Prezident Mirziyoev milliarder Alisher Usmonovni orden bilan mukofotladi

Shavkat Mirziyoev va Alisher Usmonov.

Prezident Shavkat Mirziyoev 29 avgustda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik millarder Alisher Usmonovni «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Farmonda aytilishicha, mazkur orden Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash, investitsion loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish ishlariga qo‘shgan katta hissasi, diniy-madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarni barpo etish borasidagi faol ishtiroki uchun berildi.

Avvalroq Alisher Usmonov O‘zbekistondagi qator loyihalarni moliyalashtirayotgani, jumldan, tarixiy obidalarni ta’xmirlash loiyhasiga 2018 yilda yuz million dollar ajratgani xabar qilingan edi.

Alisher Usmonov Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini moliyalashtirdi. Shuningdek, Toshkentning «Paxtakor» klubi homiysiga aylanib, klubga yangi stadion qurilishi uchun 100 million dollar sarmoya kiritmoqda.

29 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoev Bekobod metallurgiya kombinatiga borgan va quyish-prokatlash kompleksi qurilishi tamal toshini qo‘yib bergan edi.

Ma’lumotlarga qaraganda, mazkur kombinatda 2017 yili Usmonovning ko‘magi bilan metallurgiya klasterini yaratish va rivojlantirish sohasida jahon miqyosidagi nufuzga ega xorijiy SFI Management Group jalb etilgan. Buning natijasida 70 million dollardan ortiqroq mablag‘ jalb etilib kombinat mahsuloti raqobatbardoshligini oshiradigan metall komponentlar olingani bildirilgan.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, joriy yilning 9 oyida kombinatda metall-prokat ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga, foyda esa qariyb 3 barobarga ortishi kutilmoqda.

20 avgustda “O‘zbekiston 24” telekanali Alisher Usmonov O‘zbekistonning sanoat korxonalarini qayta tiklashga yordam berayotgani, madaniyat, sport va maorifga pul sarflayotgani to‘g‘risidagi ko‘rsatuvni efirga uzatgan edi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi aytiladigan Alisher Usmonov¸ Shavkat Mirziyoev prezidentlikka kelishi bilan o‘z tarixiy vataniga taklif qilishsa¸ biznes qilishga tayyorligini bildirgan.

Islom Karimov davrida O‘zbekistonda bevosita tadbirkorlik bilan shug‘illanmagan Usmonovning Shavkat Mirziyoev bilan yaqin munosabatda ekani Toshkent rahbarining BMT Bosh assambleyasi majlisida qatnashish uchun Nyu-Yorkka qilgan safari davomida ochiq ko‘ringan edi.

O‘shanda Mirziyoev O‘zbekiston prezidentiga berilgan maxsus uchqichda emas¸ Alisher Usmonovning shaxsiy samolyotida AQShga borib-kelgan edi.

Bu fakt oshkor bo‘lishi ortidan prezident matbuot xizmati¸ Usmonov uchqichining bozor narxida ijaraga olinganini bildirgan.