Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:13

"Yoshlarning urushdan o‘z xayoliy dunyosiga qochishi". Ekspert "Ryodan" harakati haqida


5-mart kuni Kiyev viloyati politsiyasi Rossiyada paydo bo‘lgan “Ryodan” yoshlar harakatiga doir ma’lumotlarni e’lon qildi: Telegramda 160 ta ukrain guruhlari bor ekan. Politsiya boshlig‘i Andrey Nebitovga ko‘ra, ularda 12–17 yoshlardagi 1600 o‘smir ro‘yxatdan o‘tgan. Nebitov Ukraina maxsus xizmatlari “Ryodan”ni Rossiyaning Ukraina hududidagi axborot-psixologik operatsiyasi deb hisoblashini aytar ekan, ukrain guruhlarida vatanparvar yoshlar borligi aytdi. Ekspertlar fikricha, harakatning Belarus, Rossiya va Ukrainada yoyilishi yoshlarning urush realligidan chekinish istagi bilan bog‘liq.

“Guruhlardagi yosh yigit-qizlar vatanlariga sodiq, ammo ularga nima yaxshiyu nima yomonligini tushuntirish kerak, aks holda yoshlarimizdan zo‘ravonlik maqsadlarida foydalanishlari mumkin”, deydi Kiyev viloyati politsiyasi boshlig‘i Andrey Nebitov. U, shuningdek, Ukrainada “AntiRyodan” nomli harakat ham vujudga kelganini ma’lum qildi.

“Ryodan” Rossiyada fevral oyi oxirlarida o‘rtaga chiqqan bo‘lsa, o‘shandan beri Ukrainaning Xarkov, Kiyev, Lvov, Lutsk, Ivano-Frankovsk, Chernovsi, Jitomir va boshqa shaharlarida ham uning tarafdorlari paydo bo‘ldi. Ukraina Milliy politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, fevralning so‘nggi ikki kunida mamlakatning turli hududlarida yoshlarning 30 ga yaqin yig‘ini bo‘lib o‘tgan.

Ukrainada “ChVK Ryodan”ga oid kamida 30 ta kanal va guruhlar bloklab qo‘yilgani aytilmoqda. ChVK “chastnaya voyennnaya kompaniya”, ya’ni “xususiy harbiy shirkat” degani bo‘lib, u Ukrainaga qarshi jang qilayotgan “ChVK Vagner”ga ishoradir. Biroq Rossiyadagi harakatning ayrim a’zolari ChVK qisqartmasi harakat nomiga hazil tariqasida qo‘shilgan va u aslida kiyim-kechak brendi bilan bog‘liq, deyishadi. Pirovardida bu harflar olib tashlandi va Rossiya harakati faqat “Ryodan” deb ataladigan, ya’ni yaponlarning “Geney Ryodan” jinoiy guruhi haqidagi Hunter x Hunter mangosiga daxldor submadaniyatni tamsil etadigan bo‘ldi. Mazkur guruhning ramzi – o‘rgimchak: harakat a’zolari o‘rgimchak tasvirli kiyim va odatda katak gulli shalvor kiyib yuradilar.

Rossiya va Ukrainadagi savdo markazlarida animechilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuvlar yuz bergan.
Rossiya va Ukrainadagi savdo markazlarida animechilar o‘rtasida ommaviy mushtlashuvlar yuz bergan.

Ijtimoiy tarmoqda “Ryodan”ning rossiyalik yetakchilaridan biri harakatning asosiy g‘oyasini yoshlarning “haqiqat va fikr bildirish erkinligi uchun kurashi”, deya ta’rifladi. Unga ko‘ra, “yoshlar kiygan kiyimi va soch kuzagi uchun ta’qib va zulmga duchor bo‘lmaslikni, jamiyat ularni boricha qabul qilishini istaydilar va aks holda bo‘ladigan ish bo‘ladi”. Yetakchi, aftidan, agressiv mushtlashuvlarga shama qilyapti. Harakatni tanitgan narsa ham aynan Moskva hamda Peterburg savdo markazlarida bo‘lgan ommaviy mushtlashuvlar bo‘ldi: bu ziddiyat tashqi ko‘rinish bilan bog‘liq, chunki “Ryodan” – “ofniklar”, ya’ni janjalga bahona qidiradigan ko‘cha zo‘ravonlari, bezorilar va skinxedlar bilan o‘chakishib qolgan. “Ofniklar” o‘z tasavvuridagi tashqi ko‘rinish normalari nomuvofiq bo‘lishgani uchun “ryodanchi” tengdoshlarini ochiqcha kamsita boshlashgan ekan.

