O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpievning birinchi o‘rinbosari Abdusalom Yo‘ldoshev va uning o‘g‘li Javlonbek 28 may O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan birida qo‘lga olinib, O‘zbekiston xavfsizlik kuchlariga topshirilgan.
Ozodlikka bu haqda ma’lumot bergan, bir-biriga notanish va shaxslari oshkor etilishini istamagan uch mulozimning gapi bir-biriga mos tushdi.
Birinchi manba - O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi zobitining ma’lum qilishicha, 51 yashar Abdusalom Yo‘ldoshev va uning 27 yashar o‘g‘li Javlonbek Abdusalom o‘g‘li hozirda Davlat xavfsizlik xizmatining "Gvardeyskiy" nomi bilan mashhur izolyatorida ushlab turilibdi.
Taxminan o‘n kunlar muqaddam O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan Abdusalom Yo‘ldoshev va uning o‘g‘liga nisbatan qidiruv e’lon qilgan edi.
Ikkinchi manba - Bosh prokuraturadagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, Abdusalom Yo‘ldoshev soliq tizimida olib borilayotgan tekshiruvlar ramkasida ko‘rsatma berish uchun prokuraturaga taxminan ikki hafta muqaddam chaqirilishi ortidan g‘oyib bo‘lgan.
Uchinchi manba - Soliq tizimidagi Ozodlik manbalaridan birining ma’lum qilishicha, Abdusalom Yo‘ldoshev o‘g‘li Javlonbek bilan birgalikda 3 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirishda gumonlanmoqda.
Biroq, ayni manba ma’lumotini tasdiqlovchi hujjat Ozodlik ixtiyorida yo‘q.
Hozirga qadar mazkur manbalardan olingan ma’lumotlar vaqt o‘tib o‘z tasdig‘ini topgan.
Abdusalom Yo‘ldoshev shu yilning yanvarida prezident Mirziyoev ko‘rsatmasi bilan Qashqadaryo viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ish boshlagan edi.
Ayni boshqarma devoni xodimining Ozodlikka aytishicha, Abdusalom Yo‘ldoshev "taxminan o‘n kundan buyon" ishga chiqmayotir.
"Taxminan o‘n kundan buyon ishga chiqqani yo‘q. Unga nima bo‘lganini hech kim aniq bilmaydi," dedi o‘zini tanishtirmagan devonxona xodimi.
Abdusalom Yo‘ldoshev 1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, 1990 yilda Toshkent Xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan.
U 1992 yildan Davlat soliq xizmatida faoliyat boshlagan.
Abdusalom Yo‘ldoshev turli yillarda Andijon viloyati va Toshkent shahrida davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida ishlagan, 2012 yilning fevralidan buyon Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.
Prezident Parpiev va u boshqargan idora haqida gapirdi
U qo‘lga olinganidan bir kun o‘tib, ya’ni 29 may kuni prezident Shavkat Mirziyoev videoselektor yig‘ilishida Davlat soliq qo‘mitasi sobiq rahbari Botir Parpievni hamda u yetakchilik qilgan tizimdagi ahvol haqida gapirdi.
11 may kuni general Botir Parpiev O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisligidan olinigan edi.
Kun.uz saytining xabar qilishicha, videoselektor majlisida prezident Botir Parpiev to‘g‘risida bunday degan: "Yana bir muhim masala - mahalliy byudjetga tushum hajmi. Davlat soliq qo‘mitasi rahbarini (Botir Parpiev – izoh kun.uzniki) almashtirganim bejiz emas, sababi bizda soliq tizimi yo‘q. Hali ish ko‘p. Soliqda ham ko‘p o‘yinlar bo‘lgani, rahbariyati qanday ishlar bilan shug‘ullanganidan hayron qoldim. Hali uni ham xalqimizga yetkazamiz".
Prezidentning aytishicha, O‘zbekistonda soliq tizimining korrupsiyalashuv darajasi juda yuqoridir.
"Soliqchining saviyasi yo‘q, desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Shuning uchun bugun topshiriq berdim, tegishli qaror tayyorlanadi, hammasini noldan boshlash kerak - soliq tizimidagi Akademiyani ham, boshqasini ham. Quyi pog‘onadagi soliqchilar nima qilish kerak, qanday ishlash kerakligini bilmaydi. 70 foizi korrupsiya bilan bog‘liq, mana shuni hamma bilishi kerak", - degan Shavkat Mirziyoev.
Parpievning 4 yaqini 2 kunda ishdan bo‘shatildi
O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining sobiq raisi Botir Parpievning yaqin qarindoshlaridan 4 kishi 27, 28 may kunlari ishdan olingani to‘g‘risida Ozodlik xabar qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Генерал Парпиевнинг полковник жиянларидан сўнг “профсоюз” укаси ва дипломат ўғли ишдан олинди
O‘zbekiston Davlat Soliq qo‘mitasini so‘nggi 14 yilda boshqarib kelgan kelgan 72 yashar general Botir Parpiev joriy yilning 11 mayida Prezident Mirziyoev tomonidan o‘z vazifasidan bo‘shatilib, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Kengashi raisi etib tayinlangan edi.