Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:24

Yon berish diplomatiyasi: 10 yil oldin Tojikiston o‘z yerlarini Xitoyga qanday berib yuborgandi?


Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Xitoy rahbari Si Szinpin - Pekin, 7 - noyabr, 2014
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Xitoy rahbari Si Szinpin - Pekin, 7 - noyabr, 2014

O‘n yil muqaddam, 2011 - yil 20 - sentabr kuni Tojikiston hududining bir bo‘lagi Pekinga topshirilishi munosabati bilan Xitoy va Tojikiston harbiylari ishtirokida tantanali marosim o‘tkazilgan edi. Hukumat “diplomatik g‘alaba” deb atagan mazkur qaror pirovardida unga tanqidlar yog‘ilishining asosiy sabablaridan biriga aylandi.

Masala tarixi

Tojikiston aholisi yer berib yuborilganidan 1 - oktabr – XXR davlati tashkil topganining 62 yilligi nishonlanayotgan kunda, Xitoy OAVlari orqali xabar topdi. Holbuki Tojikiston parlamenti tojik-xitoy chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi protokolni 2011 - yil 12 - yanvarda ratifikatsiya qilgan edi. Hujjatga binoan, Sharqiy Pomirdagi 1 ming 158 kvadrat kilometr bahsli hudud – Tojikiston umumiy maydonining 0,77 foizi Pekin yurisdiksiyasi ostiga o‘tdi.

“Mazkur protokolning imzolanishi tojik diplomatiyasining buyuk g‘alabasidir”, degandi o‘shanda deputatlar qarshisida Tojikistonning o‘sha paytlardagi tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy.

Mulozim 1884 - yilda Xitoy va Rossiya “Yangi Marg‘ilon” nomli bitim imzolaganini, unga muvofiq hozirgi Xitoy hukumati 28 ming kvadrat kilometrdan ortiq tojik yerlariga da’vo qilganini urg‘ulagan. “Bu mamlakatimiz hududining salkam 20 foizini tashkil qiladi, – deya parlament a’zolariga eslatgandi Tojikiston TIV rahbari. – Protokol imzolanganidan so‘ng esa Xitoyga ushbu nizoli hududning atigi 3 foizga yaqin qismi tegyapti xolos”.

“Tojik-xitoy davlat chegarasi to‘g‘risida”gi shartnomaning o‘zini tomonlar 1999 - yilda‑yoq imzolagan edi. O‘shanda ikki mamlakat chegarasidagi uch bahsli bo‘lakdan ikkitasining taqdiri hal qilingan. Tojikiston Karzak dovonidagi bahsli hududni o‘z qo‘lida saqlab qolgan, ammo Markansuv daryosi yaqinidagi boshqa bo‘lakning qariyb yarmidan – 400 kv. km. maydondan Xitoy foydasiga voz kechgan.

Uch yildan so‘ng, Pekinda protokol imzolanishi bilan Murg‘ob viloyatidagi bahsli hudud masalasida ham kelishuvga erishildi. Biroq hujjat Tojikiston parlamentida o‘n yildan so‘nggina ratifikatsiya qilindi va shunga qaramay, jamiyatda norozilik uyg‘otdi.

Yopiq eshiklar ortidagi muhokama

Tojikiston milliy alyansi va hozirda Tojikistonda taqiqlangan Islom uyg‘onishi partiyasi raisi Muhiddin Kabiriy 2011 - yilda hukumatning mamlakat yerlarini Xitoyga berish qaroriga qarshi chiqqan kamsonli muxolifat vakillaridan biri bo‘lgan edi.

“Bu Emomali Rahmon amalga oshirgan maxfiy, aksilkonstitutsion va xiyonatkorona amaliyotdir. Tojik xalqi eng so‘nggi daqiqada voqif qilindi, bu ishga qarshi nimadir qilish uchun fursat qo‘ldan ketib bo‘lgandi”, deb hikoya qiladi Muhiddin Kabiriy.

Muxolifat siyosatchisiga ko‘ra, tojik hukumatining qarori Tojikiston Konstitutsiyasining mamlakat hududining bo‘linmas va daxlsizligini kafolatlovchi yettinchi moddasiga zid, parlamentdagi muhokamalar esa shunchaki rasmiyatchilik bo‘lib, bu jamoatchilikka ma’lumot berilganini bildirmaydi.

2004 - yildan boshlab tojik-xitoy hukumatlararo komissiyasi a’zosi bo‘lgan marhum akademik Rahim Masov ham o‘sha paytlar bu masalada hukumatga ters fikrda edi. Bi-bi-siga bergan intervyusida u Tojikiston hududi Xitoy tasarrufiga o‘tishi haqidagi hujjatga imzo chekmaganini aytgan.

“Tojikiston hukumatining ushbu qarori xato bo‘ldi. Davlatimizning hududiy yaxlitligi va bo‘linmasligi har bir tojik uchun nomus va qadr-qimmat masalasidir”, degan edi akademik Rahim Masov.

Hukumat qarori Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati aholisi orasida ham norozilik uyg‘otdi. Konstitutsiyaga muvofiq, viloyatning muxtoriyat maqomi mazkur bitimning viloyat parlamenti darajasida ma’qullanishini talab qilardi, biroq viloyat Xalq deputatlari majlisi hujjatni ma’qullagani haqida birorta ham rasmiy xabar e’lon qilingani yo‘q.

Tarixiy da’volar

Hukumatning rasmiy ritorikasiga ko‘ra, tojik yerlari uchun hududiy nizolar yuz yildan ortiq davom etib, oxirgi protokol ratifikatsiya qilinishi bilan muammo barham topgan. Ammo Xitoy ommaviy axborot vositalari zamonaviy Tojikiston hududi go‘yo Xitoyga tegishli bo‘lgani haqidagi o‘z tarixiy talqinini tiqishtirishda davom etib, vaqti-vaqti bilan tojik TIVning jig‘iga tegib turadi.

Tojik tarixchisi Kamoliddin Abdullayev “Pomirning egasi kim?” nomli maqolasida yozishicha, Xitoy kuchga to‘lgan yillarida bufer (oraliq) hududlarni (Shinjon, Mo‘g‘uliston va Tibet nazarda tutilmoqda) bosib olgan, ammo zaiflashgani zahoti ularni boy bergan.

“1864 - yilda Rossiya va Xitoy Chuguchak protokolini imzolashdi, unga ko‘ra, Oltoy va Kurchum o‘lkalari, Zaysan ko‘li, Tarbagatay, Olatov, Tyan-Shan Rossiyaga o‘tdi. 1873 - yilgi Angliya-Rossiya bitimi Pomirda chegara chizig‘ini belgilab berdi va Britaniya Hindistoni va Rossiya Markaziy Osiyosi o‘rtasidagi torgina afg‘on bufer zonasi sifatida Vaxan yo‘lagini vujudga keltirdi.

Keyinroq kommunist Xitoy Chor Rossiyasi bilan tuzilgan chegara bitimlaridan norozilik bildirdi. Shu bilan birga, Xitoy tomoni Pomirga da’volarini 1884 - yil 22 - mayda imzolangan, chegara chizig‘ini bor-yo‘g‘i Farg‘ona viloyati va Qoshg‘ardan Uzbel chegara dovonigacha (taxminiy kengligi 38°40′, Oq Baytal dovoni yaqinida) chizib bergan Yangi Marg‘ilon protokoli bilan dalillaydi. Qolaversa, mazkur protokolning 3-moddasida chegara juda mavhum ifodalangan. Unga ko‘ra, Rossiya chegarasi Uzbeldan janubi-g‘arbga – Xorog tarafga, Xitoyniki esa janubga, Afg‘oniston tomonga ketadi va hozirgi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining katta qismini “hech kimga tegishli bo‘lmagan” yer sifatida qoldiradi.

1894 - yilda o‘zaro diplomatik notalar almashilgach, xitoylar va ruslar Pomirni Sariko‘l tizmasi bo‘ylab bo‘lib olishdi harqalay. O‘sha chegara bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda. Ammo Xitoy tomoni Pomirga oid da’volaridan uzil-kesil voz kechmaganini yashirmaydi va mazkur bitimga “muvaqqat” hujjat kabi qaraydi”, deb yozadi tarixchi.

Tagi puch dalillar

Muxolifat siyosatchi Muhiddin Kabiriyga ko‘ra, tojik yerlari uchun yuz yildan beri davom etayotgan bahs haqidagi gap-so‘zlar hokimiyatning qilmishini oqlashga urinayotgan mulozimlardan chiqmoqda va ular quyidagi sabablarga ko‘ra asossizdir:

– Xitoy bilan SSSR yoki Rossiya imperiyasi o‘rtasida qanaqadir kelishmovchilik bo‘lgan bo‘lsa ham, Tojikistonga buning hech bir aloqasi yo‘q. Rossiya TIVning rasmiy notasiga ko‘ra, ushbu mamlakat barcha xalqaro nizolar va bitimlar yuzasidan huquqiy voris hisoblanadi. Xitoy bilan boshqa bir mamlakat o‘rtasidagi nizo va bitimlarning 1991 - yildan beri xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti bo‘lmish Tojikistonga daxli yo‘q.

– Xorog yaqinida ierogliflar bitilgan tosh topilganini ro‘kach qilishlari, ya’ni tarixiy fakt sifatida shunga suyanishlari (tojik parlamenti xuddi shunday yo‘l tutgan edi) nafaqat kulgili, balki tamom ters ma’noni bildiradi. Ana, qo‘shni mamlakatlarda tojik tilidagi so‘zlar bitilgan minglab yozuvlar va tarixiy hujjatlarni topish mumkin, lekin bu bizga qo‘shnilarimizga nisbatan hududiy da’vo qo‘zg‘ash huquqini bermaydi-ku?

Ozodlik suhbatdoshining ta’kidlashicha, to hukumat Xitoy o‘z da’vosini asoslash uchun taqdim etgan dalillarni jamiyat bilan o‘rtoqlashmas ekan, bu gap-so‘zlar cho‘pchak bo‘lib qolaveradi.

Yerdan voz kechish – yangi iqtisodiy imkoniyat sifatida

Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng Xitoy Primorye o‘lkasi, Amurbo‘yi va Markaziy Osiyodagi jami 1500 kvadrat kilometrlik hududga da’vo qilib chiqdi. Ikki tomonlama kelishuvlar natijasida Pekin qo‘shni mamlakatlarning bir qismini olishga muvaffaq bo‘ldi ham. Jumladan, Rossiya – dastlab Daman, keyin Tarabarov orollarini va Katta Ussuriyskning yarmini, Qozog‘iston – 407 kv.km va Qirg‘iziston 12 kv.km yerini Xitoyga berdi. Tojikiston, sanab o‘tilgan mamlakatlar orasida hududi bo‘yicha eng kichigi ekani holda Pekinga eng ko‘p – o‘z hududining 1 ming 158 km. kilometrlik bo‘lagini berdi.

Biroq hukumatga yaqin doiralarda bu hududiy yonberishlarga nisbatan keskin munosabat sezilmaydi. “Yer talashish dunyoning barcha mamlakatlariga xos. Chegaralar masalasida o‘z qo‘shnilari bilan ziddiyatga bormagan davlatni topib bo‘lmaydi. Ularning har biri masalaga yechim topish uchun tarixiy va boshqa faktlarga murojaat qiladi. Yaxshi hamki, Xitoy bilan o‘rtamizda qurolli yoki boshqa siyosiy kurash bo‘lmagan. Biz barcha masalalarni madaniy tarzda va diplomatik yo‘llar bilan hal etdik va men bizning mamlakatimiz bundan zarar ko‘rdi, deb o‘ylamayman”, deydi Tojikiston Xalq-demokratik partiyasi apparati rahbari Abdurahmon Xonov.

Mulozimning aytishicha, bugungi kunda Tojikiston Xitoy bilan barcha sohalarda samarali hamkorlik qilmoqda va ushbu aloqalar natijasidan ikkala tomon ham mamnun.

So‘nggi yigirma yil ichida Xitoy Tojikiston iqtisodiyotining asosiy investorlaridan biriga aylandi. O‘tgan yili ikki mamlakatning o‘zaro mahsulot aylanmasi 1.5 mlrd dollarni tashkil qilgan edi. Tojikiston tashqi qarzining katta qismi ham Xitoyga to‘g‘ri keladi. Ushbu mamlakat Tojikistonning uch asosiy iqtisodiy hamkoridan biridir, 2013 - yildan boshlab u strategik hamkor maqomiga ega.

XS
SM
MD
LG