Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:03

Diktatorning qizi atirgul isini tarata oladimi?


Modalar haftaligida Gulnora Karimova turkiyalik aktyor Xolid Ergench bilan tushgan bu rasm sayyod.com saytidan oldindi.
Modalar haftaligida Gulnora Karimova turkiyalik aktyor Xolid Ergench bilan tushgan bu rasm sayyod.com saytidan oldindi.
O‘zbek zodagonlari bazmu jamshidining kunda-shundasiga aylangan Gulnora Karimova g‘arb matbuoti diqqat markazida qolmoqda. Britaniyaning yetakchi "The Independent" gazetasi e‘lon qilgan "Diktatorning qizi atirgul isini tarata oladimi?" nomli maqola tarjimasini e‘tiboringizga havola qilamiz.

Shon Uoker
Dushanba, 2012 yil 15 oktyabr

Atirning nomi mysterieuse (farntsuzchadan tarjimasi "sirli"-Ozodlik), unda Marokash atirguli bilan yasmin va ilang-ilang (Birma va Fillipinda o‘sadigan daraxt-Ozodlik.) daraxtining muattar islari omuxta qilingan. Unda qiynoqlarning o‘ynoqi isi yoki mahbuslarning tiriklayin qaynatilganiga shamalar yo‘q, lekin shunday bo‘lsa ham arzirdi.

Frantsiyalik taniqli parfyumer tomonidan yaratilgan atir Gulnora Karimova isining timsoli o‘laroq taqdim qilinmoqda, u O‘zbekistonning zolim diktatori Islom Karimovning qizidir.

Janob Karimov hukmronligi ostida O‘zbekiston qiynoqlar keng qo‘llanadigan va qo‘rquv muhiti hukm suruvchi dunyodagi eng repressiv mamlakatlardan biriga aylangan. Bu mamlakatda maktab bolalari har yili bir necha oy davomida majburlab paxta terdiriladi, aholining aksar ko‘pchiligi esa qashshoqlikda kun kechiradi.

Lekin Karimova xonim emas, prezidentning olifta “birinchi qizi” Toshkent, Moskva va Jeneva o‘rtasida, ziyofatu bazmlarda hayot kechiradi. Otasining yaqin sirdoshi Karimova xonim keyingi yillarda o‘zini yangi sohalarda ham sinab ko‘rmoqda, moda va taqinchoqlar dizayneri endi pop qo‘shiqchi Googoosha sifatida ham tanila boshladi, otasi uni yoshligida erkalatib, Gugusha deb chaqirgan emish.

Uning oxirgi, ayollar va erkaklar uchun atir loyihasi o‘tgan hafta Toshkentdagi tunggi klubda dabdaba bilan o‘tkazilgan bazmda taqdim qilindi. Atir isi frantsiyalik yetakchi parfyumer, Christian Dior va Givenchy kabi attorlik brerndlari uchun muattar islarni topib beradigan Bertran Dushafor tomonidan yaratildi. Mahalliy matbuoti frantsuz parfyumerining “Mysterieuse isi orqali Gulnoraning imiji, uning ayollik iffati va nazokatini yetkazib berishga harakat qildim. Ayollar atirida Sharqda topish mumkin bo‘lgan har bir gulning tarovati jamlangan”, degan so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda.

“Men parfyumeriya tarixida atir orqali Frantsiya va O‘zbekistonni birlashtirishga harakat qilgan ilk kishi bo‘lsam kerak”, deya davom etdi janob Dushafor. Parfyumer The Independent gazetasining imeyliga javob bermadi va Karimova xonim siymosini atirda abadiylashtirgani uchun qancha haq olganini ochiqlamadi. Lekin u Karimova xonimning shuhratparastlik loyihalaridan mo‘maygina daromad olgan ilk odam emas. Qo‘shiqchi Sting yetti xonali gonorar evaziga 2010 yilda Toshkentdagi modalar haftaligida ishtirok etgani va diktator qizining yonida o‘tirgani uchun tanqidlarga uchradi, ayni paytda, Chelsi futbol klubining sobiq rahbari Luis Filipe Skolari Toshkentning Karimova xonimga aloqador Bunyodkor futbol klubi murabbiyligini olib, qisqa muddatga dunyodagi eng qimmat futbol treneriga aylandi. Wikileaks e‘lon qilgan AQSh diplomatik yozishmalarida “o‘g‘rilar to‘daboshisi” va “mamlakatdagi eng yomon ko‘riladigan yagona shaxs” sifatida tasvirlangan Karimova xonim noqonuniniy biznes va tovlamachilikka aloqadorligini inkor qilib kelgan.

O‘tgan hafta Toshkntda Karimova xonimning yangi atirini olqishlagani to‘planganlar yangi fasl modalar kollektsiyasi va taqinchoqlar ko‘rgazmasi, yangi qo‘shiq klipi taqdimoti kabi tomoshalardan ham bahramand bo‘lishdi. Professional tarzda olingan klipda Karimova xonim oltindek tovlanadigan yaltir-yultur ko‘ylakda, lablarini shahvoniy cho‘chchaytirib, yengiltakroq she‘r va industrial beat janridagi musiqaga bitilgan inglizcha qo‘shiq aytadi. Googoosha sifatida Karimova xonim AQShda ham keng qamrovli reklama kampaniyasini amalga oshirdi. Amerika shaharlarida osilgan posterlarda ota-onasi kim ekani qayd etilmagan holda, Karimova xonim “ekzotik O‘zbek go‘zali” sifatida bozorga solindi.

Uning yangi qo‘shig‘i, balki haqli ravishda, “Qanday hadding sig‘di?”, deb nomlanadi. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar uning o‘ziga ham ayni shu savolni bersa, ajabmas.
XS
SM
MD
LG