Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:28

TeliaSonera Gulnora Karimovaga "himoya" uchun millionlab dollar to‘lagan bo‘lishi mumkin


Shvetsiya prokurorlari TeliaSonera porani Gulnora Karimova yordamchisi Gayane Avakyan firmasi orqali bergan deb gumon qilmoqda.
Shvetsiya prokurorlari TeliaSonera porani Gulnora Karimova yordamchisi Gayane Avakyan firmasi orqali bergan deb gumon qilmoqda.
Gulnora Karimova Shvetsiyaning TeliaSonera shirkatiga ko‘p million dollarlik haq evaziga O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridan “himoya qilishni” taklif qilganiga ishora qiluvchi hujjatlar Shvetsiya jamoatchilik telekanli muxbirlariga shaxsi sir qolishini istagan manba tomonidan taqdim qilindi. TeliaSonera va Gulnora Karimova o‘rtasida shubhali aloqalar bo‘lganiga oid gumonlarni yanada kuchaytiruvchi hujjatlarni Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi va Ozodlik jurnalistlari birgalikda tergov qildi.


Moskvadan kelgan chopar


- Bu qog‘ozlardagi yozuvlar ayni bir ayolga tegishli, degan xulosaga keldim. Bu o‘rta yoshlardagi ayol, juda faol, rahbarlik qilishni juda yaxshi ko‘radigan, moddiy boylikka ruju qo‘ygan, ma‘naviy qadriyatlarni tan olmaydigan, tadbirkor ayoldir.

Isroildagi grafologiya instituti rahbari, sertifikatlangan sud-tergov grafologi Inessa Goldberg Ozodlik so‘roviga ko‘ra, o‘tkazgan ikki dastxat tahlili natijalarini bayon qilmoqda.

Inessa Goldberg grafoanaliz xulosalarini Ozodlikka taqdim qilmagunicha, u kimga tegishli dastxatlarni taqqoslaganini bilmagan.

Bu hujjatlar kompyuterda yozilib, printerdan chiqarilgan, lekin ba‘zilarida qo‘l bilan yozilgan sharh va ko‘rsatmalar bor.

Bu o‘rta yoshlardagi ayol, juda faol, rahbarlik qilishni juda yaxshi ko‘radigan, moddiy boylikka ruju qo‘ygan, ma‘naviy qadriyatlarni tan olmaydigan, tadbirkor ayoldir.
Inessa Goldberg, grafolog
Shu yilning fevral oyida Moskvdan Stokholmga maxsus uchib kelgan shaxs Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi jurnalistlariga taqdim qilgan hujjatlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi UCell mobil operatorining egasi TeliaSonera shirkatiga, ko‘p millionlik haq evaziga davlat nazorat organlaridan himoya taklif qilingan.

Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi muxbiri Yoaxim Difvermark katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan jurnalist.

Hujjatda O‘zbekiston davlat idoralaridan himoya "ma‘muriy resurs bo‘yicha himoya" deya ataladi.
Hujjatda O‘zbekiston davlat idoralaridan himoya "ma‘muriy resurs bo‘yicha himoya" deya ataladi.
- Aleksandr ismli shaxs bizga qo‘ng‘iroq qilib, Gulnora Karimovaga tegishli hujjatlarni qo‘lga kiritganini iddao qildi. O‘sha paytda, TeliaSoneraga oid jurnalistik surishtiruvimizdan keyin bizga ko‘pchilik telefon qilayotgan edi, shu bois bunga shubha bilan qaradik, lekin “hujjatlarni yuboring, keyin gaplashamiz”, deya javob berdik. Oradan biroz vaqt o‘tgach, bizga yana bir shaxs telefon qilib, hujjatlarni olib kelganini aytdi va Stokholmda uchrashishni taklif qildi. Biz bu odam Aleksandr bo‘lsa kerak, deb o‘yladik, lekin u shunchaki kurьer vazifasini bajargan bo‘lib chiqdi. U odam o‘z shaxsini oshkor qilmadi. Shundan keyin biz Aleksandr bilan yana bir necha marta telefon va Skayp orqali bog‘landik, qaysi tashkilotda ishlaysiz, nima uchun bu hujjatlarni bizga beryapsiz, deb so‘radik, lekin u savollarimizga javob bermadi,- deydi shved jurnalisti Yoaxim Difvermark.

