“Ehtiyojdan ko‘p mashina ishlab chiqargan GM Uzbekistan bankrotlik yoqasida”

GM Uzbekistan mashinasi velosipedga qo‘shib sotilmoqda

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar salonlarda turib qolayotgani bois¸ «O‘zavtosanoat» AJ ning Asakadagi GM Uzbekistan zavodi katta zarar ko‘rmoqda.

Bu ma’lumotni jamoatchilikka ochiqlash vakolatiga ega bo‘lmagan GM Uzbekistan boshqaruviga yaqin mulozim 9 oktabr kuni Ozodlikka shunday dedi.

Suhbatdosh ta’kidicha¸ bunday inqiroz GM Uzbekistan zavodi butun rahbariyatining yoppasiga ishdan bo‘shatilgani oqibatidir.

“Xaridor ehtiyojidan ko‘ra ko‘proq avtomobil chiqargan no‘noq yangi rahbariyat shu paytgacha shakllangan¸ mamlakatdagi birlamchi va ikkilamchi mashina bozoridagi muvozanatni izdan chiqardi”¸ deb baho berdi joriy vaziyatga zavod boshqaruvidagi mulozim.

«O‘zavtosanoat» matbuot xizmatining 9 oktabr kuni Ozodlik suhbatlashgan mulozimi¸ vaziyat uchun “ishlab chiqarishda turg‘unlik va zararga sabab bo‘lgan eski rahbariyat"ni aybladi

O‘zini tanishtirmagan «O‘zavtosanoat» rasmiysi¸ “yaqin kunlarda mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirishning yangi kontsepsiyasi samarasidan xaridorlar bahramand bo‘lishini” va’da qildi.

Ayni paytda «O‘zavtosanoat» mulozimi bu yangi kontsepsiya aynan nimadan iborat ekanligini aniq tushuntirib bera olmadi.

Rossiya avtosanoati bo‘yicha kitoblar muallifi Sergey Seninskiyga ko‘ra¸ “Karimov davrining totalitar mahsuli bo‘lgan «O‘zavtosanoat» erkin bozor sharoitida o‘limga yuz tutgan”.

Mashina bozori nega falaj bo‘ldi?

GM Uzbekistan zavodi boshqaruviga yaqin mulozimning aytishicha¸ “avtomobilsozlik va mashina bozoridan bexabar” rahbariyatning uquvsizligi bois mamlakat milliy avtosanaoati boshi berk ko‘chaga kirib qolgan.

"GM Uzbekistan bosh direktoridan boshqa hamma rahbariyat va mutaxassislar sentabr oxirida ishdan bo‘shatildi. Buning oqibatida mashina savdosi falaj bo‘ldi. Tushum tushib ketdi. Savdo-sotiq yo‘q. Salonda turgan mashinani odamlar olmay qo‘ydi. Bozor to‘ydi¸ lekin zavod pulsizlikdan o‘layapti"¸ deydi suhbatdosh.

Monopolist mavqeidagi eskirgan rusumli avtomobil ishlab chiqaruvchi zavod qanday qilib “bozordagi xaridorni to‘ydirganligini” tushuntirib bergan mulozim¸ “ehtiyojga ko‘ra taklif” degan iqtisodiy formula buzilganidan xavotir bildirdi.

"Yangi rahbariyat davlatdan pul olib Captiva¸ Malibu mashinalar ishlab chiqarish miqyosini ancha oshirdi. Endi davlatga pulni qaytarishi kerak¸ ammo pul yo‘q. Chunki mashina sotilmagan. Bundan tashqari¸ ikkilamchi bozorni ham sindirishdi. GM Uzbekistan o‘zining salonlarda sota olmagan mashinalarini Sergeli bozoriga olib chiqdi"¸ deydi mulozim.

Talabning tushib ketishi va eksport mutlaq to‘xtagani haqida gapirgan mulozim o‘z fikriga raqamlarni ilova qildi.

"Oshirilgan proizvodstvo bu falokat bo‘ldi. Ehtiyoj yiliga 200 ming edi. O‘shanda 180 ming mashina chiqarib¸ ehtiyojni ushlab turardik. Oldindan pulini to‘lab bir oy kutib mashina olishardi. Pul-mashina-pul tizimi ishlardi. Hozir taxminan aytsak¸ 200 ming ehtiyoj uchun 240 ming mashina chiqarildi. Bu xuddi 50 kishi ovqat yeydigan restoranda 100 kishiga ovqat pishirgandek gap. Qolgan ovqat to‘kib tashlanadi va restoran bankrot bo‘ladi. Shu bizning ahvolimiz"¸ deydi suhbatdosh.

Ozodlik radiosi rus xizmati iqtisodiy tahlilchisi¸ Rossiya avtosanoati haqidagi kitoblar muallifi Sergey Seninskiy o‘zbek avtosanaotini sun’iy nafas olish uskunasiga ulangan komadagi kasalga o‘xshatadi:

- O‘zbekiston hukumatiga kerakmi bu kasal soha? Sun’iy defitsitni qanday tushuntirish mumkin? Sovet davridagidek avtomobilga navbatni nima bilan izohlash mumkin? Nega o‘zbek xaridori faqat bir xil mashinani o‘ta qimmat narxda sotib olishga mahkum? Avtozavod o‘zining bosh aksioneri bo‘lmish davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar keltirar ekan¸ davlat ham nega kerak bu zararli soha¸ deb o‘ylashi kerak emasmi¸ deydi tahlilchi.

