Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:22

Yangi Toshkent: "Oltin tuproq" ustiga qurilayotgan tosh shahar


Yangi Toshkent shahri loyihasi
Yangi Toshkent shahri loyihasi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil 19-aprelida imzolagan qarori bilgan poytaxtdagi davlat idoralarini qurilishi boshlanayotgan Yangi Toshkentga ko‘chirishga buyruq berdi.

Toshkentning janubi sharqida, Chirchiq va Qorasuv daryolari o‘rtasidagi bu yerlar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlariga tegishli.

Bu yerda dehqonlar azal-azaldan meva va sabzavot yetishtirib, poytaxt bozorlariga yetkazib berishgan, gektaridan 40-50 sentner paxta, 100 sentnergacha bug‘doy olishgan.

Mahalliy dehqonlar bu yerlarni Toshkent va Toshkent viloyatining “o‘pkasi” deb ta’riflashadi.

Poytaxtning tobora ifloslanib borayotgan havosi, iqlim o‘zgarishi va boshqa ekologik muammolar manzarasida bu yerlarning qiymati yanada oshgan.

Ammo kelayotgan yillarda bu yerlar hozirgidek yam-yashil bo‘lmasligi mumkin.

Yangi Toshkent uchun 20 ming gektar unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari ajratilgan.
Yangi Toshkent uchun 20 ming gektar unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari ajratilgan.

O‘zbekistondagi yangi degan ko‘pgina loyihalarning bo‘lgani kabi, Yangi Toshkent loyihasining muallifi ham prezident Shavkat Mirziyoyevdir.

«Yangi Toshkent loyihasini boshlamasak, Toshkentda besh yildan keyin odamlar yashay olmaydi», degan prezident.

Poytaxtdagi ijroiya hokimiyati organlari Yangi Toshkent tumani hududiga ko‘chiriladi.

Bu haqda prezident Mirziyoyev tomonidan shu yil 19-aprelida imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytilgan.

To‘g‘ri, hozirgi Toshkent shahrining muqim aholisi davlat statistika qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra 2024-yilning 1-yanvariga ko‘ra, 3 million 40 ming 800 nafarni tashkil etadi.

Ammo prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Toshkentda ishlayotgan va yashayotgan aholi 5 million nafardan ortiq.

Toshkentda so‘nggi yillarda ko‘p qurilishlar bo‘ldi, baland qavatli imoratlar ko‘paydi.

Lekin so‘nggi yillarda dov-daraxtlarning ayovsiz kesilib, ular o‘rniga ko‘p qavatli uylarning qurilishi ko‘paygani, avtomobillar soni keskin oshib, cheksiz tirbandliklarning paydo bo‘lishi va buning oqibatida Toshkent dunyodagi eng iflos havoli shaharlar o‘ntaligidan tushmay qolishi aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yildagi chiqishida Yangi Toshkent loyihasini e’lon qilgan edi.

Prezident Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘idagi bu hududni Xudoning o‘zi Yangi Toshkent qurilishi uchun saqlab turganini aytgan.

Ammo bu yangi tuman eski Toshkent yukini yengillata oladimi yoki yangi muammolarni keltirib chiqaradimi, bu haqda hozir aytish qiyin.

Loyihada Toshkent viloyati hududidan qariyb 20 ming gektar, shu jumladan, Yuqori Chirchiq tumanidan 17 323 gektar va O‘rta Chirchiq tumanidan 2406 gektar yer maydonlari Toshkent shahri tarkibiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Mana shu 20 ming gektardan 13 ming gektari bugungi kunda paxta, bug‘doy va boshqa ekinlar ekiladigan serhosil va unumdor yerlar. Shuncha yer fermer xo‘jaliklariga tegishli.

Bundan tashqari yordamchi xo‘jaliklar va issiqxona yerlari 203,8 gektarni, yuzta dehqon xo‘jaligining yeri 323,5 gektarni, o‘zga yerdan foydanuvchilarning yeri 2263 gektarni, aholi tomorqalari 3012 gektarni, mahalliy hokimiyatlar zaxirasidagi yerlar 60 gektarni, kanallar va yo‘llarga ajratilgan yerlar esa 680 gektarni tashkil etadi.

Ozodlik bu tumanda yashaydigan aholi, fermerlar bilan suhbatlashdi.

Aholida hozircha jiddiy e’tiroz yo‘q. Joylarimiz obod bo‘ladi, biz ham yaxshi yashaymiz, deyayotganlar ko‘p.

