Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:02

Zarafshon tabiat bog‘i fojiasi: Ekologlar "qo‘riqxona" maqomini qaytarishga chaqirmoqda


Zarafshon milliy tabiat bog‘idagi qurilish texnikasi. Noyabr, 2021
Zarafshon milliy tabiat bog‘idagi qurilish texnikasi. Noyabr, 2021

Daraxtlarning ommaviy kesilishi oqibatida Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘i bir necha yil ichida yam-yashil vohadan deyarli cho‘lga aylandi. 2004 va 2020 - yillardagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini solishtirganda to‘qay o‘simliklarining keskin kamayib ketganini ko‘rish mumkin.

Zarafshon milliy parki yo‘qolib borayotganining qator sabablarini aniqlagan olimlar va ekologlar hukumatdan milliy tabiat bog‘iga "qo‘riqxona" maqomini qaytarishni so‘ramoqda. Vaziyat milliy bog‘ni kesib o‘tuvchi Zarafshon daryosi tubida qum va shag‘alning noqonuniy qazib olinishi tufayli yanada og‘irlashgan.

"Qo‘riqxona ayanchli ahvolda, unga yordam kerak"

Noyob yovvoyi hayvonlar, qushlar va o‘simliklarga boy Zarafshon milliy tabiat bog‘i so‘nggi bir necha yil ichida deyarli quruq cho‘lga aylandi.

2004 va 2020 - yillardagi Googleda olingan fotosuratlarni solishtirgan ekologlar noyob to‘qay o‘simliklar ikki yoki undan ko‘proq marta qisqarganini aytishmoqda.

Qo‘riqxonadagi ayanchli vaziyatga birinchilar qatorida jamoatchilik e’tiborini qaratgan “Samarkandskiy vestnik” gazetasi jurnalisti Anastasiya Pavlenko Ozodlik bilan suhbatda bir guruh ekolog olimlar va tadqiqotchilar davlat tomonidan qo‘riqlanayotgan Zarafshon milliy tabiat bog‘ining yarimcho‘lga aylanib borayotganining bir nechta sabablarini aniqlaganini aytadi:

- Bu yerda muammo bittamas, bu kompleks muammo. Eng avvalo, Zarafshon daryosidagi qazish ishlari, unda to‘g‘onlar qurish. Milliy park hududida qonunga xilof ravishda qum va shag‘al qazib olish ishlari olib borilmoqda, yuk mashinalari yuribdi. Bu suv bilan bog‘liq usiz ham og‘ir vaziyatni yomonlashtirmoqda. To‘qayzorlarning kamayishi esa noyob mahalliy hayvonlarning yashash va oziqlanish hududlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Ikkinchidan, milliy bog‘ning ekologik zonalashtirish xususiyatlarini inobatga olmasdan noto‘g‘ri boshqarish.

Qo‘riqxona o‘ta ayanchli ahvolda, unga yordam kerak. 2018 - yil fevralida Zarafshon qo‘riqxonasi “Milliy tabiat bog‘i”ga aylantirildi. Rasmiy sabablari hanuzgacha noma’lum. Hozirgacha Milliy ma’lumotlar bazasida qo‘riqxonani qayta tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori kiritilgan emas, dedi jurnalist Anastasiya Pavlenko.

Jurnalist ekoturizm nimaligi va uni tabiatga zarar yetkazmasdan qanday qilib to‘g‘ri tashkil etish haqida mutlaqo ma’lumotga ega bo‘lmagan holda, milliy boqqa uyushmagan tashrif buyuruvchilarning katta guruhlari qabul qilinayotgani, maktab o‘quvchilari, talabalar va kattalar, jumladan, bug‘ularning asosiy yashash joyi bo‘lgan hududda hech qanday nazoratsiz harakatlanayotganini tanqid qildi.

"Milliy tabiat bog‘iga "qo‘riqxona" maqomi qaytarilsin!"

Suhbatdosh “Samarqandni asrab qolamiz” jamoatchilik guruhi a’zolarining tadqiqotlari natijalarini ham misol keltirdi.

