Линклар

Шошилинч хабар
04 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:38

2023-yilning ilm-fan yutuqlari: Sun’iy intellekt, kosmik sayohlarning ilk parvozi, mRNK-vaksinalar


Sun’iy intellekt (SI) ko‘plab sohalarda hayot sifatini yaxshilash salohiyatiga ega.
Sun’iy intellekt (SI) ko‘plab sohalarda hayot sifatini yaxshilash salohiyatiga ega.

2023-yil ilm-fan uchun juda sermahsul keldi. Kashfiyotlar va ixtirolar, kosmosni o‘zlashtirish, tibbiyot, sun’iy intellekt sohalarida olamshumul yangiliklar ko‘p bo‘ldi. “Ozodlik” ulardan eng muhimlarini sanab o‘tadi.

Kosmosni zabt etishda yangi davr

2023-yilda Virgin Galactic shirkati dastlabki tijorat sayyohlarini kosmosga yo‘lladi. Keysha Shaxaff hamda uning qizi Anna Mayers kosmosga parvozni lotereyada yutib olishdi. 80 yoshli Jon Gudvin biletni 2005-yildayoq 250 ming dollarga sotib olgandi. Naycha hujayralar tadqiqotchisi Rayyana Barnaui kosmosga yo‘l olgan saudiya arabistonilik birinchi ayol bo‘ldi. Sayohlar tushgan fazoviy kema – ular vaznsizlik holatini his etishlari va Yer dumaloq ekaniga shaxsan amin bo‘lishlari uchun 88 km balandlikka ko‘tarildi.

Qora materiya asrori

2023-yilda Yevropa kosmik agentligining “Yevklid” nomli juda muhim teleskopi ishga tushdi. Bir yarim milliard dollar turadigan ushbu teleskop bir yarim million kilometr uchib Yer bilan Quyosh orasidagi Lagranj-2 nuqtasiga yetdi: u yerda “Yevklid” ikkisining ham tortish kuchidan xoli bo‘lib, ishlash uchun unikal sharoitga ega bo‘ladi. Kosmik observatoriya o‘zining asosiy missiyasi – Koinotning 95 foizini tashkil etuvchi qora materiya mavjudligiga dalillar izlashni allaqachon boshlab yuborgan. Qora materiya Koinot muttasil kengayishiga imkon beradigan qora energiya va “kosmos yelimi” sanaladi. Shuningdek, “Yevklid” kosmosning uch o‘lchamli eng aniq xaritasini ham yaratadi. Yettinchi noyabrda teleskop ilk tasvirlarni Yerga yubordi. Ularda Persey yulduzlar turkumidagi 100 mingga yaqin galaktika, Ot Boshi tumanligi va shu kabi boshqa go‘zal kosmik obyektlar aks etgan.

Tibbiyotdagi kashfiyotlar

Yakunlangan yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bezgakka qarshi yangi vaksinani amaliyotda qo‘llashga ruxsat berdi.

Har yili dunyo bo‘yicha 600 mingdan ortiq kishi bezgakdan o‘ladi, ularning aksari – besh yoshgacha bolalardir. Kasallikni organizmga pashsha nishi bilan kirib olib, qon hujayralarini yemiruvchi parazitlar qo‘zg‘atadi. Parazitlar tuzilishi shu qadar murakkabki, bu ularning uzluksiz mutatsiya bo‘lib, immun tizimidan yashirinishiga imkon beradi. Aynan shu jihat uzoq yillar vaksina kashf etilishiga xalal berdi.

Birinchi vaksina – Mosquirix ikki yil muqaddam keng qo‘llana boshlandi. O‘shanda u chinakam sensatsiya bo‘lgan edi. R21/Matrix-M nomli yangi vaksinaning eng muhim farqi shundaki, uni keng ko‘lamda ishlab chiqarish mumkin va bahosi arzon. Bitta dozasi narxi uch dollarga ham bormaydi. Ishonchli himoyalanish uchun bir kishiga to‘rt doza kerak. Mosquirix’ning bir dozasi 10 dollar edi, undan ham kishi boshiga to‘rt doza kerak bo‘lardi.

Vaksina boshlanishiga 2024-yil o‘rtalaridan, bezgak bilan og‘rish darajasi juda yuqori va kasallanganlarning 90 foizi vafot etayotgan Afrika mamlakatlariga yetkazib beriladi.

mRNK-vaksinalar

Ustma-ust kashfiyotlar qilinayotgan yana bir soha bu – matritsali ribonuklein kislotalar (mRNK) vaksinalaridir. 2023-yilda tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti COVID-19 pandemiyasida tub burilish yasagan mRNK-vaksinalar mualliflariga topshirildi. Olimlar kovidga qarshi amaliyot bilan cheklanib qolishgani yo‘q: ITVga qarshi hamda inson o‘limiga olib keluvchi bakterial kasalliklarga qarshi mRNK-vaksinalar allaqachon sinalmoqda, shuningdek saraton xastaligini va infarkt oqibatlarini mRNK-terapiya yordamida davolashga urinishmoqda.

Gen terapiyasi

Yil gen terapiyasi uchun ham juda muvaffaqiyatli bo‘ldi. Insoniyat ko‘plab og‘ir xastaliklarga sabab bo‘luvchi genetik mutatsiyalarni tuzatishni o‘rgandi. Hozircha olimlar faqat ikki kasallik – o‘roqsimon hujayra anemiyasi va beta-talassemiyani qo‘zg‘atuvchi genetik buzilishlar oqibatlarini bartaraf etishni bilishadi.

Sun’iy intellektda katta sakrash

2023-yildagi ilmiy yutuqlarni sanab o‘tar ekanmiz, sun’iy intellekt sohasini tilga olmay iloj yo‘q. Tugagan yilda generativ sun’iy intellekt juda katta olg‘a siljidi deyish mumkin. Zero, u allaqanday maxfiy laboratoriyalarda olimlar va dasturchilar foydalanadigan sirli narsadan – har kim ishlata oladigan mahsulotga aylandi. So‘nggi McKinsey global so‘rovi natijalariga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilarining 22 foizi hozirda SI instrumentlaridan muntazam foydalanmoqda. Tabiiyki, “aqlli mashina” ko‘pchilikning ishini tortib oladi, degan qo‘rquv ham kuchayib bormoqda, ammo bir paytlar bug‘ dvigateli ixtiro qilinganida ham shunday deyishgandi. SI ko‘plab sohalarda hayot sifatini yaxshilash salohiyatiga ega.

Sun’iy intellekt
Sun’iy intellekt

Chunonchi, tibbiyotda u yangi vaktsina va dorilar, jumladan mikroorganizmlar rezistentligiga ko‘proq chidamli antibiotiklar kashf etish sur’atini tezlashtiradi, zararli shishlarni yanada samarali aniqlash va tahlil qilishga yordam beradi, shifokorlarning kunlik hujjat to‘ldirish ishlarini keskin qisqartiradi, qonuniyatlar va tendensiyalarni aniqlashga, kasalliklarning oldini olishga va personal muolajarejalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi.

Generativ sun’iy intellekt shu qadar muhim texnologiyaki, Buyuk Britaniyada uni xavfsiz boshqarish masalalariga bag‘ishlangan tarixda birinchi xalqaro sammit o‘tkazildi. Insoniyatning “mashinalar isyoni”dan qo‘rquvi hech qayerga ketmagan.

XS
SM
MD
LG