Daryo orqali Rossiya chegarasini kechib o‘tgan o‘zbek ayollari javobgarlikka tortildi

Rossiyadagi ish - ko‘plab muhojirlar uchun yagona daromad manbaiga aylangan

Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida ikki o‘zbekistonlik ayol Qozog‘iston tomonidan chegarani daryo bilan noqonuniy kesib o‘tganlikda aybdor deb topildi. Viloyat prokuraturasi Rossiyaga ish izlab kelgan ikkala muhojir ayolni 6 oyga ozodlikdan mahrum etgani haqda xabar qildi.

Chelyabinsk viloyatida chegarani noqonuniy kesib o‘tganlikda ayblangan ikki nafar o‘zbekistonlik ayol jinoiy javobgarlikka tortildi.

Chelyabinsk viloyat prokuraturasi xabariga ko‘ra, Mo‘minova A. va Turdieva L. Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 322 moddasi 3 qismi asosida, ya’ni Rossiya davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlikda sud mahkamasida aybdor deb topilgan.

- 2016 yilning 5 avgustida sheriklar Bersuat daryosi orqali Rossiya Federatsiyasi chegarasini noqonuniy kesib o‘tdi, ammo Rossiya FSBsining Chelyabinsk viloyati Chegara xizmati xodimlari tomonidan aniqlandi va ushlandi, deyiladi rasmiy xabarda.

Prokuratura Chelyabinsk viloyatining Bredinsk tuman sudi qarori bilan Mo‘minova va Turdievalarga har biriga 6 oylik qamoq jazosi tayinlangani va qamoq jazosini ular umumiy rejimdagi axloqni tuzatish koloniyasida o‘tashini bildirdi.

Ozodlik ikkala ayol Rossiya Federatsiyasiga kirishga taqiqi borligi sababli Qozog‘istonning Qo‘stanay viloyati va Rossiyaning Chelyabinsk viloyati chegarasidagi daryo orqali suzib o‘tishga qaror qilganini aniqladi.

Bredinsk tuman sudida Ozodlik so‘roviga javob bergan navbatchi xodim ayollarga haqiqatan sud hukmi chiqarilgani, faqat ular... ozod etilganini bildirishdi.

- 6 fevral kuni vatandoshlaringizni ikkalovini izolyatordan chiqarib yuborishdi. Ular ishi yuzasidan hukm chiqarildi – unga ko‘ra, hibsda saqlanish muddati qamoq jazosi sifatida hisobga olindi. Shu sababli, 6 fevraldan ular ozodlikka chiqarildi, dedi ismini bildirmagan Bredinsk tuman sudi.

Hozirda Rossiya tergov izolyatorida 6 oy o‘tirgan o‘zbekistonlik Mo‘minova A. va Turdieva L.larni mamlakatdan badarg‘a qilish masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘ldi.

Sud vakili Rossiyada sudlangan va jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarga Rossiyaga kirish umrbod taqiqlanishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Ozodlik Rossiyaga kirish taqiqlanganganligi sababli uni noqonuniy kesib o‘tayotganida qo‘lga tushayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar haqida oldin ham xabar bergan.

O‘tgan yilning oktabrida Omsk viloyatining Nazivaev shahar sudi Rossiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan o‘zbekistonlik 50 yashar Zaynab Rahmonovani 6 oyga ozodlikdan mahrum etgan edi. O‘zbekiston vatandoshi, oldin Rossiyadan deportatsiya qilinganga qaramasdan, Rossiya hududiga yana kirish uchun ”noma’lum shaxslarga” 1200 dollar to‘laganini aytgan.