O‘tgan oyda esa Shvetsiya jamoatchilik televideniyesining jurnalistlari Ozodlikka bu hujjatlarni birgalikda tekshirishni taklif qilishdi.


Himoya uchun 15 million dollar


Shved jamoatchilik televideniyesi va Ozodlik jurnalistlari bu hujjatlar qalbaki bo‘lishi mumkinligi hamda buning ortida Gulnora Karimovaga qarshi ishlayotgan guruhlar yoki TeliaSonera shirkati raqiblari turgan bo‘lishi mumkinligini ehtimoldan qochirmagan holda tekshiruv boshladi.

Hikoyamiz isroillik grafolog ekspertning ana shu yozuvlar ekspertizasi natijilarini bayon qilishi bilan boshlandi. Mutaxassisning ana shu xulosalarigina mazkur hujjatlarni e‘lon qilishimizga turtki bo‘ldi.

Lekin bu hujjatlar Tel-Avivga yuborilishidan avval Shved hamkorlarimiz bu qog‘ozlarni sobiq politsiya tergovchisi va Shvetsiyada yirik moliyaviy jinoyatni fosh qilgani bilan tanilgan Lars Hammarga olib bordilar.

- Hujjatlarni tahlil qilishga harakat qildim. Uni yozgan odam ko‘p narsani bilishi ko‘rinib turibdi. Ya‘ni bu odam jarayonning barcha jihatlarini yaxshi biladi. Agar hujjat haqiqiy bo‘lib chiksa, bu tashvishli holdir, chunki bu TeliaSonera yillar davomida Uzbekistonda pora berib ishlashga rozi bo‘lganini anglatadi.

Lars Hammar tavsiyasiga ko‘ra, hujjatlarning haqiqiyligini tekshirish maqsadida shved hamkorlarimiz yozuvlarni Gulnora Karimovaning asl dastxatiga solishtirish uchun Stokholmdagi sud-tergov tahlili milliy laboratoriyasi mutaxassisi murojaat qildi.

Lekin shvetsiyalik grafologlarning Kirill alifbosi bo‘yicha tajribasi yetarli bo‘lmagan bois, Ozodlik bu hujjatlarni e‘lon qilishdan avval, ikkinchi fikrni olish uchun hamda Kirill alifbosidagi dastxat bo‘yicha mutaxassisga ko‘rsatishni taklif qildi. Bundan tashqari hujjatda keltirilgan faktlar ham sinchkovlik bilan tekshirilishi kerak edi.

Hujjatni yozgan odam ko‘p narsani... jarayonning barcha jihatlarini yaxshi bilishi ko‘rinib turibdi...
Lars Hammar, Shvetsiya politsiyasining sobiq tergovchisi
Ozodlik tomonidan yollangan Kiril alifbosidagi dastxat analizi bo‘yicha katta tajribaga ega isroillik grafolog Inessa Goldberg hujjatlardagi yozuvlar va original dastxat egasi bir odam ekani ehtimoli juda yuqori, degan xulosani berdi.

- Bu hujjatlar menga nusxa sifatida, faks orqali o‘tkazilgan holda, taqdim qilinganiga qaramasdan, dastxatlarning 23ta bir hil jihati bor. Bu esa dastxatlar bir-biriga mos deyishga jiddiy asosdir. Mening xulosam bo‘yicha, buning ehtimoli juda yuqoridir, ya‘ni men 75 foiz ishonch bilan dastxatlar bir odamga tegishli deya ayta olaman, deydi isroillik sud-tergov grafologi Inessa Goldberg.

Dastxat bo‘yicha mutaxassis xulosasiga ko‘ra, Gulnora Karimovaga qarashli bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan yozuvlar bitilgan hujjatlardan birida O‘zbekiston davlat soliq inspektsiyasi, davlat bojxona qo‘mitasi, monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi, O‘zbektelekom davlat shirkati va tashqi ishlar vazirligi kabi idoralar tekshiruvidan forig‘ qilish evaziga shved shirkatidan har chorakda 3 million AQSh dollari naqd to‘lab turish hamda Gulnora Karimova yetakchiligidagi Fond Forum tadbirlariga homiylik qilish talab qilingan.

