda Manija: "So‘zim va amalim bir bo‘lgan"


Xonanda Manija
Xonanda Manija

Rossiyalik xonanda, asli tojikistonlik Manija Sangin Rotterdam shahrida o‘tkazilayotgan “Yevronigoh” xalqaro musiqa tanlovi final bosqichiga yo‘llanma olgach, Ozodlik radiosining tojik xizmatiga (Radio Ozodi) intervyu berdi.

Tanlovning birinchi yarim finali 18 - may kuni yakunlandi, Manija “Russian Woman” qo‘shig‘i bilan 22 - mayda kurashni davom ettiradi.

– Manija, tabriklaymiz. Shu tobda nimalarni his qilyapsiz?

– Bu voqealar bari o‘ngimda yuz berayotganini hanuz his eta olganim yo‘q. Xuddi tush ko‘rayotgandayman. Eng asosiysi, jamoamdan juda minnatdorman, chunki kecha ortig‘i bilan ishladik, umid qilamanki, finalda ham o‘zimizni 100 foiz safarbar etamiz. U yog‘iga nima bo‘lishi esa bizga bog‘liq emas. Hammadan muhimi – barcha qo‘rquvlarni, hayajon va diqqatbozlikni, bir necha oydan buyon davom etib kelayotgan ruhiy bosimni yengib o‘tib, sahnaga chiqdik. O‘z ijromizdan chinakam zavq ola bildik.

– Bu qanday bo‘ldi o‘zi? Ko‘ylak ichidan chiqib kelish, nima desam ekan... stereotiplarni parchalash g‘oyasi qanday dunyoga keldi?

– Guruhimizda har kim o‘z ishini qildi. Konsepsiya muallifi, ya’ni mening ko‘ylak ichidan chiqishimni, ortimda rus ayollari bo‘lishini, meni rus ayollari san’ati qurshab olishini o‘ylab topgan odam – Lado Kvataniya. Ko‘ylakning o‘zi esa – dizayniyu tuzilishigacha – onamning ixtirosi. Ochilib-yopiladigan darcha dizaynini onam dugonasi ko‘magida tayyorlagan. Ular ko‘pdan buyon moda sohasida ishlaydilar, barchasini birga qilishgan. Eskizlarni onam chizgan.

Bu ishlarga qancha vaqt ketdi?

– Rosa bir oy. Biz ko‘ylakni qog‘ozda yaratgan bo‘lsak, uni qo‘l bilan yasashi kerak bo‘lgan konstruktorlar Korolyov shahrida edi. Ko‘ylakni bo‘yimga o‘lchab ko‘rish uchun u yerga bordik. Juda kuchli ijodiy ustaxona ekan.

Bu haligi, mashhur konstruktorlik byurosi joylashgan shaharmi?

– Xuddi o‘zi. O‘sha byuroga ham ishimiz tushdi, ko‘ylak yurishi uchun, unga g‘ildirakchalar o‘rnatish uchun ulardan yordam so‘radik.

– Sahnaga chiqqaningizda hayajon bormidi? Yoki chiqishingiz bilan hammasi o‘tib ketdimi?

– Shu uch daqiqa asrlarga cho‘zilgandek tuyuldi. Uch daqiqa ichida boshimda qanaqangi xayollar charx urmadi deysiz: dam yoqimli, dam qo‘rqinchli, dam hayajonli, dam ro‘y berayotgan voqealardan huzurlanish hissi. Har gal, tomoshabinlar chapak chalganda – darvoqe, ular tez-tez qarsak chalib turishdi – hayajon meni “qo‘yib yuborardi”. Shu ma’noda tomoshabinlar artistga juda asqotarkan. Ular hayajonni yengishinga yordam beradi, zero sen sahnada yolg‘izsan, ular esa juda ko‘p.

– Siz “menga g‘alaba qiziq emas, asosiysi – qo‘shiq messejini yetkazish”, degan edingiz. Nega?

– Chunki mening tugal shakllangan aniq bir pozitsiyam bor. Uni hech narsa men uchun o‘zgartira olmaydi.

– Qanaqa pozitsiya u?