Ukrainada “Ryodan” muxlislari paydo bo‘lgan ilk shaharlardan biri – Lvovda 27-fevral kuni o‘smirlar ommaviy mushtlashuv bo‘lishi rejalanayotgan joylar haqida ma’lumot tarqatishdi. Politsiya zo‘ravonlikning oldini oldi, shuningdek aholini yoshlarning to‘planishlari haqida xabar berishga chaqirdi.

“Politsiya o‘smirlar ulashgan ma’lumotni tahlil qildi. Bir joyda bekat orqasiga o‘tib mushtlashishgan ekan, ammo rejadagi ommaviy kaltakbozlik bo‘lgani yo‘q. Men bu radikal harakat Ukrainada Rossiya tarafidan atay tashkil qilingan, deb bilaman. U yerda bunaqa harakat anchadan beri bor va taqiqlanmagan. Ukrain jamiyatida yoshlarning o‘z fikr va qarashlarini ifoda etishida hech bir muammo yo‘q, hech kim ularni tashqi ko‘rinishi uchun kamsitmaydi. Shu bois, mazkur submadaniyat sun’iy ravishda va ommaviy qo‘zg‘atilyapti, koordinatorlar belgilanmoqda, ular harakat nafaqat Rossiyada, balki Ukrainada ham borligini namoyish etishga intilmoqdalar, boz ustiga ikki mamlakat urushayotgan paytda. Menimcha, bu ishlar Rossiya maxsus xizmatlari tarafidan buzg‘unchilik maqsadida qilinyapti”, deydi vaziyatni politsiya bilan birga kuzatgan Lvov shahar kengashi deputati Igor Zinkevich.

Ko‘plab ukrain mulozimlari “Ryodan”ni Rossiya bilan bog‘layotgan paytda Xavfsiz internet ligasi rahbari, Rossiya Jamoatchilik palatasi a’zosi Yekaterina Mizulina ushbu harakatni G‘arb dunyosi ta’siri, deb hisoblaydi. Biroq, masalan, Belarusda “Ryodan” tarafdorlari o‘zlarini Rossiyadagi analogik harakatdan ayro ko‘rmaydilar. “Ryodan-Belarus” telegram-guruhida ayrimlar harakat uchun bayroqning ahamiyati yo‘qligini uqtirib, Belarus bayrog‘i ustiga chiziq tortilgan suratlarni ilova qilishgan bo‘lsa, ba’zi beloruslar Rossiya bayrog‘i aks etgan stikerlardan foydalanishadi. Yana bir qiziq jihat shuki, Telegramda ukrain va belorus kanallari bir paytda – fevralning oxirlarida paydo bo‘lgan, Rossiya, Ukraina va Belarusdagi o‘smirlarning ommaviy mushtlashuvlari ham sinxron tarzda yuz bergan. 28-fevral kuni Gomeldagi “Sikret” savdo markazida 200 kishi qo‘lga olindi, ularning mutlaq aksari – voyaga yetmaganlar. “Ryodan Belarus” guruhida taxminan 400 a’zo bor, 23-fevralda ochilgan Minsk “Ryodani” esa 300 kishini birlashtiradi.

Sankt-Peterburgdagi "Galereya" savdo markazida "ChVK Ryodan" a’zolari bo‘lgan o‘smirlarning politsiya tomonidan hibsga olinishi.
Sankt-Peterburgdagi "Galereya" savdo markazida "ChVK Ryodan" a’zolari bo‘lgan o‘smirlarning politsiya tomonidan hibsga olinishi.

Harakatning Ukrainadagi muxlislari ko‘proq Tik-Tok tarmog‘ida to‘plangan. Telegramda “ChVK Ukraina” kanali bor. Lvov shahar kengashining boshqarma boshlig‘i Andrey Zakalyuk ma’muriyat yangi submadaniyat o‘smirlarga qanday ta’sir etayotganini aniqlash maqsadida vaziyatni o‘rganayotganini aytadi:

“Ommaviy nomatlub xatti-harakatga va bolalarning yalpi ishtirokiga olib boruvchi hamma narsa xavfli. Lvov o‘smirlarining muddaosini hozircha bilmaymiz. Buzg‘unchilikni kim boshlagani ham noma’lum. Ko‘plab yoshlar, tabiiyki, oddiy taqlidchi. Endi kattalarga savol: sizlar nima qilyapsiz? Men aybni bolalarga to‘nkamagan bo‘lardim. Chunki alohida-alohida gaplashib, xavf-xatarni tushuntirsangiz, 99 foizi tushunadi va bu yo‘ldan qaytadi. Axir bu o‘smirlar, ular qaltis ish qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ammo, Ukrainada ushbu harakat tezda yo‘q bo‘lib ketishiga ishonchim komil”, deydi mulozim.

