Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:43

“Z-parastlik”. Qozog‘iston urush va bo‘lginchilik ramziga qarshi qanday kurashyapti?


Olmaotada urushga qarshi namoyish. 6-mart, 2022.
Olmaotada urushga qarshi namoyish. 6-mart, 2022.

Qozog‘istonda, xususan, Olmaota, Qo‘stanay, Uralьsk va Chimkentda Z harfi yopishtirilgan avtomobillar qayd qilindi. Bu harfni hatto Boyqo‘nir kosmodromida ham ko‘rishgan. Ammo qozog‘istonlik jamoatchi faollar bo‘lginchilik ramzi yoyilishiga qarshi kurash olib borishmoqda. Hukumat muammo haqida baralla gapirishdan cho‘chiydi, lekin rasmiy idoralar Z belgisi tushirilgan avtomobillar egalarini jazolashning yo‘lini topishyapti.

Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoralovchilar “yangi svastika” deb atayotgan Z harfi urushning ilk kunidayoq paydo bo‘ldi va tez orada ushbu fojiaviy voqealar timsoliga aylandi. Z va V harflarini ilk bor Ukraina hududiga bostirib kirgan Rossiya harbiy texnikalarida ko‘rishgan edi. Harbiy ekspertlar fikricha, ular “Zapad” (G‘arb) va “Vostok”ni (Sharq), ya’ni G‘arbiy va Sharqiy harbiy okruglarni bildiradi. Konspirologik nazariyalar muxlislari esa bu ramzlarda Ukraina prezidenti ism-familiyasining bosh harflarini “ko‘rib”, Putin Vladimir Zelenskiyni eng katta dushmani deb bilishini va uni yo‘q qilish uchun “maxsus amaliyot” boshlaganini iddao qiladilar.

Yangi timsollar, kelib chiqishi va ma’nosi betayin ekaniga qaramay, Rossiya jamiyatida tez yoyildi, ayniqsa Z harfi: uni avtomashinalarga yopishtirishyapti, devorlarga chizishyapti, hukumatparast OAVlar sarlavhalarda qo‘llashmoqda, Qrim anneksiyasiga sakkiz yo‘l to‘lishi munosabati bilan yaqinda Moskvadagi “Lujniki” stadionida o‘tkazilgan miting-konsert ishtirokchilari Georgiy tasmasini Z harfi shaklida taqib chiqishdi.

“Z-parastlik”dan Qozog‘iston ham chetda qolgani yo‘q: bu harf tushirilgan avtomobillar Olmaotada, Qo‘stanayda, Uralskda, Chimkentda va hatto Rossiya 2050-yilgacha ijaraga olgan Boyqo‘nir kosmodromida ham ko‘rishgan. Z ramziga qarshi kurashga nafaqat oddiy qozog‘istonliklar, balki mahalliy politsiya ham qo‘shildi: Z harfi yopishtirilgan avtomobillar egalariga real jarima xavf solmoqda. Jarima, tabiiyki, ramz uchun emas, Qozog‘iston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 590-moddasiga ko‘ra, ya’ni “transport vositasidan foydalanish qoidalarini buzganlik” uchun qo‘llanyapti.

“Bo‘lginchilarning ramzlariga qarshi kurashda tajribam bor”

Jurnalist va jamoat faoli Arman Shorayev birinchilardan bo‘lib ijtimoiy tarmoqlarda vatandoshlarini Z harfli avtomobillarni to‘xtatishga va ularning egalaridan bu ramzni zudlikda olib tashlashni iltimos qilishga, ular bosh tortgan taqdirda esa politsiyani xabardor qilishga chorladi.

“Bo‘lginchilarga xos ramzlarga qarshi kurashda tajribam bor. 2014-yili Donbass okkupatsiya qilinganida Qozog‘istonda “Vejliviye lyudi” (“Odobli kishilar”) deb yozilgan nakleykalar paydo bo‘ldi, lekin biz o‘shanda faollar ko‘magida ularning payini qirqishga muvaffaq bo‘lgandik. Bo‘lginchilik – urush darakchisi, biz Ukraina misolida buni ko‘rib turibmiz”, deydi Arman.

