Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:42

AQShda IShIDga aloqadorlikda ayblanayotgan oltinchi o‘zbekistonlik qo‘lga olindi


IDga aloqadorlikda ayblangan o‘zbeklarning suddagi surati. Chapda Ahror Saydaxmetov, o‘rtada sud tarjimoni va o‘ngda Abdurasul Jo‘raboev. Nyu-York, 2015 yil 25 fevral.
IDga aloqadorlikda ayblangan o‘zbeklarning suddagi surati. Chapda Ahror Saydaxmetov, o‘rtada sud tarjimoni va o‘ngda Abdurasul Jo‘raboev. Nyu-York, 2015 yil 25 fevral.

AQShning Nyu-York shahar Bruklin federal sudida “Islomiy davlat”ga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan Azizjon RaHmatovga ayblov bildirildi. Bunga qadar mazkur ish yuzasidan besh nafar O‘zbekiston fuqarosi qamoqqa olingan edi. O‘tgan yilning fevralida hibsga olingan besh o‘zbekistonlikdan faqat bir nafari - Abdurasul Jo‘raboev o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olgan.

AQShda 11 may kuni O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Rahmatov “Islomiy davlat” terror guruhini qo‘llab - quvvatlaganlikda gumonlanib qo‘lga olindi. 28 yoshli Azizjon Rahmatovga Nyu Yorkning Bruklin sudida ayblov e’lon qilindi.

Prokurorlarga ko‘ra, Rahmatov ijtimoiy tarmoqlar orqali “Islomiy davlat”ga qo‘shilmoqchi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlagan, ularga Suriyaga yetib olish uchun o‘zi ishlab topgan pullardan bergan¸ hamda bu maqsadlar uchun boshqalardan ham pul yiqqan.

Prokurorlarning aytishlaricha, Azizjon Rahmatov Bruklinda yashayotgan o‘zbekistonlik Abdurasul Jo‘raboev va qozog‘istonlik Ahror Sayidaxmetov “Islomiy davlat” safiga qo‘shilishi uchun Suriyaga ketishga harakat qilganlikda ayblanib qo‘lga olinganidan so‘ng politsiya nazariga tushgan.

Rahmatov va undan oldin qo‘lga olingan Abror Habibov, Dilhayot Qosimov va Akmal Zokirovlar Sayidaxmetovga bu maqsadni amalga oshirishda ko‘maklashgan. Ammo ularning hech biri o‘ziga qo‘yilayotgan ayblovni tan olmagan.

19 yoshli Sayidaxmetov o‘tgan yil fevralida Nyu Yorkning Jon Kennedi aeroportidan Istambulga uchib ketishga harakat qilayotgan paytda qo‘lga olingan.

Nyu-York prokuraturasiga ko‘ra, 2015 yil fevral oyida Jon Kennedi xalqaro aeroportida 19 yoshli qozog‘istonlik Ahror Saydaxmetov qo‘lga olingani ayblovning asosiy dalillaridan biri bo‘lib qolmoqda. Taxminlarga ko‘ra, Turkiyaga yo‘l olmish samolyotga o‘tirgan Saydaxmetov Suriyaga o‘tib ketish taraddudida bo‘lgan.

Jo‘raboev esa Turkiyaga 2015 yilning mart oyida uchmoqchi, u yerdan esa Suriyaga o‘tib, jihodchilar safiga qo‘shilmoqchi bo‘lgan.

Mazkur ish bo‘yicha qo‘lga olingan Abdurasul Jo‘raboev o‘tgan yilning avgustida o‘tgan sud jarayonida o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olgan.

Nyu-York Sharqiy okrugi prokurori vazifasini bajaruvchi Kelli Karrining bildirishicha, 25 yoshli Abdurasul Jo‘raboev “Islomiy davlat” safida jihodda ishtirok etish uchun Suriyaga ketishni rejalab yurgan va agar bu safari amalga oshmay qolsa, AQSh hududida terror xurujlarini amalga oshirishga tayyor bo‘lgan.

Prokuratura vakillariga ko‘ra, endilikda Jo‘raboev 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Bundan avval ham AQShda radikal harakatlarda ayblanib bir qator o‘zbekistonliklar qo‘lga olingan edi.

2016 yilning yanvarida O‘zbekistonlik qochqin Fazliddin Qurbonov AQShda harbiy akademiyaga hujum rejalaganlikda ayblanib, 25 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2012 yil 13 iyul kuni AQShning Birmingem okrugidagi Federal sud hakamlari prezident Barak Obamani o‘ldirmoqchi bo‘lganini tan olgan 22 yashar o‘zbekistonlik Ulug‘bek Qodirovni 15 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

2012 yilning 21 yanvar kuni Chikagoda 35 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Jamshid Muxtorov hibsga olindi. Muxtorov Islomiy jihod ittifoqiga a’zolikda ayblanib, hibsda saqlanmoqda.

2012 yilning martida Filadelfiya shahrida yana bir o‘zbekistonlik - Baxtiër Jumaev terrorchilikka aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.

XS
SM
MD
LG