Lvovda ma’muriyat va politsiya ommaviy mushtlashuv bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. Kiyevda ham politsiya tez ishga kirishib, zo‘ravonlik boshlanmasdan o‘smirlar tutib kelgan. Biroq Xarkovda Ukraina Jinoyat kodeksining 294 (ommaviy tartibsizlik) va 304-(voyaga yetmagan shaxslarni g‘ayriqonuniy faoliyatga jalb etish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Xarkov Tergov boshqarmasi boshlig‘i Sergey Bolvinovga ko‘ra, politsiya telegramda o‘smir tomonidan 27-fevral kuni o‘z harakatlarini kelishish uchun ochilgan chatni aniqlagan.

Bugungi kunda Ukrainada ichki vaziyatni beqarorlashtirish uchun tuzilgan 18 ta kanal va guruh bloklangan, deya ma’lum qildi Milliy politsiyaning Yuvenal prevensiya boshqarmasi boshlig‘i Vasiliy Bogdan. Unga ko‘ra, 700 dan ziyod kishi politsiya boshqarmalari va bo‘limlariga olib kelingan, aksari – voyaga yetmaganlar. Politsiya o‘smirlar va ularning ota-onalari bilan profilaktik tadbirlarni amalga oshirmoqda.

“Mazkur submadaniyatning sun’iy tarqatilishi – Rossiya propagandasining navbatdagi axborot-psixologik amaliyoti hamda o‘smirlarni g‘ayrihuquqiy faoliyatga tortishga urinishdir”, deyiladi Ukraina Milliy politsiyasining rasmiy xabarnomasida. Ukrain politsiyasi va kiberpolitsiyasi hozirda harakatning moliyaviy manbalarini, kanallar administratorlari va ommaviy mushtlashuvlar tashkilotchilarini aniqlash bilan shug‘ullanmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi oqibatlariga duch kelgan ukrain o‘smirlari qalbini nega aynan Rossiya submadaniyati zabt etmoqda? Bola huquqlari bo‘yicha ekspert Kristina Shabatga ko‘ra, hamma gap o‘smirlik yoshi murakkabligida.

“Sun’iy yaratilgan va nazorat qilinadigan xaos bu. Politsiya harakatni jilovlab turibdi. O‘smirlar, agar ularda muqobil muhit bo‘lmasa, dunyoda o‘z o‘rinlarini izlab qolsalar, ana shunaqa submadaniyat ta’siriga tushishadi. Yangi submadaniyatlar o‘smirlar uchun tabiiy hol, lekin gap harakatning maqsadi va nima uchun tashkil qilinganida. Yosh yigit-qizlar bu Rossiyadan kelgan harakat ekanini bilgan, deb o‘ylamayman. Ko‘pchilik buni shunchaki olishuv, o‘zligini namoyon qilish vositasi deb bilgan, oqibatlari haqida o‘ylamagan”, mulohaza qiladi Kristina Shabat.

Kiyevdagi Fuqaro erkinliklari markazi tahlilchisi, submadaniyatchilar va o‘ta o‘ng guruhlar bo‘yicha ekspert Vyacheslav Lixachyov Ozodlik muxbirining Ukrainadagi “ChVK Ryodan” harakati mazmun-mohiyati haqidaga savollariga javob berdi.

– “Ryodan” harakati Ukrainada nega bu qadar tez yoyildi?

– Bu o‘smirlar to‘garagini harakat o‘laroq talqin qilish hatto Rossiyada ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Lekin Rossiyada, harqalay, shunaqa to‘garak rostdan ham bor. U yerda “ChVK Ryodan” tilga tushib, mashhur bo‘lib ketgani sababi shuki, uning to‘rt a’zosi tashqi ko‘rinishi vajidan tirg‘algan bir necha gopnik bilan yaxshi mushtlashib, tasodifan kameraga tushib qolgan. Biroq Ukrainada “ChVK Ryodan” harakati mavjud emas. Bu nomdan foydalanib, telegram-kanallar ochgan bir qancha o‘smirlar bor, xolos. Men aynan “foydalangan” deyapman, chunki “Ryodan” so‘zining ma’nosini bilishmaydi chog‘i, tarmoqlarda ukrainchada noto‘g‘ri yozishmoqda. Nazarimda, ular mediadagi xaypdan bir oz foydalanib, telegram-kanallar va guruhlar ochib, shu orqali reklamadan pul ishlamoqchi bo‘lishgan. “Ryodan” hozirda internetda eng ko‘p qidiruv so‘rovlaridan biri bo‘lib turibdi. Biroq bu tushunarsiz tovushlar yig‘indisini izlovchilarning aksari na biron submadaniyatga daxldor, na “Ryodan” harakatiga.