Arman “Feysbuk”dagi obunachilarini harbiy ramzlarga reaksiya ko‘rsatishga chaqiribgina qolmay, o‘zi ham avtomobiliga Z harfini yopishtirgan odamlar bilan telefonda suhbatlar o‘tkazadi. Shorayev shunaqa so‘zlashuvlardan biri aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qildi.

“Allo, salom!” deya so‘z boshlaydi Arman Shorayev Aqmola viloyatining Ereymentau shahrida yashovchi Sergey ismli kishiga qo‘ng‘iroq qilib. Mart oyi boshlarida faollardan biri uning mashinasida Z harfini ko‘rib, videoga olgan edi.

“Sergey, menga sizning mashinangiz tasvirga olingan videoni jo‘natishgandi. Avtomobilingizga Z harfi tushirilgan ekan”.

“Siz kimsiz?”

“Men Qozog‘iston Respublikasi fuqarosiman, ismim Arman. Sizga Z harfini mashinangizdan darhol olib tashlashni tavsiya etaman”.

“Allaqachon olib tashlaganman”.

“Bu ishingiz bilan Qozog‘istonda millatlararo adovat qo‘zg‘aganingizni tushunyapsizmi?”

“Olib tashladim. Tamom, men tushundim”.

“U holda, mana shu raqamga mashinangiz suratini jo‘nating, Z harfi yo‘qligiga ishonch hosil qilay”.

Videorolik davomida Shorayev suhbatdoshining Z ramzidan holi avtomobili fotosuratini namoyish etadi.

“Dastlabki kunlardanoq bunaqa odamlar bilan tarbiyaviy ishlarni boshlamaganimizda Z-parastlik, ehtimol, avj olib ketishi mumkin edi. Ammo biz bo‘sh kelmadik: ularni tezlik bilan qidirib topdik, to‘xtatdik, fikridan qaytardik. Qaytara olmaganimizda esa politsiyani yordamga chaqirdik – qonun vakillari talab qilganda mo‘min-qobilgina bo‘lib bajarishdi”, davom etadi Arman Shorayev.

Ukrainaga xayrixohligi va aksilputin pozitsiyasi uchun Arman Shorayevni ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim obunachilari “rusofob” deb atashadi. Uning o‘zi esa buni “tuturuqsiz gap” deydi.

“Rus madaniyatiga menchalik muhabbat qo‘ygan odamni topa olmaysiz. Men ma’lumotim bo‘yicha rus tili va adabiyoti o‘qituvchisiman, Yeseninni, Buninni, Dostoyevskiy va Bulgakovlar ijodidan juda yaxshi xabardorman, rus shoirlarining she’rlarini Rossiya Federatsiyasining istalgan o‘rta statistik fuqarosidan ko‘ra ko‘proq yodaki o‘qib bera olaman. Qolaversa, bir o‘ta muhim jihatga e’tibor qaratish kerak: men Rossiya bilan harbiy jinoyatchi Putin va uning qonxo‘r rejimini hamisha ayri-ayri ko‘raman”, deydi Arman.

Shorayev tarafdorlari bilan birga nechta avtomobildan Z harfini oldirib tashlaganini aniq ayta olmaydi – sanamagan. Ammo unga ko‘ra, faollar o‘z vaqtida reaksiya bildirmaganlarida bunaqa avtomobillarning son-sanog‘i bo‘lmasdi.

“Qozog‘iston ichida o‘n minglab potensial bo‘lginchilar bor. Ular orasida propaganda miyasini zaharlagan turli millat vakillari ham ko‘p”, ta’kidlaydi jamoatchi faol.

