Energiyani qo‘shnilaridan olayotgan O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr uzatish liniyasi qurmoqda

O‘zbekiston Afg‘oniston yo‘nalishida “Surxon – Puli–Xumri” elektr uzatish liniyasi qurishni boshladi. Bu yo‘nalishdagi ishlar iyun oyidan boshlab Afg‘oniston hududiga ko‘chadi.

Mahalliy OAVlarga ko‘ra, bu haqda 25 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro anjuman matbuot markazida "O‘zbekenergo" DAK boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilayotgan elektr uzatish liniyasi uzunligi 260 kilometrni tashkil qiladi. Yangi liniya O‘zbekistondan Afg‘onistonga etkazib berilayotgan elektr energiyasi hajmini 70 %ga oshiradi. Umumiy qiymati $150 million bo‘lgan loyihaning $32 millioni “O‘zbekenergo” mablag‘lari evaziga moliyalashtiriladi.

«Istiqbolda ushbu liniya elektr energiyasi yetkazib berishni amalda 70%ga oshirishga va keyinchalik Pokistonga chiqarishga imkon beradi. Ya’ni biz uchun yangi bozor ochiladi», – dedi Mustafoev.

Bunda u 2002 yilda yetkazib berishlar hajmi atigi 62 mln. kVt/soatni tashkil qilganini eslatdi. O‘z navbatida, yangi EULning o‘tkazish quvvati 1000 MVt bilan baholanmoqda. Bu sutkasiga 24 mln kVt/soat, yiliga esa taxminan 6 mlrd kVt/soat eksport qilishga imkon beradi.

«Bizning hisoblarga ko‘ra, loyihaning o‘zini qoplash muddati – 15 yil, amalga oshirish muddati – uch yil. Menimcha, iyundan boshlab, biz qurilishni boshlashga kirishamiz. O‘zbekiston hududida qurilish-montaj ishlari boshlangan», – dedi «O‘zbekenergo» rahbari.

Ikki qo‘shni mamlakat hukumatlari 2017 yil dekabrda, Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani O‘zbekistonga qilgan tashrifi davomida «Surxon – Puli – Xumri» EULni qurish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi.

Ayni paytda O‘zbekistonning o‘zi elektr energiyasini qo‘shnilaridan sotib oladi. Tojikiston mart oyidan boshlab O‘zbekistonga elektr energiyasi etkaza boshlashni rejalashtirayotgani, bir yilda O‘zbekistonga 1,5 milliard kilovat miqdorida elektr energiyasi eksport qilinishi nazarda tutilgani haqda Ozodlik fevralda xabar qilgan edi.

O‘zbekiston 15 dekabrdan boshlab Qirg‘izistondan qishki mavsum uchun elektr energiyasini sotib ola boshlagani haqda esa, Ozodlik 2017 ning dekabrida xabar qilgan edi.

O‘zA dekabrdan mart oyiga qadar Qirg‘iziston O‘zbekistonga 550 million kVt/soat elektr energiyasini yetkazib berajagi to‘g‘risida xabar qilgan.