Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:51

Zoir Mirzayev "ozodlikka" chiqdi, qolgan hokimlar hanuz "panjara ortida"


Тошкент вилоят ҳокими Зоир Мирзаев.
Тошкент вилоят ҳокими Зоир Мирзаев.

O‘tgan oy Toshkent viloyat hokimi etib tayinlangan Zoir Mirzayev shu kunlarda hokimlik binosi atrofini o‘rab turgan panjara devorni olib tashlagani to‘g‘risidagi xabar bilan tilga tushdi.

Davlat idoralari atrofiga Islom Karimov davrida qurilgan temir to‘siqlarni buzish jarayoni iqtidorga Shavkat Mirziyoyev kelganidan so‘ng boshlangan, biroq bu sohada yagona siyosat mavjudligi sezilmaydi.

Bu haqda jamoat xavfsizligiga oid o‘tgan haftada O‘zbekiston prezidenti imzolagan farmonda ham konkret gap aytilmagan.

Suvga tushirardan panjarabuzarga aylangan hokim

2018 - yil 27 - oktabrida Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida 6 kishini ariqdagi sovuq suvga tushirib, tahqirlagan Zoir Mirzayev o‘sha paytdagi lavozimi - Bosh vazirning Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosarligidan olingan, oradan bir yil o‘tib 2019 - yilning 26 - oktabrida Qashqadaryo viloyat hokimi etib tayinlangan edi.

Suvga tushirish voqeasi bilan keng jamoatchilikka tanilib qolgan Zoir Mirzayev yangi ish joyida hokimliklar atrofidagi panjaralarni buzish bilan ham tilga tushdi.

Shu yilning 14 - avgustida Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi sessiyasida qilgan chiqishi chog‘ida Zoir Mirzayev:

“Kichkinagina viloyat tashkilotlari panjara, panjaradan so‘ng yana nimalardir qo‘yib, odamlarning yo‘lini to‘sib qo‘ygan. O‘zi qo‘riqlanadigan hech narsa yo‘q, lekin panjara bilan to‘silgan. Men shunday paytda tashkilot rahbarlaridan panjara bilan kimdan nimani qo‘riqlayotganini so‘rayman. Xo‘sh, tashkilotini xalqdan qo‘riqlayaptimi?” – degan edi.

Sessiyaning ertasiga, ya’ni shu yil, 15 - avgustda Koson tuman hokimligi binosi atrofidagi panjara olib tashlandi.

Oradan ikki kun o‘tib, Dehqonobod va Shahrisabz tuman hokimliklari atrofidagi temir panjara ham olib tashlandi.

Qashqadaryo viloyat, Dehqonobod tuman hokimligi binosi oldidagi temir to‘siq olib tashlanmoqda. 2021, avgust.
Qashqadaryo viloyat, Dehqonobod tuman hokimligi binosi oldidagi temir to‘siq olib tashlanmoqda. 2021, avgust.

O‘tgan oyda Toshkent viloyat hokimi etib tayinlangan Zoir Mirzayev panjara buzish siyosatini yangi ish joyida davom ettirdi. Toshkent viloyat hokimligiga kelganiga 8 kun bo‘ldi deganda, ya’ni 26 - noyabrda Mirzayev Toshkent viloyat hokimligi binosi atrofidagi temir panjarani buzdirdi.

Toshkent viloyat hokimligi binosi atrofidagi temir panjara olib tashlandi. Nurafshon shahri, 2021, 26 - noyabr
Toshkent viloyat hokimligi binosi atrofidagi temir panjara olib tashlandi. Nurafshon shahri, 2021, 26 - noyabr

Panjara ortida qolayotgan hokimliklar

Davlat idoralari atrofidagi to‘siqlarni buzish jarayoni iqtidorga Shavkat Mirziyoyev kelganidan so‘ng boshlangan edi.

2018 - yilning 26 - iyunida Toshkent shahar, Chilonzor tuman hokimligi binosi atrofida o‘rnatilgan temir panjaralar to‘liq olib tashlangani to‘g‘risida mahalliy nashrlar xabar qilgan edi.

Biroq bu sohada yagona talab, yagona davlat siyosati mavjud emasga o‘xshaydi. Toshkent viloyat hokimligi atrofi ochib qo‘yilgan bir paytda Sirdaryo, Namangan va Farg‘ona viloyat hokimliklari hanuz panjara to‘siq ortidadir. (Ozodlik boshqa viloyatlar hokimliklari bilan bog‘lanmadi)

Sirdaryo va Namangan viloyatlari hokimliklarining Ozodlik qo‘ng‘irog‘iga javob bergan mulozimlari panjara to‘siqlar mavjudligini e’tirof etdi. To‘siqni olib tashlash rejasi yo‘qmi, degan savolga namanganlik mulozim “hozircha bunday buyruq yo‘q” deb, sirdaryolik mulozim esa, “kechirasiz, bu haqda ma’lumotga ega emasman”, deb javob berdi.