“Z harfi yuz berayotgan voqealar kabi bema’nilikdir”

Uralsklik jurnalist Lukpan Axmedyarov ham Rossiya propagandasi V, xususan, Z-parastlikka qarshi kurashga bel bog‘laganlardan biridir. Axmedyarov kunlarning birida o‘zi yashaydigan shahar ko‘chalarida ushbu “putinparastlar”ramzi tushirilgan avtomashinani ko‘rib qolganini aytadi.

“Shahar markaziga ketayotgandim, mashinada kenja qizim ham bor edi. Muyulishlardan birida yo‘l chekkasiga qantarilgan avtomobilga ko‘zim tushdi. Mashina juda iflos, ammo aynan o‘sha Z harfli qora plyonka yopishtirilgan joy hafsala bilan tozalangan edi. Men uni suratga olib, qizimni mashinamda uyga tashladimu bu yerga qaytdim. Yo‘lakay politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi harbiy harakatlarni targ‘ib qilayotgan va bosqinchi armiyani tamsil etuvchi Z belgili mashinani uchratganimni aytdim. Avtomobilda bir ayol o‘tirgan ekan. Nega bu nakleykani yopishtirib olganini so‘radim. Qarangki, ayolning o‘zi hali bundan bexabar ekan: mashinadan tushdi va Z harfini ko‘rgach: “Erim yopishtirgan bo‘lsa kerak, voy ahmoq!” dedi. Ayol nakleykani yulib otgach, u bilan xayrlashdik”, hikoya qiladi jurnalist.

Axmedyarov uloviga Z harfini yopishtirib olayotganlarni Ukrainaga hujumni jon-jahdi bilan oqlayotgan, Qrim anneksiyasini hamda Ukraina janubi-sharqidagi “LXR” hamda “DXR” otli bo‘lginchi respublikalarni dastaklayotgan Rossiya davlat propagandasining qurbonlari deb biladi.

“Bugun kimdir avtomobiliga Z harfini tushirayotgan ekan, u buni muayyan niyatda va boshqalarning e’tiborini jalb etish uchun qilayotganini tushunmoq kerak. Bunaqa odamlar bu kimlarga oid belgi ekanini, nega qoralanayotganini va aynan nega o‘zlariga e’tibor talab qilayotganlarini aniq-tiniq bilishadi. Ya’ni, ular “ko‘rib qo‘yinglar, men podshohimiz Putin va uning lashkari tarafidaman”, degan mujda berishmoqda”, izoh beradi jurnalist.

Axmedyarov, politsiya o‘z vaqtida chora ko‘rmaganida Qozog‘istonda Z harfli avtomobillar juda ko‘payib ketishi mumkinligini urg‘ulaydi.

“Va ayni holat muayyan madaniy kod va muayyan siyosiy qarashlarni tashuvchi ushbu odamlarni yaxshi ochib beradi. Qarangki, ular o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun biron-bir fuqaroviy fidokorlikka qodir emas. Ya’ni, jarima to‘lashga og‘rinishadi, ma’muriy qamoq desa o‘takalari yoriladi. Juda g‘aroyib jihat bu”, deydi Axmedyarov, Rossiyaning urush targ‘iboti ramzi ishqibozlarini ta’riflar ekan.

Ozodlik Z ramzi xususida qozog‘istonlik taniqli san’atshunos Valeriy Ibrayev bilan so‘zlashdi. Suhbatdoshimiz shuncha urinib, bu belgida biron ma’no topa olmaganini aytdi.

“Har bir yirik harakatning o‘ziga xos ma’noli belgisi bo‘ladi. Hitlerning svastikasi qo‘pol qilib aytganda, natsizm ramzi edi. Ammo bu urushda biron ma’ni yo‘q, binobarin Z belgisi ham bema’nilik, uni mashinalariga yopishtirib olayotgan odamlar aslida nimalar bo‘layotganini mutlaqo bilishmaydi, oqibatlar ko‘lamini idrok eta olishmaydi. Yana qaytaraman: Z harfi, u bilan bog‘liq yuz berayotgan voqealar kabi bema’nilikdir. Ukrainlarning kurashini istisno etamiz, albatta”, tushuntiradi ekspert.