Rus tilida tayyorlangan hujjat mazmunidan TeliaSonera bilan muzokara jarayoni to‘g‘risidagi hisobot ekanini anglash mumkin.

Bu hujjatlarda TeliaSonera shirkatiga qo‘yilgan shartlar va olingan javoblar bayoni keltirilgan.

“2012 yilning 27 iyul kuni TeliaSonera vakiliga yetkazildi:
Mijozlar bazasini ko‘paytirish uchun – 5 million dollar, optsionga qo‘shish bilan birga. Lekin vaziyatga qarab, qayta hisob qilinadi, ya‘ni natijada 2 milliondan ortiq abonent o‘tsa, bu summaga qo‘shiladi”
, deb yoziladi hujjatning birinchi qismida.

TeliaSonera abonentlari soni kim hisobidan ko‘paytirilishi haqida hujjatda aniq aytilmagan, lekin bu xat 27 iyul kuni, MTS mobil shirkati moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblanib yopilishidan 10 kun o‘tib yozilgani e‘tiborlidir.

O‘sha paytda O‘zbekistonda eng yirik hisoblangan MTS mobil operatori yopilishi ortidan, uning 10 millionga yaqin abonenti boshqa operatorlarga o‘tib ketdi, jumladan, bir necha millioni TeliaSoneraga qarashli UCell operatoriga o‘tgani aytiladi.

Hujjatda yana yozilishicha, TeliaSonera bu taklifga 31 iyul kuni rozilik bilan javob bergan.

Undan keyin hisobotni tayyorlagan shaxs, TeliaSonera vakiliga shirkatni O‘zbekiston nazorat idoralaridan himoya qilish taklifi haqida bunday yozadi:

“Ma‘muriy resurs bo‘yicha himoya (GNI, (Davlat soliq inspektsiyasi - tahr.), GTK (Davlat bojxona qo‘mitasi - tahr.), Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi, GIS/O‘zbektelekom va Tashqi ishlar vazirligi) uchun har chorakda 3 million dollar. Agar TS (TeliaSonera - tahr.) 1 million dollar, deb turib olsa, unda faqatgina GTK bilan GNI qoladi. Qolganlari bo‘yicha alohida ko‘rib chiqish mumkin, bunda to‘lovi alohida qilinadi, bu esa qimmatroqqa tushadi. Ma‘muriy qo‘llov – qonunchilik va texnik talablarga amal qilgan holda bo‘lishi kerak. 5 chorak uchun shartnomaning umumiy miqdori 15 million. Shartnomada hammasi tushunarsiz qilib va qochirimlar bilan yoziladi.”

Hujjatga ko‘ra, 31 iyul kuni TeliaSonera kontrtaklif bilan chiqib, himoya uchun haqni har bir chorak uchun 2 millionga tushirishni so‘ragan. Bunda shvedlar shartnomani 5 chorak emas 6 chorakka, umumiy miqdorini 12 million qilib belgilashni taklif qilgan. Shuningdek TeliaSonera haqni dollarda emas o‘zbek so‘mida to‘lash masalasini ko‘rib chiqishni ham so‘ragan.

TeliaSoneraning bu iltimosiga “ma‘muriy himoya uchun to‘lov boshidan AQSh dollarida kelishilgan”, deya javob qaytarilgan.

“Ma‘muriy himoya” uchun so‘mda haq olish maqsadga muvofiq bo‘lmasligi “bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi maxsus OOO (mas‘uliyati cheklangan jamiyat)ning yo‘qligi; soliqlar bilan birga umumiy miqdor 36,5 milliard so‘mga chiqib ketishi; hamda bu summa nazorat organlarida savollarni tug‘dirishi" ehtimoli bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, “oyiga 5-6 million dollarni konvertatsiya qilish bitim shartlariga kirmaydi, ular hozir olayotgan imtiyozlarning barchasi biz tufaylidir”, deb yozadi yana hujjat muallifi.

“TeliaSonera bunga javob qaytargani yo‘q”, degan izohga qo‘l bilan “hozircha bosim qilmang”, deya ko‘rsatma yozilgan.


