Insultga chalingan Toshkent bosh imomi Anvar qori Tursunov sun’iy komada ushlab turilibdi

Toshkent shahar imom xatibi Anvar qori

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi bosh imom-xatibi, 60 yashar Anvar qori Tursunov Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markazida 5 aprel kuni jarrohlik amaliëtini boshdan kechirganidan beri sun’iy komada qolmoqda.

Ozodlik mobil muxbiri Anvar qori yotgan neyroreanimatsiya bo‘limi eshigi oldigacha bordi. Ammo mobil muxbirga ham¸ imomning boshqa muxlislariga ham bemorni ziyorat qilishga izn berilmadi.

Ozodlik suhbatlashgan shifokor va Anvar qorining yaqinlariga ko‘ra¸ bemor jarrohlik amaliyotidan keyin bir muddat o‘ziga kelib yaqinlari bilan gaplashgan.

Shundan keyin vrachlar miya to‘qimalari shishishi va nobud bo‘lishi oldini olish uchun Anvar qori Tursunovni sun’iy komada ushlab turishga vrachlar konsiliumi qaror bergan. Bu ma’lumotni Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziining Ozodlik suhbatlashgan xodimi bildirdi.

Uning aytishicha, bemor ayni vaqtda sun’iy nafas oldirish tizimiga ulab qo‘yilgan. Ozodlik suhbatlashgan doktorga ko‘ra¸ jarrohlik amaliyotidan keyin o‘tgan 20 kun ichida Tursunovning ahvoli “qoniqarli” va “barqaror” qolmoqda.

Uyqudagi imom

Anvar qori Tursunov bilan birga ishlagan sobiq noib Abror Muxtor Alining Ozodlikka aytishicha¸ bemor amaliyot bo‘lganidan beri uyquda qolmoqda:

- Ahvollari uxlatilgan vaziyatda. Doktorlar 10 kun uxlatiladi, deyishgan edi. Komami yo koma emasmi - buni bilmadim. Mavjud diagnoz bo‘yicha uxlatish kerak ekan. Buni sun’iy koma deydimi - bilmayman. Qori aka jarrohlik amaliyotidan ikki kun o‘tib uyg‘ongan¸ menga nima bo‘ldi o‘zi, deb so‘ragan. Ovqat yegan. Gaplashib o‘tirishgan. Keyin yana ukol bilan uxlatishgan¸ dedi Anvar qori ishlaydigan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi sobiq noibi Abror Muxtor Ali.

Toshkent bosh imomi vazifasi uning noibiga yuklatildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari shayx Abdulaziz Mansurning Ozodlikka aytishicha¸ ”Tursunovning vazifasi vaqtincha uning yordamchisi Davlatiyorov Mirzoiskandar zimmasiga yuklatilgan”. Suhbatdoshga ko‘ra¸ Davlatiyorov “juma xutbalarini o‘qish¸ moliyaviy hujjatlarga imzo chekish va bosh imom bajarishi kerak bo‘lgan ishlarni vaqtincha bajarmoqda.

Shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda jonli efirga uzatilayotgan Minor masjidining juma xutbalari 6 apreldan boshlab jonli efirga uzatilmay qo‘ydi. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, juma xutbalarini Minor masjidi imom noibi 38 yashar Davlatiyorov Mirzoiskandar o‘qimoqda. Ozodlik bilan suhbatda Davlatiyorov xutba davomida " Kasal yotgan Anvar qorini duo qilganini" aytdi. Shu bilan birga noib “Anvar qorining o‘rni takrorlanmas ekani va uning o‘rnini bosadigan darajada emasligini” kamtarlik bilan ta’kidladi.

Anvar qori Tursunov bilan birga ishlagan sobiq noib Abror Muxtor Alining Ozodlikka aytishicha¸ shaharning Bosh imomi Toshkentdagi 128 ta masjid faoliyatini nazorat qiladi va muvofiqlashtiradi:

- Bu masjidlarning faoliyatini muvofiqlashtirish¸ moliyaviy¸ ma’naviy ishlarni nazorat qilish O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent shahar vakilligi bosh imom-xatibi vazifa doirasiga kiradi. Shu bilan birga Anvar qori akaning ulkan olim va diniy arbob bo‘lgani bois. u kishi O‘zbekiston hukumati¸ prezident ma’muriyati hamda vazirlar mahkamasining din va musulmonlar bilan bog‘liq tadbirlarida ham faol ishtirok etadi. Bu o‘rinda u Bosh imom-xatib emas¸ balki yirik ulamo sifatida tadbirlarda qatnashadi¸ - dedi suhbatdosh.

