Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:55

“Yo panel, yo dor!” - O‘zbekistonda tadbirkorlar va aholi quyosh paneli o‘rnatishga majburlanmoqda


O‘zbekistonda tadbirkorlar va aholi vakillari bankdan kredit olib quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida gapirishmoqda.
O‘zbekistonda tadbirkorlar va aholi vakillari bankdan kredit olib quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida gapirishmoqda.

Gaz va elektr taqchilligi aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan O‘zbekistonda prezident va hukumat quyosh energiyasini muammo yechimi sifatida ko‘rmoqda.

Bu yil qishdagi energetik bo‘hron manzarasida prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashkilotlari va xususiy hamda davlat ulushi bor korxonalarni to‘liq quyosh energiyasiga o‘tkazish haqida topshiriq berdi.

Ayni paytda joylarda tadbirkorlar va aholi vakillari bankdan kredit olib quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotganidan shikoyat qilmoqda.

“Hokimiyatdagilar “yo panel o‘rnatasan yoki korxonangni yopasan”, deyapti. 5 yilga 15 foizli kredit hisobiga 1,6 KWʼlik quyosh panellarini 19 mln so‘mga, 2,2 KWʼligini esa 27 mln so‘mga olishga majburlashyapti”, - deydi Ozodlik bilan suhbatda Hayotullo ismli andijonlik tadbirkor.

“Yo panel, yo dor!”

Andijon viloyatida quyosh paneli o‘rnatish kampaniyasi shu oy boshida Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi ortidan boshlangan.

Mirziyoyev quyosh energiyasidan foydalanish uchun jozibador tizim yaratilishi haqida gapirgandi.

1-fevral kuni Andijonda tadbirkorlar bilan uchrashgan prezident quyosh paneli o‘rnatgan xonadon yoki korxona ehtiyojdan ortib qolgan elektrning 1 kilovatt soatini 1000 ming so‘mdan davlatga sotishi mumkinligini aytdi. Bu O‘zbekistonda aholi uchun belgilangan elektr narxidan uch baravar ko‘pdir.

Prezidentning bu chiqishidan bir kun o‘tib, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yig‘ilish o‘tkazgan, barcha tashkilot rahbarlari va hususiy tadbirkorlarga o‘z hisobidan quyosh panellarini o‘rnatishi kerakligini ta’kidlagan.

Prezident tashrifi ortidan tarmoqlarda tarqalgan va Andijon viloyati hokimi Abdurahmonovga tegishli ekani aytilgan audioda ovoz egasi topshiriqni bajarmagan tashkilot rahbarlari “o‘zini osishi” kerakligini aytadi.

"Qo‘yganlarga rahmat, qo‘ymagan fuqarolar o‘zingni os, yo hayot ,yo mamot, yo quyosh paneli yo dor, dorni eshityapsanmi?".

15-fevral kuni Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Andijonda tadbirkorlar quyosh paneli o‘rnatishga majburlanayotgani haqidagi xabarlarni rad qilib chiqdi.

“Joriy yilning 10-fevral kuni Andijon viloyati hokimining tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida quyosh panellarini kredit asosida olishni xohlaganlar ‘Sanoatqurilishbank’dan imtiyozli kredit olib (15 foiz, 5 yil muddatga, 6 oy imtiyozli davr, 150 million so‘mgacha) o‘rnatishi mumkin ekanligi aytib o‘tilgan”, deyiladi xabarda.

Hokimlik matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda quyosh panellari o‘rnatishning afzalliklariga urg‘u berilib, bu faqatgina tavsiya sifatida aytib o‘tilgan.

"Panelsoqqa"

Navoiy viloyatida ham aholi va byudjet tashkilotlarida ishlovchilar, xususan o‘qituvchilar kredit evaziga o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar olinmoqda.

Navoiylik jurnalist Ruslan Saburov Facebook sahifasida Karmana tumanining “Malik” mahallasida barcha uylarning tomiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilgani haqida yozdi.

Bir kun o‘tib jurnalist Navoiy viloyatining boshqa tumanlaridan ham quyosh paneli o‘rnatishga majburlash bo‘layotgani haqida murojaatlar yog‘ilganini bildirdi.

“Mazkur post chiqqanidan so‘ng boshqa tumanlardan ham lichkamga ushbu masalada murojaatlar yog‘ilib kela boshladi. Demak, bu “panelsoqqa” faqat Karmana emas, Navoiy viloyati bo‘yicha ekan.

Xo‘sh, bu “panelsoqqa” ortida kim turibdi? Nega aholini kredit olishga va quyosh paneli o‘rnatishga majburlashayapti? Savollar yetarlicha.

Men esa masalaning boshqa tomonini ozgina tahlil qilib ko‘rdim. Menga kelgan ma’lumotlar va kecha “Mikrokreditbank”ning Karmana tumani filiali hodimi bilan telefon orqali suhbatimizdan ma’lum bo‘lishicha, Navoiydagi 1,6 kVt.lik quyosh panellari 19 mln so‘mga, 2,2 kVt.lik quyosh panellari esa 27 mln so‘mga taklif etilyapti (to‘g‘rirog‘i majburlanayapti).

