Argentinaning bir yil oldin yo‘qolgan suv osti kemasi topildi

San Juan suv osti kemasi (suratda) bortida 44 odam bo‘lgan.

Bir yil oldin Atlantika okeanida yo‘qolgan suv osti kemasi qoldiqlari topildi. ARA San Juan (S-42) suv osti kemasi bortida 44 odam bo‘lgan.

Kema qoldiqlarini juma kuni Ocean Infinity AQSh tadqiqot shirkatiga tegishli Seabed Constructor kemasi topdi. Kema sentabrda San Juan suv osti kemasini topish uchun so‘nggi missiyaga otlangan edi.

Argentina harbiy-dengiz floti 800 metr chuqurlikda topilgan qoldiq Germaniyada ishlab chiqarilgan San Juan kemasiga tegishli ekanligini tasdiqladi.

2017 yilning 15 noyabrida Argentina sohilidan taqriban 450 km masofada bo‘lgan kema bilan aloqa uzilgan edi.

Argentina harbiy-dengiz flotining yangi yetakchisi Admiral Xose Villan kema yo‘qolgan hududda okean tubi o‘ta notekis bo‘lgani uchun avvalgi qidiruv missiyalari davomida suv osti kemasi qoldiqlari topilmaganini aytdi.

Kemaning 11, 13 hamda 30 metr uzunlikdagi bo‘laklari krater va kanyonlardan iborat notekis hududda topilgan. Kapitan Enriki Balbi kema korpusi ichiga qarab egilib ketganini bildirdi.

Halok bo‘lgan harbiylarning yaqinlari Argentina rasmiylarini suv osti kemasini dengiz tubiday olib chiqishni so‘ramoqda.

Argentina harbiy-dengiz floti rasmiysi AFP agentligi bilan suhbatda ismini oshkor qilmaslik sharti bilan kemani okean tubidan olib chiqishning iloji borligini, ammo bu juda murakkab amaliyot bo‘lishi va shu sabab qimmatga tushishini aytdi.

San Juan qoldiqlari kema yo‘qolganining bir yilligiga bag‘ishlangan marosimdan bir kun o‘tib topildi.

Seabed Constructor kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, 6000 metr chuqurlikkacha tushirilishi mumkin. Ocean Infinity kemani topsa, 7,5 million dollar mukofot olishi va’da qilingan edi.

Seabed Constructor 2014 yilning martida Malasia Arilines havo shirkatining bedarak yo‘qolgan MH17 reysi samolyotini qidirishda ham qatnashgan edi.

Mutaxassislarning aytishicha, 600 metrdan keyin suv bosimi suv osti kemasini majaqlab tashlagan. Ular fojiaga kemaning shnorkelidagi (suv osti kemasini havo bilan ta’minlovchi moslama) nosoz klapan sabab bo‘lganini taxmin qilmoqdalar.

San Juan fojiasi Argentina harbiy-dengiz floti uchun 1982 yilda Folklend orollari ustidan Britaniyaga qarshi olib borgan urushdan beri eng katta fojia bo‘ldi.

Fojiadan bir necha kun o‘tib mamlakat harbiylari kema batareyalari bilan bog‘liq muammo haqida xabar berilganini ma’lum qilishgan edi. Keyinroq rasmiylar kema bortida portlash sodir bo‘lganini, portlashga batareya bilan bog‘liq muammo sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

Kema qoldiqlarini topishga qaratilgan harakatlarda 13 davlat qatnashdi.