O‘zaro anglashinuv


Ozodlik va Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi qo‘lga kiritgan hujjatda TeliaSonera shirkatining reklama faoliyatiga ham to‘xtalgan.

Bunda shved kompaniyasidan har yili uch marta “Kelajak ovozi”, “Style.uz”, “Asrlar sadosi” tadbirlariga homiylik qilish talab qilinadi. Homiylik turlaridan biri sifatida, bu tadbirlarga birorta yulduzni olib kelish aytiladi.

“Tanlovdan keyin kimligi aytiladi (“Muhtasham yuz yil” filmidagi aktyor bo‘lsa kerak)”, degan taklif o‘chirilib, qo‘l bilan “Sara Brayton (mashhur ingliz qo‘shiqchisi Sara Braytman, demoqchi - tahr.) gaplashib qo‘yilgan edi shekilli”, deya yozilgan.

Hujjatda keltirilgan sanalarga ko‘ra, TeliaSonera homiy sifatida Gulnora Karimova uyushtiradigan tadbiriga “Muhtasham yuz yil” filmidagi aktyorni olib kelishga 2012 yilning 31 iyul kuni rozilik bergan.

Xolit Ergench 2012 yilning 8 oktyabr kuni Gulnora Karimovaning “Art Week Style.uz-2012” tadbirida qatnashgan.
Xolit Ergench 2012 yilning 8 oktyabr kuni Gulnora Karimovaning “Art Week Style.uz-2012” tadbirida qatnashgan.
2012 yilning 8 oktyabr kuni “Muhtasham yuz yil” filmida bosh rolni ijro etgan Xolit Ergench Gulnora Karimovaning “Art Week Style.uz-2012” tadbirida qatnashadi.

Bundan tashqari Ozodlik UCell mobil shirkati Gulnora Karimova yetakchilik qiladigan va O‘zbekiston madaniyati va san‘atini targ‘ib etishi aytiladigan Fond Forum tashkilotining “Kelajak ovozi”, “Asrlar sadosi”, “Hayot uchun” marafoni kabi boshqa tadbirlariga ham homiylik qilganini aniqladi.

Hujjatning reklama faoliyatiga oid qismida “O‘zaro anglashinuv memorandumiga kiritish uchun taxminiy raqamlar va har bir tadbirga homiylik to‘lovlari muxlatini aniqlab berishni so‘raymiz”, degan talab ham qo‘yilgan.

Style.uz rasmiy saytiga ko‘ra, UCell kamida ikki yil davomida Style.uz tadbirlariga homiylik qilgan.
Style.uz rasmiy saytiga ko‘ra, UCell kamida ikki yil davomida Style.uz tadbirlariga homiylik qilgan.
Hujjat ostida yana, qo‘lda qilingan yozuvda: “hammasi alohida! Hech qachon, hech qayerda FF nomi keltirilmasin”, degan talab qo‘yiladi. “FF” nimani anglatishini aniq aytish qiyin, lekin odatda Gulnora Karimova rahbarlik qiladigan Fond Forum tashkilotiga nisbatan ana shunday qisqartma ishlatiladi.

Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi 2008 yilda TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi Ucell mobil operatorining moliyaviy direktori lavozimida ishlagan kanadalik Jon Devi bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldi. Shirkatga oid barcha to‘lovlar uning qo‘lidan o‘tgan.

- Bu mamlakatda biror narsani amalga oshirish juda qiyin. Ularning zehniyatida "biror narsani istasang pulini to‘lab qo‘y", degan yondashuv saqlanib qolgan. Amalda ham shunday edi.

(Jon Devi 2000 yillar boshlarida tovlamachilikda ayblanib, qisqa muddat qamoqqa olingan. Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi manbasi uning 2008 yilda, haqiqatan, TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi sho‘‘basi USell mobil kompaniyasida ishlaganini tasdiqladi.)