O‘zbek avtosanoatining o‘lim kuni aniq belgilandi

GM Uzbekistan zavodi boshqaruviga yaqin mulozim o‘zbek avtosanoatining o‘lim kuni aniq qilib belgilanganini iddao qiladi.

"2019 yilning 1 yanvaridan boshlab mashina rastamojkasining osonlashgan yo‘li ishga tushadi. O‘sha kundan boshlab GM Uzbekistan o‘ldi¸ degani bu. Unaqa erkin bozor bo‘ladigan bo‘lsa¸ GM Uzbekistanning bu narxdagi mashinasini hech kim olmaydi. Ko‘rayapsiz¸ mana 16 ming dollarga Gentra mashinasi turibdi. Bu pulga siz sal qo‘shib¸ Mercedes SL klassdagi mashinani obkelasiz"¸deydi o‘zbek mashina zavodi mulozimi.

Suhbatdosh “avtomobil ishlab chiqaruvchi davlat” bo‘lib qolishni istagan hukumat¸ GM Uzbekistan zavodini qutqarish uchun jiddiy chora ko‘rishi lozim¸ deb hisoblaydi.

O‘zbek avtomobili uchun o‘lmaslik eliksiri

Iqtisodiy tahlilchi Sergey Seninskiy “o‘zbek milliy avtosanoatini muqarar o‘limdan qutqarishning” kichik imkoni borligini aytadi:

- 20 yil oldin Rossiya hukumati oldida shunday savol turgan edi. Putin AvtoVAZni gigant holida saqlab qolishga urindi¸ ammo eplay olmadi. Muammoni echish uchun AvtoVAZ Frantsiyaning Renault shirkatiga bitta shart bilan sotildi. Renault kichikroq bo‘lsa ham Lada-kalina kabi rus avtomobil konveyeri ishlashini ham ta’minlashi lozim edi. Bir payt gigant bo‘lgan rus shirkati shu tariqa kichik holida saqlab qolindi. Bu o‘rnakni o‘zbek avtosanoati rahbari qo‘llasa bo‘ladi¸ deydi tahlilchi.

Ayni paytda¸ rossiyalik tahlilchi “siyosiylashgan milliy avtomobil sanoatini tashqi erroziyadan saqlaydigan devorni” Mirziyoev qura olmasligini alohida ta’kidlaydi:

- Bunday devorni Putin ham qura olmadi. Bugun Rossiyada Renault, Nissan shirkatlari avtomobil yig‘moqda. Volkswagen mashinasiniing to‘rt xil rusumi Rossiyada yig‘iladi. Masalan, Rossiyada yig‘ilgan Passat Shtutgardda yig‘ilganidan arzon turadi. Bundan¸ albatta¸ rossiyalik xaridor va Rossiya iqtisodi manfaat ko‘rdi. O‘zbekiston ham¸ agar jalb qila olsa¸ Renault, Nissan shirkatlarini chaqirsin. 1991 yilda Chexiyadagi Shkodani Volkswagen sotib olib qutqargani kabi¸ o‘zbek avtosanoatini ham xorijiy shirkatlarga sotib olib¸ muqarrar o‘limdan qutqarish mumkin¸ deydi tahlilchi.

Mirziyoev "keraksiz"ga chiqargan Karimov avtopromi

Marhum prezident Islom Karimovning 1992 yil iyun oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrif chog‘ida o‘zbek milliy avtomobilsozligiga asos solingan edi.

O‘sha yili “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va Koreya Respublikasining “Daewoo Motors” korporatsiyasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobillar yig‘ish va ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish haqidagi shartnoma imzolangan edi.

Buning ortidan Asaka shahrida “O‘zDEUavto” avtomobil zavodi qurilishi boshlandi.

2007 yili “Daewoo Motors” bankrot bo‘lgani ortidan “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi “General Motors” kompaniyasi bilan hamkorlik haqida bitim imzoladi.

2008 yilning mart oyida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va “General Motors” hamkorligida yangi qo‘shma korxona – “GM Uzbekistan” yopiq aksiyadorlik jamiyati tashkil etildi.

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan "Nexia " va "Matiz" avtomobillari 2015 yilgacha Rossiyada ko‘p sotilayotgan xorijiy avtomobillardan hisoblangan.

Rossiyaning Qirmni anneksiya qilgani ortidan sanksiyalarga nishon bo‘lishi natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy krizis chog‘ida o‘zbek avtomobillari savdosi to‘xtab qoldi.

Rossiya rasmiylariga ko‘ra¸ 2018 yilga kelib Rossiyada birorta ham o‘zbek avtomobili sotilmagan.

Joriy yil 19 mayida Andijonga safar qilgan mamlakatning ikkinchi prezidenti Shavkat Mirziyoev Asakadagi mashina zavodining “keraksiz” ekanini ta’kidlagan edi.