Ukrain o‘spirinlarga kelsak, ularni darhol Rossiyadagi submadaniyat va uning buzg‘unchi maqsadlari bilan bog‘lashgani bu yoshlar uchun yoqimsiz syurpriz bo‘ldi. Ikkinchidan, Ukraina yoshlari hanuz rossiyalik tengqurlari bilar bitta axborot makonida ekani ham ma’lum. Besh kun avval Ukrainada 14-15 yoshli sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari va futbolsevar yigit-qizlar “Ryodan” harakati tevaragidagi media shovqinida ko‘chalarga chiqishgan. Politsiya zudlikda aralashmaganida bu ikki guruh bir-biri bilan yoqalashib ketishi muqarrar edi. Bir necha yuz o‘spirin ushlangan, ko‘pchiligi – Xarkovda. Shu bilan tamom.

– Ammo milliy politsiya Ukrainaning turli shaharlarida yoshlarning 30 ga yaqin yig‘ini bo‘lganini qayd etmoqda. Lьvovda esa “ommaviy tartibsizliklar” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan. Har holda, bu voqealar oddiy media shovqini emasdek tuyulyapti...

– Albatta, o‘smirlar rostdan ham jismonan ko‘chalarga chiqishgan, lekin ular mazkur harakat mansublari emas, ularni “Ryodan” muxlislari safiga qo‘shgan – jurnalistlar. Ukraina politsiyasi xabarnomalarida ham hibsga olingan yoshlarning biron submadaniyatga mansubligi haqida sukut saqlangan yoki tayinli javob berilmagan. Xullas, o‘smirlar rostdan ham ko‘chalarga chiqishgan, ularni ushlashgani ham rost, har biri bilan alohida suhbat qilingan. Zamon tinch bo‘lganida boshqa edi. Harbiy holat amalda ekani va yig‘ilishlar o‘tkazish qonun bilan cheklangani uchun politsiya ularni tutdi. “Ryodan” Rossiyaga oid agressiv harakat, degan qarash ildiz otib bo‘lgani uchun endi bu yoshlar benasib qolmasa kerak. Jinoiy bo‘lmasa ham, biron ma’muriy jazo berilishi tayin.

– Urush Ukraina yoshlarining xulq-atvorida qanday akslanmoqda? Xatti-harakatlariga ta’sir etyaptimi?

– Hozirgi zamonda o‘smirlar hayoti avvalgidek emas. Virtual maydonning muloqot va fikr almashuvdagi roli, umuman virtual voqelikning, kanallar, guruhlar va chatlarning o‘smirlarga ta’siri juda katta. Boshqa tomondan. Har qanday zararli narsani Rossiyaga yoki Rossiya maxsus xizmatlariga nisbat berib, muammodan osonroq qutulish mumkin. Odamlar ancha jizzaki bo‘lib qolishgan, bir yildan beri ekstremal stress holatida yashash oson emas, ayniqsa o‘smirlar uchun. Bular bari axborotni tanqidiy qabul qilish layoqatini kamaytiradi. Shu ma’noda urushning ta’siri bor, albatta.

– Rossiya Ukrainaga qarshi shafqatsiz urush boshlaganidan so‘ng Ukraina yoshlari Rossiya axborot makoni mahsulotlariga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishyapti?

– Murakkab savol. Balki yomon ko‘rish, nafrat hislarini tuyishayotgandir. Lekin ikki xalq yoshlarining taasub va taqlid manbalari hanuz bir xil. Bu anime submadaniyatiga ham taalluqli. O‘smirlar tashqi ko‘rinish, kiyim-kechak va xulq-atvorda bir-birlaridan ulgi olishadi. “Ryodan” misolidagi taqlidchilikni esa eskapizm, ya’ni o‘smirlarning tevarakdagi shafqatsiz, komfortsiz, og‘ir hayotdan qochib, o‘z taxayyulidagi romantik olamga chekinishga intilishi, deb bilaman.

– Bundan chiqdi, eskapizm ildizi Rossiya bilan Ukrainada umumiy ekan-da, u yerda ham, bu yerda ham o‘smirlar harbiy ritorikadan, urushdan o‘zini olib qochishga urinayotgan ekan-da?

– Umuman olganda, ha. Bir mamlakatda o‘smirlar boshlariga yog‘ilayotgan chinakam bombalardan xayoliy dunyoga qochishni istayotganini, narigi mamlakatda esa o‘smirlarni pochta qutilariga tashlanayotgan chaqiruv qog‘ozlari real voqelikdan bezdirayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, ikki holatda ham sabab bitta – urush. Umuman, barcha fanatik submadaniyatlarning ishlash mexanizmi bir xil bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG