Линклар

Шошилинч хабар
20 август 2022, Тошкент вақти: 07:18

65 yosh va nollashtirish. Shavkat Mirziyoyev tug‘ilgan kunini "oila davrasida" nishonladi


Prezident Shavkat Mirziyoev

24-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning matbuot xizmati Rossiya prezidenti Vladimir Putin 65 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rahbarini Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlaganini tasdiqladi.

"Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidentimiz rahbarligida iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot yo‘lidan muvaffaqiyatli borayotgani, xalqaro masalalarda konstruktiv rol o‘ynayotganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, u kuni kecha Shavkat Mirziyoyevni do‘stlik va ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdagi katta xizmatlari uchun Rossiyaning yuksak davlat mukofoti – Aleksandr Nevskiy ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida farmon imzolanganini xabar qildi", deyiladi rasmiy xabarda.

Putinning farmoni 23-iyul kuni Rossiya hukumatining rasmiy huquqiy axborot internet-portalida e’lon qilingan.

Farmonda Shavkat Mirziyoyev "Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari uchun" taqdirlangani aytilgan.

Aleksandr Nevskiy ordeni taniqli xorijiy siyosiy va jamoat arboblariga, xorijiy davlatlar ishbilarmon doiralari vakillariga RF bilan ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi xizmatlari va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ko‘magi uchun beriladi. Aleksandr Nevskiy Rossiya tarixidagi uch davr - Rossiya imperiyasi, sovet davri va bugungi Rossiya Federatsiyasida amal qilgan yagona ordendir.

O‘tgan oy Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati Qasim-Jomart Toqayev Rossiya hukumatining Aleksandr Nevskiy ordeni olishdan bosh tortgani haqida xabar tarqatgandi. Qozog‘iston rahbarining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay Toqayev prezidentlik vakolatlari tugagunicha milliy va xorijiy mukofotlarni qabul qilmaslikka ahd qilganini bildirgan.

"Papa"

Prezident matbuot xizmati xabarida aytilishicha, prezident Putindan tashqari, Mirziyoyevning tug‘ilgan kuni munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matviyenko, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Rossiya va Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi Raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev, shuningdek, Xitoy va Turkiya prezidentlari hamda Markaziy Osiyo davlat rahbarlari ham tabrik yo‘llagan. Prezident matbuot xizmati Shavkat Mirziyoyev 65 yoshini qanday qutlagani haqida ma’lumot bermadi.

Ozodlikning O‘zbekiston Madaniyat vazirligidagi manbasiga ko‘ra, prezident tug‘ilgan kunini "oila davrasi"da nishonlagan va "hech qanday konsert" bo‘lmagan. O‘tgan yillarda davlat rahbarining tug‘ilgan kuni munosabati bilan uyushtirilgan tadbirlardan yaxshi xabardorligini aytgan manbaning ta’kidlashicha, Mirziyoyevning 65 yilligida kuy-qo‘shiq dasturi uchun tayyorgarlik ko‘rish haqida oldindan topshiriq bo‘lgan. Ammo keyinroq prezident tug‘ilgan kunini "oila davrasida" nishonlashi aytilgan. Manba tadbir rejasiga kiritilgan o‘zgarish "Qoraqalpog‘istonda yuz bergan voqealar" bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. "Kayfiyat shunaqa", dedi Ozodlikning O‘zbekiston Madaniyat vazirligidagi manbasi.

O‘tgan yillardan farqli, prezident Mirziyoyev oilasi mansublari ham uning tug‘ilgan kunida yangi oilaviy suratini bo‘lishganlari yo‘q. Prezidentning tarmoqlarda eng faol to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ushbu sana bilan bog‘liq hech qanday post qo‘ymadi. Prezidentning kenja kuyovi, Prezident Xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarov esa tarmoqlardagi sahifalariga prezident surati bilan "Tavallud ayyomingiz muborak!" degan qisqa tabrikni joyladi.

"S yubileem, Papa!" deb yozdi Umarov rus tilidagi tabrigida.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek blogerlari va tarmoq faollari prezidentni tug‘ilgan kuni bilan tabriklash borasida ikkiga bo‘lindi. "Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin janob Prezident" deb yozgan taniqli bloger Dima Qayum ayrim tarmoq faollari tomonidan malomat qilindi.

"Ichingizdagi maddohni o‘ldiring" deb yozdi bloger Sardor Salim o‘zining posti ostidagi izohlarda.

"Qanaqa maddohlik? Jamiyki rahbarlarga qishloq muammolarini aytyapman, iloji boricha hammasi bo‘lyapti gazdan tashqari. Odam rahmat deyishni ham bilishi kerak... Mayli maddoh deng, ammo qishloqlardagi odamlarni hayoti ozgina bo‘lsa ham o‘zgarayotganiga xursandman!", deb javob berdi Dima Qayum.

65 yosh va yana ikki muddat

Yakshanba kuni 65 yoshga to‘lgan Shavkat Mirziyoyev hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan konstitutsiyaning yangi tahririda umumxalq referendumida ma’qullangani taqdirda, 2026-yildan so‘ng 7 yildan yana ikki muddat prezidentlikka saylanishi mumkin. Bu amalda Mirziyoyev 2040-yilgacha yoki umrbod hokimiyatda qolishini anglatadi. Uning o‘zi Qoraqalpog‘istonda zo‘ravon namoyishlarga olib kelgan va kamida 21 kishining hayotiga zomin bo‘lgan konstitutsiyaning yangi tahriridagi ayni o‘zgarishlar borasida gapirmagan. O‘tgan yil oktabridagi prezident saylovlari ortidan konstitutsiyani o‘zgartirish saylovchilarning talabi ekanini aytgan Mirziyoyev 2026- yildan keyingi rejalari bilan ham o‘rtoqlashganicha yo‘q. Mahalliy va xorijiy matbuotda prezidentni savolga tutishning imkoni yo‘q - Mirziyoyev hozirgacha biron marta na mahalliy va na xorijiy matbuotga yuzma-yuz va ochiq intervyu bermagan.

2016-yil sentabrida prezident lavozimini egallagunicha 13 yil davomida O‘zbekiston hukumatiga rahbarlik qilgan. Uning Karimov o‘limi ortidan mamlakat konstitutsiyasida nazarda tutilgan Senat raisi o‘rniga vaqtincha prezident lavozimini egallashi hokimiyat o‘tish jarayonining legitimligi borasida savollarni paydo qilgan edi.

Keyinroq Mirziyoyevning Karimov davridagi siyosiy mahkumlarni ozodlikka chiqarishi, qora ro‘yxatlarni tugatishi va liberal islohotlar kun tartibini e’lon qilishi mamlakat ichkarisi va tashqarisida islohotchi rahbar imijining shakllanishiga turtki bo‘ldi. Biroq ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi o‘zgarishlarni, kutishlarning aksiga, jiddiy siyosiy islohotlar ta’qib etmadi. Xususan, 2016-yil dekabri va 2021-yil oktabridagi prezident saylovlari Karimov davridagidan farq qilmagani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan tanqid qilindi.

O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirishi kutilgan xususiylashtirish va iqtisodiy erkinlashish jarayonlari esa, mamlakatda oligarxiyaning vujudga kelishi borasida xavotirlarni paydo qildi. Mirziyoyev hukumati boshqaruvdagi nepotizm, korruptsiya va manfaatlar to‘qnashuviga doir savollarni javobsiz qoldirib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG