Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU) Yoshlar ittifoqi rahbari Umidbek Abilov ayrim faollari bilan o‘zbekistonliklik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida keng tanilgan TROLL.UZ kanalini mazkur universitet¸ qolaversa¸ boshqa oliygohlarni “haqorat qilganlik”da ayblab¸ uni jazolash tashabbusi bilan chiqdi.
Bu tashabbusga muvofiq¸ Yoshlar ittifoqining Telegram kanalidagi a’zolari 2018 yilning 5 noyabr kuni soat 13:00 dan 13:30 dan onlayn bo‘lishi va “TROLL.UZ kanaliga spam berib yopishi” lozim.
Ozodlik bilan suhbatda TATU Yoshlar ittifoqi yetakchisi Umid Abilov bunday tashabbusning davom etishini bildirdi. Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati rasmiysi¸ ittifoq Markaziy kengashining bu tashabbusdan xabari yo‘qligi va bu “o‘zboshimchalik o‘rganib chiqilib¸ tegishli chora ko‘rilishini” bildirdi.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra¸ bunday chora shu kunning o‘zidayoq ko‘rilgan - TROLL.UZ asoschisi Umid G‘afurovni o‘z qabuliga chaqirtirgan TATU rektori huzurida Umidbek Abilov bunday noqonuniy tashabbusi uchun kechirim so‘ragan.
TATU Yoshlar ittifoqi tashabbusi
Telegramda 82 a’zosi bo‘lgan “TUIT yoshlar ittifoqi” kanaliga 5 noyabr kuni Visual Studio akauntidan yuborilgan tashabbus matnida¸ “O‘zbekistondagi ko‘p oliygohlarni haqorat qilib¸ ustidan kulib o‘z kanaliga joylashtirib borayotgan @TROLLUZ kanalining adminlari “haddan tashqari oshirvorish”likda ayblanadi.
“O‘zi yaqindagina qamoqdan chiqqan bu kanal adminlarining biri¸ o‘zidan aql yasavogan shekilli¸ bosar tusarini bilmay qolgan. Menimcha biror bir oliygohni ham bitirmagan bular. Shuning uchun O‘zbekistondagi (hozircha) 70%dan ko‘proq OTMlarni yomonlab¸ ustidan kulib chiqardi”¸ deb baholaydi TROLL.UZ faoliyatini 5 noyabr kungi tashabbus muallifi.
Telegram , Facebook kabi tarmoqlarda tanilgan TROLL.UZga nisbatan ayblov e’lon qilgan TATU Yoshlar ittifoqi faoli¸ unga nisbatan “jazo”ni ham e’lon qiladi.
“Mana shunaqa yurtimizning kelajagiga bolta urayotgan kanal adminlariga jazo sifatida kanalini yopvorishni maqsad qilib qo‘ydik. @TROLLUZ kanaliga spam berib yopamiz. 05.55.2018 yil soat 13:00 dan 13:30 ga qadar barchangizni telegramda onlayn bo‘lib turishingizni iltimos qilamiz”¸ deyilgan xabarida TATU yoshlari yetakchisi¸ spam hujumi tariqasidagi jazo kampaniyasini ijro etish uchun qilinishi lozim harakatlar ketma-ketligini suratlar vositasida tushuntiradi.
TROLL.UZga qarshi spam hujumi uyushtirish chaqirig‘ida bu "jazo"ni qanday amalga oshirish bo‘yicha yo‘llanma ham beriladi.
TATU Yoshlar ittifoqining Telegram kanali orqali tarqatilgan bu tashabbus¸ universitet Yoshlar ittifoqi yetakchisi Umidbek Abilov tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va “barcha faollardan bu ma’lumotga munosabat bildirish” so‘ralgan.
TATU Yoshlar ittifoqi yetakchisi izohi
O‘zini O‘zbekiston ilg‘or yoshlari¸ xususan¸ ilg‘or texnologiyalarni o‘rganib¸ ularni hayotga tatbiq etish sohasidagi “avangard” guruh sifatida tanitishga urinib kelayotgan TATU Yoshlar ittifoqining tanqidni jinoyatga chiqarib¸ uni jazolash kampaniyasini boshlaganiga izoh so‘rab Ozodlik bu guruh yetakchisi Umidbek Abilov bilan bog‘landi.
Umidbek Abilov Telegram orqali Ozodlikka bu tashabbusga bergan izohida shunday yozdi:
“Tanqid - kelajak mevasi! Buni biz yoshlar bilamiz va to'g'ri qabul qilishimiz kerak. Lekin asossiz yolg'on ma'lumotlarni tanqid ko'rinishida tarqatib, Respublikamizdagi OTMlarining nufuzini mamlakatimiz ichkarisida va tashqarisida yer bilan bitta qilayotgan @trolluz kanalini bo'rttirib, kamsitishgacha olib borib tarqatayotgan ma'lumotlari noo'rin deb bilamiz. Shu sababli bizning Universitetimizning bir nechta tashabbuskor yoshlari tomonidan Universitetimiz sha'niga putur yetkazuvchi va kamsituvchi ma'lumot tarqatuvchilarga ham qarshi chiqa olishi bo'yicha tashabbus ko'rsatildi. Men yoshlar yetakchisi sifatida bunday tashabbuslarni qo'llab-quvvatlayman”.