Zero hozircha aholi yashaydigan qancha uy buzilishga tushishi mumkinligi, ularga qancha tovon puli berilishi haqida gap-so‘z yo‘q.

Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichiga start berilgan.

Ayni paytda Yuqori Chirchiq tumanida Yangi Toshkent shahri loyihasining o‘ziga 2420 gektar sug‘oriladigan yerni qamrab olgan birinchi bosqichi qurilishi boshlangan. Qurilish ayni paytda loyihaning 1A-1 qismida olib borilmoqda.

Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi
Yangi Toshkent qurilishining birinchi bosqichi

Agar loyiha rejasi suratiga qaralsa butun dala ko‘m-ko‘k manzara kasb etayotganini ko‘rish mumkin. 2420 gektar yerning asosiy qismi ham fermerlarga tegishli.

Loyihaning 1V-1, 1V-2, 1V-4, 1A-2, 1A-3, 1A-4 deb ko‘rsatilgan uchastkalariga aholi yashaydigan mahallalar ham tushgan. Ammo Ozodlik suhbatlashgan bu mahalla odamlarining aytishlaricha, hozircha ularga bu haqda hech narsa deyilmagan.

Yangi Toshkent shahri loyihasiga yeri tushgan 56 nafar yuqorichirchiqlik fermerga ogohlantirish xati berilgan va ular o‘z ixtiyorlari bilan yerlarini davlat zaxirasiga topshirish haqida ariza yozib bergan.

Ammo, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda fermerlar, ularga boshqa joydan yer berish haqida gap ham bo‘lmaganini, fermer yerlaridagi daraxtlar uchun bir so‘m ham kompensatsiya to‘lanmasligini aytishmoqda:

“Bizning yer loyihaning ikkinchi etapiga tushgan. 2026-yilgacha ishlab turinglar, dedi. Xo‘p, mayli yer davlatniki deylik. Olib qo‘yishga haqqi ham bor deylik. Lekin biz va mening fermerligim ortidan oila boqayotgan o‘nlab ishchi, traktorchi nima qilsin? Hech bo‘lmasa o‘ringa o‘rin boshqa joydan yer ham taklif qilgani yo‘q. Hozir bir metr sug‘oriladigan yer oltinga teng. Biz hech narsa deya olmaymiz, biz kichkina odammiz. Ovozimizni chiqarsak olib borib tiqadi”, deydi yuqorichirchiqlik fermer.

Fermerlarga faqat ogohlantirish xati berilgan va ulardan o‘z ixtiyorlari bilan yerni davlat zaxirasiga topshirish haqida ariza yozib berish talab qilingan:

“Ariza bermasdan ham boshqa ilojingiz yo‘q. Baribir chaqirtiraveradi, bosim qilaveradi. Axiyri zada bo‘lganinizdan keyin yozib berasiz. Yer baribir davlatniki, biz ijaraga olganmiz. Lekin bunday zo‘r yerlar uvol bo‘lib ketayotganiga ichimiz yonyapti, ko‘zimiz qiymayapti. 20 yil ishlagan yeringizni berib yuborsangiz, yuragingizni bir tomiri uzilgandek bo‘ladi”, deydi yuqorichirchiqlik fermer.

Bu "bo‘rsildoq" yerlar ustiga uylar tushadigan bo‘ldi.
Bu "bo‘rsildoq" yerlar ustiga uylar tushadigan bo‘ldi.

Ayni paytda loyihaga muvofiq, Yangi Toshkent shahri qurilishi uchun yo‘l qurilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan fermerlar hokimlik tomonidan bosim bo‘lishdan cho‘chib ismlari sir bo‘lib qolishni iltimos qildi.

Ularning aytishlaricha, nafaqat Toshkent viloyatida, balki O‘zbekistonda eng serhosil va unumdor bo‘lgan yerlarga qurilish qilishning oqibatlari yomon bo‘ladi:

“Men Yuqori Chirchiq tumanida fermerman. Bizning yerlarimiz O‘zbekistondagi eng unumdor yerlardir. Har yili barqaror, 40 sentnerdan, ba’zi fermerlar 50 sentnergacha paxta oladi. G‘alla esa kamida 80 sentner hosil beradi. 100 sentner olganlar ham bor. Endi eng unumdor yerlarimizni Yangi Toshkent qurilishi uchun olib qo‘yishyapti. Shunday bo‘rsildoq yerlar ustiga tosh-shag‘al zichlanib, baland imoratli uylar quriladi. Ozgina emas, naq 13 ming gektar bitta bizning tumandan. Tasavvur qilyapsizmi, buncha maydonda qancha hosil yetishtirsa bo‘ladi. Nahotki Yangi Toshkentini boshqa joyda qurib bo‘lmasa?”