Guruh a’zolari milliy bog‘ hududida kesilgan ulkan daraxtlar to‘nkalari, tabiat qo‘riqxonasi hududida qurilish ishlari olib borilayotgani, hududning ayrim qismlari to‘siqlar bilan o‘ralgani, ekinzorlar va haydalgan yerlar mavjudligini qaydga olgan.

To‘qayzorlar o‘rnida paydo bo‘lgan sun’iy to‘siqlar
To‘qayzorlar o‘rnida paydo bo‘lgan sun’iy to‘siqlar

Yovvoyi hayvonlar uchun katta xavf tug‘dirayotgan yana bir omil – yon atrofdagi kottejlardan baralla yangrayotgan musiqa va shovqin, karyerda ishlayotgan texnikaning baland ovozi, yuk tashuvchi katta mashinalarning qo‘riqxona hududida bemalol harakatlanishi ekani aniqlandi.

Qo‘riqxonadagi daraxtlarning yo‘qolib borayotganini mutaxassislar antropogen vaziyatga ham bog‘lashmoqda.

Zarafshon milliy tabiat bog‘i 1975-yilda Samarqand viloyatining janubi-sharqida, Zarafshon daryosining o‘ng qirg‘og‘ida tashkil etilgan. 2000 gektardan ortiq yerni egallagan bog‘ hududi daryo bo‘ylab 46 km cho‘zilgan.

To‘qayzorlarni va unda yashayotgan hayvonot olamini saqlab qolish uchun tuzilgan Zarafshon qo‘riqxonasi Xalqaro yovvoyi tabiatni muxofaza qilish jamg‘armasi (WWF) ning Global 200 ro‘yxatiga kiritilgan.

Mutaxassislar Samarqand shahridan 8 km uzoqlikda Jomboy va Bulung‘ur tumanlari o‘rtasida joylashgan qo‘riqxona mahalliy aholi hujumiga tez-tez uchrab turishini aytib keladi. Jomboyliklar va bulung‘urliklar daraxtlarni kesish, maskan hududida mol boqish, noqonuniy ov qilish ustida ko‘p marotaba ushlangani faktlari mavjud.

A.Pavlenko va N.Marmazinskaya fotosuratlari
A.Pavlenko va N.Marmazinskaya fotosuratlari

“Samarqandni asrab qolamiz” jamoatchilik guruhi a’zolaridan biri, biologiya fanlari nomzodi, ekolog Natalya Marmazinskaya 10 yilcha oldin bu qo‘riqxonada direktor muovini lavozimida ishlagan.

2010 - yilda u boshqarib kelgan Samarqand viloyatidagi “Terra” ekologiya markazi Global ekologiya jamg‘armasidan qo‘riqxonani maxsus to‘siqlar bilan o‘rashga grant olgani, biroq O‘zbekiston Ovchilik xo‘jaligi, qo‘riqxonalar va milliy parklar bosh boshqarmasi qarshiligiga uchrab, loyiha amalga oshmasdan qolgani va qo‘riqxonaning bugungi ahvolga kelishiga yana bir sabab ekanini bildirdi.

- Xullas, Zarafshon daryosi va Zarafshon milliy tabiat bog‘ini saqlab qolish zarur, chunki daryo va to‘qay o‘rmonlarining ekotizimlari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, mintaqaning biologik xilma-xilligi va ekologik barqarorligini saqlashda ulkan ahamiyat kasb etadi, deydi Ozodlik bilan suhbatda Natalya Marmazinskaya.

Ozodlik suhbatlashgan atrof-muhit himoyachilarining aytishicha, qo‘riqxona maqomi “milliy bog‘”ga aylantirilgach, yuqori idoralar unga o‘rmon xo‘jaligiga qaragandek munosabatda bo‘la boshlagan: “sanitar tozalash” bahonasida sobiq qo‘riqxonada daraxt kesish boshlangan.

Shu sababli mutaxassis-olimlar Zarafshon milliy tabiat bog‘iga “qo‘riqxona” maqomini qaytarish uchun O‘zbekiston davlat rahbariyatiga murojaat qilayotganini gapirib kelmoqda.