– Ommabop qo‘shiqlar top-ro‘yxatlaridagi hech bir pozitsiya, “Yevronigoh” reytingidagi hech bir pozitsiya, sovrinli yoki sovrinsiz o‘rinlardagi hech qanaqa pozitsiya mening ichki pozitsiyamga ta’sir eta olmaydi. Mening “Yevronigoh”ga qadar bo‘lgan ustuvor maqsadim tanlovdan keyin ham qoladi, bu – rost gapirish, tomoshabinga nisbatan vijdonan munosabatda bo‘lish, odamlarni evrilishlarga, baxt-saodatga ruhlantiruvchi san’atga intilish. Dilidagini yetkazib bera oladigan xonanda bo‘lish men uchun juda muhim, fahmimcha, yetkazib bera olyapman ham, bu men uchun qadrli.

– Ya’ni 22 - may kuni, hamma siz uchun qayg‘uradi‑yu siz o‘zingiz aslo qayg‘urmaysizmi?

– (Kuladi). Qayg‘urmayman. Yo‘q, qayg‘ursam kerak, albatta, ammo qaysidir masalada huquqlarimiz buzilayotganini, kimdir hujjat olish, fuqarolikka kirish imkoniyatidan mahrumligini o‘ylab qayg‘uraman. Yoki kimlardir hayotdan to‘la bahra olishiga xalal beradigan vaziyatda ekanidan – ta’lim olishdan mosuvoligidan qayg‘uraman... Mana shular meni ko‘proq tashvishga soladi. Ijodiy ambitsiyalarga kelsak... Sahnaga chiqqaning bilan nima qilayotganingni o‘zing tushunmasang, ishingga ishonching bo‘lmasa, qayerdadir sustroq harakat qilsang yoki messejni his eta olmasang, bu boshqa gap. Men esa messejni his qilaman, ana shu his bilan yashadim, yashayapman. So‘zim bilan amalim bir bo‘lgan. Shu bois ham, ichimda qandaydir ishtiboh va xavotirlar yo‘q.

– Kecha ko‘plab tojiklar, sizning sobiq vatandoshlaringiz Yevropada, Amerikada turib sizga muxlislik qilishdi, “Facebook”da, “Instagram”da yozishdi. Ularga aytar gapingiz bormi?

– Ularga aytmoqchimanki, men ularning naqadar zamonaviyligidan, serqirraligidan faxrlanaman, chunki ular meni tinglay va anglay olishadi. Tojikistonda tug‘ilib, u yerdan jo‘nab ketarkansan qalbingda jamiki sharqona an’analarni birga olib ketish va ayni chog‘da rivojlanib, yevropacha inson bo‘lib yetishish – bu ajoyib narsa. Ularning dastagi menga nihoyatda xush yoqadi, zero mening messejim birmuncha ziddiyatli bo‘lib, tabiiyki, odamlarning unga nisbatan reaksiyasi qanaqa bo‘larkin, deya alag‘da bo‘lgan paytlarim bo‘lgan. Ammo Tojikistondan bitta ham salbiy munosabat bo‘lmadi.

– Har holda ijobiy hissiyot siz uchun ahamiyatli ekan-ku?

– Albatta. Axir nimanidir o‘zgartirish qo‘lingdan kelishiga, sen bilan hamfikr va hammaslak kishilar ko‘pligiga ishonch busiz bunyod bo‘lmaydi.

– 16-17 yasharligingizda siz bilan suhbatlashgan edik. O‘shanda, ehtimol, xonandalikni tanlamasman, chunki bu jiddiy ish emas, degandek bo‘luvdingiz. Shu tobda, “Yevronigoh” yuksakligida so‘zlashib turibmiz. Endi nima deysiz?

– (Kuladi). Tan olaman, aytilgan so‘z – otilgan o‘q. U kezlar bola edim. Lekin, hatto ulg‘aygan bo‘lsang ham, agar sevimli ishing bilan shug‘ullanar ekansan, ko‘nglingdan qanchadan-qancha shubha-gumonlar kechishi tayin.

– O‘shanda ijodda ishingiz baroridan kelmagan, deb taxmin qilsak bo‘ladimi?

– Ha, shunday bo‘lsa kerak. O‘zimni topa olmayotgan paytlarim edi, chamasi. Musiqa menga nimaga kerakligini tushunmasdim. Biroq hozir o‘z o‘rnimni topganman.

– Ya’ni “Yevronigoh”dan so‘ng katta ijodiy hayot davom etadimi?

– Nasib!

Hozir tojikchasiga “Nasib”, ya’ni “Xudo xohlasa!” deb javob berdingiz.

– Ha, nasib.

Tojikchalab yana biron nima deyishni istarmadingiz?

– “Man shumoro nag‘z mebinam” (men sizlarni sevaman) bilan “rahmati kalon” (katta rahmat) yodimda.

XS
SM
MD
LG