Yangi Toshkent loyihasi O‘rta Chirchiq va Yuqori Chirchiq tumanlarida yashovchi aholining muhokamasiga qo‘yilmadi. Bu faqat mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bo‘lgan.

Aholi ham, fermerlar ham bu tashabbus prezidentning o‘zidan chiqqanligi sababli ochiq fikr bildirishga cho‘chimoqda.

Sotsiolog Kobul Do‘sovning fikricha, O‘zbekiston aholisi 40 million nafarga yaqinlashyapti va bu o‘z-o‘zidan oziq-ovqat xavfsizligi masalasini kun tartibiga chiqaradi. Bunday bir vaziyatda O‘zbekistondagi unumdor yerlarni qurilishlar uchun berib yuborish, noto‘g‘ri qarordir, deydi sotsiolog:

«Toshkent viloyatida boshqa hududlarga qaraganda unumdor va sug‘oriladigan yerlar juda ko‘p. Agar shu 20 ming gektar sug‘oriladigan yer shaharlashtiriladigan bo‘lsa bu o‘z-o‘zidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu ichki talabga ham, eksportga ham salbiy ta’sir qiladi. Ekologik qishloq xo‘jalik mahsulotlariga talab nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o‘sib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak buni men to‘g‘ri qaror deb hisoblay olmayman».

Toshkent va Yangi Toshkent chegaralari
Toshkent va Yangi Toshkent chegaralari

Kobul Do‘sov fikricha, prezidentga chuqur ilmiy tadqiqotga asoslanmagan, ertaning nima bo‘lishi chuqur analiz qilinmagan loyiha taqdim qilingan:

«Agar bizda shunday infrastrukturalarga ega bo‘lgan shahar qurish zarurati paydo bo‘lgan bo‘lsa, Toshkent viloyatining hududida sug‘orilmaydigan unumsiz yerlarimiz bor. Aynan 20 ming gektar serhosil yerning ustiga shahar qurish bu iqtisodiyotga va qishloq xo‘jaligiga bo‘ladigan zarba deb bilaman. Bu juda achinarli holat va oqibati o‘ta ayanchli bo‘ladi, deb hisoblayman. Bu davlat rahbariga taklif qilib kiritilyapti ekan, ertaga bundan qanday foyda yoki zarar keladi, bu tahlil qilinmagan. Chunki bir kvadrat metr yerni unumli qilish uchun yuz yillab vaqt ketadi. Biz oltin xazinamizni, yerimizni betonlashtiryapmiz».

Ozodlik suhbatlashgan Yuqorichirchiqliklarning aytishlaricha, tumandagi qishloq xo‘jaligi yerlarida deyarli butun yil davomida yam-yashil bo‘lib turadigan ekinlar va yuz minglab dovu daraxt uning shimoli-g‘arbiy tomonida joylashgan Toshkent shahri uchun beminnat kislorod manbai bo‘lib kelgan.

Fermerlar Yuqori Chirchiqni Toshkent shahrining o‘pkasi deb ta’rif berdilar.

“Rahmatli otam ham dehqon bo‘lgan. Otam bizning jannatmakon joylarni Toshkentning o‘pkasi der edi. Bizning dalalar deyarli 12 oy yam-yashil bo‘ladi. Kuzda g‘allani ekib, yozning boshida o‘rib olamiz, o‘rniga takroriy ekin ekib, kuzgacha yana yetishtirib olib, o‘rniga bug‘doy, arpa yoki piyoz ekamiz. Bir yilda uch marta hosil olamiz. Yil-o‘n ikki oy bizda yashillik bor. Endi uning o‘rniga beton-u tosh, asfaltdan iborat ko‘p qavatli uylar, binolar tushib, eski Toshkent ham , yangi Toshkent ham havosiz qolishini o‘ylasam yuragim orqaga tortib ketyapti. Yangi Toshkent eski Toshkentni ham shu kunidan qoldirmasa bo‘ldi”, deydi o‘rtachirchiqlik fermer.