Bosh imom lavozimiga nomzodlar tanlanmoqda

Ozodlik muxbiri O‘zbekiston diniy qo‘mitasida ishlaydigan mulozim bilan gaplashdi. Ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan mulozim “Anvar qori Tursunov Toshkent shahar Bosh imom-xatibi sifatida salomatligi bois ishlay olmasligi inobatga olinganini” ta’kidladi:

- Insultni boshdan kechirgan odamga osoyishtalik zarur. Shu ma’noda diniy qo‘mita ham musulmonlar idorasi ham Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimida bundan buyon Anvar qori akaning ishlay olmasligini tushunib turibdi. Shu bois, bu lavozimga munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda. Yangi davr siyosatini tushunadigan¸ ilmli va shu bilan birga bosiq bir ulamoning nomzodi deyarli maqullandi¸- dedi mulozim. Nomzod ismini aytmagan mulozim ayni paytda bu borada uzil-kesil qaror berilmaganligini ham aytib o‘tdi.

Suiqasddan omon qolgan imom

Anvar qori Tursunov O‘zbekistonda eng ko‘zga ko‘ringan rasmiy din ulamolaridan hisoblanadi.

2009 yilda Anvar qori suiqasdga nishon bo‘lgan edi.

O‘sha yilning 31 iyul tunida uch nafar shaxs Anvar qorini o‘zining uyi tashqarisida 9 joyidan pichoqlagani jinoyat ishi hujjatlarida yozilgan.

Hujumchilar voqea joyidan qochgani ortidan 2009 yilda Toshkentda yirik qidiruv amaliyoti o‘tkazilgan edi.

Qoriga suiqasd yuzasidan 70 ga yaqin odam hibsga olingan. Ammo mahkama yopiq bo‘lgan.

Suiqasd buyurtmachilari va jinoyat motivlari haqida ma’lumot berilmagan.

Yosin o‘qib Karimov isitmasini tushirgan imom

Anvar Qori Tursunov O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov jon berayotganiga guvoh bo‘lgan imom. Aynan Tursunov 2016 yilning sentabrida Karimovni yuvib janozasini o‘qishda qatnashgan edi.

Karimovning qizi Lola Karimova-Tillaeva nomidan uning matbuot kotibi Oqila Toirova Instagram tarmog‘idagi sahifasida yozishicha, isitma ichida yotgan otasiga Anvar qori “Yosin” surasini o‘qigan.

"Ozgina vaqtdan so‘ng Anvar qori Minor masjidining boshqa bir necha qorilari bilan birgalikda yetib kelishdi. Bilmadim, bu tasodifmi yoki yo‘q, ammo qorilar “Yosin” surasini o‘qishni boshlagan zahoti yurtboshimizning tana haroratlari 36.5 ga pasaydi", - deya xotirlaydi Lola Karimova-Tillaevaning kotibasi Oqila Toirova.

Toirovaning yozishicha, Anvar qori Karimov jasadi ustiga qo‘yish uchun rayhon olib kelgan:

«Biz ular bilan vidolashish uchun palatalariga kirdik, shu on Anvar qori va ularning ikkita shogirdlari ham xonaga kirishdi. Ular qo‘llarida bir quchoq rayhonni ushlab turishar edi. Shunda Lola qoridan, bu shunday odatmi, deb so‘radi. Uning savoliga javoban Anvar qori, marhumni ularning sevimli gullari bilan yopmoqchi ekanliklarini aytdilar. Shundan so‘ng prezidentimizni oq mato bilan yopishdi, hamda Anvar qori, ularing shogirdlari va Lola marhum boshining tepasi, yelka, qo‘llarining ustiga rayhon gullarini qo‘yishdi va prezidentimiz tamomila rayhon gullariga burkandilar",- deb xotirlagan edi marhum Karimovning so‘nggi kunlarini Oqila Toirova.

Filolog imom

Anvar qori Tursunov 2015 yil noyabridan boshlab Minor jome masjidida imom-xatib sifatida ishlab keladi.

Tursunov bungacha Shayxontohur tumanidagi Xo‘ja Ahror Valiy masjidi imom-xatibi edi.

Anvar qori Tursunov 1958 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1981 yili Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya fakultetini, 2001 yili Toshkent Islom institutini tamomlagan.

Anvar qori Tursunov mehnat faoliyatini 1981-1984-yillarda “Yoshlik” jurnalida muharrir vazifasidan boshlagan. 1994-1999 yillarda Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “Yangiobod” jome masjidi imom-xatibi bo‘lib ishlagan.

Anvar qori Tursunov 1999 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda. U 1989-1992 yillarda Qur’oni Karimning birinchi o‘zbekcha izohli tarjimasiga (Shayx Alouddin Mansur tarjimasi) muharrirlik qilgan.

O‘zbekiston va xalqaro hayotga oid eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli foto-video tasvirlarni Ozodlikning Instagram sahifasida kuzating!