Abilovning Ozodlikka yozishicha¸ TROLL.UZning TATU yotoqxonasida kompyuter va noutbuk ishlamaslik va saqlamaslik haqidagi qoidani "axmoqlik" deb hajv qilib chiqqani bunday tashabbusga asos bo‘lgan.
TROLL.UZ O‘zbekistonning xalqaro maydonda ko‘z-ko‘z qilinayotgan Axborot texnologiyalari universiteti yotoqxonasida kompyuterlardan foydalanish taqiqlanganini "axmoqlik" deb¸ hajv qilgan edi.
Yoshlar ittifoqi TATUdagi faollari tashabbusidan bexabar!
Ozodlik suhbatlashgan Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati rahbari¸ TROLL.UZ kanaliga qarshi TATUdagi “bir guruh faollar” boshlagan spam kampaniyasidan Markaziy Kengashning xabari yo‘qligi va bu harakat kengash bilan muvofiqlashtirilmaganini bildirdi.
“Biz TROLL.UZ asoschisi Umud G‘afurovni eng yaxshi va faol bloggerlardan biri sifatida hurmat qilamiz¸ uning qator loyihalariga sponsorlik ham qilganmiz. Bu kanalga qarshi TATUdagi Yoshlar ittifoqi rahbari o‘zboshimchalik bilan boshlagan kampaniyani o‘rganib chiqib¸ unga tegishli chora ko‘ramiz”¸ dedi Yoshlar Ittifoqi matbuot xizmati yetakchisi Ozodlik bilan suhbatda.
Ozodlik TATU Yoshlar ittifoqi yetakchisi va faollari bu va boshqa oliygohlardagi vaziyatni tanqid qilib kelayotgan TROLL.UZga nisbatan boshlagan “jazo kampaniyasi”ning universitet rahbariyati bilan muvofiqlashtirilganini aniqlashtirish maqsadida universitet rektori qabulxonasiga bog‘landi.
“Bu voqea o‘rganilib¸ kun davomida munobasabatimizni bildiramiz”¸ dedi rektor yordamchisi.
"Umid Abilov TATU yoshlari yetakchisi emas..."
Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligi so‘rab gaplashgan TATU talabalaridan biri¸ Yoshlar ittifoqi yetakchisining bu harakatidan “rektorning mamnun emas”ligini bildirdi.
“TATUda o‘qiydigan aqlli talabalar ko‘p. Ular hozirgacha qilgan shuncha aqlli loyihalarni Zuhriddin bilan Umidning bitta axmoq ishi yuvib tashlayapti hozir. TATUdagilar¸ hatto rektoratning ham jahli chiqib o‘tiripti. Umidni tatudagilar oldin ham¸ hozir ham o‘z yetakchisi deb bilmaydi. Bu bolani ba’zi idoralar o‘tqizib qo‘ydi. Bu tashabbusniyam o‘shalarning ko‘rsatmasi bilan qilayapti. Rektorat yoki Yoshlar ittifoqi kengashi bilan maslahatlashmay¸ kontoraning buyrug‘ini bajargan shekilli bular”¸ deydi TATUdagi faol talabalardan biri.
Ozodlikning bu taxminlarga munosabat bildirish so‘roviga TATU Yoshlar ittifoqi yetakchisi hozircha javob bermadi.
"Rektor qabulidagi "yarashuv"
TATUdagi Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ TROLL.UZga qarshi kampaniya tepasida turganlar kunning ikkinchi yarmida rektor qabuliga chaqirilgan.
TROLL.UZ asoschisi Umid G‘afurov (o‘ngda) TATU rektori va o‘z kanaliga qarshi spam hujumi uyushtirish tashabbusi mualliflari bilan uchrashuvda.
Ayni paytda¸ TROLL.UZ asoschisi Umid G‘afurov TATU rektori o‘zini chaqirib¸ Yoshlar ittifoqining "hujumchi" faollari bilan yuzma-yuz gaplashtirganini ma’lum qildi va o‘z Telegramiga qo‘ygan so‘nggi xabarida bu uchrashuv xotimasini e’lon qildi.
"TATU rektori bilan suhbat bo‘lib o‘tdi. Aybdorlar o‘z uzrlarini so‘radilar. Yotoqxonada kompyuter ishlatish man etilgani haqida so‘radim. Javoblari kechrok bo‘ladi. Suhbat so‘ngida rektor birgalikda loyihalar amalga oshirish tarafdori ekanliklarini aytdilar. Bu ishni sudga oshirish uchun asos qolmadi. Aybdorlar o‘z xatolarini tan olishdi va qilmishlaridan pushaymon. Har bir aytilgan gap uchun javobgarlik borligini unutmang."
TROLL.UZ – o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida eng mashhur kanallardan hisoblanadi va Facebookda 100 mingga yaqin¸ Telegramda esa¸ 30 ming folloverga ega. Faol blogger sifatida tanilgan bu kanal asoschisi Umid G‘afurov¸ bir necha bor rasmiy mukofotlarga ham sazovor bo‘lgan.
TROLL.UZ kanaliga qarshi Yoshlar ittifoqi faollarining spam hujumi uyushtirish orqali "yopvorish" tashabbusi O‘zbekistonda Facebook, Youtube.com kanallariga kirish qiyinlashib¸ foydalanuvchilar bu tarmoqlarga VPN orqali kirishga majbur bo‘layotgan bir paytda maydonga chiqdi.