O‘tgan yillar davomida Toshkentning yashil hududlari bo‘lgan daraxtlar, yuz yillik chinorlar ayovsiz kesib tashlandi, uy quruvchi shirkatlarning daraxtlarga ayovsiz hujumi oqibatida shaharning ekologik muhiti nihoyatda og‘irlashdi.

Xabaringiz bor, ayniqsa qish faslida Toshkent havosi dunyoda havosi ifloslangan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘ringa ham chiqdi va hozir ham ekologik muhit juda yomon bo‘lgan shaharlar ro‘yxatida qolmoqda.

Yangi Toshkent loyihasi
Yangi Toshkent loyihasi

Sobiq deputat Kobul Do‘sov fikricha, bu eng avvalo ana shunday ko‘p qavatli uylar, biznes, markazlar va sitilar qurib katta pul ishlashga o‘rgangan oligarxlarning hukumatga ta’sirining oqibatidir:

«Buni hukumatda ishlab turib o‘z biznesiga ega bo‘lgan oligarxlarning ta’siri deb bilaman. Bunga ekopartiyamiz yoki fraksiya deputatlari ham qarshilik qilolmaydi, chunki hukumatning o‘zidagi amaldorlarda o‘zlarining lobbilari bor. Hozir ularning biznes qilishidan tashqari bizning 20 ming gektar oltin zaxira yerimizning taqdiri hal bo‘lyapti. Yangi Toshkent qurishni Toshkentning biqinidan boshlash shart emas, mana qir-adirlarimiz bor, boshqa joyda unumsiz yerlarimiz bor. Ana o‘sha joydan do‘ppini yerga qo‘yib, chuqur tadqiqot qilib, infrastrukturasi, kanalizatsiyasi, suvi, elektr ta’minoti qanaqa bo‘ladi, ana shularni yetti o‘lchab bir kesib shahardan tashqarida qilish mumkin. Men uchun eng og‘riqli joyi bu bizning unumdor yerlarimiz va ekologiyamiz!».

“Yangi Toshkent” hozir mahalliy nashrlar va televideniyelarda chiroyli ranglarda, go‘yo infrastrukturasi a’lo darajada rejalangan loyiha sifatida taqdim qilinmoqda.

Gazeta.uz sayti Yangi Toshkent loyihasi bosh arxitektori Saidazim Aripov bilan suhbatini e’lon qildi. Arxitektorning aytishicha, Yangi Toshkent loyihasining 23 foizi yashil hudud uchun ajratilgan.

Asosiy jamoat transporti tramvay bo‘ladi. Uylar markaziy isitish tizimi orqali isitiladi va obyektlarga rayonlashtirilgan konditsioner tizimi o‘rnatiladi.

O‘zbekistonda suv taqchilligi oshayotgan va elektr energiyasi muammosi hal bo‘lmagan bir sharoitda Yangi Toshkent suv va elektr energiya bilan qanday ta’minlanishi haqidagi Gazeta.uz muxbiri bergan savolga Saidazim Sharipov bunday deb javob berdi:

Yangi Toshkent loyihasi bosh arxitektori Saidazim Aripov
Yangi Toshkent loyihasi bosh arxitektori Saidazim Aripov

“Hozirgi Toshkentni suv bilan ta’minlaydigan Qodiriya degan suv tozalash inshooti mavjud. Filtrlash stansiyalari quvvati oshishi bilan birinchi bosqichda unga “Yangi Toshkent” ulanadi. Shuningdek, ichimlik suvini Ugam daryosidan yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Elektr ta’minoti uchun biz 100% qayta tiklanadigan energiya manbalariga tayanishni rejalashtirmoqdamiz. GESlar quvvati oshishi bilan biz ulardan taxminan 1200 MVt olamiz. Yangi Toshkent shimoliy chegarasidan tashqarida quriladigan quyosh elektr stansiyalarida yana 400 MVt quvvat ishlab chiqarishni rejalayapmiz. Loyihamiz gazlashtirishni nazarda tutmaydi. Hamma narsa elektr energiyasi bilan ishlaydi”.

Loyihada Yangi Toshkent ekologik shahar sifatida taqdim etilgan. Ammo, Saidazim Sharipovning aytishicha, qozonxonalar bioyoqilg‘ilar bilan ishlaydi. Bu bioyoqilg‘i presslangan g‘o‘zapoya ekanligi aytiladi.

Gazeta.uz muxbiri ham aynan shu savolni berdi. Ya’ni ekologik shahar filosofiyasi qanday qilib ekologik bo‘lmagan tizim bilan muvofiqlashadi?