Xo‘sh, 1,6 kVt.lik quyosh panellari qancha elektr energiyasi yetkazib berishi mumkin? Taxminan, 8 ta lampochka, muzlatkich va televizor.

Sovutkich, muzlatkich, televizor va chiroqlar, umuman bitta xonadondagi o‘rtacha uy-ro‘zg‘or buyumlarini ishlatish uchun kamida 4-5 kVt.lik quyosh panellari kerak bo‘ladi.

Endi narx masalasida. O‘zbekistonda 1,5 kVt.lik quyosh panellarini 9 mln 850 ming so‘mga, 3 kVt.lik quyosh panellarini 18 mln so‘mga hamda 4 kVt.lik quyosh panellarini 21 mln 700 ming so‘mga taklif qilib turgan kompaniyalar bor. Navoiyda majburlanayotgan narx esa 2 baravar qimmat. Qolaversa 5 yilga 15 foizlik kredit foizlari ham qo‘shiladi buning ustiga”.

Britaniyaning Cable portali o‘tgan yili e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston elektr energiyasi narxi eng arzon bo‘lgan yetti davlatning biri.

Bitta oilani eng zarur elektr energiya bilan ta’minlash uchun (yoritish, televizor, muzlatgich, telefon zaryadkasi) o‘rtacha 1 kVt/soat elektr energiya lozim.

Mamlakatda 1 kVt soat elektr energiyasi aholi uchun 295 so‘m qilib belgilangan.

Bir oila bir oyda 100 kVt elektr ishlatsa 29 ming 500 so‘m bo‘lar ekan. 20 million so‘mlik quyosh panelini o‘rnatsangiz 56 yilda o‘zini qoplar ekan. Bank kredit foizini ham qo‘shib hisoblasa 70 yilga boradi. Unda ham panel uzluksiz tok ishlab berib tursa. Lekin, bizda svet arzon bo‘lgani bilan o‘qib turadi, u tomoni ham bor. Shu hisobdan foydasi bordir quyosh panellarini, lekin shunda ham qimmatga tushadi”, - deydi andijonlik tadbirkor Hayotulla.

Farg‘onadagi quyosh panellarni sotish va o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan Solar Nature shirkati mutaxassisi Qobil Muxammadjonovning Ozodlikka aytishicha, o‘rtacha xonadonga kamida 5 kVtlik quyosh paneli kerak bo‘ladi.

“Quyosh panellarining akkumulyator bilan ishlaydigan hamda tarmoq elektrostansiyasi turlari bor. Akkumulyator bilan ishlaydigan quyosh elektr stansiyalari zaxirada quyoshdan yiqqan energiyasini saqlab turadi va sutkaning istalgan vaqtida undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Shuning uchun ko‘pchilik uylarga shu akkumulyatorlini qo‘yadi. Lekin, akkumulyatorlisi ikki baravar qimmat, akkumulyator qo‘yilishi hisobiga. Har bir kVt panel 22 million so‘mdan boshlanadi. Televizor, xolodilnik bor o‘rtacha xonadonga kamida 5 kVt kerak bo‘ladi. Shunaqa xonadonlar bor 12 kVt yetmaydi. Bundan tashqari quyoshsiz sezonda, bulut quyoshni to‘sib qo‘ygan paytda yoki panellarga chang tushgan paytda, qor tushgan paytda uning samarasi tushib ketadi. 90 foiz ishlab turgan narsa 5 foizgacha tushib ketishi mumkin. Quyosh charaqlab turgan paytda maksimal ishlab beradi”.

O‘tgan yili Energetika vazirligi 2030-yilga qadar umumiy quvvati 8 ming megavatt bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishini e’lon qilgan.

Hukumat qayta tiklanuvchi elektr manbalaridan foydalanishga qaror qilgan aholiga qator imtiyozlar, jumladan uch yilga soliq to‘lovlaridan ozod qilingan bo‘lsa-da, odamlarda quyosh panellari samaradorligiga nisbatan ishonchsizlik bor.

Farg‘onadagi quyosh panellarni sotish va o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan Solar Nature shirkati mutaxassisi Qobil Muxammadjonov ham quyosh panellari samaradorligiga yuz foiz kafolat berib bo‘lmasligini aytadi.

"O‘rnatdim, elektrni o‘zim mustaqil olaveraman, deyish noto‘g‘ri. 100 million so‘m sarfladim, besh yo o‘n yilda chiqarvolaman, deyish ham xomhayollik. Davlatning elektridan mustaqil bo‘ldim, deb o‘ylashingiz mumkin, lekin quyoshga bog‘liqlik bor. Ikkinchidan - qimmat narsa, akkumulyator besh-olti yildan keyin charchaydi, yana almashtirishga to‘g‘ri keladi. Yana rasxod bo‘ladi. Rasxodsiz narsa yo‘q. Lekin, yaxshi tomoni-svet o‘chib qolsa, panelingiz bo‘lsa, sizda alternativa bor. O‘zbekistonda esa, bilasiz, svet tez-tez o‘chib turadi. Yana yaxshi tomoni esa atrof-muhitga foydasi”.

2023-yildan boshlab O‘zbekistonda davlat muassasalari, xo‘jalik ob’ektlari va fermer xo‘jaliklari bosqichma-bosqich muqobil energiya ta’minotiga o‘tishi bildirilgan.

XS
SM
MD
LG