Ukraina rasmiylariga ko‘ra, Kiev sudi rossiyalik dissident jurnalist Arkadiy Babchenkoni o‘ldirish fitnasiga bosh-qosh bo‘lgan Boris Germanni qamoqqa olgan. German Babchenkoni o‘ldirish uchun 40 ming dollar va’da qilgani aytilmoqda.
Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) Babchenkoning o‘limini sahnalashtirish yo‘li bilan uni o‘ldirish rejasini barbod qilganini bildirdi.
SBU Babchenkoning o‘limini 29 may kuni sahnalashtirdi. Shu tariqa u Rossiya xufiya xizmatlari tashkil qilgani aytilayotgan qotillikning oldini oldi.
“Qotillik ro‘y bergani” haqida xabar tarqalgandan so‘ng Babchenko German o‘zini o‘ldirish uchun pul to‘laganini e’lon qildi.
Bosh prokuror Yuriy Lutsenko Ukrainaning “Inter” telekanaliga bergan intervyusida German Babchenkoni o‘ldirish uchun Aleksey Simbalyukni yollaganini aytdi. Xabarlarga ko‘ra, Simbalyuk Ukraina sharqidagi janglarda qatnashgan.
Bosh prokuror oldinroq Babchenkoni o‘ldirmoqchi bo‘lgan kishi tergovchilar bilan hamkorlik qila boshlagani va unga jinoyat ishida guvoh sifatida munosabatda bo‘linishini aytgan edi.
− German Simbalyuk bilan bog‘lanib, uning oldiga Babchenkoni o‘ldirish vazifasini qo‘ygan, − dedi Lutsenko “Inter”ga. – Shundan so‘ng Simbalyuk SBUga murojaat qilib, qotillik tashkilotchisi Germanni fosh qilish uchun sahnalashtirish o‘yinida qatnashishga rozi bo‘ldi. SBUning bir qancha xodimlarni amaliyotni o‘tkazishga yordam berdi.
Lutsenkoning aytishicha, German Simbalyuk bilan bir necha marta uchrashgan va bir safar unga jurnalistni o‘ldirish uchun umumiy to‘lovning yarmi – 20 ming dollar bergan va kolgan pulni Babchenko o‘ldirilgandan so‘ng berishni va’da qilgan.
Lutsenko, Babchenko bilan bog‘liq amaliyotdan kimlarning xabari bo‘lgan, degan savolga, “Ukraina huquq-tartibot idoralarida ko‘pi bilan 10 kishi bundan xabardor edi”, deb javob berdi.
German Babchenkoni o‘ldirish fikri bo‘lmaganii aytib, Ukraina kontrrazvedka xizmati bilan hamkorlik qilmoqda.
Advokati Yevgeniy Solodko German “Shmaysser” qurol-yaroq ishlab chiqaruvchi Ukraina-Germaniya korxonasi direktori ekanini aytdi. Uning fikricha, “Shmaysser” Ukrainada davlatga qarashli bo‘lmagan yagona qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Germanning o‘zi esa Donbass mintaqasida Rossiyaga orqa qiluvchi bo‘lginchilarga qarshi kurashda Ukraina harbiy kuchlarini jon-dili bilan qo‘llab-quvvatlagan. Germanning qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi firmasi Ukraina Mudofaa vazirligi bilan uzoq va qalin biznes munosabatlariga ega.