Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:00

Dekanning kam paxta tergan talabalarni kaltaklagani Youtubeda


Videoda Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti Ximiya-texnologiya fakulteti dekani Makset Ayimbetovning paxta mavsumida talaba yigitlarni do‘pposlagani aks etgan.

Qariyb 10 daqiqalik bu videolavha ortidan tushgan Ozodlik muxbiri 6 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti Ximiya-texnologiya fakulteti dekanatiga sim qoqdi va tasodif bilan asosiy qahramon – dekan Makset Jolliboyevich Ayimbetovning o‘ziga bog‘landi.



(Bu videolavha Youtube.com portalidan olindi. Ozodlik uning muallifi va qachon tasvirga olingani haqida aniq ma‘lumotga ega emas.)

Bunday video Internetga chiqib ketganidan xabari borligini aytgan Ayimbetov muxbirning Ozodlik radiosidan ekanini bilgach¸ savollarga javob berishdan bosh tortdi.



Shunday bo‘lsa-da¸ u bu video munosabati bilan qandaydir suhbatlar bo‘lganiga ishorat qildi. Bu suhbatlarning o‘zi bilan universitet rahbariyati yoxud huquq idoralari vakillari o‘rtasidami¸ yoxud o‘zi bilan talabalar o‘rtasida bo‘lganiga oydinlik kiritmay turib¸ dekan xayr-ma‘zursiz suhbatni uzib qo‘ydi.

Ammo bu qisqa suhbatdan urong‘ich va so‘kong‘ich dekanning 2012 yilning 6 fevral kuni ham o‘z lavozimida qolayotgani anglashiladi.

O‘zbekiston Oliy va maxsus ta‘lim vazirligi yil boshida o‘z tizimidagi oliygoh talaba va o‘qituvchilari yurish turishini belgilovchi maromnomani chop qildi va mayda harflar bilan yozilgan 23 sahifalik bu hujjat oliy o‘quv yurtidagi farroshdan tortib professorgacha bo‘lgan barchaning oliygoh hududida nima kiymasligi va nima qilmasligini belgilab berdi.

Ayimbetov hatti-harakatlari¸ paxta mavsumida oliygoh hududiga aylangan daladagi zo‘ravonligining bu maromnomada belgilangan qoidalarga mutlaq zid ekanini tushunish qiyin emas.

Youtube.com portalidagi videolavha talabalarga jismoniy kuch qo‘llagan universitet amaldoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun ham asos bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Ayni paytda¸ oddiy o‘zbekistonliklar va mustaqil kuzatuvchilar¸ kaltak va so‘kong‘ichlik O‘zbekiston boshqaruv tizimida normal hodisaga aylangani va hozirgacha buning uchun rasmiylardan birortasining jazoga tortilmaganini qayd qiladilar.

Garchi Islom Karimov parlament majlisida O‘zbekistonda zo‘ravon vazir va hokimlarga o‘rin yo‘qligini po‘pisa qilgan bo‘lsa-da¸ Bosh vazirdan tortib rayon hokimlariyu to‘ralarga qadar umuman majlislar¸ xususan paxta mavsumidagi majlislarda bemalol tili va qo‘liga erk berishi haqida guvohlar hikoyalari juda ko‘p.

Youtube.com portalida paydo bo‘lgan sanoqli videotasvirlar bunday zo‘ravonlikdan oliy va o‘rta ta‘lim tizimi ham xoli emasligini namoyish qilmoqda.

Bundan bir necha oy avval Youtube.com portaliga O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlaridan birida ro‘y bergani aytilayotgan bu hodisa - o‘qituvchi bilan talaba o‘rtasidagi "konflikt" aks etgan videolavha qo‘yilgan va unda Qoraqalpog‘istondagi voqeaga teskari jarayon - prokurorning qizi deb aytilgan talaba qizning o‘qituvchini tahqirlab¸ uni kaltaklagani aks etgan edi. Hozirga qadar kimligi oshkor bo‘lmagan bu videodagi zo‘ravonlik yuzasidan biror ma‘muriy yoki jinoiy harakat qo‘llanilgani haqida xabar yo‘q.

Ayni paytda¸ Youtube portaliga O‘zbekistondan joylashtirilgan yana bir videotasmada yoshgina o‘zbek haydovchisining avtomobili kalitini olib qo‘ygan militsionerlarga yalinib-yolvorishi aks etgan edi.

Ozodlik surishtiruvi davomida Kogon tumani DAN xizmati bu voqea bo‘lganini tasdiqladi v avtomobil haydovchisini uning roziligisiz suratga olgan va keyinchalik bu tasvirning Internetga chiqib ketishiga sabab bo‘lgan har ikki militsiya xodimi ishdan bo‘shatilganini ma‘lum qildi.


Aziz mushtariy¸ Siz ham bunday zo‘ravonlikka shaxsan o‘zingiz guvoh bo‘lgan bo‘lsangiz va uni mobil telefon yoxud boshqa vositalar orqali tasvirga tushirgan bo‘lsangiz¸ marhamat ularni Ozodlikka¸ Ozodlik orqali esa¸ jamoatchilikka taqdim qiling!

Buning uchun uzbekweb@rferl.org elektron manziliga xat yo‘llang¸ yoxud Skype orqali Ozodskypega yuboring. Oldindan tashakkur!
XS
SM
MD
LG