Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:23

"Zanjirimizni uzaytirib bering.." – tarmoqlar jurnalist va blogerlarning prezidentga murojaati haqida


Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy matbuot vakillari bilan 1-iyun, 2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy matbuot vakillari bilan 1-iyun, 2021

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti bir guruh mahalliy jurnalist va blogerlarning so‘z va matbuot erkinligini himoya qilishni so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan murojaati borasida ikkiga bo‘lindi.

3-mart kuni tarmoqlarda e’lon qilingan murojaat mualliflari mamlakatdagi "yashirin" senzuradan xavotir izhor qilishgan va mavjud vaziyatni “kelajak uchun xavfli” deb atashgandi.

“Tahririyatlar, jurnalistlar, blogerlar, jamiyatga har qanday fikr beruvchi shaxslarning fikr bildirishida jiddiy to‘siqlar, bosimlar, qo‘rqitishlar saqlanib qolyapti. Matbuot o‘zi istagan mavzuni ko‘tara olmayapti. Davlatning axborotni nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan muassasasi tahririyat va blogerlarga muttasil ravishda bosim o‘tkazib, axborot ohangi, shakli, mohiyatini o‘zgartirish yoki bu axborotning to‘liq chiqmasligini talab qilishda davom etmoqda”, deyiladi murojaatnomada.

Mualliflar O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligini kuchliroq himoya qilish, konstitutsiya va qonunlar to‘liq ishlashi, jurnalist va blogerlarga bosimlarni to‘xtatishda prezidentdan ko‘mak so‘ragan.

Hozirga qadar na prezident ma’muriyati va na OAV faoliyatiga mas’ul agentlik murojaatga munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoq esa bu borada ikki qutbga bo‘lindi.

Ko‘p sonli faollar, jurnalist va blogerlar murojaatni shunchaki dastaklab qolmay, birdamlik ramzi sifatida unga imzo chekdi.

Ayni paytda, bir guruh faollar so‘z va fikr erkinligi borasida davlat rahbariga iltimosnoma yo‘llanganini samarasiz urinish deb baholadi.

Tahlilchi Sardor Salimga ko‘ra, o‘zbek siyosiy tafakkurida islohot o‘tkazish musulmon hukmdor sifatida aynan poshshoning (prezidentning) bo‘ynidagi vazifa degan tushuncha mavjud, ammo bu qarash har doim ham o‘zini oqlamagan.

U o‘tgan asr boshlarida Buxoro amiriga ishonch bildirgan, ammo umidlari sarob bo‘lib chiqqan islohotparvarlarning taqdirini misol o‘laroq keltirgan.

“Xullas, hukmdorlardan ko‘p narsa kutmagan ma’qul, tarix bunga guvoh. Samaraliroq yondashuvlar bor, shu haqda o‘ylaylik”, deb yozadi tahlilchi.

“Sardor Salim juda yumshoq ta’riflabdi. Men boricha aytaman. Matn – KAPITULYATSIYA. Eng yomoni, butun xalq va uning kelajagi hisobiga. Bunaqa jur’atni qaydan olishadi, xayronman. “Zanjirimizni bir oz uzunroq qilib bering, xo‘jayin!” Tabriklayman, janoblar!” deya holatga kinoyaviy post bilan munosabat bildirdi iqtisodchi Jamshid Muslimov.

Javohir Omonulla fikricha, murojaat “Kattayib qoldik endi, boshqa kengroq qafasga o‘tkazing” degan mazmunda. Islom Odil nazdida esa, “Janob bo‘riboshi, bo‘rilaringiz bizni qo‘zichoqlarni yeb qo‘yyapti, iltimos, o‘zingiz chora ko‘ring” degan ruhda.

Murojaatnoma atrofidagi bahslar davomida ayrim faollar “So‘z, fikr va matbuot erkinligi prezident yoki hukumatning inoyati emas, balki inson tabiiy ravishda ega bo‘ladigan tamal huquqlar” ekanini yana bir karra eslatdi.

“Men ham yuqorida tilga olingan murojaatga qo‘shildim. Lekin shu o‘rinda bir fikrim bor: so‘z erkinligi va umuman, O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan shaxsning huquq va erkinliklari tizimli, shaxslarning xohish-irodasi, marhamati yoki qosh-qovog‘idan qat’i nazar, ularga bog‘liq bo‘lmagan holda ishlashi kerak. Hatto bu shaxslar eng oliy rahbariyat bo‘lsa ham”, deydi ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov.

BBC jurnalisti Ibrat Safo murojaatnoma xususidagi tanqidiy qarashlarga umumlashtiruvchi javob berdi.

“Bunday murojaat o‘rinli, u hozirda o‘ta zarur. So‘z va fikr erkinligi qonunlar va sudlar bilan ta’minlanmagan davlatda prezidentdan yordam so‘rash – mantiqan to‘g‘ri qadam”, deb hisoblaydi jurnalist.

XS
SM
MD
LG