O‘zbekcha gambit


Jon Devi Ucell O‘zbekiston hukumati amaldorlariga homiylik ko‘rinishida pul to‘lashga majbur bo‘lganiga oid holatlarni eslaydi:

- Hukumatda siz uchun u yoki bu masalani hal qilib beradigan va sizga kerakli qarorni qabul qiladigan odamlar bor, lekin buning uchun siz haqini to‘lab qo‘yishingiz kerak. Albatta, hukumat amaldori sizdan naqd pul olmaydi, chunki buning uchun qamoqqa tushishi mumkin. Lekin bu xayriya tashkilotlari pul ololmaydi degani emas. Hukumat mulozimlari yoki boshqarmalarning har biriga qarashli xayriya tashkilotlari bor va sizdan ana shu tashkilotga homiylik qilish talab qilinadi.

UCell mobil shirkatining sobiq moliyaviy direktori talab qilingan pora to‘lanmasa, O‘zbekiston hukumati amaldorlari tadbirkorlar kundalik hayotini qiynlashtirib yuborishini eslaydi.

- Vaqti-vaqti bilan hukumat amaldorlari sizga muammolarni yaratadi. Masalan, elekt tarmog‘i o‘chirib qo‘yiladi va kutilmaganda 100ta stantsiyangiz ishlamay qoladi. Natijada, minglab abonentingiz aloqa uzilib qolganidan shikoyat qila boshlaydi. Shuning uchun oradan 2-3 kun o‘tib, xayriya tashkiloti hisobiga, o‘z ixtiyoringiz bilan 100 ming dollar o‘tkzishingizga to‘g‘ri keladi. Xayriya to‘lovi amalga oshirilganidan keyin esa stantsiyalaringiz yana ishga tushadi. Bunaqa holat har oyda ro‘y beradi.

Jon Devining aytishicha, moliyaviy hisobotlarda bunday to‘lovlar madaniyatga oid xayriya, deb ko‘rsatiladi.

Hukumatda siz uchun u yoki bu masalani hal qilib beradigan va sizga kerakli qarorni qabul qiladigan odamlar bor, lekin buning uchun siz haqini to‘lab qo‘yishingiz kerak...
Jon Devi, Ucell shirkatining sobiq moliyaviy direktori
Ucell mobil operatorining sobiq moliyaviy direktori Jon Devi Ozodlik va Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi qo‘lga kiritgan yilga oid hujjatlarni ko‘zdan kechirar ekan, o‘zi O‘zbekistonda ishlagan 2008 yilda ham Gulnora Karimova “ishbilarmonligi” bilan tanilgan edi, deya eslaydi.

- Siz 2012 yil haqida so‘rayapsiz va bu men ishlagan paytdan ancha keyinroq davrdir. Lekin aftidan deyarli hech narsa o‘zgarmagan ko‘rinadi. O‘sha paytda ham ular sizni qisqa vaqt ichida yopib qo‘yishi mumkin edi. U, ya‘ni Gulnora Karimova, juda mohir ishbilarmon ayoldir. U juda qudratli ayoldir. Va u O‘zbekistonning bo‘lajak prezidenti bo‘lishi mumkin,- deydi 2008 yilda O‘zbekistondagi Ucell mobil operatorining bosh ijrochi direktori bo‘lgan Jon Devi.

Shved hamkorlarimizga yetkazilgan hujjatlar o‘nlab sahifadan iboratdir. Ozodlik hozircha TeliaSonera va O‘zbekiston prezidentining qizi o‘rtasidagi yashirin muzokaralarga oid ekani iddao qilinayotgan hujjatlargagina to‘xtaldi xolos.

Boshqa hujjatlarda Rossiyaning MTS, Xitoyning Xuavey (Huawei) va qarorgohi Hollandiyada joylashgan VimpelCom Ltd. kompaniyasiga qarashli Bilayn shirkati bilan ham shu kabi shubhali kelishuvlar bo‘lgani hamda Gulnora Karimovaning dunyoning turli shaharlarida joylashgan ko‘p million dollarlik ko‘chmas mulkga oid iddaolar bor.

Yana bir 21 sahifalik hujjat Shvetsiya va yoki Shveytsariya huquq-tartibot idoralari Gulnora Karimovaning xos yordamchisi va Takliant Ltd. firmasi xo‘jayini Gayane Avakyanga berishi mumkin bo‘lgan savollar va qaytarilishi lozim bo‘lgan javoblar ro‘yxati ekani iddao qilinadi. Gayane Avakyan Shvetsiya prokuraturasi tomonidan pora olish va pul yuvish maqsadida ishlatilgani gumon qilinayotgan Takliant Ltd. firmasining xo‘jayini hamdir.

