Iroq kuchlari Dajla daryosi ustiga ponton qurishga urinmoqda

Mosulning g‘arbiy qismini jangarilardan ozod etish amaliyoti 19 fevral kuni boshlangan.

AQSh ko‘magi bilan Mosul shahrining g‘arbiy qismini “Islom davlati” changalidan ozod etish uchun kurashayotgan Iroq kuchlari Dajla daryosi ustida ponton ko‘prik qurishga urinmoqda. Bundan maqsad daryoning hukumat boshqaruvidagi sharqiy qismi bilan g‘arbiy qismini ulashdir.

Iroq Ichki ishlar vazirligining Tezkor chora ko‘rish bo‘limi polkovnigi Falah al-Vabdan AFP xabar agentligi bilan suhbatda Dajla daryosidagi ko‘priklarning birini nazarda tutib, “Ertalab ko‘prik tomon yaqinlashish uchun muhim amaliyotni boshladik”, dedi.

Polkovnik hududda minalar ko‘pligini, 26 fevral kuni 44 jangari o‘ldirilganini qo‘shimcha qildi.

Harbiylar Dajla daryosining sharqiy va g‘arbiy sohillarini ulovchi ko‘prik qurish o‘ta muhim ekanligini aytishmoqda. Mosulning g‘arbiy qismini jangarilardan ozod etish amaliyoti 19 fevral kuni boshlangan.

Iroq kuchlari o‘tgan yilning oktabr oyida AQSh havo hujumlari, shia jangchilar hamda kurd peshmerga qo‘shinlari ko‘magi bilan shaharni ozod etish amaliyotini boshlagan edi.

Yanvar oyida Iroq kuchlari sharqiy Mosulni “Islom davlati” jangarilaridan ozod etishga muvaffaq bo‘ldi.

Tahlilchilar Mosulning g‘arbiy qismini jangarilardan tortib olish oson bo‘lmasligini aytishmoqda. Hozirda Iroqning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Mosulda 750 ming oddiy fuqaro bor. Rasmiy hisoblarga ko‘ra, shaharda taqriban 2000 “Islom davlati” jangarisi bor.

Iroq harbiylari amaliyot boshlanganidan beri bir maromda olg‘a siljimoqda, ammo halok bo‘lgan harbiylar soni o‘sib bormoqda.

26 fevral kuni Associated Press xabar agentligi so‘nggi uch kun ichida kamida 30 xavfsizlik xizmati xodimi hamda 200 dan oshiq oddiy fuqaro halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi.

Shahar turg‘unlari shaharning ayrim ko‘chalarida murdalar yotganini aytishdi.

Iroq harbiylari amaliyot davomida halok bo‘lganlar soni haqida rasmiy ma’lumot e’lon qilgani yo‘q.

Iroq kuchlari g‘arbiy Mosulni ozod qilish uchun kurashar ekan, mamlakat rasmiylari hamda dunyo tarixchilari Parijda uchrashib, shaharning madaniy boyliklarini qayta tiklash rejasini tuzmoqda. Mosulning qadimiy yodgorliklaridan ayrimlari “Islom davlati” jangarilari tomonidan vayron qilingan.

Tarixchilar Mosul muzeyining taqdiridan xavotirda. Mosul muzeyi shahardagi ikkinchi eng katta muzey bo‘lib, unda ming yillab tarixga ega eksponatlar bor.

2003 yilgi Iroq urushi davomida Mosul muzeyi talon-taroj qilingan. Ammo 2014 yil “Islom davlati” uni egallab olganida muzey qaytadan ochilish arafasida bo‘lgan.

“Islomiy davlat” 2014 yilda Iroq va Suriyaning sezilarli qismini egallab olgan.

Jangari guruh ko‘plab vahshiyona jinoyatlarni sodir etishda ayblangan va Yevropa hamda boshqa mintaqalardagi yirik terrorchilik harakatlari uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan.

“Islom davlati” yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy 2014 yil Mosulda turib Iroq va Suriyani o‘z ichiga olgan xalifalik e’lon qilgan.