O‘zbek futbolchilari Qatar jamoasini yengib, jahon chempionatiga chiqish orzusini saqlab qoldi

O‘zbekiston terma jamosi Qatar jamoasini 1:0 hisobida yengib, 2018 yilda bo‘ladigan futbol bo‘yicha jahon chempionatiga chiqish imkonini saqlab qoldi. Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida bo‘lib o‘tgan JCh-2018 saralash uchrashuvida yagona golni Odil Ahmedov urdi. Bu o‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi 12 ochko bilan Osiyo qit’asi A guruhida uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston jamoasi sardori Odil Ahmedovning o‘yinni 67- daqiqasida jarima maydonchasidan kiritgan goli O‘zbekiston - Qatar bellashuvidagi yagona gol bo‘ldi.

Hozir A guruhidagi jamoalar yettitadan o‘yin o‘tkazgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z hisobida 12 ochko bilan "A" guruhida uchinchi o‘rinda bormoqda .

Guruh peshqadami Eron Xitoyni 1-0 hisobida yengib, 17 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Janubiy Koreya esa Suriyani 1-0 hisobida yengib, 13 ochko bilan ikkichni o‘rinda bormoqda.

O‘zbekiston saralash musoboqalari doirasida yana ikki o‘yin o‘tkazadi. Terma jamoani guruhning ikki peshqadami Eron va Janubiy Koreya jamoalari bilan bellashuv kutmoqda.