“Samarqandni asrab qolamiz” tashkiloti 2019−2021 - yillar davomida 430 dona oq terak va oq tol daraxtlarini “sanitariya holatida kesish” bahonasida yo‘q qilganini aniqlagan.

Guruh xodimlari keltirayotgan vaziyatni o‘rganish maqsadida Ozodlik Zarafshon milliy tabiat bog‘idagi vaziyatni o‘rgandi va kesilgan daraxtlar, qurib borayotgan daraxtlarga guvoh bo‘ldi. Shuningdek, qo‘riqlanayotgan hududda hozirda ham ishlayotgan qurilish texnikasi va yuk mashinalari yurganini ko‘rish mumkin.

A.Pavlenko va N.Marmazinskaya fotosuratlari
A.Pavlenko va N.Marmazinskaya fotosuratlari

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Zarafshon milliy tabiat bog‘i ro‘parasida Samarqand viloyat hokimiyati buyrug‘i bilan Samarqand sayyohlik markazi qurilayotgani ekologlar xavotirlarini oshirgan.

Ekologiya qo‘mitasi ayrim holatlarni tasdiqlamoqda

26 - noyabr kuni Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Islombek Boqijonov Zarafshon daryosidagi karyerlarda reyd o‘tkazilgani, Zarafshon daryosi bilan bog‘liq tadbirkorlik faoliyati bo‘yicha 7ta holatda ruxsatnoma berishga rad etilganini ma’lum qildi.

- Shu tekshiruvda birgina holatning o‘zida tadbirkor belgilangan maydondan eniga 56 va uzunasiga 154 metrga chiqib ketgani aniqlandi. Bunda daryo bo‘yidagi Zarafshon milliy tabiat bog‘i hududiga ham o‘tib ketilgan, deya Ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosaridan so‘zlaridan iqtibos keltirdi Kun.uz nashri

Davlat Ekologiya qo‘mitasi jamoatchilik bosimi ostida Zarafshon milliy parkida olib borgan maxsus tekshiruv natijasida daraxtlar kesilgani holatlari kuzatilgani, “aybdorlar topilib, jarimaga tortilgani”ni tasdiqladi.

Ozodlikka kelib tushgan Davlat ekologiya ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Toyloq tumaniga qarashli Zarafshon daryosi bo‘ylab olib borilayotgan “daryoni tozalash ishlari” davomida “milliy tabiat bog‘ining bufer zonasini” hisobga olish zarurati belgilab qo‘yilganiga qaramasdan qum va shag‘al qazib olish davom etayotgani aytilgan.

Shu yilning 3 - iyulida qo‘riqxonada ulkan yong‘in chiqqani va 1,5 gektar to‘qayzor yonib ketgani to‘g‘risida xabar qilingan edi.

O‘zbekistonning eng muhim ornitologik hududi

Biolog Natalya Marmazinskaya keltirayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, Zarafshon milliy bog‘ida 300 dan ortiq o‘simlik turlari o‘sadi, baliqlarning 18 turi, amfibiya va sudralib yuruvchilarning 12 turi, qushlarning 218 turi, sut emizuvchilarning 26 turi yashaydi, shundan 2 turdagi o‘simlik, 2 turdagi baliq, 29 turdagi qushlar va 2 turdagi sut emizuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan.

Mutaxassis katta daraxtlarning kesilishi va to‘qayzorlar maydonining qisqarishi ko‘plab hayvonlar sonining kamayib borayotganiga olib kelayotganidan xavotir bildirdi.

Zarafshon milliy tabiat bog‘i O‘zbekistonning eng muhim ornitologik hududlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Milliy bog‘ hududida O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan Zarafshon qirg‘ovulining O‘zbekistondagi yagona eng ko‘p populyatsiyasi yashaydi, Zarafshon va O‘ng qirg‘oq kanali sohilida O‘rta Osiyo qunduzining bir qancha turlari yashaydi. Shuningdek, qo‘riqxonada Buxoro bug‘ularini qayta tiklash bo‘yicha ko‘p yillik ishlar olib borilib, unga tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha qator xalqaro tashkilotlar jalb qilingan.

XS
SM
MD
LG