Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:26

O‘zbekistonda hibs qilingan G‘arbiy Ural kontserni rahbari Pozdeyev ozod qilindi


Rossiyaning Perm shahridagi G‘arbiy Ural mashinasozlik kontserni Bosh direktori Aleksandr Pozdeyev O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qarori bilan hibsdan ozod qilindi. Toshkentdagi Rossiya Federatsiyasi elchixonasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Vadim Chekmazovning ma‘lum qilishicha, sog‘ligi yomonlashgan 59 yashar Pozdeyev darhol Rossiyaga qaytgan.

Toshkentdagi Rossiya Federatsiyasi elchixonasining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Vadim Chekmazov G‘arbiy Ural kontsernining O‘zbekistonda qo‘lga olingan rahbari Aleksandr Pozdeyev ozod qilingani va darhol Rossiyaga qaytganini ma‘lum qildi.

Elchixonasi rasmiysiga ko‘ra, Aleksandr Pozdeyevning sog‘ligi yomonlashgan va ayni paytda statsionar tartibda davolanishga muhtoj ahvolda.

Aleksandr Pozdeyev 12 may kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligi rasmiy chaqiruvi bilan Toshkentga borgan edi. Uning “Dehkonobod” kaliy o‘g‘itlari zavodi ishlab chiqarish quvvatini oshirish masalasi muhokama qilinadigan yig‘inda ishtirok etishi kerak aytilgan edi.

Biroq, Aleksandr Pozdeyev O‘zbekiston hukumatidan G‘arbiy Ural mashinasozlik kontserniga bo‘lgan 36 million dollar qarzini to‘lashni talab qilganidan so‘ng 13 may kuni qo‘lga olindi.

Rossiyaning “Novosti” axborot agentligi o‘z manbasiga tayangan holda, Aleksandr Pozdeyev “kaliy zavodiga oid jinoyat ishi doirasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga chaqirtirilgan va shundan so‘ng hibsga olingan”i haqida xabar tarqatgan.

Rossiya elchixonasi rasmiysidan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, kontsern rahbariga nisbatan 4 ta modda asosida valyutani yashirganlik, O‘zbekiston manfaatlariga zid keluvchi iqtisodiy shartnomalarni imzolaganlik kabi ayblovlar ilgari surilgan edi. Hozirga kelib, Aleksandr Pozdeyevdan bu ayblovlar olib tashlandimi yoki yo‘qmi - bu noma‘lum qolmoqda.

Kuni kecha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rossiyalik tadbirkor Aleksandr Pozdeyevning O‘zbekistonda hibsga olinishidan noroziligini bildirib, buni ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga jiddiy putur yetkazuvchi holat o‘laroq baholagan edi:

"Adliya organlari tarafidan o‘zaro konstruktiv hamkorlik qilish tayyorgarligining yo‘qligi tufayli Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi doimo yuqori bo‘lib keltgan strategik sheriklik va ittifoqdoshlik munosabatlariga soya soluvchi turli mish-mish va shubha-gumonlar paydo bo‘lmoqda", deyilgan edi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Shuningdek, vazirlik bayonotida O‘zbekiston Rossiyaning Toshkentdagi echiligi vakillariga janob Pozdeyev bilan ko‘rishish uchun ruxsat berilmayotgani ham qo‘shimcha qilingan edi.

Rossiyaning Perm shahridagi G‘arbiy Ural mashinasozlik kontserni rasmiylariam "Toshkent rasmiylari amalga oshirilgan ishlar uchun Rossiya shirkatiga haq to‘lamaslik maqsadida mana shunday yo‘l tutmoqda" mazmunida bayonot tarqatgan.

G‘arbiy Ural mashinosaozlik kontserni rasmiy saytiga ko‘ra, kontsern tarkibiga kiruvchi “ZUMK-Injiniring” mas‘uliyati cheklangan jamiyati Dehqonobod kaliyli o‘g‘itlar zavodini qurib bitirgan va zavod 100 foizli quvvat bilan ishga tushgan. 2011 yili mazkur ob‘ektni foydalanishga topshirish to‘g‘risidagi Davlat komissiyasi akti imzolangan.

“ZUMK-Injiniring” mas‘uliyati cheklangan jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasida 2007 – 2014 yillarda imzolangan va amalga oshirilgan shartnomalarning umumiy qiymati 280 mln. AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil qiladi”, deb xabar qilgan Kontsern rasmiy sayti.
XS
SM
MD
LG