Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:48

Yakkasaroyda 25 yoshli sudya pora bilan ushlandi


Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi Doniyor Po‘latov poraxo‘rlikda ayblanib, hibsga olindi.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman fuqaroviy ishlar bo‘yicha sudi sudyasi 25 yoshli Doniyor Po‘latov 200 AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.

Bu haqda o‘z manbalariga tayangan holda xabar qilgan Uzmetronom.com saytiga ko‘ra, sud Doniyor Po‘latovni hibsga olish uchun sanksiya bergan.

Yosh sudya Po‘latovning bu lavozimga tayinlanganiga atigi bir yil bo‘lgan.

Ma‘lum bo‘lishicha, shu kunlarda Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan maxsus tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida sudyalar ogohlantirilgan. Ayni ogohlantiruv aytilgan kunning o‘zidayoq Doniyor 200 dollarni pora sifatida olishga jazm qilgan.

Uzmetronom.com ma‘lumotiga ko‘ra, Doniyorning jur‘atiga uning ishongan “tog‘lari” sabab bo‘lgan, ya‘ni uning otasi O‘zbekiston Bosh prokuraturasida nufuzli lavozimlardan birida ishlashi aytilmoqda. Shuningdek, uning tog‘asi Bahodir Po‘latov Toshkent shahridagi Shayxontahur tuman prokurori lavozimida ishlaydi.

Keyingi oylarda mansabdor shaxslarning pora bilan ushlanish holatlari ko‘payotgani kuzatilmoqda.

Yaqinda Qo‘qon shahar hokimining sobiq o‘rinbosari Rashid Nurmatov pora olganlikda aybdor deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

May oyining boshida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari Oqdaryo tuman prokurori Tal‘at Abduholiqzodani 12 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotgan paytda hibsga olgan edi. Hozirda ushbu holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Jizzax viloyat Soliq boshqarmasining transport bo‘limi boshlig‘i Shirin Abdurahmonov va soliq inspektori Dilshod Mahkamovlar ham pora olganlikda aybdor deb topilib, 12 va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

O‘tgan yil dekabrida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2011 yilda korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilishidan ogohlantirgan edi.
XS
SM
MD
LG