Savol va javoblardan biri Shveytsariyaning Lombard Odier bankida Avakyanga qarashli hisob raqamlari va depozit qutilari bilan birga hibsga olingan pul va brilliantlar haqida. Go‘yo, Gulnora Karimova bu brilliantlarni dugonasi Avakyanga, xavfsizlik maqsadida bankdagi depozit qutilarida saqlab berishni iltimos qilgan.

Shved jamoatchilik televideniyesi va Ozodlik jurnalistlari – bu hujjat qalbakilashtirilgan bo‘lishi mumkinligi, zero dastxatdan farqli o‘laroq, mutaxassislar uning haqiqiyligini tasdiqlab bera olmasligini e‘tibordan qochirmagan holda, – hujjatda keltirilgan faktlarni tekshirdi.

Shveytsariyalik jurnalist Iv Shtayner yordamida Lombard Odier bankida brilliant va naqd pul solingan depozit qutlar borligini tasdiqladik.

- Bunga oid ma‘lumotlarni olish qiyin bo‘ldi, lekin oxir-oqibat xodimlarga oid ma‘lumotlar tasdiqlandi, undan keyin esa Lombard Odier haqiqatan Gulnora Karimovaga 4ta depozit qutichasini taqdim qilgani hamda bu qutilarda katta miqdorda naqd pul va brilliantlar saqlanishi tasdiqlandi.

Lombard Odier banki, haqiqatan, Gulnora Karimovaga 4ta depozit qutichasini taqdim qilgani hamda bu qutilarda katta miqdorda naqd pul va brilliantlar saqlanishi tasdiqlandi...
Iv Shtayner, Shveytsariyalik jurnalist
Bundan tashqari, savol-javoblarda keltirilgan Gayane Avakyan va Takilant ltd. firmasiga doir adreslar haqiqiy ekani ham tasdiqlandi.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera telekom shirkati vositachi Takilant firmasi orqali Gulnora Karimovaga yirik miqdorda pora berganiga oid iddaolar o‘tgan yili sentyabr oyida Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi reportajida ilgari surilgan edi.

“Vazifa: tekshirish” jurnalistik surishtiruv rukni doirasida tayyorlangan “TeliaSonera – O‘zbek ishi” filmi 2012 sentyabr oyida e‘lon qilgan edi. 2012 yilning dekabrida esa Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi jurnalistlari filmning ikkinchi qismi - “TeliaSonera va Diktatorning qizi” nomli hujjatli filmni efirga berdi.

Bu filmlarda katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga tegishli TeliaSonera shirkati Takilant vositachi firmasi orqali Gulnora Karimovaga jami 320 million AQSh dollari miqdorida pora bergani iddao qilinadi.

Hujjatli filmlarda ilgari surilgan ayblovlar Shvetsiya prokuraturasining TeliaSonera shirkati ustidan tergov boshlashiga, hamda shirkat prezidenti Lars Nyubergning iste‘fosi va boshqaruv hay‘ati tarkibining to‘la almashtirilishiga sabab bo‘ldi.

Shvetsiya prokuraturasidan tashqari, Shveytsariya huquq-tartibot idoralari ham mazkur ish bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida Gulnora Karimovaga yaqin shaxslar ustidan tergov boshlagan.

Shved jamoatchilik televideniyesi va Ozodlik hamkorlikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv TeliaSonera shirkatida jiddiy islohotlarga turtki bo‘lishi mumkin. Boshqa tarafdan, hujjatlarning Shvetsiyadagi yetakchi jurnalistlarga sizdirilishi Gulnora Karimova imijiga salbiy ta‘sir qilishi mumkin.

Ammo Ozodlik bu jurnalistik surishtiruvdan O‘zbekiston siyosiy elitasi ichida hokimiyat uchun borayotgan kurashda u yoki bu tarafni olish emas, balki O‘zbekistondagi biznes muhit qanday ekaniga bir nazar tashlashni maqsad qildi xolos.
XS
SM
MD
LG