“Agar yoqish haqida gapiradigan bo‘lsak, u holda yonish jarayoni ekologik jihatdan qulay bo‘lishi uchun chiqindi gazlar yaxshi filtrlanishi kerak. Shunda u ekologik toza bo‘ladi. Ha, karbonat angidirid ishlab chiqariladi, lekin u filtrlar tomonidan ushlab qolinishi kerak”.

G‘o‘zapoyaning o‘zi qishda svet va gazsiz qolib uylarini isitolmayotgan qishloqliklarning o‘ziga yetmayotgan, u ham o‘tin narxi bilan raqobatlashayotgan bir paytda, buncha qozonxona uchun g‘o‘zapoya qayerdan olinishi ham noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Fermerlar esa, nega aynan hosildor va unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari Yangi Toshkent uchun tanlangani sababini bilmay hayron.

So‘nggi yillarda klaster bilan ishlab, paxta va bug‘doy shartnomalarini ortig‘i bilan bajarib kelayotgan fermerlardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda bu haqdagi o‘z andishalarini bunday deb bayon qildi:

“Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq tumanlarining fermerlari viloyatdagi eng zo‘r fermerlar. Paxta va g‘alladan qarzimiz yo‘q. Hammasi a’lo. Lekin ikki yildan buyon klasterdan bug‘doy va paxta pullarini ololmayapmiz. Menimcha bu atayin qilinyapti, chunki bir kun molingni sotasan, ertasiga moshinangni sotasan, paxta, bug‘doy ekib klasterga topshirasan, ammo pulingni ololmaysan. Boshqa sotadigan hech vaqong qolmaydi. Keyin bor-e shu yering kerak emas, ol, deysan. Nazarimda atayin fermerlarni qarzga botirib, yerdan ko‘nglini sovitishmoqchi. Keyin yeringni topshir desa ham norozilik kamroq bo‘ladi-da. Bular juda puxta reja qilishgan shekilli?”

Yangi poytaxt qurilishi kimga kerak? Bu loyihadan nima kutish mumkin? Bu savolga javob berish uchun birrov dunyo tajribasiga yuzlansak.

Yangi Qohira
Yangi Qohira

Yangi poytaxt qurish yangi g‘oya emas.

Bugungi kunda yangi poytaxt barpo etayotgan davlatlar talaygina.

Shu o‘rinda Misr poytaxti yonida shiddat bilan qurilayotgan Yangi Qohirani misol sifatida keltirish mumkin.

Qurilish ko‘lami jihatdan Yangi Toshkentdan ancha keng bo‘lishiga qaramasdan rasman e’lon qilingan maqsad deyarli bir xil.

Aholisi 22 yarim milliondan oshib ketgan Qohirani shahar infratuzilmalarining eskirgani qiynab qo‘ydi.

Misr hukumatini rasman Qohira tobora Nil bo‘ylab kengayib ketayotgani va qishloq xo‘jalik yerlarini egallab borayotgani tashvishga soldi.

Misr prezidenti Sisi uzoqdan joy tanlamay suvga serob, unumdor yerlardan ham yer tanlasa bo‘lar edi.

Ammo, prezident Mirziyoyevning Yangi Toshkent loyihasidan farqli, Yangi Qohira qurilishi uchun Nildan 45 km uzoqroqdagi bo‘m-bo‘sh cho‘l hududi tanlandi.

Yangi Qohira va Yangi Toshkentning o‘xshashligi bu joylarga vazirliklar va boshqa ma’muriy binolarning ko‘chirilayotganidadir.

Shu bois ham tanqidchilar bu loyihalarning, arzon va sifatli uy joyga muhtoj aholini o‘ylab qilinganiga shubha bilan qaraydi.

Yangi Qohira ham Yangi Toshkent ham hukumat vakillariga qo‘shimcha komfort va xavfsizlikni ta’minlaydi, ammo bu ulkan qurilishlar yuki pirovardida oddiy aholi gardaniga tushadi.

Yangi Qohira qurilishiga hozirgacha qariyb 60 milliard dollar sarflab bo‘lindi. Olingan tashqi qarzlar esa Misr iqtisodiyotini qiyin ahvolga solib qo‘ygan.

Tanqidchilarga ko‘ra, Misrda bu ulkan qurilishga prezident Sisi generallari bosh-qosh bo‘lmoqda va misli ko‘rilmagan darajada boyimoqda.

XS
SM
MD
LG