“Toqayevning jimgina o‘tirish va kutishdan boshqa chorasi yo‘q”

Qozog‘iston rasmiy idoralari yaqin-yaqinlargacha Z harfiga ham, ayrim qozog‘istonliklar ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyaning Ukrainaga hujumini ma’qullayotganiga ham parvo qilmaslikka harakat qilardi. Biroq 28-mart kuni Qozog‘iston Bosh prokuraturasi “ijtimoiy tarmoqlarning ayrim foydalanuvchilari, jumladan Qozog‘iston fuqarolari yuz berayotgan voqealarga ochiq izoh berishayotgani, mamlakatning hududiy yaxlitligiga daxl qiluvchi bo‘lginchi chaqiriqlar bilan chiqishayotgani”ni ta’kidlab, vatandoshlariga bo‘lginchilik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini, aybdorlar hatto 10 yilgacha muddatga qamalishi mumkinligini eslatib qo‘ydi.

Shunga qaramay, Qozog‘iston hukumatining muhtamal separatizm va hatto Z belgisiga munosabati anchayin mavhum: bo‘lginchilar ramzi uchun jazolashda Yo‘l harakati qoidalari to‘g‘risidagi qonun tatbiq etilyapti, ya’ni, hukumat muammo haqida baralla gapirishdan cho‘chimoqda. Siyosatshunos Dimash Aljanov shakllangan siyosiy rejim Qozog‘istonning o‘z milliy manfaatlarini anglashiga va ularni hokimiyat organlari orqali tashqi siyosatda akslantirishiga imkon bermaydi, deb hisoblaydi.

“Bularning ildizida Qozog‘iston 1990-yillarda tanlagan yo‘l bilan bog‘liq bir necha muammo yotibdi. Afsuski, o‘shanda mamlakatimiz shaxsiy hokimiyat rejimini qurish yo‘lini tanladi. Ya’ni, 30 yillik mustaqillikdan so‘ng bizning davlatimiz birbutun emas, binobarin, siyosatimiz ham milliy manfaatlarga tayanmaydi”, deydi siyosatshunos.

Dimash Aljanovga ko‘ra, ba’zi integratsiya loyihalari, jumladan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining tashabbuskori Nursulton Nazarboyev bo‘lgan. Siyosatshunos fikricha, bugungi Qozog‘iston birinchi prezident Rossiya bilan iqtisodiy integratsiyaga kirishish g‘oyasini zo‘r berib tiqishtirgani va milliy xavfsizlik konsepsiyasiga loqaydligi tufayli jabr chekmoqda.

“Qozog‘iston iqtisodiy jihatdan baquvvat emas, o‘z xavfsizligini kafolatlash uchun urusha oladigan armiyasi ham yo‘q. Biz Rossiya oldida ko‘p tomonlama zaif ahvoldamiz. Toqayevning vaziyati esa unga Ukrainaga qarshi bosqin va hatto YeOIIning kelgusi faoliyati xususida tayinli bir pozitsiyaga ega bo‘lish imkonini bermaydi, uning jimgina o‘tirib, kutishdan bo‘lak chorasi yo‘q”, deydi siyosatshunos.

Qozog‘iston Rossiya-Ukraina urushida betaraf pozitsiyani tutishga harakat qilmoqda. Rasmiy Nur-Sulton bosqinchiligi uchun Moskvani qoralagani yo‘q, ayni chog‘da Ukrainani faqat gumanitar yordam yo‘llash bilan dastaklamoqda. 24-mart kuni Qozog‘iston Ukrainadagi urushni zudlikda to‘xtatish talab qilingan BMT rezolyutsiyasiga ovoz berish jarayonida ikkinchi marta ishtirok etmadi.

XS
SM
MD
LG