Har idoraning o‘z panjarasi hamda daxlsiz ko‘chasi bor

Farg‘onalik faol Abdusalom Ergashevning aytishicha, temir panjaralar bilan nafaqat viloyat hokimligi, balki boshqa kichikroq idoralar ham to‘silgan:

“Farg‘ona viloyat hokimligidan tashqari shahar hokimligi, viloyat prokuraturasi, shahar prokuraturasi, Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi, Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi, viloyat Soliq boshqarmasi, shahar Soliq bo‘limi kabi idoralarning barchasi temir panjara bilan o‘ralgan”.

Farg‘ona viloyat hokimligi binosi temir panjara bilan o‘rtalgan.
Farg‘ona viloyat hokimligi binosi temir panjara bilan o‘rtalgan.

Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelganidan so‘ng mamlakat poytaxtida Birinchi prezident xavfsizligini ta’minlash uchun yopib qo‘yilgan ko‘plab ko‘chalar transport harakati uchun qayta ochilgan edi.

Abdusalom Ergashevning aytishicha, bunday choralar Farg‘onada ham ko‘rilgan:

“Mirziyoyev iqtidorga kelgandan keyin Farg‘ona shahri bozori atrofidagi ko‘chalar hamda tergov hibsxonasi joylashgan ko‘cha va Tez tibbiy yordam institutining Farg‘ona viloyat filiali joylashgan ko‘chalar transport harakati uchun ochib tashlandi”.

Biroq ayni paytda, faolning aytishicha, viloyat prokuraturasi joylashgan Shamsiddinov ko‘chasi, Farg‘ona shahar IIB va viloyat DXX boshqarmasi joylashgan ko‘cha, shahar soliq bulimi joylashgan ko‘chalar transport harakati uchun yopiq qolmokda, viloyat hokimligi, viloyat IIB binolari yonlaridagi ikki ko‘chada esa transport harakati cheklangan.

“Aftidan davlat idoralari atrofini to‘sish yoki ochish, idoralar joylashgan ko‘chalarni transport harakati uchun to‘sish yoki ochishga doir me’yoriy hujjat yo‘qqa o‘xshaydi, - deydi Abdusalom Ergashev, - Idoralarni panjara bilan o‘rash Karimov davrida uni “olabo‘ji” bilan qo‘rqitish poygasi hosilasidir”.

Blok-postlar tiklanadimi?

Prezident Mirziyoev 29 - noyabrda “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga tirkalgan 5 ta ilovani qo‘shganda 61 betni egallagan mazkur ulkan hujjat bilan 2022-2025 - yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangan.

Prezident farmonida IIV mahalliy hokimliklar bilan birgalikda “2022 - yil 1 - martga qadar tasdiqlangan me’yorlarga asosan mahalliy byudjet hisobidan kamida bittadan tumanlararo patrulь-post xizmati bo‘linmalarini tashkil etish choralarini ko‘rsin”, deyilgan.

Bu talabni jamoatchilik mamlakat yo‘llariga yana blok-postlar o‘rnatilar ekan, deb qabul qildi va bunday fikrlar ijtimoiy tarmoqlarga qalqib chiqdi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov kun.uz saytiga blok-o‘rnatilishini rad qilib, bunday dedi:

“Bu farmonda blok-post haqida umuman gap-so‘z yo‘q. Bu yerda fuqarolar va jamoatchilikning xavfsizligini ta’minlash uchun Post-patrul xizmati bo‘linmalari tashkil qilinishi aytilgan. Bu bo‘linmalar Milliy gvardiya va ichki ishlar bo‘limlari bilan birgalikda tuziladi. Ular holatga qarab, transportda yurishi, otliq bo‘lishi yoki piyoda xizmat o‘tashlari mumkin. Bitta joyda turadigan turg‘un blok-post bo‘lmaydi”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 - yilning 22 - dekabrida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida, behisob yo‘l-patrul postlari turizmni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgani va oddiy odamlarni qiynab yuborayotgani haqida gapirgan edi.

Oradan 5 kun o‘tib Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zbekiston hududidagi 133 postdan 66tasini tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlangani to‘g‘risida ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG