Muhojirlar “Ozodlik”ning qirg‘iz xizmati bilan suhbatda o‘z sarguzashtlarini so‘zlab berarkan, boshqalarga frontga jo‘nashdan oldin “ming karra o‘ylab ko‘rish”ni maslahat berishdi.
“Milliondan biri tirik qoladi, omadi chopsa. Qirg‘izlar, tuvalar, hatto negrlar, bu yerda turli millatlardan bor edi. Hammasi o‘lib ketdi – kimdir bu yerda yotibdi, kimdir frontda, kimdir esa temir tobutda uyiga jo‘nadi”, deydi Omon.
Hozir Omon frontning oldingi chizig‘ida, Donetsk viloyatida. U Rossiya Mudofaa vazirligi bilan fevral oyida shartnoma tuzgan. Yigit nega bunga qaror qilganini aytmaydi, lekin “obdon o‘ylaganman”, deydi. Omonning aytishicha, urushga borganlarga kattagina pul to‘lashadi, vaqtida to‘lashadi. Shunga qaramay, Omon boshqalarga urushga kelishni maslahat bermaydi.
“Bu Checheniston emas, Suriya ham emas. Bu yerda, menimcha, avtomatning ham hojati yo‘q, – deydi u. – Faqat snaryadlar u yoqdan bu yoqqa viz-viz uchadi. Tankka tegadi – tank ichidagi odamlari bilan yonib ketadi. Xuddi kosmodrom bu yer: hamma “uchadi”. Oldingi chiziqqa borishgayam ulgurmasliging mumkin. Judayam qo‘rqinchli”.
Omon – Rossiyada tug‘ilgan etnik qozoq. Uning aytishicha, frontda Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ko‘p, ko‘pchiligi bu yoqqa pul dardida kelmoqda, lekin sog‘-salomat qaytayotganlar juda kam.
“Kelgan odamni qo‘yib yuborishmaydi, – deydi Rossiya armiyasi askari. – Shunday ekan, bu yerga kelishga talabgorlar kelishdan avval ming karra o‘ylab ko‘rishsin. Moskvadan talay yigitlar kelishgan edi, qanchasi o‘lib ketdi. Qishloqlardan kelganlarning ko‘pi qirildi. Bedarak yo‘qolganlar qancha. Izlagan bilan topib bo‘lmaydi. Oldingi chiziqda ko‘plab jasadlar yotibdi, ularni olib kelishning hecham iloji yo‘q”.
Moskvada shartnoma imzolash – eng jozibali variantlardan biri. Poytaxt meri farmoyishiga ko‘ra, shartnoma tuzgan odamga darhol salkam ikki million rubl pul beriladi.
Rekrutchilarning e’lonlari barcha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda, jumladan muhojirlarning messenjerlardagi guruhlarida ham. “Ozodlik” radiosi Rossiya Mudofaa vazirligi chet el fuqarolari bilan ham shartnoma imzolayotganini aniqladi.
“Qarang, to‘liq hujjatlar to‘plami kerak: pasportning rus tiliga tarjimasi, patent va hokazo, – deydi askarlikka odam yollaydigan rekrutchi. – Fuqarolikni olish uchun mana shu hujjatlarning hammasi zarur. Keyin ularni olib, Moskva viloyatiga borasiz. Moskva viloyatida shartnoma imzolagan har bir kishiga 1 million 700 ming rubldan berishyapti. FSB sizni ikki hafta tekshiradi”.
Maxsus xizmat tekshiruvidan so‘ng muhojirlar hujjatlarga imzo chekib, urushga yo‘l olishadi. Rekrutchi kuni kecha bir tojikistonlik bilan bir qirg‘izistonlikni frontga jo‘natganini aytadi.
“U yerda hamma narsaga tayyor bo‘lish kerak. Chunki bu “SVO” (“Maxsus harbiy amaliyot”), urush bu. Ikki hafta avtomatdan otishni va boshqa narsalarni o‘rgatishadi. Keyin – olg‘a. Ha, juda xavfli, qo‘rqinchli. Lekin urush o‘z nomi bilan urush-da: u yerda o‘ldirishadi. Dronlarning parchalari va zambarak o‘qlaridan yarador bo‘lasiz, o‘lasiz...” deydi rekrutchi.
Ammo shuncha xavf-xatar deyarli hech kimni to‘xtata olgani yo‘q. Urushga borish uchun taklif qilinayotgan pul muhojirlar uchun butun boshli sarvat. Chatlarda ularga: “Kreditni yopish yoki uy sotib olish uchun o‘zingizni qimmatroqqa soting”, deb maslahat beruvchilar bor. Buni o‘zini Abdulla deb tanishtirgan tojikistonlik yigit ham tasdiqlaydi.
“Tojikistondan, O‘zbekistondan, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan yigitlar bor, – deya hikoya qiladi u. – Men, ochig‘i, bolamni deb keldim. Farzandim kasal. Boshqa choram yo‘q edi. Pul topish uchun keldim. Hozir hamma pulni deb kelyapti”.
Jurnalistlar urushda qatnashayotgan yana bir necha migrantlar bilan ham gaplashishdi. Ular savollarga batafsil javob berishdan qochishdi, lekin boshlari qotganini yashirishmadi. Uyga qaytib keta olishmaydi, ertaga nima bo‘lishini ham bilishmaydi. Hammalari urush tugashini kutishmoqda.
Pul – Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish uchun yagona sabab emas. Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklarga, agar urushga bormasalar, qamoqqa tiqish bilan tahdid qilishadi. Qirg‘izistonlik Ayjarqin erini xuddi shu yo‘l bilan qo‘rqitishganini aytadi. Ular 10 yilcha oldin Rossiyaga ko‘chib kelishgan ekan. Yaqinda eriga: “Yo urushga borasan, yo yetti yilga qamalasan”, deb shart qo‘yishibdi. Eri to‘rt farzandini Ayjarqinga tashlab, frontga ketishga majbur bo‘libdi.
“Sen harbiy mutaxassissan, deb olib ketishdi. Mudofaa vazirligining mukofot pullari haqida hech nima deyishgani yo‘q. Yaqinda Qirg‘izistonga borib keldim, vahimali gaplar eshitdim: kimdir o‘lgan, kimdir yarador bo‘libdi, deyishyapti. Shartnoma bo‘yicha ketsa, haq to‘lanishi kerak ekan. Lekin men qiziqqanim yo‘q. U qayerdaligini surishtirishga ham qo‘rqaman”, deydi Ayjarqin.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiya fuqaroligini olganlarni birinchi galda frontga jo‘natishni taklif qilgandi. Aleksandr Bastrikinga ko‘ra, Rossiya pasportini berish tartib-taomillari sirasiga harbiy ro‘yxatga qayd etish talabini ham kiritish kerak. Qo‘mita raisi Rossiya fuqaroligini olgan 30 ming muhojir allaqachon “ushlangan”i, ulardan 10 ming nafari frontga jo‘natilganini aytgan edi.
Huquq faollari Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushga jalb qilishda qo‘rqitishdan sotib olishgacha – barcha usullarni qo‘llayotganini ta’kidlashadi. Ularga ko‘ra, har gal Rossiya Mudofaa vazirligi to‘lov summasini oshirganida armiyaga xizmatga kirishga talabgorlar ko‘payadi. Buning ortidan, o‘z navbatida, Rossiyadagi muhojir qarindoshlarini izlayotganlar soni ham oshadi.