Toshkentdagi chet el elchixonalarini qo‘riqlovchilar ham majburan paxtaga yuborildi

Ozodlikka yuborilgan bu surat ilovasida Toshkentdagi elchixonalarni qo‘riqlovchi militsiya xodimlarining ana shu sharoitda yotib-turayotgani yozilgan.

Ozodlikka 10 oktabr kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi PPX va Jamoat tartibini saqlash Bosh boshqarmasi xodimlaridan yetib kelgan shikoyatga ko‘ra¸ xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarini ko‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida militsiya batalyoni xodimlari ayni kunlarda majburan paxta termoqda.

Ozodlik bog‘langan boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi bu ma’lumotni tasdiqladi¸ ammo shikoyatga izoh berishga vakolati yo‘qligini aytib¸ gapni qisqa qildi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ mazkur boshqarma xodimlari ayni kunlarda Toshkent viloyati Chinoz tumanida paxta termoqda.

Bizga nisbatan bo‘layotgan nohaqliklar haqida kimga aytishimizni bilmayapmiz - rahbarlarga murojaat qilaylik desak¸ biz bilan gaplashmayapti rahbarlar. Paxtaga borish ham¸ yeb-ichish ham o‘z bo‘ynimizda. Sharoitni ko‘rsangiz¸ odam yashaydigan ahvolda emas. Rahbarlar kelsa¸ hammasi zo‘r¸ majburlash yo‘q¸ deb jo‘natib yuborishadi”¸ deyiladi xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarni ko‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida militsiya batalyoni xodimlari.

Ishdan bo‘shatilish ehtimolidan qo‘rqib¸ Ozodlik bilan shaxsi sir qolish sharti bilan gaplashgan batalyon xodimlaridan biriga ko‘ra¸ ularni paxtaga yuborish haqidagi buyruq Ichki ishlar vaziriga oid.

Vazir buyrug‘i bilan birinchi 250 ta bo‘lib keldik, bugun yana 50 ta odam boshqa joyga ketdi, yana 100 ta odam so‘ralgan. Biz postda turadiganlar itdan battarmiz¸ lekin ofitserlar xohlagan payt uyiga borib oilasining yonida bir kun bo‘lib keladi. Bizga kunlik normangni bajarib ketaver deyishadi¸ ikki kunga uyga borib kelay¸ desangiz¸ 200 ming berib ketaver deyishadi. Buning yoniga yo‘l xarajatini qo‘shsangiz¸ uyga bir kunga borib kelish salkam 300 mingga tushayapti. Bu nohaqlikni kimga aytishni bilmay yuribmiz”¸ dedi Ozodlikka bog‘langan IIV xodimi.

Elchixonalarni qo‘riqlovchi militsiya batalyoni xodimlari paxta paytida Chinoz tumanining Olmazor QFY hududidagi mana shu joyda tunayotganlarini aytmoqda.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ O‘zbekiston Ichki ishlar¸ qolaversa¸ Mudofaa vazirligi xodimlaridan tuzilgan paxta otryadlari Toshkent viloyati Chinoz tumanining Olmazor QFY hududida yotib paxta termoqda.

Mazkur yig‘in faollaridan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ “IIV yigitlarining Do‘stlikda paxta terayotgani”ni tasdiqladi¸ ammo ular yashayotgan sharoitlar haqidagi savolga javob berishni istamadi.

Ozodlikka paxta terayotgan militsiya xodimlari tomonidan yuborilgan suratlardan¸ ularning nam beton yerga ko‘rpa-to‘shak yozib¸ yotib-turishga majburligi ko‘riladi.

O‘zbekiston hududida joylashgan xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalarni ko‘riqlashni ta’minlash bo‘yicha alohida militsiya batalyoni xodimlaridan 300 nafardan ko‘prog‘ining paxta terimiga olib ketilgani bu vakolatxonalarni qo‘riqlash jarayoniga qanday ta’sir etganiga oid ma’lumot hozircha Ozodlikda mavjud emas.

Ozodlik murojaat qilgan IIV va ayrim elchixona vakillari¸ xavfsizlik bilan bog‘liq bu savolga javob bera olmasliklarini bildirdilar.

2018 yilgi paxta mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi davlat va hukumat rahbarlarining jamoatchilik oldida qilayotgan bayonotlariga qaramay¸ Ozodlikka davlat va nodavlat tizimlari xodimlarining paxtaga chiqish yoki o‘z o‘rniga odam chiqarish uchun muayyan summadagi pul to‘lashga majburlanayotganiga oid yuzlab shikoyatlar kelmoqda.

Ozodlik 2 oktabr kuni IIV akademiyasi kursantlaridan kelgan maktubni e’lon qilgan edi.

Unda:

"O‘zbekiston IIV akademiyasidan yozmoqdamiz. Biz – kursantlarni fuqaro kiyimida paxtaga olib ketishmoqda. Mayli, vatan ravnaqi uchun shu kerak bo‘lsa, paxta teramiz, ammo 100 kilo norma qo‘yilgani chatoq-da! Buncha paxtani terish oson emas, axir. Eng yomoni, kim normani bajarmasa, Ichki ishlar vaziri nomiga tushuntirish xati yozdirishmoqda. Paxtani deb o‘qishdan haydalish, paxtani deb ota-onalarni izza qilish adolatdanmi?! Biz kerak bo‘lsa vatan uchun jon berishga tayyormiz. Ammo o‘zimizni paxta dalasida emas, jang maydonida ko‘rsatsak¸ degandik...”deb ëzilgan edi.

Hozircha O‘zbekiston IIV bu maktubga biror shaklda munosabat bildirmadi. 10 oktabr kuni Ozodlikning vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘lanish urinishlari yana natijasiz qoldi – xizmatning jamoatchilikka berilgan telefon raqamiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi.