Prezident Shavkat Mirziyoevning 7 fevral kungi sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytganlari o‘zbek ommaviy axborot vositalari bosh sarlavhalariga aylandi.
“Hamma norozichilik roddomdan”
O‘zbekiston telekanalining “Axborot” dasturi ushbu yig‘ilishga bag‘ishlangan maxsus reportajni namoyish qildi¸ mahalliy matbuot prezident aytganlari haqida o‘nlab maqola hozirladi¸ ayni paytda¸ bu videoselektorning televidenieda ko‘rsatilmagan qismi audiosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqadi.
Mirziyoevning 7 fevral kungi asosiy tanqid nishoni – “hammani norozi qilayotgan roddomlardagi poborlar" – pul undirish va ta’magirlikka qaratildi.
“Manga informatsiya kelayapti – eng katta poraxo‘rlik roddomda. Buni yig‘ishtirish kerak. Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘ruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tug‘dirganga pul berish kerak... Qaerda bu yozilgan? Hech qaerda yozilmagan. Hamma norozichilik roddomdan”¸ dedi jumladan Mirziyoev.
Videokamera va qo‘ng‘izchalarmi?
Bunday keskin tanqiddan so‘ng Mirziyoev yig‘ilish paytida tikka turg‘izilgan sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari - Bosh vazir o‘rinbosari¸ Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbari Adham Ikromov¸ Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonovalar orqali butun tizim xodimlarini ogohlantirdi:
- Men ogohlantiraman. Bir oydan keyin juda katta sistema ishlay boshlaydi, aynan tug‘uruqxonalar va barcha tibbiy muassasalardagi pul undirishlar bo‘yicha. Biz shunday texnologiyani amalga tatbiq etmoqdamizki, hammasini eshitamiz, hammasini ko‘ramiz.
Bundan keyin hech kim hech kimni himoya qilmaydi. Adham Ilhomovich¸ agar sen ishdan olmasang¸ o‘zingga qarshi keskin chora qo‘llayman. Hammasini ishdan bo‘shatish¸ haydash kerak! O‘rniga yosh va sadoqatli odamlarni ishga olish kerak. Sadoqatlilarni¸ Adham Ilhomovich¸ sadoqatlilarni! - dedi videoselektorning televidenie orqali ko‘rsatilmagan¸ ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan qismida Mirziyoev.
“Kasallikning ildizi emas¸ alomatlari bilan kurash”
Prezident Mirziyoev 7 fevral kungi yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimi muammolarini to‘g‘ri e’tirof etdi¸ ammo muammoning o‘zagini tahlil qilish o‘rniga¸ uning simptomlariga qarshi kurashni taklif qildi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan ayrim o‘zbekistonlik tahlilchi va vrachlar.
Xususan¸ hozirda xorijda yashayotgan andijonlik vrach Gulbahor To‘raeva¸ sog‘liqni saqlash tizimidagi korruptsiya O‘zbekiston davlat boshqaruvida ildiz otgan korrupsiyaning bir qismi ekani bois¸ muammoga birgina sohani yozg‘irish bilan yechim topilishiga shubha bildirdi.
- Amaldorlarni¸ deylik glavvrachlarni bo‘shatish¸ ishdan haydash bilan sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar hal bo‘lmaydi. Ishni qonunchilikni o‘zgartirishdan boshlash kerak. Davlat har bir bemorga ajratadigan kunlik limit¸ agar yaqinda o‘zgarmagan bo‘lsa¸ 1500 so‘m. Bu pulga qanday qilib sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish mumkin! Davlatni bu tizimga ajratayotgan mablag‘ini ko‘paytirish kerak.
Ikkinchisi¸ tibbiyot muassasalariga pullik xizmat ko‘rsatish haqqi berilgan. Lekin bu mablag‘ inkassatsiya qilinmaydi¸ qonuniy aylanmaga tushmaydi¸ kimlarningdir cho‘ntagida aylanadi. Bu nihoyatda katta korruptsiya. Vazirdan to vrachgacha amalga¸ ishga pora berib kirganidan keyin¸ ularni bemorga sifatli xizmat ko‘rsatish emas¸ xarjlagan pulini chiqarib olish qiziqtiradi. Bu esa¸ butun davlat boshqaruvidagi korrupsiyaning bir qismi va uni boshqaruv tizimidagi korrupsiyani to‘xtatmay turib yo‘qotish mumkin emas.
Uchinchisi¸ sog‘liqni saqlash tizimi mustaqil sohaga aylanishi kerak. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ini hokim tayinlaydi va ishdan oladi. Shuning uchun bu soha hokimning yugurdagiga aylantirilgan. Subbotnik¸ ko‘cha tozalashu paxta terish ham tibbiyotchilarga yuklangan.
Keyin¸ vrachning oyligi qog‘ozda nisbatan katta¸ unga yashash mumkin. Lekin bu oylik har xil yig‘imlar uchun kassadan qo‘lga o‘tmaydi. Bunaqa sharoitda¸ vrach bemordan oladigan poraga kun ko‘radigan bo‘lib qolgan¸ deydi andijonlik vrach Gulbahor To‘raeva.
Andijonlik vrach bilan to‘liq suhbatni quyida tinglashingiz mumkin.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Gulbahor To‘raeva bilan suhbat